Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Qishloq xoʻjaligi hamda veterinariya va chorvachilik sohalari kadrlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Qishloq xoʻjaligi hamda veterinariya va chorvachilik sohalaridagi rahbar, mutaxassislar, oliy taʼlim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbar va ilmiy kadrlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi samaradorligini taʼminlash, ularning kasbiy bilim, koʻnikma va mahoratini muntazam oshirib borish, malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish, shuningdek, xodimlarning kasbiy, pedagogik malaka va mahoratini uzluksiz oshirish maqsadida:
1. Quyidagilar tashkil etilsin:
a) Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi (keyingi oʻrinlarda — Milliy markaz) tizimida quyidagilar negizida davlat muassasasi shaklida Qishloq xoʻjaligi sohasi kadrlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti (keyingi oʻrinlarda — Institut):
Toshkent davlat agrar universiteti huzuridagi Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tarmoq markazi;
Toshkent davlat agrar universiteti huzuridagi “Agrobiznes va boshqaruv” yoʻnalishi boʻyicha agrosanoat majmui uchun rahbar va mutaxassis kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi;
Xalqaro qishloq xoʻjaligi universiteti huzuridagi Qishloq xoʻjaligi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazi;
Oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro instituti huzuridagi Agrobiznes subyektlari salohiyatini oshirish markazi;
b) Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi huzurida quyidagilar negizida davlat muassasasi shaklida Veterinariya va chorvachilik sohasida pedagog hamda mutaxassis kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti (keyingi oʻrinlarda — Veterinariya sohasida kadrlar malakasini oshirish instituti):
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti huzuridagi Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazi;
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti huzuridagi Kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi.
2. Qishloq xoʻjaligi sohasi kadrlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti hamda Veterinariya va chorvachilik sohasida pedagog hamda mutaxassis kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutining asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki, Institut va Veterinariya sohasida kadrlar malakasini oshirish instituti tegishlicha mazkur qarorning 1-bandida nazarda tutilgan taʼlim tashkilotlarining barcha huquq va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
4. Qishloq xoʻjaligi sohasi kadrlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti hamda Veterinariya va chorvachilik sohasida pedagog hamda mutaxassis kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutida tashkil etiladigan qayta tayyorlash va malaka oshirish yoʻnalishlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq Qishloq xoʻjaligi vazirligi markaziy apparati, tizim tashkilotlari, hududiy tarkibiy boʻlinmalar xodimlari va uning tizimidagi tashkilotlar rahbar va mutaxassis kadrlari har uch yilda kamida bir marta malaka oshirish kurslarida oʻqitilishi shart.
6. Institut va Veterinariya sohasida kadrlar malakasini oshirish institutida qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga qatʼiy hisobda turadigan davlat namunasidagi hujjat hisoblanadigan sertifikat beriladi.
7. Belgilansinki:
a) Institutning umumiy shtat birliklari soni 23 ta (professor-oʻqituvchilar tarkibi hamda texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari) etib belgilanadi, shundan:
10 ta shtat birligini saqlash Davlat budjeti hisobidan;
13 ta shtat birligini saqlash Institutning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
b) Veterinariya sohasida kadrlar malakasini oshirish institutining umumiy shtat birliklari soni 15 ta (professor-oʻqituvchilar tarkibi hamda texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari) etib belgilanadi, shundan:
8 ta shtat birligini saqlash Davlat budjeti hisobidan;
7 ta shtat birligini saqlash Veterinariya sohasida kadrlar malakasini oshirish institutining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
v) Institut va Veterinariya sohasida kadrlar malakasini oshirish institutining xodimlariga qonunchilik hujjatlarida davlat oliy taʼlim muassasalari xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash, moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya shartlari tatbiq etiladi.
Bunda mehnatga haq toʻlash shartlari boʻyicha Institut va Veterinariya sohasida kadrlar malakasini oshirish institutining direktori — oliy taʼlim muassasasi rektoriga, direktor oʻrinbosari — oliy taʼlim muassasasi prorektoriga tenglashtiriladi.
