Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining namunaviy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonunning 16-moddasi, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining namunaviy reglamenti ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlariga oʻn kunlik muddatda Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining namunaviy reglamentini muhokama qilish va tasdiqlash tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati devonining Hududiy vakillik organlari faoliyatini oʻrganish markazi ushbu Qaror ijrosini taʼminlashda xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlari va ularning kotibiyatlariga amaliy yordam koʻrsatib borsin.
4. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 31-iyuldagi “Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining namunaviy reglamenti hamda Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining doimiy komissiyalari toʻgʻrisidagi namunaviy nizomni tasdiqlash haqida”gi SQ-360-IV-sonli Qarorining 1-bandi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2023-yil 25-martdagi KQ-476-IV-sonli Qarorining 5-ilovasi oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
5. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi raisi T. Madumarov zimmasiga yuklansin.
6. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2024-yil 21-oktabr,
KQ-835-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2024-yil 21-oktabrdagi KQ-835-IV-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining
namunaviy reglamenti
I bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi (bundan buyon matnda mahalliy Kengash deb yuritiladi) davlat hokimiyatining vakillik organidir.
Mahalliy Kengash oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi toʻgʻrisida”gi qonunlari va boshqa qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, shuningdek oʻz reglamentiga muvofiq amalga oshiradi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududidagi xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashi oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, Oliy Majlis palatalarining qarorlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining qarorlari, shuningdek oʻz reglamentiga muvofiq amalga oshiradi.
2-modda. Mahalliy Kengash faoliyati masalalarni jamoa boʻlib va erkin muhokama qilishga, oshkoralikka, jamoatchilik fikrini hisobga olishga asoslanadi.
3-modda. Mahalliy Kengash oʻz faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini mahalliy Kengashning sessiyasida (bundan buyon matnda sessiya deb yuritiladi) tasdiqlangan ish rejasi asosida belgilab oladi. Mahalliy Kengash faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini oʻz ichiga oladigan ish rejasi asosida mahalliy Kengashning doimiy komissiyalari (bundan buyon matnda doimiy komissiyalar deb yuritiladi) ish rejalari tuziladi.
Mahalliy Kengashning ish rejasi mahalliy Kengash deputatlari (bundan buyon matnda deputatlar deb yuritiladi), doimiy komissiyalar, partiya guruhlari, shuningdek hududiy vakillik organi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tavsiyalarini inobatga olgan holda ishlab chiqiladi.
Mahalliy Kengashning ish rejasi ommaviy axborot vositalari hamda mahalliy Kengashning veb-saytida eʼlon qilinishi mumkin.
Mahalliy Kengash ish rejasining bajarilishi uning sessiyalarida, sessiyalar oraligʻida esa doimiy komissiyalar majlislarida muhokama qilinadi.
Mahalliy Kengashning ish rejasiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi masala mahalliy Kengash raisi, doimiy komissiyalar, partiya guruhlari va deputatlarning taklifiga binoan sessiyada koʻrib chiqiladi. Ushbu masala yuzasidan qaror mahalliy Kengash reglamentida belgilangan tartibda qabul qilinadi.
Mahalliy Kengashning ish rejasi oʻz vaqtida bajarilishini tashkil etish, shuningdek doimiy komissiyalarning ish rejalari doimiy komissiyalar tomonidan oʻz vaqtida ijro qilinishi uchun mahalliy Kengash raisi masʼul hisoblanadi.
4-modda. Mahalliy Kengashga uning deputatlari orasidan saylanadigan rais boshchilik qiladi.
Viloyat, tuman, shahar hokimi lavozimini egallab turgan shaxs bir vaqtning oʻzida mahalliy Kengashning raisi lavozimini egallashi mumkin emas.
Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq ayni bir viloyat, tuman, shahar mahalliy Kengashining raisi etib saylanishi mumkin emas.
Mahalliy Kengash raisi oʻz vazifalarini bajarish davrida siyosiy partiyaga aʼzolikni toʻxtatib turadi, shuningdek, doimiy va boshqa komissiyalar, partiya guruhlari tarkibiga kirishi mumkin emas.
Mahalliy Kengash raisi mahalliy Kengash ishini tashkil etadi, mahalliy Kengashga koʻrib chiqish uchun kiritiladigan masalalarni tayyorlashga umumiy rahbarlik qiladi, uning sessiyalarida raislik qiladi.
Mahalliy Kengashning vakolat muddati besh yil boʻlib, mahalliy Kengash raisi mahalliy Kengash vakolati muddatiga saylanadi.
5-modda. Mahalliy Kengash hudud uchun umumiy boʻlgan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish vazifalarining amalga oshirilishini, joylarda Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, yuqori turuvchi mahalliy Kengash qarorlari ijro etilishini, Oʻzbekiston Respublikasi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari oʻrtasidagi aloqani mustahkamlashni, aholini tegishli hududni boshqarishga jalb etishni taʼminlaydi.
Mahalliy Kengash hududda oʻzini oʻzi boshqarishning rivojlanishiga koʻmaklashadi, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining faoliyatini yoʻnaltirib turadi, aholi muammolarini oʻrganish, aniqlash va hal etish masalalari yuzasidan ular bilan oʻzaro hamkorlik qiladi.
6-modda. Mahalliy Kengashning asosiy vakolatlariga:
hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholini ijtimoiy himoya qilish dasturlarini, tuman, shaharning bosh rejasini hamda uni qurish qoidalarini tasdiqlash;
viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarini, shuningdek tumanlar va shaharlar budjetlarini tegishincha viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlarining taqdimnomasiga binoan koʻrib chiqish hamda qabul qilish, ularning ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
viloyatlarning viloyat budjetlari, Toshkent shahrining shahar budjeti hamda tumanlar va shaharlar budjetlari daromadlarining prognozlarini maʼlumot uchun qabul qilish;
viloyatlarning viloyat budjetlariga va Toshkent shahrining shahar budjetiga, tumanlar va shaharlar budjetlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisidagi qarorlarni tasdiqlash;
tegishli budjetlardan moliyalashtiriladigan hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning budjet mablagʻlaridan samarali foydalanilishi hamda erishilgan natijalar toʻgʻrisidagi hisobotlarini eshitish;
viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy budjetlarining, shuningdek tumanlar va shaharlar budjetlarining tegishli davrdagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlarni tegishincha viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlarining taqdimnomasiga binoan koʻrib chiqish hamda tasdiqlash;
mahalliy soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning stavkalarini qonunchilikda belgilangan miqdorlar doirasida belgilash;
hokimni va uning oʻrinbosarlarini lavozimga tasdiqlash, hokimni va uning oʻrinbosarlarini lavozimdan ozod etish, ularning faoliyatiga doir hisobotlarini, shuningdek hokimlarning viloyat, tuman, shahar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan hisobotlarini eshitish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Xalq qabulxonalarining tegishli hududdagi davlat organlari va tashkilotlar rahbarlari faoliyati hamda murojaatlar bilan ishlash holati toʻgʻrisidagi axborotini har chorakda eshitish;
yoshlar muammolarini oʻrganish, ularni hal etishga koʻmaklashish, yosh avlodning isteʼdodi va qobiliyatini rivojlantirish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish choralarini koʻrishga qaratilgan ishlar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi hududiy rahbarlarining hisobotlarini har olti oyda eshitish;
Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunida nazarda tutilgan hollarda hokim qarorlarini tasdiqlash;
mahalliy Kengashning Ish tartibini, mahalliy Kengash doimiy va muvaqqat komissiyalari toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash, ularga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish;
mahalliy Kengashning doimiy va muvaqqat komissiyalarini, boshqa organlarini tuzish, saylash va tugatish, ularning tarkibini oʻzgartirish, ular ishiga doir hisobotlarni tinglash;
qonunchilikda belgilangan hollarda va tartibda xalq deputatlarining vakolatlarini eʼtirof etish va muddatidan oldin toʻxtatish, ularni javobgarlikka tortish uchun rozilik berish;
zarurat boʻlganda ijro etuvchi hokimiyat boʻlimlari, boshqarmalari, boshqa tarkibiy boʻlinmalari rahbarlarining hisobotlarini, shu jumladan qonunlarga rioya etilishi, mahalliy Kengash qarorlarining va doimiy komissiyalar tavsiyalarining bajarilishi yuzasidan hisobotlarini eshitish;
tegishli prokurorlarning faoliyati toʻgʻrisidagi axborotini har yili eshitish;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hududiy boʻlinmalari rahbarlarining hisobotlarini eshitish;
tegishincha sogʻliqni saqlashni boshqarish hududiy organlari, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari rahbarlarining hisobotlarini eshitish;
tegishincha hududiy adliya boshqarmalari va tumanlar (shaharlar) adliya boʻlimlari boshliqlarining axborotini eshitish;
Kengash soʻrovini yuborish toʻgʻrisidagi taklifni koʻrib chiqish, Kengash tekshiruvini oʻtkazish, xalq deputatlarining soʻrovlarini yuborish va ular yuzasidan qarorlar qabul qilish;
hokimning mahalliy Kengashning qonunchilikka zid qarorlarini qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisidagi taqdimnomasiga asosan mahalliy Kengash qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish;
hokimning va quyi Kengashning Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq boʻlmagan qarorlarini bekor qilish;
hokimning taqdimiga binoan hokimlikning tuzilmasini, shtatlarini va uning xodimlari mehnatiga haq toʻlash fondini tasdiqlash kiradi.
Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari:
tegishli viloyatlarning viloyat budjetlaridan hamda Toshkent shahrining shahar budjetidan tumanlar va shaharlar budjetlariga ajratiladigan tartibga soluvchi budjetlararo transfertlarning cheklangan miqdorlarini koʻrib chiqadi hamda tasdiqlaydi;
jismoniy va yuridik shaxslarga tegishincha meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish, doimiy egalik qilish, doimiy foydalanish, muddatli (vaqtincha) foydalanish yoki ijara huquqi asosida tegishli boʻlgan yer uchastkalarini yoki ularning qismlarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish va olib qoʻyilgan yer uchastkalarida joylashgan koʻchmas mulk obyektlarini qonunda belgilangan hollarda va tartibda buzib tashlash toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) mintaqaviy vakilining inson huquqlari, erkinliklarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilish holati toʻgʻrisidagi maʼruzasini har yili eshitadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) mintaqaviy vakilining tegishli hududda bola huquqlari, erkinliklarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilish holati toʻgʻrisidagi maʼruzasini har yili eshitadi;
tegishli hududda mahalliy ahamiyatga molik monumental yodgorliklarni oʻrnatish va buzish (koʻchirish) toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi;
fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni taʼminlash, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi oʻz vakolatlari jumlasiga kiritilgan boshqa tashkiliy masalalarni va qonunchilikka muvofiq nazorat qilishga doir masalalarni hal etadi.
7-modda. Mahalliy Kengash berilgan vakolatlari doirasida umum manfaatini ifodalovchi tadbirlarni oʻtkazish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining boshqa hududlaridagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan shartnomaviy munosabatlar oʻrnatishga haqlidir.
8-modda. Mahalliy Kengash oʻz faoliyatini sessiyalar, doimiy komissiyalar va muvaqqat komissiyalar, mahalliy Kengashning boshqa organlari orqali, shuningdek deputatlarning Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari va mahalliy Kengash reglamentida belgilangan tartibda oʻz vakolatlarini roʻyobga chiqarish yoʻli bilan amalga oshiradi.
II bob. Sessiyani chaqirish va oʻtkazish
9-modda. Mahalliy Kengashning asosiy ish shakli sessiyadir.
Sessiya Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan mahalliy Kengash vakolatiga kiritilgan har qanday masalani koʻrib chiqishga haqli.
10-modda. Mahalliy Kengash sessiyalari mahalliy Kengash raisi tomonidan, u yoʻqligida esa mahalliy Kengashga saylovda eng koʻp deputatlik oʻrinlarini olgan siyosiy partiyadan ilgari surilgan deputatlar tomonidan tashkil etilgan partiya guruhi rahbari tomonidan zaruratga qarab, har chorakda kamida bir marta chaqiriladi. Sessiya mahalliy Kengash deputatlari kamida uchdan ikki qismining tashabbusiga yoki hokimning taklifiga binoan ham chaqirilishi mumkin. Mahalliy Kengash sessiyasini chaqirish toʻgʻrisidagi qarordan deputatlar sessiya ochilishidan kamida uch kun oldin xabardor qilinadi.
Yangi saylangan mahalliy Kengashning birinchi sessiyasi hokim tomonidan saylovdan keyin kechi bilan uch haftalik muddat ichida chaqiriladi. Mahalliy Kengashning birinchi sessiyasi tegishli hududiy, tuman, shahar saylov komissiyasi raisi tomonidan ochiladi hamda u mahalliy Kengash raisi saylangunga qadar sessiyaga raislik qiladi.
Mahalliy Kengash sessiyalarida rais, u yoʻqligida esa mahalliy Kengashga saylovda eng koʻp deputatlik oʻrinlarini olgan siyosiy partiyadan ilgari surilgan deputatlar tomonidan tashkil etilgan partiya guruhi rahbari raislik qiladi.
Agar bir nechta siyosiy partiya teng miqdordagi eng koʻp deputatlik oʻrinlarini egallasa, ularning oʻzaro kelishuviga koʻra tegishli partiyaning rahbari raislik qiladi.
Mahalliy Kengash sessiyalarida prezidium tashkil qilinadi. Prezidiumga qoida tariqasida mahalliy Kengash raisi, shuningdek hokim joylashtiriladi.
Yangi saylangan mahalliy Kengashning birinchi sessiyasi oʻtkazilgan kundan boshlab bir oydan kechiktirmay mahalliy Kengashning organlari tuziladi.
11-modda. Sessiya kun tartibi mahalliy Kengash raisi, partiyalar guruhlari, doimiy komissiyalar va deputatlar tomonidan bildirilgan takliflarni inobatga olgan holda tayyorlanadi.
Sessiya muhokamasiga kiritilayotgan eng muhim va dolzarb ahamiyatga ega masalalarni tayyorlash uchun mahalliy Kengash raisi tomonidan tegishli tarmoqlar mutaxassislari hamda ekspertlarini jalb etgan holda ishchi guruh tashkil etilishi mumkin. Ishchi guruh masalani tayyorlash vaqtida saylovchilar, hokimlikning boʻlimlari, boshqarmalari va boshqa tarkibiy boʻlinmalari, shuningdek tegishli hududdagi korxonalar, tashkilotlar, muassasalar, nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining fikr-mulohazalarini inobatga oladi.
Sessiya muhokamasiga kiritilayotgan masalalar dastlabki tarzda tegishli doimiy komissiyalar tomonidan koʻrib chiqiladi, ular tomonidan tayyorlangan qaror loyihalari va kun tartibi boʻyicha boshqa hujjatlar mahalliy Kengash raisiga hamda mahalliy Kengash kotibiyati mudiriga beriladi.
Sessiyada koʻrib chiqilishi kerak boʻlgan masalalar sessiya kun tartibi loyihasiga ularni koʻrib chiqish navbati, har bir masalani koʻrib chiqish uchun tayyorlashga masʼul boʻlgan doimiy komissiyalar, maʼruzachilar (qoʻshimcha maʼruzachilar), shuningdek boshqa maʼlumotlar kiritilgan holda tuziladi.
