O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tamaki mahsulotlarini tranzit olib o‘tishda bojxona nazoratini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Alkogol va tamaki mahsulotlari bozorini tartibga solish hamda ularning noqonuniy aylanmasining oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirish to‘g‘risida” 2024-yil 3-iyundagi PF-84-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Alkogol va tamaki mahsulotlari bozorini tartibga solish hamda ularning noqonuniy aylanmasining oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirish to‘g‘risida” 2024-yil 3-iyundagi PF-84-son Farmoniga muvofiq 2024-yil 1-sentabrdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tamaki mahsulotlarining tranziti uchun quyidagi talablar joriy etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin:
tovar ishlab chiqarilgan mamlakat sertifikati, uni yetkazib berish shartnomasi (bitimi), tovarlar bir nechta qismga ajratilib, tranzit yo‘li bilan tashilgan taqdirda, ularni olib o‘tish jadvalining mavjudligi;
yuk olib o‘tuvchi tomonidan tegishli bojxona to‘lovlarining summasi O‘zbekiston Respublikasi bojxona organlarining depozit hisobvarag‘iga o‘tkazilganligi. Bunda keyinchalik tovarlar respublika tashqarisiga olib chiqilganligi tasdiqlangandan so‘ng to‘langan summalar qaytarilishi;
tamaki tashuvchi transport vositalarining faqat inspeksion ko‘rik majmualari bilan jihozlangan chegara bojxona postlari orqali o‘tkazilishi;
qabul qiluvchi davlatning aksiz markasi bo‘lgan tamaki mahsulotlarini respublika hududidan tranzit olib o‘tishga ruxsat etilishi, aksiz markasi qo‘llanilmaydigan davlatlardan import qilish yoki ularga eksport qilish hamda qonunchilikka muvofiq aksiz markasi talab etilmaydigan holatlar bundan mustasno.
2. O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tamaki mahsulotlarini tranzit olib o‘tishda bojxona nazoratini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi manfaatdor vazirliklar hamda idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 30-oktabr,
717-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-oktabrdagi 717-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tamaki mahsulotlarini tranzit olib o‘tishda bojxona nazoratini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tamaki mahsulotlarini avtomobil va temir yo‘l transportida, shu jumladan, multimodal tashishda tranzit olib o‘tish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
bojxona to‘lovlari — O‘zbekiston Respublikasining bojxona qonunchiligiga muvofiq hisoblangan, tovarlarni O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududida erkin muomalaga chiqarish uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan import bojxona boji, aksiz solig‘i, qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona yig‘imlari;
vakolatli shaxs — O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tamaki mahsulotlarini tranzit olib o‘tishda bojxona organlariga qonunchilik hujjatlarida belgilangan ma’lumotlar va hujjatlarni taqdim etadigan yukni jo‘natuvchi, qabul qiluvchi, tashuvchi yoki ekspeditor hamda ular nomidan ish ko‘ruvchi boshqa shaxslar;
kirish bojxona posti — O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit olib o‘tiladigan tovarlar olib kiriladigan chegara bojxona posti;
tovarlar — O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit olib o‘tiladigan tamaki mahsulotlari;
to‘lovchi — tovarlarning tranziti uchun bojxona to‘lovlari summasini O‘zbekiston Respublikasi bojxona organlarining depozit hisobvarag‘iga o‘tkazgan, o‘zining hisobvarag‘i, nomi, STIRi (JSHSHIRi) va boshqa rekvizit ma’lumotlariga ega bo‘lgan har qanday yuridik yoki jismoniy shaxs;
tovarlar partiyasi — bitta jo‘natuvchi tomonidan bitta oluvchiga bitta transport vositasida yoki poyezdda (konvoyda) bitta jo‘natuvchi yuborgan tranzit yuk;
chiqish bojxona posti — O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit olib o‘tiladigan tovarlar olib chiqiladigan chegara bojxona posti.
