Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 483-moddasiga ipakchilik tarmogʻini yanada rivojlantirishga qaratilgan qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2024-yil 30-sentabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2024-yil 23-oktabrda maʼqullangan
Senat tomonidan 2024-yil 23-oktabrda maʼqullangan
Mamlakatimizda ipakchilik tarmogʻini rivojlantirishga, pilla yetishtiruvchi kasanachilarni qoʻllab-quvvatlashga va mazkur tarmoqda ishlab chiqarish hajmlarini oshirishga qaratilgan keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.
Shu bilan birga uy sharoitida pilla yetishtirish faoliyati bilan shugʻullanishni yanada ragʻbatlantirish uchun soliq imtiyozlarini berish zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Ushbu Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 483-moddasiga jismoniy shaxslarning uy sharoitida tirik pilla yetishtirish (kasanachilik) faoliyatidan olingan daromadlarini jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan ozod qilishni, uy sharoitida tirik pilla yetishtiruvchi kasanachilar mehnatiga haq toʻlashga yoʻnaltiriladigan mablagʻlar ijtimoiy soliqdan ozod qilinishini, shuningdek tutzorlar bilan band boʻlgan yer uchastkalari uchun yer soligʻi kamaytiruvchi koeffitsiyent qoʻllanilgan holda hisoblab chiqarilishini nazarda tutuvchi qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Mazkur Qonun ipakchilik tarmogʻini yanada rivojlantirishga, xususan, tarmoqda ishlab chiqarish va eksport hajmlarini oshirishga, aholining bandligini taʼminlashga va daromadlarini koʻpaytirishga xizmat qiladi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 30-dekabrda qabul qilingan OʻRQ-599-sonli Qonuni bilan yangi tahrirda tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, 12-songa 1-ilova; 2020-yil, № 3, 198-modda, № 10, 593-modda, № 11, 652-modda, № 12, 690, 691-moddalar; 2021-yil, № 1, 6-modda, № 4, 294-modda, 4-songa ilova, № 8, 800-modda, № 9, 901-modda, № 10, 968, 969, 972, 973-moddalar, № 12, 1199-modda; 2022-yil, № 2, 79-modda, № 3, 215, 216-moddalar, № 5, 461, 464, 467-moddalar, № 6, 570-modda, № 7, 664, 666-moddalar, № 12, 1190-modda; 2023-yil, № 6, 444, 446-moddalar, № 7, 540-modda, № 12, 1011-modda; 2024-yil, № 2, 106, 110, 111-moddalar, № 4, 346-modda, № 5, 458, 459-moddalar, № 8, 822, 831-moddalar) 483-moddasi quyidagi mazmundagi ellik birinchi qism bilan toʻldirilsin:
“2023-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda:
jismoniy shaxslarning uy sharoitida tirik pilla yetishtirish faoliyatidan (kasanachilikdan) olingan daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan ozod qilinadi;
pilla yetishtiruvchi yuridik shaxslarning uy sharoitida tirik pilla yetishtiruvchi kasanachilar mehnatiga haq toʻlashga yoʻnaltiriladigan mablagʻlari, boʻshagan mablagʻlarni kasanachilarni moddiy ragʻbatlantirishga yoʻnaltirish sharti bilan ijtimoiy soliqdan ozod qilinadi;
pilla yetishtirish sohasida ozuqa bazasi sifatida foydalaniladigan tutzorlar bilan band boʻlgan yer uchastkalari uchun yer soligʻi xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari belgilagan soliq stavkalariga nisbatan 0,1 koeffitsiyent qoʻllanilgan holda hisoblab chiqariladi”.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
4-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Ushbu Qonun 1-moddasining qoidalari 2023-yil 1-yanvardan eʼtiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 15-noyabr,
OʻRQ-1001-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.11.2024-y., 03/24/1001/0929-son)