Sessiya kun tartibi mahalliy Kengash qarori bilan tasdiqlanadi.
12-modda. Sessiyani, shu jumladan navbatdan tashqari sessiyani chaqirish haqidagi qaror mahalliy Kengash raisi tomonidan qabul qilinadi.
Sessiya oʻtkaziladigan vaqt, sana, joy va kun tartibi deputatlar eʼtiboriga sessiya ochilishidan kamida uch kun oldin yetkaziladi. Deputatlarga tanishib chiqish uchun tegishli hujjatlar ham yuboriladi.
Sessiyani chaqirish toʻgʻrisidagi xabar ommaviy axborot vositalari orqali eʼlon qilinishi mumkin.
Sessiyalar ochiq, oshkora oʻtkaziladi va ommaviy axborot vositalari tomonidan yoritiladi.
Zarur hollarda mahalliy Kengash raisi, doimiy komissiyalar, partiyalar guruhlarining taklifi asosida mahalliy Kengash yopiq sessiya oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin. Yopiq sessiya oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror deputatlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismining ovozi bilan qabul qilinadi.
Sessiyalar axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalaridan foydalangan holda videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilishi ham mumkin. Bunda deputatlar joylardan turib jamoaviy yoki yakka tartibda ishtirok etishlari mumkin.
Videokonferensaloqa rejimida oʻtkaziladigan sessiyani olib borish, kun tartibidagi masalalarni koʻrib chiqish va qarorlar qabul qilish mahalliy Kengash reglamentida belgilangan umumiy tartibda amalga oshiriladi.
Sessiya videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilganda ovozlarni hisoblash va ovoz berish natijalarini aniqlash bilan bogʻliq masalalarni hal etish uchun deputatlar orasidan sanoq komissiyasi tuziladi.
Videokonferensaloqa rejimida oʻtkaziladigan sessiyalarda ovoz berish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
sessiyada raislik qiluvchi tomonidan masala ovozga qoʻyilganligi eʼlon qilinadi;
markaziy studiyada hozir boʻlgan, jamoaviy va yakka tartibda ulanish nuqtasidan ishtirok etayotgan deputatlar qoʻllarini koʻtarib ovoz beradilar, ovoz berish elektron tizim orqali ham amalga oshirilishi mumkin;
raislik qiluvchi “qarshilar” bormi, “betaraflar” bormi degan savollar bilan murojaat qiladi, deputatlar bu savollarga ham qoʻllarini koʻtarib javob beradilar;
sessiyada ishtirok etayotgan barcha deputatlar tasviri ekranga chiqariladi, ovoz berish jarayonida barcha deputatlar koʻrinib turishi shart;
ovoz berish natijasi sanoq komissiyasi tomonidan qayd etib boriladi;
sessiyada ishtirok etayotgan barcha deputatlar ovoz berib boʻlganidan soʻng sanoq komissiyasi tomonidan raislik qiluvchiga ovoz berish natijalari toʻgʻrisida maʼlumot beriladi;
raislik qiluvchi ovoz berish natijalarini eʼlon qiladi.
13-modda. Agar sessiyada deputatlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi hozir boʻlsa, u vakolatli hisoblanadi.
Deputatlarni roʻyxatga olish sessiya ochilishidan oldin va uning ishidagi har bir tanaffusdan keyin amalga oshiriladi.
Agar sessiyalarni oʻtkazishga moʻljallangan binoda elektron ovoz berish tizimidan foydalanish koʻzda tutilgan boʻlsa, har bir deputat uchun doimiy oʻrin ajratiladi.
14-modda. Sessiyalar ishi davlat tilida olib boriladi va zarurat boʻlganda mahalliy Kengashning qarori asosida boshqa tillarga sinxron tarjima taʼminlanadi.
15-modda. Sessiyalarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining aʼzolari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputatlari, quyi mahalliy Kengash deputatlari, shuningdek hududdagi davlat organlari, korxonalar, tashkilotlar, muassasalar, nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalarining taklif etilgan vakillari hamda boshqa shaxslar ishtirok etishlari mumkin.
Sessiyaga taklif etilgan shaxslar muhokama etilayotgan masalalar yuzasidan qaror qabul qilishda ovoz berish huquqiga ega emas, shuningdek mahalliy Kengashning reglamentida belgilangan tartibga rioya qilishlari va raislik qiluvchining farmoyishlariga boʻysunishlari shart.
Sessiyaga taklif qilinadigan shaxslarning soni va tarkibi mahalliy Kengash raisi tomonidan hal etiladi.
Sessiyada raislik qiluvchi sessiyada ishtirok etayotgan deputatlar soni, taklif etilgan shaxslar tarkibi toʻgʻrisida deputatlarga axborot beradi.
Sessiyaga taklif qilingan shaxslar uchun majlislar zalida maxsus joylar ajratiladi.
16-modda. Deputatlarning vakolatlarini tasdiqlash toʻgʻrisidagi qaror yangi saylangan mahalliy Kengashning birinchi sessiyasida saylovni oʻtkazgan saylov komissiyasining taqdimiga muvofiq qabul qilinadi.
Boʻshab qolgan deputatlik oʻrniga saylov oʻtkazilganida deputatning vakolatini tasdiqlash toʻgʻrisidagi qaror sessiyada saylov komissiyasining taqdimiga muvofiq qabul qilinadi.
17-modda. Sessiya oʻz ishini kun tartibini tasdiqlashdan boshlaydi.
Sessiya kun tartibidagi masalalar raislik qiluvchi tomonidan bandma-band yoki butunlay ovozga qoʻyilishi mumkin.
Sessiyaning kun tartibi boʻyicha taklif va mulohazalar deputatlar tomonidan ogʻzaki yoki yozma shaklda beriladi va sessiyada raislik qiluvchi tomonidan ularning kelib tushish tartibi boʻyicha eʼlon qilinadi.
Sessiya kun tartibi boʻyicha qaror deputatlar bildirgan takliflarni hisobga olgan holda qabul qilinadi.
18-modda. Har bir sessiyani oʻtkazish vaqtida deputatlar orasidan sessiya kotibi saylanadi yoki sessiya kotibiyati tuziladi.
Sessiya kotibi yoki kotibiyati:
soʻzga chiquvchilarning roʻyxatini olib boradi;
deputat soʻrovlarini, deputatlardan tushadigan savollar, maʼlumotnomalar, xabarlar, arizalar, takliflar va boshqa materiallarni roʻyxatga oladi;
soʻzga chiqish uchun yozilganlarning roʻyxati va tushgan materiallar haqida raislik qiluvchiga axborot beradi;
sessiya ishiga taalluqli masalalar yuzasidan deputatlarga tushuntirishlar beradi;
sessiya yakunlari yuzasidan axborot tayyorlaydi;
bayonnoma yoki stenogramma yuritilishini tashkil etadi.
Sessiyada sessiya kotibi yoki kotibiyati tomonidan tayyorlangan axborot tinglanadi.
19-modda. Sessiyada bayonnoma yuritiladi. Sessiya bayonnomasi raislik qiluvchi va kotib tomonidan imzolanadi.
Sessiya bayonnomasida quyidagilar koʻrsatiladi:
mahalliy Kengashning nomi, sessiyaning tartib raqami (chaqiriq doirasida);
sessiyani oʻtkazish vaqti, sanasi va joyi;
hozir boʻlgan va qatnashmayotgan deputatlar soni, shuningdek taklif etilgan shaxslarning soni;
sessiya kun tartibi, sessiya muhokamasiga kiritilgan har bir masala yuzasidan har bir maʼruzachi va qoʻshimcha maʼruzachining ism-familiyasi hamda lavozimi;
muzokaralarda soʻzga chiqqan, shuningdek maʼruzachilar va qoʻshimcha maʼruzachilarga soʻrovlar yoʻllagan yoki savollar bergan (yozma yoki ogʻzaki shaklda) deputatlarning ism-familiyalari va saylov okruglarining raqami;
qabul qilingan, “yoqlayman”, “qarshiman” yoki “betarafman” deb berilgan ovozlar soni koʻrsatilgan qarorlar roʻyxati.