3. Tamaki mahsulotlarini O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit olib o‘tishga ruxsat olish uchun vakolatli shaxs O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududiga olib kirishga mo‘ljallangan tovarlar va transport vositalari to‘g‘risidagi dastlabki elektron ma’lumotlarni (keyingi o‘rinlarda — dastlabki elektron ma’lumotlar) taqdim etishda belgilangan ma’lumotlar bilan birga quyidagilar ko‘rsatilgan holda murojaat qiladi:
tovar ishlab chiqarilgan mamlakat sertifikati va uning elektron nusxasi;
yetkazib berish shartnomasining (bitimining) elektron nusxasi;
tovarlar bir nechta qismga ajratilib, tranzit yo‘li bilan tashilgan taqdirda, ularni olib o‘tish jadvalining elektron nusxasi;
tovarlar tranziti bo‘yicha bojxona to‘lovlari summasi bojxona organlarining depozit hisobvarag‘iga o‘tkazilganligini tasdiqlovchi ma’lumotlar;
tovarlarning qabul qiluvchi davlatning aksiz markasi bilan markalanganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, qonunchilikka muvofiq aksiz markasi talab etilmaydigan holatlar bundan mustasno.
4. Tovarlar O‘zbekiston Respublikasi hududiga amalda olib kirilgan paytdan boshlab ushbu hududdan tashqariga olib chiqib ketilgunga qadar bojxona nazorati ostida bo‘ladi.
5. Vakolatli shaxs tomonidan tamaki mahsulotlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududiga olib kirishga mo‘ljallangan tovarlar va transport vositalari to‘g‘risidagi dastlabki elektron ma’lumotlar faqat transport vositalarining inspeksion ko‘rik majmualari bilan jihozlangan chegara bojxona postlari orqali taqdim etiladi.
6. Tovarlarni O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit olib o‘tishga qo‘yiladigan talablar va shartlar O‘zbekiston Respublikasining bojxona to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
2-bob. Bojxona to‘lovlari summasini bojxona organlarining depozit hisobvarag‘iga o‘tkazish
7. To‘lovchi tovarlarning tranziti uchun bojxona to‘lovlari summasi O‘zbekiston Respublikasi hududiga amalda olib kirilgunga qadar milliy yoki erkin foydalaniladigan valyutada (AQSH dollari) bojxona organining depozit hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
Bojxona organining depozit hisobvarag‘i to‘g‘risidagi ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasining rasmiy veb-sayti hamda chegara o‘tkazish punktlariga joylashtiriladi.
8. Bojxona organining depozit hisobvarag‘iga qo‘yiladigan pul ta’minoti miqdori depozitga qo‘yilgan kuni amalda bo‘lgan va O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlariga asosan tovarlarni O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududida erkin muomalaga chiqarish uchun belgilangan bojxona to‘lovlari stavkalaridan kelib chiqqan holda hisoblanishi kerak.
9. To‘lovchi bojxona organlariga tovarlar to‘g‘risidagi dastlabki elektron ma’lumotlarni taqdim etishdan kamida besh kalendar kun oldin tovarlarning tranziti uchun bojxona to‘lovlari summasini bojxona organining depozit hisobvarag‘iga joylashtirishi mumkin, muqaddam bojxona nazoratidan yechilmagan bojxona organining depozit hisobvarag‘ida mavjud bo‘lgan mablag‘lar bundan mustasno.
10. To‘lovchi bojxona organlariga tovarlar to‘g‘risidagi dastlabki elektron ma’lumotlarni taqdim etishda, to‘langan bojxona to‘lovlari summasini qaytarish uchun to‘lovchining STIRi va bank rekvizitlari ko‘rsatilishi shart.
11. Vakolatli shaxs dastlabki elektron ma’lumotlarni taqdim etishda, bojxona organlariga bojxona to‘lovlari summasi bojxona organlarining depozit hisobvarag‘iga o‘tkazilganligi haqida ma’lumot beradi. Bojxona organlari axborot tizimi orqali bojxona to‘lovlari summasi bojxona organlarining depozit hisobvarag‘ida mavjudligini tekshiradi.
12. Bojxona organlarining depozit hisobvarag‘iga o‘tkazilgan bojxona to‘lovlari summasini quyidagi maqsadlarda tasarruf etish taqiqlanadi:
tovarlar bojxona nazoratidan yechilgunga qadar to‘lovchi tomonidan ularni tasarruf etish;
bojxona to‘lovlari summasidan boshqa shaxslarning tovarlari ta’minoti uchun foydalanish;
bojxona to‘lovlari summasidan bir vaqtning o‘zida to‘lovchining boshqa tovarlari ta’minoti uchun foydalanish.
3-bob. Tovarlarning bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini boshlash hamda yakunlash
13. Tranzit maqsadida O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilayotgan tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi bojxona organlariga dastlabki elektron ma’lumotlar taqdim etilib, tovarlar ortilgan transport vositasi kirish bojxona postiga yetib kelgan vaqtdan boshlanadi.
