Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining
buyrugʻi
“Jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli itlarni umumiy boʻysunuvchanlik va himoya-qorovul koʻnikmalari boʻyicha tayyorlash uchun pullik xizmatlar koʻrsatish, shuningdek naslchilik pitomnigida yetishtirilgan va ichki ishlar organlarining ehtiyojidan ortiq boʻlgan hamda xizmatga yaroqsiz deb topilgan itlarni sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruqqa oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 17-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3480-1]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-avgustdagi 432-son “Vazirlar Mahkamasining “Ichki ishlar organlarining kinologiya xizmatlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 9-sentabrdagi 750-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2023-yil 2-noyabrdagi 602-son “Jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli itlarni umumiy boʻysunuvchanlik va himoya-qorovul koʻnikmalari boʻyicha tayyorlash uchun pullik xizmatlar koʻrsatish, shuningdek naslchilik pitomnigida yetishtirilgan va ichki ishlar organlarining ehtiyojidan ortiq boʻlgan hamda xizmatga yaroqsiz deb topilgan itlarni sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3480, 2023-yil 5-dekabr) (Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.12.2023-y., 10/23/3480/0922-son) ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir P. BOBOJONOV
Toshkent sh.,
2024-yil 17-dekabr,
700-son
Kelishildi:
Qishloq xoʻjaligi vaziri I. ABDURAXMONOV
2024-yil 17-dekabr
Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2024-yil 17-dekabrdagi 700-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
“Jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli itlarni umumiy boʻysunuvchanlik va himoya-qorovul koʻnikmalari boʻyicha tayyorlash uchun pullik xizmatlar koʻrsatish, shuningdek naslchilik pitomnigida yetishtirilgan va ichki ishlar organlarining ehtiyojidan ortiq boʻlgan hamda xizmatga yaroqsiz deb topilgan itlarni sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruqqa kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Buyruqning nomi va 1-bandidagi “tayyorlash uchun” degan soʻzlar “tayyorlash, veterinariya davolash-profilaktika hamda laboratoriya-diagnostika ishlarini amalga oshirish va itlarni kinologiya boʻlinmalarida vaqtincha saqlash boʻyicha” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
2. Nizomda:
1) nomi va muqaddimadagi “tayyorlash uchun” degan soʻzlar “tayyorlash, veterinariya davolash-profilaktika hamda laboratoriya-diagnostika ishlarini amalga oshirish va itlarni kinologiya boʻlinmalarida vaqtincha saqlash boʻyicha” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
2) 1-bandda:
ikkinchi xatboshidagi “koʻnikmalari boʻyicha tayyorlash,” degan soʻzlar “tayyorlash, veterinariya davolash-profilaktika hamda laboratoriya-diagnostika ishlarini amalga oshirish va itlarni kinologiya boʻlinmalarida vaqtincha saqlash boʻyicha” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
uchinchi xatboshidagi “koʻnikmalariga tayyorlash” degan soʻzlar “koʻnikmalariga tayyorlash, veterinariya davolash-profilaktika hamda laboratoriya-diagnostika ishlarini amalga oshirish va itlarni kinologiya boʻlinmalarida vaqtincha saqlash” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi beshinchi va oltinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“veterinariya bloklari — kinologiya boʻlinmalari hududida tashkil etilgan va veterinariya klinikasi, veterinariya punkti, veterinariya-profilaktika nuqtasi, veterinariya laboratoriyasi, maxsus tekshiruv (rentgen, ultratovush) xonalari, jarrohlik xonasi, statsionar, karantin binosi (xonasi), izolyator, dezinfeksiyalovchi toʻsiqlarni oʻz ichiga olgan inshootlar;
veterinariya xizmati — itlarga nisbatan amalga oshiriladigan veterinariya davolash (diagnostik, terapevtik, jarrohlik), profilaktika (aktiv va passiv immunizatsiya-emlash, dezinfeksiya, dezinseksiya, deratizatsiya) va laboratoriya-diagnostika (rentgen, ultratovush, bioximik, mikroskopiya, genetik tekshiruv) ishlari;”;
beshinchi xatboshi yettinchi xatboshi deb hisoblansin;
3) 2-bobning nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2-bob. Kinologiya boʻlinmalarida itlarni umumiy boʻysunuvchanlik hamda himoya-qorovul koʻnikmalariga tayyorlash boʻyicha pullik xizmat koʻrsatish”;
4) 4-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“4. Buyurtmachi itlarni umumiy boʻysunuvchanlik hamda himoya-qorovul koʻnikmalariga tayyorlash boʻyicha pullik xizmatlardan foydalanish uchun kinologiya boʻlinmalariga bevosita yoki axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositasida elektron tarzda murojaat qiladi.”;
5) quyidagi mazmundagi 21 va 22-boblar bilan toʻldirilsin:
“21-bob. Veterinariya davolash-profilaktika hamda laboratoriya-diagnostika ishlarini amalga oshirish boʻyicha pullik xizmat koʻrsatish
131. Buyurtmachi veterinariya davolash-profilaktika hamda laboratoriya-diagnostika ishlarini amalga oshirish boʻyicha pullik xizmat koʻrsatish yuzasidan mazkur Nizomning 4-bandiga muvofiq kinologiya boʻlinmalariga murojaat qiladi.