Bayonnomada sessiya kun tartibiga qoʻyilgan masalalarning mohiyati ochib beriladi, sessiya davomida soʻzlangan nutqlarning mohiyati qisqacha bayon etiladi, shuningdek sessiya kun tartibidagi masalalar yuzasidan ovoz berish yakunlari qayd etiladi.
Sessiyaning bayonnomasiga deputatlar va taklif etilgan shaxslarning sessiyadagi maʼruzalari matnlari, sessiyada hozir boʻlgan va qatnashmayotgan deputatlar roʻyxati, taklif etilgan shaxslar roʻyxati va boshqa materiallar ilova qilinadi.
Sessiya bayonnomasi sessiya tugaganidan soʻng uch kundan kechiktirmay tayyorlanadi va sessiyaga raislik qiluvchi shaxs hamda kotib tomonidan imzolanadi.
Sessiya jarayoni audio, video shaklda yozib olinishi yoki stenogrammasi yuritilishi mumkin.
Sessiya bayonnomasining asl nusxasi, audio, video yozuvlari, stenogrammasi mahalliy Kengash kotibiyatida saqlanadi.
Sessiya bayonnomasi, audio, video yozuvlari, stenogrammasi deputatlarning talabiga binoan tanishib chiqish uchun ularga berilishi mumkin.
Yopiq sessiya bayonnomasi, audio, video yozuvlari, stenogrammasi mahalliy Kengash kotibiyatida “maxfiy hujjat” belgisi bilan saqlanadi. Yopiq sessiya bayonnomasi unga taalluqli materiallar bilan deputatlarni tanishtirish bevosita mahalliy Kengash kotibiyatida tilxat olinib amalga oshiriladi.
20-modda. Sessiyada raislik qiluvchi:
sessiya ishining umumiy borishiga rahbarlik qiladi, mahalliy Kengash reglamentiga rioya etilishini taʼminlaydi;
maʼruzachilar, qoʻshimcha maʼruzachilar va muzokaralarda soʻzga chiquvchilarga navbati bilan soʻz beradi;
zarur hollarda sababini tushuntirib, soʻzga chiqish tartibini oʻzgartiradi;
muhokama qilinayotgan masala yuzasidan xohlagan paytda soʻzga chiqishi mumkin;
mahalliy Kengash reglamentida belgilangan tartibni qoʻpol ravishda buzgan deputat yoki ishtirokchini tartibga chaqiradi;
deputatlarning yozma soʻrovlari, arizalari, takliflari, fikr-mulohazalarini oʻqib eshittiradi;
deputatga deputat soʻrovi, savol, taklif, fikr-mulohaza yuzasidan soʻzga chiqish, shuningdek sessiyani olib borish tartibi boʻyicha eʼtirozlar bildirish uchun, qaror loyihalariga tuzatish, ovoz berish masalasi boʻyicha takliflar kiritish uchun uning iltimosiga koʻra soʻz beradi;
muhokama tugaganidan keyin qarorlar loyihalarini ovozga qoʻyadi va ovoz berish natijalarini eʼlon qiladi;
sessiyada qabul qilingan qarorlarni va sessiya bayonnomalarini imzolaydi;
muhokama jarayonida soʻzga chiqqan deputatlar yoki boshqa ishtirokchilar fikrini biror-bir tarzda baholash yoxud sharhlashdan, shuningdek qaror qabul qilishda tazyiq oʻtkazishdan oʻzini tiyishi lozim.
Sessiyada raislik qiluvchi:
mahalliy Kengash reglamenti talablari qoʻpol ravishda buzilgan taqdirda deputatni ogohlantirishga, takroran buzishga yoʻl qoʻyilganida esa uni butun sessiya kuni davomida soʻzdan mahrum qilishga;
sessiya ishiga xalaqit berayotgan taklif qilingan shaxslarni sessiya zalidan chiqarib yuborishga haqli.
21-modda. Hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalarini va eng muhim muammolarni muhokama etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qoʻmitalari (komissiyalari) va mahalliy Kengashning qoʻshma majlisi oʻtkazilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qoʻmitasi (komissiyasi) va mahalliy Kengashning qoʻshma majlisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qoʻmitasi (komissiyasi)ning raisi va mahalliy Kengash raisi oʻrtasida kelishuv boʻyicha oʻtkaziladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qoʻmitasi (komissiyasi) va mahalliy Kengashning qoʻshma majlisi kun tartibidagi masalalar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qoʻmitasi (komissiyasi) tomonidan mahalliy Kengashning tegishli doimiy komissiyasi bilan hamkorlikda tayyorlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qoʻmitasi (komissiyasi) va mahalliy Kengashning qoʻshma majlisini chaqirish, uni oʻtkazish vaqti, sanasi, joyi va boshqa masalalar mahalliy Kengash reglamentiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qoʻmitasi (komissiyasi)ning raisi va mahalliy Kengash raisi oʻrtasida kelishuv boʻyicha hal etiladi.
III bob. Sessiyada masalalarni koʻrib chiqish tartibi
22-modda. Mahalliy Kengash oʻz sessiyalarida vakolatlari doirasida qonuniylik va huquqiy-tartibotni, fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash, hududni iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlantirish, mahalliy budjetni shakllantirish hamda uni ijro etish, mahalliy soliq va boshqa majburiy toʻlovlar miqdorlarini belgilash, atrof-muhitni muhofaza qilish va qonun hujjatlariga muvofiq boshqa masalalarni koʻrib chiqadi hamda tegishli qarorlarni qabul qiladi.
23-modda. Sessiya muhokamasiga kiritilgan kun tartibidagi har bir masala, jumladan mahalliy budjet toʻgʻrisidagi va uning ijrosi haqidagi hisobot, hokim, uning oʻrinbosarlari, hokimlik boʻlimlari, boshqarmalari va boshqa tarkibiy boʻlinmalari faoliyati haqidagi hisobotlar tinglanadi hamda erkin muhokama qilinadi.
Muhokama jarayoni mazkur masala yuzasidan mahalliy Kengash raisi, doimiy komissiyalar raislarining maʼruzalari va qoʻshimcha maʼruzalarini, deputatlarning maʼruzalari va qoʻshimcha maʼruzalarini eshitish, shuningdek taklif etilgan shaxslarning fikr bildirishi shaklida amalga oshiriladi.
Ayrim hollarda muhokama etilayotgan masalaning mazmunini hisobga olgan holda, sessiya mazkur masalaning mazmuniga doir qisqacha axborotni eshitib yoki doimiy komissiyalar raislari yoxud deputatlarning tushuntirishlari bilan cheklanib, uni muhokama etmasdan qaror qabul qilishi mumkin.
24-modda. Sessiyada raislik qiluvchi tomonidan maʼruzachilar va qoʻshimcha maʼruzachilar bilan kelishuvga koʻra, qoida tariqasida, maʼruza uchun — 30 daqiqagacha, qoʻshimcha maʼruza uchun — 20 daqiqagacha va yakunlovchi soʻz uchun 15 daqiqagacha vaqt belgilanadi.
Muzokaralarda soʻzga chiquvchi deputatlarga 10 daqiqagacha vaqt beriladi. Muzokaralarda takroran soʻzga chiqish uchun, shuningdek sessiya ishini olib borish tartibi, ovoz berish asoslari, nomzodlar boʻyicha soʻzga chiqish uchun, arizalar, savollar, takliflar, xabarlar, maʼlumotlar uchun 3 daqiqagacha vaqt beriladi.
