OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI OLIY ATTESTATSIYA KOMISSIYASI RAYoSATINING
Qarori
NOMZODLIK IMTIHONLARINI OʻTKAZISh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2004-yil 18-mayda 1356-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2013-yil 31-yanvardagi 195/6-sonli “Malakaviy imtihonlarni oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2442, 25.03.2013-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 9-sentabrdagi 421-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi toʻgʻrisida”gi nizomga va Ilmiy darajalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (1996-yil 10-iyul, roʻyxat raqami 261-son)ga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosati qaror qiladi:
1. Nomzodlik imtihonlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi raisi M. MUHITDINOV
Toshkent sh.,
2004-yil 25-mart,
103/5-son
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining
2004-yil 25-martdagi 103/5-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
2004-yil 25-martdagi 103/5-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
Nomzodlik imtihonlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 9-sentabrdagi 421-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi toʻgʻrisida”gi nizom hamda Ilmiy darajalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (1996-yil 10-iyul, roʻyxat raqami 261-son)ga asosan ishlab chiqilgan.
1. Nomzodlik imtihonlari ilmiy va ilmiy-pedagog xodimlarni attestatsiyadan oʻtkazishning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Fan nomzodi ilmiy darajasini olish uchun nomzodlik imtihonlari topshirilgan boʻlishi shart.
2. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun nomzodlik imtihonlari falsafa, milliy istiqlol gʻoyasi va fan metodologiyasi, chet tili, informatsion texnologiyalar asoslari hamda dissertatsiya mavzuiga muvofiq ixtisoslik fanidan oʻtkaziladi. Ushbu imtihonlar yetakchi oliy oʻquv yurtlari yoki ilmiy-tadqiqot institutlari ishlab chiqqan hamda Oliy attestatsiya komissiyasi (bundan keyin — OAK) tomonidan maʼqullangan dasturlar asosida topshiriladi.
Chet el fuqarolari uchun nomzodlik imtihonlari oʻzbek yoki rus tili, informatsion texnologiyalar asoslari va dissertatsiya mavzuiga muvofiq ixtisoslik fanidan oʻtkaziladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Ijtimoiy-gumanitar va iqtisodiyot fanlari sohalaridagi ilmiy darajalar va ilmiy unvonlarga talabgor Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari “Mustaqillik mafkurasi va demokratik jamiyat qurishning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy negizlari va ilmiy asoslari” boʻyicha maxsus nomzodlik imtihonini topshirishlari shart.
Chet tili sifatida ingliz, fransuz yoki nemis tillarining biridan imtihon topshirilishi mumkin. Dissertatsiya ishini bajarish uchun boshqa chet tilini bilish talab qilinadigan hollarda OAK bilan kelishilgan holda nomzodlik imtihoni ana shu tildan topshirilishi mumkin.
3. Himoya qiluvchining oliy maʼlumoti dissertatsiya tayyorlangan fan tarmogʻi ixtisosiga muvofiq boʻlmasa, ushbu fan tarmogʻiga tatbiqan umumilmiy fan boʻyicha, yaʼni ushbu fan tarmogʻining asosiy mazmuni hamda umummetodologik va nazariy muammolarini yetarlicha keng qamrab oladigan fan boʻyicha qoʻshimcha nomzodlik imtihoni (yoki imtihonlari) topshiriladi.
Himoya qiluvchining oliy maʼlumoti sohasi dissertatsiya yoqlanayotgan fan sohasidan tubdan farq qilgan hollarda ixtisoslik boʻyicha topshirilishi kerak boʻlgan nomzodlik imtihonlarini OAK belgilaydi.
Iqtisod fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya himoya qiluvchilar, shuningdek iqtisodiy nazariya boʻyicha nomzodlik imtihonini topshiradilar.
Keyingi tahrirga qarang.
Qoʻshimcha umumilmiy fanlar boʻyicha imtihonlar muayyan fan tarmogʻida ixtisoslashgan yetakchi oliy oʻquv yurtlari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tasdiqlagan dasturlar asosida topshiriladi.
4. Nomzodlik imtihonlari, shu jumladan maxsus nomzodlik imtihonlari aspiranturasi mavjud boʻlgan oliy oʻquv yurtlarida va ilmiy-tadqiqot muassasalarida topshiriladi.