Bunda tovar va transport vositalari O‘zbekiston Respublikasi bojxona qonunchiligiga muvofiq bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan o‘tkaziladi.
Tovarlar xavfni boshqarish tizimi orqali bojxona organlarining axborot tizimida nazoratdan o‘tkaziladi.
14. Kirish bojxona postida bojxona organlari tomonidan transport vositasi inspeksion ko‘rik majmuasida taqdim etilgan ma’lumotlarga asosan bojxona nazoratidan o‘tkaziladi, shuningdek, tovarlar qabul qiluvchi davlatning aksiz markasi bilan markalanganligi tekshiriladi, qonunchilikka muvofiq aksiz markasi talab etilmaydigan holatlar bundan mustasno.
15. Tovar va transport vositalariga nisbatan bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi yakunlanganidan so‘ng tovarlar bojxona nazorati ostida chiqish bojxona postiga yo‘naltiriladi.
16. Belgilangan muddatlarda tovar va transport vositalari chiqish bojxona postiga yetib borganda, bojxona organlari tomonidan transport vositasi inspeksion ko‘rik majmuasida bojxona nazoratidan o‘tkazilib, kirish bojxona postidagi tasvirlar bilan o‘zaro solishtiriladi.
17. Chiqish bojxona postida tovar va transport vositalariga nisbatan bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi yakunlanganidan so‘ng tovarlar bojxona nazoratidan yechilib, O‘zbekiston Respublikasi hududidan olib chiqishga ruxsat beriladi.
4-bob. Bojxona to‘lovlari summasini to‘lovchiga qaytarish hamda uning hisobini yuritish
18. Tovarlar bojxona nazoratidan yechilgandan so‘ng 5 ish kuni ichida to‘langan bojxona to‘lovlari summasi kelib tushgan hisobvaraq orqali to‘lovchiga qaytariladi.
To‘lovchining yoki boshqa shaxslarning murojaatiga asosan bojxona to‘lovlari kelib tushgan hisobvaraqdan boshqa shaxslarning hisobvarag‘iga o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydi, qonunchilik hujjatlariga asosan sud yoki boshqa vakolatli organning mazkur mablag‘lar bo‘yicha qabul qilgan qarorlari asosida xatlovga olish yoki boshqa hisobvarag‘iga o‘tkazish to‘g‘risidagi talabi bundan mustasno.
19. To‘lovchi tomonidan bojxona organining depozit hisobvarag‘iga o‘tkazilgan bojxona to‘lovlaridan kelgusida boshqa tovarlarga nisbatan foydalanish ma’lum qilinganda, mablag‘lar bojxona organlarining depozitida saqlanishi mumkin.
20. Mablag‘lar bojxona organlari depozit hisobvarag‘iga kelib tushgan sanadan boshlab 30 kalendar kunda bojxona organlariga tovarlarni tranzit olib o‘tish bo‘yicha murojaat kelib tushmasa, mablag‘lar besh ish kunida to‘lovchiga qaytariladi.
21. Tovarlar tranziti bo‘yicha bojxona organining depozit hisobvarag‘iga to‘langan bojxona to‘lovlarining hisobi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi tomonidan yuritiladi.
22. Tovarlar chiqish bojxona postiga belgilangan muddatlarda yetib bormagan taqdirda, kechiktirilgan har bir kun uchun belgilangan yig‘imlar bojxona organining depozit hisobvarag‘iga qo‘yilgan mablag‘lar hisobidan undirib olinadi.
23. O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tovarlarni tranzit olib o‘tish davomida avariya yoki yengib bo‘lmas kuch ta’siri natijasida tovarlar iste’molga yaroqsiz holga kelishi holatlarini sug‘urtalash huquqiga ega.
Bojxona to‘g‘risidagi qonunchilik talablarining buzilishi natijasida tovarlarni O‘zbekiston Respublikasi hududidan olib chiqish imkoniyati mavjud bo‘lmaganda, sud yoki boshqa vakolatli organning qaroriga asosan tovarlar bojxona nazoratidan yechilib, bojxona organining depozit hisobvarag‘idagi mablag‘lar Respublika budjetiga o‘tkaziladi.
5-bob. Yakunlovchi qoida
24. Mazkur Nizomning buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 31.10.2024-y., 09/24/717/0868-son)