Sessiyada hozir boʻlgan deputatlar koʻpchiligining roziligi bilan raislik qiluvchi sessiya kun tartibiga kiritilgan masalani muhokama qilishning umumiy vaqtini, savollar va javoblar uchun ajratiladigan vaqtni belgilab qoʻyishi, soʻzlash vaqtini uzaytirishi mumkin.
Sessiyalarda deputat ayni bir masala boʻyicha muzokaralarda koʻpi bilan ikki marta soʻzga chiqishi mumkin.
Muzokaralarni toʻxtatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan keyin maʼruzachi va qoʻshimcha maʼruzachi yakunlovchi soʻzni aytish huquqiga ega.
Agar soʻzga chiquvchi ajratilgan vaqtdan ortiq soʻzlasa yoki muhokama etilayotgan masala yuzasidan fikr bildirmayotgan boʻlsa, sessiyada raislik qiluvchi uni avval ogohlantirib, keyin soʻzdan mahrum qiladi.
Sessiya oʻtkazilayotgan vaqtda tartibsizliklar va turli noqonuniy chaqiriqlar yangraganda raislik qiluvchi sessiyani toʻxtatishi mumkin.
Mahalliy Kengash sessiyalarida tartibni taʼminlashda ichki ishlar yoki milliy gvardiya organlari yordamidan foydalanish mumkin.
IV bob. Sessiyada qarorlar qabul qilish va ularni eʼlon qilish tartibi
25-modda. Sessiyada qarorlar ochiq ovoz berish yoʻli bilan qabul qilinadi. Zarur hollarda mahalliy Kengash qaroriga asosan yashirin ovoz berish oʻtkazilishi mumkin.
Elektron ovoz berish tizimlari oʻrnatilgan zallarda ochiq yoki yashirin ovoz berish elektron ovoz berish tizimidan foydalangan holda oʻtkaziladi.
26-modda. Deputat oʻzining ovoz berish huquqini shaxsan amalga oshiradi.
Har bir deputat bir ovozga ega boʻladi va muhokama qilinayotgan masala yuzasidan “yoqlayman”, “qarshiman” yoki “betarafman” deb ovoz beradi.
Ovoz berish vaqtida hozir boʻlmagan deputat keyinchalik ovoz berishga haqli emas.
Ochiq ovoz berish ovozlar mutlaq koʻpchilikni tashkil etgan taqdirda ovozlarni sanamasdan, agar faqat deputatlardan hech biri boshqacha tartibni taklif etmasa yoki ovozlarni qayta sanab chiqishni talab qilmasa, oʻtkazilishi mumkin.
27-modda. Sessiyalarda yashirin ovoz berishni oʻtkazish va uning natijalarini hisoblash uchun deputatlar orasidan sanoq komissiyasi saylanadi.
Sanoq komissiyasi oʻz tarkibidan komissiya raisi va kotibini saylaydi. Sanoq komissiyasining qarorlari komissiya aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
28-modda. Sessiyada yashirin ovoz berishni byulletenlardan foydalangan holda oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, ovoz berish uchun zarur axborotga ega boʻlgan yashirin ovoz berish byulletenlari sanoq komissiyasi nazorati ostida tayyorlanadi.
Yashirin ovoz berish oʻtkaziladigan vaqti va joyi, uni oʻtkazish tartibi sanoq komissiyasi tomonidan belgilanadi.
29-modda. Yashirin ovoz berish byulletenlar yordamida oʻtkazilganida sanoq komissiyasi har bir deputatga bittadan byulleten beradi.
Byulletenni toʻldirish deputat tomonidan yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida byulletendagi oʻzi yoqlab ovoz berayotgan nomzod familiyasining qarshisida oʻng tomonda joylashgan boʻsh katakka “+” yoki “✓” yoxud “x” qoʻyish, qaror loyihasiga oid byulletenda esa, agar u tegishli qarorni yoqlab ovoz berayotgan boʻlsa, “qarshiman” degan soʻzni oʻchirish, taklif etilayotgan qarorga (qaror variantiga) qarshi ovoz berayotgan boʻlsa, “yoqlayman” degan soʻzni oʻchirish orqali amalga oshiriladi.
Belgilanmagan shakldagi byulletenlar, shuningdek deputatlarning xohish-irodasini aniqlashga imkon bermagan byulletenlar deputatlarning ovozlarini hisoblab chiqish vaqtida haqiqiy emas deb topiladi. Byulletenga kiritilgan qoʻshimchalar ovozlarni hisoblab chiqish vaqtida eʼtiborga olinmaydi.
30-modda. Agar sessiyada elektron ovoz berish tizimi yordamida yashirin ovoz berishni oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan boʻlsa, sanoq komissiyasi ovoz berish boshlanishidan oldin elektron tizimning sozligini tekshirishi hamda yashirin ovoz berish uchun deputatlar umumiy soni boʻyicha kartochkalarning toʻliq komplektini roʻyxatga olishi kerak.
31-modda. Ochiq yoki yashirin ovoz berish natijalari toʻgʻrisida sanoq komissiyasi bayonnoma tuzadi, u komissiyaning barcha aʼzolari tomonidan imzolanadi.
Sanoq komissiyasining maʼruzasiga asosan mahalliy Kengash yashirin ovoz berish natijalarini tasdiqlash toʻgʻrisida ochiq ovoz berish yoʻli bilan qaror qabul qiladi.
32-modda. Mahalliy Kengash qarorlari, bundan normativ-huquqiy tusga ega boʻlmagan hujjatlar mustasno, agar shu hujjatning oʻzida boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, Mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlarini ishlab chiqish, kelishish va roʻyxatdan oʻtkazishning yagona elektron tizimida roʻyxatdan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran kuchga kiradi.
Mahalliy Kengashning normativ-huquqiy tusdagi hujjatlari, agar hujjatlarning oʻzida kechroq muddat koʻrsatilmagan boʻlsa, rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Mahalliy Kengashning Mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlarini ishlab chiqish, kelishish va roʻyxatdan oʻtkazishning yagona elektron tizimida roʻyxatdan oʻtkazilmagan hujjatlari tegishli ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish uchun asos boʻlib xizmat qilishi mumkin emas va huquqiy oqibatlarga olib kelmaydi, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.
Mahalliy Kengash tomonidan oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan hujjatlar viloyat, tuman, shahar hududida joylashgan barcha davlat organlari, tashkilotlar, muassasalar, nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan ijro etilishi majburiydir.
Mahalliy Kengash qarorlari uning doimiy komissiyalariga, hokimlikning boʻlimlari, boshqarmalari va boshqa tarkibiy boʻlinmalariga, tegishli davlat organlariga, korxonalar, tashkilotlar, muassasalarga, nodavlat notijorat tashkilotlariga, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga, mansabdor shaxslarga va quyi turuvchi hokimliklarga tarqatiladi.
Sessiyada qabul qilingan qarorlar, qoida tariqasida, ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi, mahalliy Kengashning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi (yopiq qarorlar bundan mustasno).
V bob. Mahalliy Kengash raisini saylash va lavozimidan ozod qilish tartibi
33-modda. Mahalliy Kengashning birinchi sessiyasi mahalliy Kengash raisini saylashdan boshlanadi.
Mahalliy Kengash raisini saylash uchun deputatlar orasidan mahalliy Kengashga saylovda ishtirok etgan har bir siyosiy partiya deputatlaridan iborat siyosiy partiyalar vakillari guruhi tuziladi.
Siyosiy partiyalar vakillari guruhiga har bir partiyadan bir nafardan vakil kiritiladi.
Siyosiy partiyalar vakillari guruhining tarkibi toʻgʻrisidagi qaror deputatlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
34-modda. Siyosiy partiyalar vakillari guruhining majlisida mahalliy Kengashga saylovda eng koʻp deputatlik oʻrinlarini olgan siyosiy partiyaning vakili raislik qiladi.