Ixtisoslik fani boʻyicha nomzodlik imtihonlari, odatda, kelgusida dissertatsiya himoyasi moʻljallangan muassasalarda topshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Ixtisoslik fani boʻyicha imtihon talabgorning nazariy va kasbiy tayyorgarligi darajasini, uning ushbu fanning shakllanishi va rivojlanishi tarixini, umumiy konsepsiyalari va metodologiya masalalarini, manbalarini, shu bilimlar tarmogʻining asosiy nazariy va amaliy muammolarini, mavjud materialni nechogʻlik bilishini aniqlab berishi, uning ilmiy adabiyotni, shu jumladan, chet el davriy nashrlarini hamda ilmiy tadqiqotlarning zamonaviy usullarini qanchalik egallaganligini koʻrsatib berishi lozim.
Ixtisoslik fani boʻyicha imtihon ikki qismdan: OAK tasdiqlagan namunaviy dastur-minimumdan hamda tegishli kafedra (boʻlim, laboratoriya) ishlab chiqqan va imtihon olinayotgan oliy oʻquv yurti (fakultet), ilmiy-tadqiqot muassasasining ilmiy kengashi tasdiqlagan qoʻshimcha dastur asosida topshiriladi.
Qoʻshimcha dastur mazkur fan tarmogʻining yangi boʻlimlarini hamda himoya qiluvchi tadqiqotlarining yoʻnalishi bilan bogʻliq boʻlgan qismlarni oʻz ichiga olishi, shuningdek, ushbu fan tarmogʻidagi yutuqlarni va eng yangi adabiyotni hisobga olishi lozim. Ixtisoslik fanidan imtihon dasturining mazkur qismida talabgor tegishli fan tarmogʻi rivojining hozirgi ahvoli, muammolari va istiqbollarini, oʻtkazayotgan tadqiqotlarining oʻrni, yangiligi va ahamiyatini koʻrsatishi kerak.
6. Nomzodlik imtihonlarini qabul qilish huquqi berilgan oliy oʻquv yurtlari va ilmiy-tadqiqot muassasalari imtihon qabul qilish huquqi boʻlmagan boshqa tashkilotlardan kelgan talabgorlardan ham mazkur imtihonlarni olishlari shart.
7. Nomzodlik imtihonlarini qabul qilish komissiyalari har bir fan boʻyicha oliy oʻquv yurtining yoki ilmiy-tadqiqot muassasasining rahbari tomonidan OAK bilan kelishilgan holda bir yil muddatga tayinlanadi. Komissiya tarkibi raisdan hamda ilmiy darajaga ega boʻlgan malakali ilmiy va ilmiy-pedagog xodimlardan iborat boʻladi.
Chet tili boʻyicha nomzodlik imtihonlarini qabul qiladigan komissiya tarkibiga chet tillar kafedralarining oʻqituvchilari (kamida bir nafarini ilmiy darajasi boʻlishi kerak) hamda imtihon topshiruvchining ixtisosligi boʻyicha fan doktori ilmiy darajasiga ega boʻlgan va tegishli chet tilida bemalol gaplasha oladigan mutaxassislar kiritiladilar. Ushbu komissiya aʼzolari roʻyxatlari ham OAK bilan kelishilgan holda bir yil muddatga buyruq bilan rasmiylashtiriladi.
Imtihon topshiruvchilar roʻyxatlari ham buyruq bilan rasmiylashtiriladi va jamoatchilikka eʼlon qilinadi. Buyruqda nomzodlik imtihonini oʻtkazish joyi va vaqti aniq koʻrsatilishi kerak.
Komissiya, agar uning majlisida qabul qilinayotgan imtihon ixtisosi boʻyicha kamida uch nafar mutaxassis — komissiya aʼzosi ishtirok etayotgan boʻlsa, imtihon olishga haqlidir.
Nomzodlik imtihonlarida imtihon oʻtkazilayotgan muassasaning tegishli ixtisoslashgan kengashi aʼzolari, muassasa direktori (rektor), direktor oʻrinbosari (prorektor), OAKning, muassasa boʻysunuvchi vazirlik yoki idoraning vakillari qatnashishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Nomzodlik imtihonlari sessiyalar shaklida yiliga uch marta: fevral, may va noyabr oylarida uyushqoqlik bilan qabul qilinadi.