8. Qishloq xoʻjaligi vazirligi (I. Abduraxmonov) hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi (B. Norqobilov) 2025-yil 1-yanvarga qadar Institut va Veterinariya sohasida kadrlar malakasini oshirish institutiga nufuzli xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarini bitirgan vatandoshlar va chet ellik mutaxassislarni, shuningdek, ushbu muassasalarning metodik xizmat koʻrsatish boʻlimlariga yuqori malakali va tajribali kadrlarni jalb qilsin.
9. Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi ikki oy muddatda tegishlicha Institut va Veterinariya sohasida kadrlar malakasini oshirish institutining tuzilmasi va shtat jadvalini hamda ustavini tasdiqlasin.
10. Belgilab qoʻyilsinki:
Institutga Milliy markazning tavsiyasiga koʻra qishloq xoʻjaligi vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi;
Veterinariya sohasida kadrlar malakasini oshirish institutiga Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi raisi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi.
11. Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Institut va Veterinariya sohasida kadrlar malakasini oshirish institutining oʻquv rejalari va dasturlarini tasdiqlasin.
12. “El-yurt umidi” jamgʻarmasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi bilan birgalikda Institut va Veterinariya sohasida kadrlar malakasini oshirish institutining mahalliy professor-oʻqituvchilarini “El-yurt umidi” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan xorijiy yetakchi oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga malaka oshirish, stajirovka va oʻqishga yuborish choralarini koʻrsin.
13. Qishloq xoʻjaligi vaziri hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi raisiga zarur hollarda tegishlicha Institut va Veterinariya sohasida kadrlar malakasini oshirish institutining tasdiqlangan tuzilmalariga xodimlarning belgilangan umumiy cheklangan soni hamda mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi berilsin.
14. Institut va Veterinariya sohasida kadrlar malakasini oshirish instituti faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
Davlat budjeti mablagʻlari;
tinglovchilarni toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar;
xoʻjalik faoliyatidan hamda shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya tashkilotlarining grant mablagʻlari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
15. Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasiga tegishlicha Institut va Veterinariya sohasida kadrlar malakasini oshirish institutining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan:
nufuzli xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarining malakali hamda tajribali professor-oʻqituvchilari, yetuk mutaxassis va maslahatchilarini jalb etish, ularga mehnat bozorining amaldagi konyunkturasini hisobga olgan holda ish haqi toʻlashga;
xodimlarning yetakchi xorijiy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida malaka oshirishi va stajirovka oʻtashi bilan bogʻliq xarajatlar uchun toʻlovlarni amalga oshirishga;
Institut va Veterinariya sohasida kadrlar malakasini oshirish instituti faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida zarur texnika va texnologiyalar, asbob-uskunalar, kompyuter dasturlari va aloqa vositalarini xarid qilishga ruxsat berilsin.
16. Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi:
ikki oy muddatda Institut va Veterinariya sohasida kadrlar malakasini oshirish institutining budjetdan tashqari mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilovchi nizomlar ishlab chiqsin;
ikki oy muddatda qishloq xoʻjaligi hamda veterinariya va chorvachilik sohasida xodimlarni uzluksiz kasbiy rivojlantirishni tashkil etishga oid Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
uch oy muddatda Institut va Veterinariya sohasida kadrlar malakasini oshirish instituti faoliyatini yoʻlga qoʻyish maqsadida 2025-2026-yillarga moʻljallangan “yoʻl xaritasi”ni hamda ushbu muddatda erishish lozim boʻlgan maqsadli indikatorlarni, qishloq xoʻjaligi hamda veterinariya va chorvachilik sohasi kadrlari malakasini oshirish va qayta tayyorlash tartibini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