Mahalliy Kengash raisligiga nomzodlar deputatlar orasidan siyosiy partiyalar vakillari guruhi tavsiyasi asosida shakllantiriladi.
35-modda. Mahalliy Kengash raisi lavozimiga nomzodga deputatlarning savollariga javob berish uchun 25 daqiqagacha vaqt ajratiladi. Nomzodni sessiyada muhokama qilish uchun 15 daqiqagacha vaqt ajratiladi.
36-modda. Ayni bir shaxs bir vaqtning oʻzida boshqa viloyat, tuman, shahar mahalliy Kengashining raisligiga saylanishi mumkin emas.
Mahalliy Kengash raisligiga nomzodlar, agar ular ovoz berish natijasida Kengash deputatlari umumiy sonining koʻpchilik ovozini olgan boʻlsa, saylangan hisoblanadi.
Mahalliy Kengash raisi saylanganligi toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi, uni mahalliy Kengash sessiyasida raislik qiluvchi imzolaydi.
37-modda. Agar ovoz berish vaqtida mahalliy Kengash raisligi uchun taqdim etilgan nomzodlar deputatlar umumiy sonining koʻpchilik ovozini ololmasa, siyosiy partiyalar vakillari guruhi bir oy ichida yana ikki marotaba deputatlar orasidan nomzod taqdim etish huquqiga ega.
38-modda. Mahalliy Kengash raisi ovoz berish orqali mahalliy Kengash deputatlari umumiy sonining uchdan ikki qismidan koʻprogʻining ovozi bilan qabul qilingan mahalliy Kengash qaroriga binoan muddatidan ilgari lavozimidan ozod qilinishi mumkin.
Mahalliy Kengash raisini muddatidan ilgari lavozimidan ozod qilish toʻgʻrisidagi masala mahalliy Kengash deputatlari umumiy sonining kamida uchdan bir qismidan iborat deputatlar guruhining taklifiga binoan mahalliy Kengash tomonidan koʻrib chiqiladi.
Mahalliy Kengash raisini muddatidan ilgari lavozimidan ozod qilish toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqilayotganda sessiyada mahalliy Kengashning doimiy komissiyalari raislaridan biri raislik qiladi.
Mahalliy Kengash raisini muddatidan ilgari lavozimidan ozod qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi, qaror mahalliy Kengash sessiyasida raislik qiluvchi tomonidan imzolanadi.
VI bob. Viloyat (Toshkent shahar) hokimini lavozimga tasdiqlash tartibi
39-modda. Viloyat (Toshkent shahar) hokimining nomzodi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan mahalliy Kengashdagi partiya guruhlarining har biri bilan maslahatlashuvlar oʻtkazilganidan soʻng xalq deputatlari viloyat (Toshkent shahar) Kengashiga tasdiqlash uchun taqdim etiladi.
40-modda. Viloyat (Toshkent shahar) hokimining nomzodini tasdiqlash toʻgʻrisidagi masalani xalq deputatlari viloyat (Toshkent shahar) Kengashi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taqdimnoma kiritilgan kundan eʼtiboran uch kun ichida koʻrib chiqadi.
41-modda. Viloyat (Toshkent shahar) hokimi lavozimiga nomzod xalq deputatlari viloyat (Toshkent shahar) Kengashida uning nomzodi koʻrib chiqilayotganda hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning istiqbolga moʻljallangan dasturini taqdim etadi.
Viloyat (Toshkent shahar) hokimi lavozimiga nomzodga deputatlarning savollariga javob berish uchun 30 daqiqagacha vaqt ajratiladi. Nomzodni sessiyada muhokama qilish uchun 20 daqiqagacha vaqt ajratiladi.
42-modda. Xalq deputatlari viloyat (Toshkent shahar) Kengashining viloyat (Toshkent shahar) hokimi nomzodini tasdiqlash yoki rad etish toʻgʻrisidagi qarori ochiq ovoz berish yoʻli bilan qabul qilinib, kechi bilan uch kun ichida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga yuboriladi.
43-modda. Xalq deputatlari viloyat (Toshkent shahar) Kengashi deputatlari umumiy sonining koʻpchilik ovozini olgan viloyat (Toshkent shahar) hokimining nomzodi tasdiqlangan hisoblanadi.
44-modda. Agar ovoz berish vaqtida viloyat (Toshkent shahar) hokimining nomzodlari deputatlar umumiy sonining koʻpchilik ovozini ololmasa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti mazkur lavozimga nomzodlarni partiya guruhlari bilan qoʻshimcha maslahatlashuvlar oʻtkazganidan soʻng bir oy ichida yana ikki marta taqdim etish huquqiga ega.
45-modda. Xalq deputatlari viloyat (Toshkent shahar) Kengashi taqdim etilgan viloyat (Toshkent shahar) hokimining nomzodlarini uch marta rad etgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti viloyat (Toshkent shahar) hokimi vazifasini bajaruvchini tayinlash, xalq deputatlari viloyat (Toshkent shahar) Kengashini tarqatib yuborish huquqiga ega. Bunda xalq deputatlari viloyat (Toshkent shahar) Kengashiga saylov tarqatib yuborish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch oy ichida oʻtkaziladi.
VII bob. Tuman (shahar) hokimini — mahalliy Kengash rahbarini tasdiqlash tartibi
46-modda. Tuman (shahar) hokimi — mahalliy Kengash rahbarining nomzodi viloyat (Toshkent shahar) hokimi tomonidan xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashiga tasdiqlash uchun taqdim etiladi.
47-modda. Tuman (shahar) hokimi — mahalliy Kengash rahbarining nomzodlarini tasdiqlash toʻgʻrisidagi masala viloyat (Toshkent shahar) hokimi tomonidan taqdimnoma kiritilgan kundan eʼtiboran, qoida tariqasida, uch kun ichida koʻrib chiqiladi.
48-modda. Tuman (shahar) hokimi — mahalliy Kengash rahbari lavozimiga nomzod xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashida uning nomzodi koʻrib chiqilayotganda hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning istiqbolga moʻljallangan dasturini taqdim etadi.
Tuman (shahar) hokimi — mahalliy Kengash rahbari lavozimiga nomzodga deputatlarning savollariga javob berish uchun 20 daqiqagacha vaqt ajratiladi. Nomzodni sessiyada muhokama qilish uchun 10 daqiqagacha vaqt ajratiladi.
49-modda. Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashining tuman (shahar) hokimi — mahalliy Kengashi rahbarining nomzodini tasdiqlash toʻgʻrisidagi qarori ochiq ovoz berish yoʻli bilan qabul qilinib, kechi bilan uch kun ichida viloyat (Toshkent shahar) hokimiga yuboriladi.
50-modda. Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashi deputatlari umumiy sonining koʻpchilik ovozini olgan tuman (shahar) hokimi — mahalliy Kengash rahbarining nomzodi tasdiqlangan hisoblanadi.
VIII bob. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining aʼzolarini saylash tartibi
51-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining aʼzolari (bundan buyon matnda Senat aʼzolari deb yuritiladi) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlari deputatlarining qoʻshma majlislarida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda — toʻrt kishidan mazkur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yoʻli bilan saylanadi.
52-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi (bundan buyon matnda Markaziy saylov komissiyasi deb yuritiladi) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlariga saylov yakunlari eʼlon qilinganidan keyin uch kunlik muddatda Senat aʼzolarini saylash uchun deputatlarning qoʻshma majlislari (bundan buyon matnda qoʻshma majlis deb yuritiladi) oʻtkazilishini eʼlon qiladi.
