O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TOSHGUZAR-BOYSUN-QUMQO‘RG‘ON YANGI TEMIR YO‘L LINIYASI QURILISHI LOYIHASINI AMALGA OSHIRISHNI JADALLASHTIRISHGA DOIR QO‘SHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
[Ko‘chirma]
Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on yangi temir yo‘l liniyasi qurilishi loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish, loyihalash va qurilish-montaj ishlari sifati ustidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini muntazam asosda amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
“O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi - Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on yangi temir yo‘l liniyasi qurilishi bo‘yicha buyurtmachi etib;
“Boshtransloyiha” ochiq aksiyadorlik jamiyati — bosh loyihalash tashkiloti etib;
“O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining yo‘l xo‘jaligi boshqarmasi — loyihaning bosh pudratchi tashkiloti etib belgilansin.
Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on temir yo‘l liniyasi qurilishining borishini muvofiqlashtirish va nazorat qilish bo‘yicha Respublika komissiyasining yangilangan tarkibi 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-ilova berilmaydi.
2. “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining quyidagilarni:
“O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining “Ko‘prikqurilish” trestini — temir-beton ko‘priklar qurilishi bo‘yicha;
“O‘zavtoyo‘l” davlat-aksiyadorlik kompaniyasini — yer polotnosi va kichik sun’iy inshootlar qurilishi bo‘yicha;
“O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining tegishli bo‘linmalarini — yo‘lning ustki inshooti, yer polotnosi, signalizatsiya, markazlashtirish, to‘sish va aloqa vositalari qurilishi bo‘yicha ixtisoslashtirilgan ishlarni bajarish uchun subpudrat asosida jalb etish haqidagi taklifiga rozilik berilsin.
Belgilansinki, ishlarni amalga oshirish uchun bosh pudratchi tashkilot tomonidan boshqa subpudrat tashkilotlari, shu jumladan xorijiy subpudrat tashkilotlari belgilangan tartibda jalb etilishi mumkin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining qabul qilingan texnik yechimlarning ishonchliligini hamda obyektdan foydalanishning xavfsizligini aniqlash maqsadida, murakkab tog‘ sharoitlarida temir yo‘llarni loyihalash, qurish va rekonstruksiya qilish masalalarida tajribaga ega bo‘lgan nufuzli xorijiy loyihalash tashkilotlarini jalb etish yo‘li bilan loyihani mustaqil ekspertizadan o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda ekspert tashkilotni tanlasin va loyihani ekspertizadan o‘tkazish yuzasidan shartnoma tuzsin.
4. Quyidagilar:
kapital qo‘yilmalar hajmlari va Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on yangi temir yo‘l liniyasi qurilishini moliyalashtirish manbalari 2-ilovaga* muvofiq;
* 2-ilova berilmaydi.
Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on yangi temir yo‘l liniyasi qurilishini tashkil etishning 2007-yil dekabr oyida oraliq ishchi qatnovni ochishni nazarda tutuvchi yiriklashtirilgan tarmoq jadvali 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 3-ilova berilmaydi.
5. Quyidagilar uchun:
Oldingi tahrirga qarang.
qurilish-montaj ishlarining o‘z vaqtida amalga oshirilishi uchun javobgarlik — “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasiga (O.J.Ramatov);
(5-bandning ikkinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 24-oktabrdagi PQ-715-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2007-y., 44-son, 442-modda)
obyekt qurilishining o‘z vaqtida moliyalashtirilishi uchun javobgarlik - O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi (R.S.Azimov), Moliya vazirligi (S.B.Rahimov) va “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasiga (O.J.Ramatov);
Yaponiya pudratchilari bilan tog‘ uchastkasi bo‘yicha kontraktlarning o‘z vaqtida tuzilishi va ularning amalga oshirilishi uchun javobgarlik - Iqtisodiyot vazirligi (R.S.Azimov) va Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligiga (E.M.G‘aniyev) yuklansin.