132. Murojaat kinologiya boʻlinmasi tomonidan qabul qilinadi, roʻyxatdan oʻtkaziladi va veterinariya xizmati yuzasidan shartnoma tuziladi.
133. Kinologiya boʻlinmalari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga (shartnoma asosida) veterinariya xizmatlari kinologiya boʻlinmalari hududida mavjud yoki yangi barpo etilgan veterinariya bloklarida, shuningdek, buyurtmachilarning murojaatiga koʻra ularning turar joyida yoki tegishli hududda amalga oshiriladi.
134. Veterinariya bloklarida kinologiya boʻlinmalarining veterinariya xizmati xodimlari faoliyat koʻrsatadi.
135. Veterinariya bloklariga qabul qilishda:
itlar klinik koʻrik va zaruratga koʻra laboratoriya-tashxis tekshiruvlaridan oʻtkaziladi;
itlarni saqlash, parvarishlash, oziqlantirish hamda koʻpaytirish masalalari boʻyicha maslahat va tavsiyalar beriladi;
itlarga buyurtmachining roziligi asosida kasallik holatining ogʻirligi darajasidan kelib chiqqan holda izolyatorda davolash muolajalari oʻtkaziladi;
xavfsizlik choralarini koʻrgan holda itlarning sogʻligʻini tiklash boʻyicha veterinariya tadbirlari koʻrsatiladi.
136. Veterinariya xizmatlari koʻrsatilayotgan vaqtda buyurtmachilarning itiga ularning harakatlari (harakatsizligi) bilan bogʻliq boʻlmagan holda zarar yetkazilsa, yetkazilgan zarar kinologiya boʻlinmalari tomonidan qoplanadi.
Bunda buyurtmachilarning itiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash bilan bogʻliq xarajatlar aybdor shaxsdan regress tartibida undiriladi.
137. Kinologiya boʻlinmalari tomonidan itlarni profilaktika qilish, diagnostika va davolashda sogʻligʻiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan vosita va usullar qoʻllanilmaydi.
138. Kinologiya boʻlinmalari veterinariya xizmatini koʻrsatishda quyidagi huquqlarga ega:
itlarning kasalligini aniqlab, tashxis qoʻyish va ularni davolash bilan shugʻullanish;
oʻziga tegishli boʻlgan asbob-uskuna va boshqa jihozlardan foydalanish;
oʻziga tegishli boʻlgan dori vositalaridan foydalanilgan holda veterinariya xizmatlarini koʻrsatish;
shartnomada nazarda tutilgan holda kinologiya boʻlinmalari ixtiyorida mavjud boʻlmagan dori vositalari buyurtmachi tomonidan olib kelinishini talab qilish;
itlarni kasallanishdan saqlash maqsadida emlash tadbirlarini oʻtkazish (bundan quturish kasalligiga emlash mustasno), shuningdek itlarning egalariga maslahat berish;
xizmat koʻrsatish davomida veterinariya xizmatlari mutaxassislarini jalb etish;
kinologiya boʻlinmalarining veterinariya sohasidagi mutaxassislarining Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi (bundan buyon matnda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi deb yuritiladi) huzuridagi Veterinariya va chorvachilik sohasida pedagog hamda mutaxassis kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutida malakasini oshirish.