Markaziy saylov komissiyasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida qoʻshma majlislarni oʻtkazish vaqti, sanasi va joyi koʻrsatilgan qarori ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
53-modda. Qoʻshma majlis ochilishi oldidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va mahalliy Kengashlar deputatlari roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Agar qoʻshma majlisda, deputatlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi hozir boʻlsa, u vakolatli hisoblanadi.
54-modda. Qoʻshma majlisni Markaziy saylov komissiyasining vakili ochadi. U majlisda raislik qiluvchining nomzodi boʻyicha taklif kiritadi, bu nomzod eng obroʻli, katta tajribaga ega, yoshi ulugʻ deputatlar orasidan tanlab olinadi.
Qoʻshma majlis ishtirokchilari majlisning kun tartibini va reglamentini tasdiqlaydilar.
Qoʻshma majlis kun tartibiga Senat aʼzolarini saylash toʻgʻrisidagi masala kiritiladi.
55-modda. Qoʻshma majlis ishini olib borish uchun ochiq ovoz berish orqali oddiy koʻpchilik ovoz bilan uch kishidan besh kishigacha boʻlgan ishchi hayʼat tuziladi. Turli mahalliy Kengashlar deputatlari orasidan hayʼat aʼzoligiga nomzodlar raislik qiluvchi tomonidan taklif etiladi.
56-modda. Kelib tushgan takliflarni hisobga olish va qoʻshma majlis tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni rasmiylashtirish uchun uch kishidan iborat kotibiyat tuziladi.
57-modda. Qoʻshma majlisda raislik qiluvchi taqdimiga muvofiq ochiq ovoz berish orqali oddiy koʻpchilik ovoz bilan Senat aʼzoligiga nomzodlar koʻrsatish boʻyicha Maslahat kengashi (bundan buyon matnda Maslahat kengashi deb yuritiladi) saylanadi.
Maslahat kengashi deputatlik faoliyatida katta tajribaga ega boʻlgan eng obroʻli, yoshi ulugʻ deputatlardan, qoida tariqasida, har bir mahalliy Kengashdan bir nafar vakildan saylanadi.
58-modda. Maslahat kengashi eng obroʻli, oʻz saylovchilari tomonidan keng qoʻllab-quvvatlanayotgan, davlat va jamiyat faoliyatining turli sohalarida katta amaliy tajribaga ega boʻlgan hamda alohida xizmat koʻrsatgan deputatlar orasidan Senat aʼzoligiga nomzodlarni koʻrib chiqadi.
Yashirin ovoz berish byulleteniga kiritish uchun Senat aʼzoligiga toʻrt nafar nomzod boʻyicha Maslahat kengashining taklifi Maslahat kengashi raisi tomonidan oʻqib eshittiriladi. Yashirin ovoz berish byulleteniga toʻrt nafar Senat aʼzoligiga nomzod kiritiladi.
59-modda. Saylov kuniga qadar yigirma besh yoshga toʻlgan va kamida besh yil Oʻzbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining deputati Senat aʼzoligiga nomzod boʻlishi mumkin.
60-modda. Qoʻshma majlisda Senat aʼzoligiga har bir nomzod boʻyicha alohida muhokama oʻtkaziladi.
Qoʻshma majlisda ishtirok etayotgan har bir deputat Senat aʼzoligiga nomzodga savollar berish, nomzod xususida oʻz fikrini bildirish huquqiga ega.
Senat aʼzoligiga har bir nomzod boʻyicha alohida muhokamadan keyin uni yashirin ovoz berish byulleteniga kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
Taklif etilgan u yoki bu nomzodlar rad etilgan taqdirda, muhokama etish va yashirin ovoz berish byulleteniga kiritish uchun boshqa nomzodni faqat Maslahat kengashi koʻrsatishi mumkin.
Senat aʼzoligiga nomzodlarni muhokama qilish qoʻshma majlis qaroriga binoan tugallanadi.
Qoʻshma majlisda ishtirok etayotgan deputatlarning koʻpchilik ovozini olgan Senat aʼzoligiga nomzod yashirin ovoz berish byulleteniga kiritilgan hisoblanadi.
61-modda. Yashirin ovoz berish uchun byulletenning namunasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
Yashirin ovoz berish byulletenida uni toʻldirish tartibi haqida tushuntirish berilgan boʻlishi lozim. Byulletenning old tomonida oʻng yuqori burchakda muhr va kamida ikki nafar sanoq komissiyasi aʼzosining imzosi boʻlishi kerak.
62-modda. Yashirin ovoz berishni oʻtkazish va uning natijalarini aniqlash uchun qoʻshma majlisda ishtirok etayotgan deputatlar orasidan toʻqqiz nafargacha aʼzodan, shu jumladan, komissiya raisi va kotibidan iborat tarkibda sanoq komissiyasi saylanadi.
Sanoq komissiyasining tarkibiga Senat aʼzoligiga nomzod saylanishi mumkin emas.
Sanoq komissiyasi:
Senat aʼzoligiga saylov boʻyicha ovoz berishni tashkil etadi va oʻtkazadi;
qoʻshma majlis ishtirokchilariga yashirin ovoz berishni oʻtkazish vaqti, joyi va tartibini eʼlon qiladi;
saylov byulletenlarini ularga Senat aʼzoligiga har bir nomzodning tugʻilgan yilini koʻrsatgan holda, familiyasi, ismi va otasining ismini alifbo tartibida kiritish orqali tayyorlaydi;
ovoz beruvchilarning roʻyxatini aniqlashtiradi, ularga saylov byulletenlarini topshiradi;
saylov byulletenining yuz tomoniga muhr qoʻyadi va unda Sanoq komissiyasining kamida ikki nafar aʼzosining imzosi qoʻyilgan boʻlishini taʼminlaydi;
ovozlarni sanab chiqadi va yashirin ovoz berish natijalari toʻgʻrisida bayonnoma tuzadi;
yashirin ovoz berish natijalarini qoʻshma majlisga tasdiqlash uchun kiritadi.
63-modda. Yashirin ovoz berish boshlanishidan oldin sanoq komissiyasi raisi yashirin ovoz berishni oʻtkazish tartibini eʼlon qiladi, sanoq komissiyasi aʼzolari hozirligida saylov qutisini tekshiradi va muhrlaydi.
Saylov qutisi uning yoniga ovoz beruvchilar albatta yashirin ovoz berish kabinasi yoki xonasidan oʻtib boradigan qilib joylashtiriladi.
Qoʻshma majlisda ishtirok etayotgan deputat sanoq komissiyasi aʼzosiga oʻz shaxsini tasdiqlovchi hujjatni koʻrsatadi hamda ovoz beruvchilar roʻyxatiga imzo chekadi, shundan keyin unga yashirin ovoz berish byulleteni beriladi.
Yashirin ovoz berish byulleteni ovoz beruvchi tomonidan yashirin ovoz berish kabinasi yoki xonasida oʻzi yoqlab ovoz berayotgan Senat aʼzoligiga nomzodlarning familiyalari qarshisida oʻng tomonda joylashgan boʻsh katakka “+” yoki “✓” yoxud “x” qoʻyish yoʻli bilan toʻldiriladi.
Ovoz beruvchi toʻldirilgan yashirin ovoz berish byulletenini koʻrinarli joyda turishi lozim boʻlgan saylov qutisiga tashlaydi.
Buzib qoʻyilgan yashirin ovoz berish byulleteni ovoz beruvchining iltimosiga koʻra yangisiga almashtirilishi mumkin.
Yashirin ovoz berish jarayoni tugallangandan keyin foydalanilmagan, shuningdek buzib qoʻyilgan yashirin ovoz berish byulletenlari ularga maxsus shtamp qoʻyish yoʻli bilan bekor qilinadi, shundan soʻng ular muhrlanadi va alohida saqlanadi.