8. Qurilayotgan temir yo‘l liniyasida loyihalash va qurilish-montaj ishlari sifatini nazorat qilish bo‘yicha 4-ilovaga* muvofiq tarkibda doimiy ishlaydigan komissiya tashkil etilsin.
* 4-ilova berilmaydi.
Doimiy ishlaydigan komissiyaga quyidagi vazifalarni bajarish yuklansin:
ishlab chiqiladigan ish hujjatlarini va qabul qilingan loyiha yechimlarining ekspertizasini ta’minlash;
qurilish-montaj ishlari sifati, qurilish normalari va qoidalariga rioya etilishi, qo‘llanilayotgan qurilish materiallari, buyumlar va konstruksiyalar sifatining davlat standartlari, normalari va texnik shartlariga muvofiqligi ustidan muntazam ravishda qat’iy nazorat o‘rnatish;
qurilish-montaj ishlarining texnologik izchilligiga, tasdiqlangan tarmoq jadvaliga muvofiq ishlarning har bir bosqichi va turi bo‘yicha tashkiliy-texnik tadbirlarga rioya etilishi ustidan doimiy nazoratni amalga oshirish;
shaharsozlik normalari va qoidalarining aniqlangan buzilishlarini tahlil qilish va umumlashtirish, ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflarni belgilangan tartibda tezkorlik bilan kiritish;
loyihalash va qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishda shaharsozlik normalari, qoidalari va standartlarining buzilganligi uchun moliyaviy hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa sanksiyalarni belgilangan tartibda qo‘llash to‘g‘risida takliflar kiritish.
Doimiy ishlaydigan komissiya Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on temir yo‘l liniyasi qurilishini muvofiqlashtirish va nazorat qilish bo‘yicha Respublika komissiyasiga ishlarning natijalari to‘g‘risida har oyda axborot taqdim etsin.
Doimiy ishlaydigan komissiyaga, zarur hollarda, o‘ziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun mahalliy va xorijiy ekspertlarni jalb etishga ruxsat berilsin.
9. Belgilansinki, xorijiy ekspert tashkilotlarni va mustaqil ekspertlarni jalb etish, shuningdek doimiy ishlaydigan komissiyaning qurilayotgan temir yo‘l liniyasidagi loyihalash va qurilish-montaj ishlari sifatini nazorat qilish bo‘yicha faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlar “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi o‘z mablag‘lari hisobiga qoplanadi.
10. Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on temir yo‘l liniyasi qurilishini o‘z vaqtida tugallash uchun “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi va “O‘zavtoyo‘l” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan o‘z mablag‘lari hisobiga qo‘shimcha ravishda sotib olinadigan yo‘l-qurilish texnikasi va asbob-uskunalarning hisoblab chiqilgan ro‘yxati 5-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 5-ilova berilmaydi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, “O‘zavtoyo‘l” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi bilan birgalikda ishlarni amalga oshirish jadvaliga muvofiq texnika va asbob-uskunalar yetkazib berish yuzasidan 2005-yilning birinchi yarim yilligi mobaynida tanlov savdolari tashkil etilishi va o‘tkazilishini ta’minlasinlar.
Loyihani amalga oshirish davrida “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi va “O‘zavtoyo‘l” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi 5-ilovaga muvofiq ro‘yxat bo‘yicha qo‘shimcha ravishda chetdan sotib olinadigan va keltiriladigan qurilish-yo‘l texnikasi hamda asbob-uskunalari uchun bojxona to‘lovlaridan (bojxonada rasmiylashtirish uchun yig‘imlardan tashqari) istisno tariqasida ozod qilinsin.
11. Quyidagilar:
Vazirlar Mahkamasining “Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on yangi temir yo‘l liniyasi qurilishini jadallashtirish to‘g‘risida” 2003-yil 24-yanvardagi 43-son qarorining 3-bandi;
Vazirlar Mahkamasining “Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on yangi temir yo‘l liniyasi qurilishi loyihasini amalga oshirish uchun Yaponiya Hukumati tomonidan berilayotgan imtiyozli kreditdan foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2004-yil 4-oktabrdagi 458-son qaroriga 3-ilova o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 30-noyabr,
559-son