9. Imtihon qabul qiladigan muassasa nomzodlik imtihoni qabul qilinishidan besh kun oldin imtihon topshiruvchilar roʻyxatini imtihon qabul qilish vaqti, joyi va komissiyaning tarkibiga doir maʼlumotlar bilan birga OAKga yuborishi zarur. OAK nomzodlik imtihonlarida qatnashish va uni nazorat qilish uchun oʻz vakillarini yuborishi mumkin. Nomzodlik imtihonlari noxolis oʻtkazilgan taqdirda OAK imtihon natijalarini bekor qiladi.
Nomzodlik imtihonlarini ekstern tarzida sessiya paytida topshirish masalasi nomzodlik imtihonini qabul qiluvchi muassasa tomonidan hal etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Nomzodlik imtihonlari bilet boʻyicha oʻtkaziladi. Imtihon topshiruvchi javob tayyorlash uchun imtihon varaqalaridan foydalanadi. Imtihon varaqalari imtihondan keyin bir yil davomida saqlab turiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Talabgorning bilim darajasiga “aʼlo”, “yaxshi”, “qoniqarli”, “qoniqarsiz” baholar qoʻyiladi.
Ixtisoslik fani boʻyicha nomzodlik imtihonini topshirayotganda talabgor dastur-minimum doirasida mustahkam, chuqur bilimlarini namoyish etgan taqdirdagina ijobiy baho qoʻyiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Har bir talabgor uchun nomzodlik imtihoni bayonnomasi toʻldirilib, unda talabgorga berilgan imtihon savollari yoziladi.
Nomzodlik imtihoni bayonnomasini imtihonda qatnashgan komissiya aʼzolari imzolaydi, ularning ilmiy darajasi, ilmiy unvoni hamda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosliklari roʻyxatiga muvofiq ixtisosligi koʻrsatiladi.
Nomzodlik imtihoni bayonnomasi muassasa rahbari tomonidan tasdiqlangandan keyin nomzodlik imtihonlari topshirilgan joyda saqlanadi.
13. Har bir nomzodlik imtihoni topshirilganligi haqida guvohnoma beriladi. Imtihon topshiruvchining dissertatsiya ishi bajarilgan yoki dissertatsiya himoyasi oʻtkaziladigan muassasada oldingi imtihonlarning topshirilganligi haqidagi guvohnomalar yagona guvohnoma bilan almashtiriladi.
Nomzodlik imtihoni topshirilganligi haqidagi guvohnoma besh yil davomida oʻz kuchini yoʻqotmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Agar imtihon topshiruvchi uzrli sabab bilan imtihonga kelmasa, muassasa rahbari ruxsati bilan oʻrnatilgan tartibda OAKni xabardor qilib, joriy sessiya davomida imtihon topshirishga qoʻyilishi mumkin.
Bir sessiya davomida nomzodlik imtihonini takroran topshirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Imtihon topshiruvchi nomzodlik imtihonini qabul qilish komissiyasining qarori ustidan joriy sessiya davomida muassasa rahbariga shikoyat yozish huquqiga ega. Muassasa rahbarining qarori uzil-kesil hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Oliy oʻquv yurtlari rektorlariga, ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlariga hamda ularning oʻrinbosarlariga (prorektorlariga) oʻz asosiy ish joylarida nomzodlik imtihonlarini topshirishlariga ruxsat berilmaydi.
16. Ushbu Nizomda nomzodlik imtihonlari oldiga qoʻyilgan talablarga rioya qilinishi uchun imtihon oʻtkazayotgan muassasa rahbari masʼuldir.
17. Nomzodlik imtihonlarini qabul qilish komissiyasi ishini OAK hamda imtihon oʻtkazayotgan muassasaning maʼmuriyati nazorat qilib boradi.
18. Nomzodlik imtihonlarini qabul qilish huquqi berilgan muassasalar imtihonlarning natijalari toʻgʻrisida yiliga bir marta dekabr oyida OAKga maʼlumot berishlari shart.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y.,20-son, 238-modda; 2010-y., 14-15-son, 117-modda)