139. Kinologiya boʻlinmalari:
pullik xizmatdan foydalanish yuzasidan buyurtmachilar murojaatlarini koʻrib chiqishi;
buyurtmachilarga sifatli veterinariya xizmatlarini koʻrsatishi;
yuqumli kasallik mavjudligi xususida shubha mavjud boʻlgan taqdirda, bu haqida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasining hududiy boʻlinmalariga zudlik bilan xabar berishi hamda kasallik doirasi kengayib ketmasligi yuzasidan barcha zarur choralarni koʻrishi;
veterinariya bloklarining doimiy faoliyat olib borishini taʼminlashi;
xizmat koʻrsatish davomida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni qoʻshimcha toʻlovlarsiz bartaraf etishi;
buyurtmachilarni veterinariya xizmatlari roʻyxati va preyskuranti (narxlari) bilan tanishtirishi;
shartnomada belgilab olingan xizmatlardan tashqari zarur boʻlmagan boshqa xizmatlarni taklif etmasligi va ular uchun haq olmasligi;
davolash uchun izolyatorda olib qolingan hayvonlarni kinologiya boʻlinmalariga qarashli xizmat itlaridan alohida saqlashi va xavfsizligini taʼminlashi;
buyurtmachilarga koʻrsatilgan veterinariya xizmatlari boʻyicha maʼlumot taqdim etishi;
veterinariya xizmati koʻrsatishda faoliyatga aloqador boʻlmagan vaziyatda itning umumiy klinik ahvoli ogʻirlashganda koʻrilgan choralar toʻgʻrisida buyurtmachilarni oʻz vaqtida xabardor qilishi;
epizootiya yuzaga kelgan taqdirda, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasining hududiy boʻlinmalarining koʻrsatmalariga binoan veterinariya tadbirlarini oʻtkazishi;
taqdim etilgan it nobud boʻlganda buyurtmachini xabardor qilgan holda it jasadini Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasining hududiy boʻlinmalariga topshirishi shart.
1310. Buyurtmachi quyidagi huquqlarga ega:
kinologiya boʻlinmalariga veterinariya xizmatlaridan foydalanish uchun murojaat qilish;
veterinariya xizmati koʻrsatilishi toʻgʻrisida kinologiya boʻlinmalari bilan shartnoma tuzish;
veterinariya xizmatlarini veterinariya bloklarida olish;
veterinariya bloklarida yaratilgan mavjud sharoitlar bilan tanishish;
koʻrsatilayotgan veterinariya xizmatlari turlari va preyskuranti (narxi) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan tanishish;
itning holati, kasalligi va oʻtkazilgan muolajalar haqida maʼlumot olish;
itning kasalligi holatidan kelib chiqib uni izolyatorda davolashga qoldirish;
belgilangan tartibda shikoyat qilish.
1311. Buyurtmachi:
veterinariya bloklariga itni koʻrikdan oʻtkazish uchun taqdim etishi;
it oʻtkazgan kasalliklar, uning emlanganligi hamda salomatligi bilan bogʻliq zarur maʼlumotlarni taqdim etishi;
koʻrsatilgan veterinariya xizmatlari uchun preyskurant (narx) boʻyicha toʻlovlarni amalga oshirishi;
izolyatorda davolanayotgan itni saqlash va oziqlantirish xarajatlarini qoplashi;
veterinariya xizmati xodimlarining tavsiyalari asosida zoogigiyenik talablarga muvofiq itlarni saqlash va oziqlantirish hamda davolash-profilaktika tadbirlarini oʻz vaqtida amalga oshirishi;
veterinariya-sanitariya qoidalariga toʻliq rioya etishi shart.
1312. Itlarni davolash jarayonida boshqa kasalliklar aniqlanganda, ularni bartaraf etish va sogʻlomlashtirish xarajatlari qoʻshimcha ravishda buyurtmachi hisobidan amalga oshiriladi.
1313. Buyurtmachilar tomonidan veterinariya xizmatlari koʻrsatishdan foydalanish rad etilgan taqdirda, xizmat koʻrsatilmagan qismi uchun toʻlangan mablagʻlar qaytarib beriladi.
1314. Zarur hollarda kinologiya boʻlinmalari veterinariya xizmati koʻrsatishni Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasining hududiy boʻlinmalari bilan hamkorlikda amalga oshiradi.
22-bob. Kinologiya boʻlinmalarida buyurtmachilarning itlarini vaqtincha saqlash boʻyicha pullik xizmat koʻrsatish
1315. Buyurtmachi itlarini vaqtincha saqlash yuzasidan pullik xizmat koʻrsatish boʻyicha mazkur Nizomning 4-bandiga muvofiq kinologiya boʻlinmalariga murojaat qiladi.
1316. Murojaat kinologiya boʻlinmasi tomonidan qabul qilinadi, roʻyxatdan oʻtkaziladi va veterinariya xizmati yuzasidan shartnoma hamda “qabul qilish va topshirish” dalolatnomasi tuziladi.
1317. Itlarni vaqtinchalik saqlash muddati shartnomada belgilanadi.
1318. Buyurtmachining ixtiyoriga koʻra itni zaruriy anjomlari va ozuqalari kinologiya boʻlinmalariga taqdim etilishi mumkin.
1319. Buyurtmachi kinologiya boʻlinmalaridagi vaqtincha saqlash joylarining shart-sharoitlari bilan tanishish huquqiga ega.
1320. Kinologiya boʻlinmalari xodimlari itlarni vaqtincha saqlash davomida ularni oziqlantirish, sayr qildirish va veterinariya nazoratini amalga oshirishga masʼul hisoblanadi.”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2025-y., 10/25/3480-1/0049-son)