17. Belgilansinki:
Institut va Veterinariya sohasida kadrlar malakasini oshirish institutini budjet mablagʻlari hisobidan saqlash xarajatlarini moliyalashtirish 2024-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Qishloq xoʻjaligi vazirligiga ajratiladigan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi, 2025-yildan boshlab budjet qonunchiligi talablariga muvofiq taqdim etilgan budjet soʻrovnomalariga asosan Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi;
Institut Toshkent viloyati, Yuqori Chirchiq tumani, A. Yassaviy mahallasi, Sh. Rashidov koʻchasi, 1-uy manzilidagi binoga operativ boshqaruv huquqi asosida joylashtiriladi;
Veterinariya sohasida kadrlar malakasini oshirish instituti Samarqand viloyati, Samarqand shahri, Mirzo Ulugʻbek koʻchasi, 77-uy manzilidagi binoga operativ boshqaruv huquqi asosida joylashtiriladi.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlari 3-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
19. Qishloq xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
20. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib qishloq xoʻjaligi vaziri I.Y. Abduraxmonov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 4-dekabr,
PQ-420-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-dekabrdagi PQ-420-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Qishloq xoʻjaligi sohasi kadrlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti hamda Veterinariya va chorvachilik sohasida pedagog hamda mutaxassis kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutining asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari
1. Qishloq xoʻjaligi sohasi kadrlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash institutining asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari:
Qishloq xoʻjaligi vazirligi markaziy apparati, tizimdagi tashkilot va korxonalar rahbar va mutaxassis kadrlarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash;
agrar sohadagi oliy, professional taʼlim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalarining pedagog va ilmiy kadrlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash;
mahalliy davlat boshqaruvi organlari, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchi subyektlar rahbarlari, boshqa vazirlik va idoralar tizimidagi tashkilotlarning qishloq xoʻjaligi masalalariga masʼul mutaxassis kadrlarining sohada amalga oshirilayotgan islohotlar hamda innovatsiyalar boʻyicha malakasini oshirish va qayta tayyorlash;
davlat taʼlim standartlari, kasbga doir bilim va koʻnikmalarga qoʻyilgan talablar asosida mehnat bozori ehtiyojlarini hisobga olgan holda kasbiy maʼlumotga ega agrar va oziq-ovqat sanoati sohasidagi tashkilotlar xodimlari uchun qoʻshimcha ixtisoslik boʻyicha pullik asosda malaka oshirish va qayta tayyorlash oʻquv kurslarini tashkil etish;
oʻquv-mashgʻulot jarayoniga, xususan, agrar soha taʼlim muassasalari amaliyotiga zamonaviy innovatsion pedagogik texnologiyalarni, oʻqitishning samarali shakllari va usullarini joriy etish;
agrar va oziq-ovqat sanoati mutaxassislarini kasbiy, maʼnaviy-maʼrifiy bilimlarini oshirish, agrar sohada taʼlim tizimini ilmiy-metodik taʼminlash, ilgʻor pedagogik texnologiyalarni joriy etish;
agrar soha va yoʻnalishlarda ilmiy-tadqiqot faoliyatini yuritish, mahalliy va xalqaro ilmiy-amaliy loyihalarda ishtirok etish;
agrar va oziq-ovqat sanoatiga oid oʻquv qoʻllanmalari, oʻquv adabiyotlari va boshqa ilmiy tavsiyalarni davlat xaridi asosida tayyorlash va tarqatish;
xalqaro aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash, konferensiyalar, koʻrgazmalar va boshqa tadbirlar oʻtkazish orqali mamlakatimizning qishloq xoʻjaligi sohasidagi yutuqlarini xalqaro darajada keng yoritish, xorijiy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik qilish.
2. Veterinariya va chorvachilik sohasida pedagog hamda mutaxassis kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutining asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari:
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi markaziy apparati, tizimdagi tashkilot va korxonalar rahbar va mutaxassis kadrlarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash;
veterinariya va chorvachilik sohasidagi oliy, professional taʼlim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalarining pedagog va ilmiy kadrlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash;
veterinariya va chorvachilik faoliyati bilan shugʻullanuvchi subyektlar rahbarlari, boshqa vazirlik va idoralar tizimidagi tashkilotlarning veterinariya va chorvachilik masalalariga masʼul mutaxassislarni sohada amalga oshirilayotgan islohotlar boʻyicha malakasini oshirish va qayta tayyorlash;
davlat taʼlim standartlari, kasbga doir bilim va koʻnikmalarga qoʻyilgan talablar asosida mehnat bozori ehtiyojlarini hisobga olgan holda kasbiy maʼlumotga ega veterinariya va chorvachilik sohasidagi tashkilotlar xodimlari uchun qoʻshimcha ixtisoslik boʻyicha pullik asosda malaka oshirish va qayta tayyorlash oʻquv kurslarini tashkil etish;
oʻquv-mashgʻulot jarayoniga, xususan, veterinariya va chorvachilik sohasidagi taʼlim muassasalari amaliyotiga zamonaviy innovatsion pedagogik texnologiyalarni, oʻqitishning samarali shakllari va usullarini joriy etish;
veterinariya va chorvachilikka oid oʻquv qoʻllanmalari, oʻquv adabiyotlari va boshqa ilmiy tavsiyalarni davlat xaridi asosida tayyorlash va tarqatish;
xalqaro aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash, konferensiyalar, koʻrgazmalar va boshqa tadbirlar oʻtkazish orqali veterinariya va chorvachilik sohasida mamlakatimiz yutuqlarini xalqaro darajada keng yoritish, xorijiy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik qilish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-dekabrdagi PQ-420-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Qishloq xoʻjaligi sohasi kadrlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti hamda Veterinariya va chorvachilik sohasida pedagog hamda mutaxassis kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutida tashkil etiladigan qayta tayyorlash va malaka oshirish yoʻnalishlari
1. Qishloq xoʻjaligi sohasi kadrlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash institutida tashkil etiladigan qayta tayyorlash va malaka oshirish yoʻnalishlari:
Qishloq xoʻjaligi vazirligi markaziy apparati va uning tizimidagi tashkilotlar rahbar va mutaxassis kadrlar boshqaruv koʻnikmalarini rivojlantirish;
tizimdagi oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari kadrlarining pedagogik mahoratlarini rivojlantirish, ilmiy-pedagogik kadrlar hamda ilmiy xodimlar tadqiqotlarini tashkil etish;
mahalliy davlat boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlarning qishloq xoʻjaligi masalalariga masʼul mutaxassislarini sohada amalga oshirilayotgan islohotlar hamda innovatsiyalar boʻyicha oʻqitish;
qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi subyektlar rahbar va xodimlarini zamonaviy agrobiznes (fermerlikka) hamda qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratishga oʻqitish.
2. Veterinariya va chorvachilik sohasida pedagog hamda mutaxassis kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutida tashkil etiladigan qayta tayyorlash va malaka oshirish yoʻnalishlari:
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi markaziy apparati va uning tizimidagi tashkilotlar rahbar hamda mutaxassis kadrlarining boshqaruv koʻnikmalarini rivojlantirish;
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi tizimidagi oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining pedagog kadrlar hamda ilmiy xodimlar tadqiqotlarini tashkil etish va pedagogik mahoratlarini rivojlantirish;
veterinariya va naslchilik-seleksiya sohalarida faoliyat olib boradigan xoʻjalik yurituvchi subyektlarni oʻqitish orqali ularning salohiyatini har tomonlama rivojlantirish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-dekabrdagi PQ-420-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-maydagi “Xalqaro qishloq xoʻjaligi universitetini tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-237-son qarorining 5-bandi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-yanvardagi “Oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro institutini tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-22-son qarorining 4 va 5-bandlari.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-iyuldagi “Agrar sohada ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarishni integratsiya qilish orqali sifat va samaradorlikni oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-216-son qarorining 6-bandi.
4. Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 26-sentabrdagi 278-son “Oliy taʼlim muassasalari pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga 1-ilova “Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazlari” boʻlimining 17-pozitsiyasi.
5. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-sentabrdagi “Oliy taʼlim muassasalari rahbar va pedagog kadrlarining malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 797-son qarori 1-bandining beshinchi xatboshisi, 2-bandining toʻrtinchi xatboshisi hamda 3-ilova.
6. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 19-martdagi “Agrosanoat majmui uchun zaxira kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 172-son qarori.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.12.2024-y., 07/24/420/1009-son)