64-modda. Ovozlarni sanab chiqish sanoq komissiyasi aʼzolari tomonidan yashirin ovoz berish natijalari aniqlangunga qadar tanaffussiz amalga oshiriladi.
Saylov qutisidagi yashirin ovoz berish byulletenlariga asosan sanoq komissiyasi ovoz berishda ishtirok etgan deputatlarning umumiy sonini, Senat aʼzoligiga har bir nomzodni yoqlab berilgan ovozlar sonini, haqiqiy emas deb topilgan byulletenlar sonini aniqlaydi.
Ovoz beruvchilar tomonidan saylov byulleteniga qoʻshimcha yozib qoʻyilgan fuqarolarning familiyalari boʻyicha berilgan ovozlar hisobga olinmaydi.
Belgilanmagan namunadagi yashirin ovoz berish byulletenlari, ovoz berish vaqtida bitta ham katakka “+” yoki “✓” yoxud “x” qoʻyilmagan byulletenlar, shuningdek old tomonida muhr va sanoq komissiyasi aʼzolarining imzolari boʻlmagan byulletenlar haqiqiy emas, deb topiladi.
Ovoz berish natijalariga koʻra ovoz berishda qatnashgan deputatlar ovozining ellik foizidan ortigʻini olgan Senat aʼzoligiga nomzodlar saylangan, deb hisoblanadi.
Yashirin ovoz berish natijalari boʻyicha bayonnoma tuzilib, u sanoq komissiyasining barcha aʼzolari tomonidan imzolanadi. Bayonnomaning qalamda toʻldirilishiga va unga hech qanday tuzatishlar kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Sanoq komissiyasi raisining maʼruzasi boʻyicha qoʻshma majlisda yashirin ovoz berish natijalarini tasdiqlash toʻgʻrisida qaror qabul qilinib, u qoʻshma majlisning Senat aʼzolari saylovining yakunlari toʻgʻrisidagi bayonnomasida aks ettiriladi.
Qoʻshma majlisning Senat aʼzolari saylovining yakunlari toʻgʻrisidagi bayonnomasi ikki nusxada tuzilib, raislik qiluvchi tomonidan imzolanadi.
Bayonnomaning qalamda toʻldirilishiga va unga birorta tuzatish kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Agar ovoz berishda yashirin ovoz berish byulleteniga kiritilgan nomzodlardan kimdir saylanmagan boʻlsa, boʻsh qolgan oʻrinlarga Senat aʼzolarini qoʻshimcha saylash uchun yangi saylov tayinlanadi.
Senat aʼzolarini qoʻshimcha saylash boʻyicha qoʻshma majlis asosiy saylov oʻtkazilganidan soʻng ikki kun ichida oʻtkaziladi. Qoʻshma majlisning oʻtkazilish vaqti, sanasi va joyi qoʻshma majlis qarori bilan belgilanadi.
65-modda. Saylangan Senat aʼzolarini roʻyxatdan oʻtkazish uchun qoʻshma majlisning Senat aʼzolari saylovining yakunlari toʻgʻrisidagi bayonnomasi ikki kunlik muddatdan kechiktirmay Markaziy saylov komissiyasiga topshiriladi.
Qoʻshma majlisning Senat aʼzolari saylovining yakunlari toʻgʻrisidagi bayonnomasining ikkinchi nusxasi va Senat aʼzolari saylovini oʻtkazish bilan bogʻliq boshqa hujjatlar tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar Kengashlari arxivlarida saqlanadi.
IX bob. Hokimning hudud ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan hisobotini mahalliy Kengash tomonidan eshitish tartibi
66-modda. Hokim har yili mahalliy Kengashga hudud ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan hisobot taqdim etadi.
Hokimning hisoboti mahalliy Kengashning viloyat, tuman, shaharning oʻtgan yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi yakunlari hamda joriy yilga moʻljallangan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining eng muhim ustuvor yoʻnalishlariga bagʻishlangan sessiyasida eshitiladi.
Mazkur sessiya viloyatlarda va Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli majlisi oʻtkazilganidan keyin oʻn kundan kechiktirmay, tumanlar va shaharlarda esa viloyatlarda va Toshkent shahrida tegishli majlislar oʻtkazilganidan keyin oʻn kundan kechiktirmay oʻtkaziladi.
67-modda. Hokimlik apparatining tegishli tarkibiy boʻlinmasi hokimning hisobotiga doir materiallarni hokim hisobotini eshitishga oʻn kun qolgunga qadar mahalliy Kengash kotibiyatiga taqdim etadi.
68-modda. Hisobotda hokim va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan:
hudud iqtisodiyotining barqaror oʻsishini, uning tarmoqlari rivojlanishini taʼminlash, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilash, chet el investitsiyalarini jalb qilish, eksport hajmini oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish;
qonun hujjatlarini, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim davlat dasturlari va hududiy dasturlarni bajarish;
ijtimoiy sohani rivojlantirish, yangi ish oʻrinlarini yaratish va aholi bandligini taʼminlash, uy-joylar qurish va aholi punktlarini obodonlashtirish, taʼlim hamda sogʻliqni saqlash sifatini yaxshilash, hududning ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy rivojlanishiga oid boshqa masalalarni hal qilish yuzasidan koʻrilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar aks ettiriladi.
69-modda. Hokim hisoboti boʻyicha mahalliy Kengash qarori loyihasi yuzasidan nuqtai nazarni shakllantirish va takliflar olish maqsadida hokimning hisobotiga doir materiallar olingan kuni mahalliy Kengash kotibiyati tomonidan tegishli doimiy komissiyalarga, mahalliy Kengashdagi partiya guruhlarining vakillariga va deputatlarga yuboriladi.
70-modda. Hokim hisobotini eshitish toʻgʻrisidagi masalani tayyorlash va sessiya muhokamasiga kiritish tegishli doimiy komissiya tomonidan amalga oshiriladi. Zarurat boʻlganda ushbu doimiy komissiya hokim hisobotini eshitish toʻgʻrisidagi masalani atroflicha tayyorlash uchun boshqa doimiy komissiyalarni ham jalb etishi mumkin.
71-modda. Hokim hisoboti boʻyicha materiallarni umumlashtirish uchun tegishli doimiy komissiya tomonidan soha mutaxassislarini jalb etgan holda ishchi guruh tashkil etilishi mumkin.
Hokim hisobotiga doir materiallarni umumlashtirish natijalari boʻyicha tegishli doimiy komissiya tomonidan mahalliy Kengashdagi partiya guruhlarining fikr-mulohazalarini hisobga olgan holda doimiy komissiya xulosasi va mahalliy Kengash qarori loyihasi tayyorlanadi.
72-modda. Hokimning hisobotini eshitishda mahalliy Kengash raisi yoki deputatlardan biri sessiyaga raislik qiladi.
73-modda. Hokimning hisobotini eshitish uchun kamida 30 daqiqa vaqt beriladi.
Hokimning hisoboti boʻyicha masʼul doimiy komissiya xulosasining mazmunini va mahalliy Kengash qarori loyihasining asosiy qoidalarini bayon etish maqsadida doimiy komissiya raisiga 15 daqiqagacha vaqt beriladi.
Partiya guruhlari vakillariga va deputatlarga maʼruzachiga savol berishi uchun 3 daqiqagacha, hisobot boʻyicha muzokaralar uchun 10 daqiqagacha vaqt beriladi.
74-modda. Viloyat (Toshkent shahar) hokimining hisobotini eshitishga ushbu viloyat (Toshkent shahri)dan saylangan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi aʼzolari, davlat boshqaruvi organlari rahbarlari, tumanlar va shaharlar hokimlari, viloyat (Toshkent shahar) ijro hokimiyati organlari tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari taklif etiladi.
Tuman (shahar) hokimining hisobotini eshitishga tegishli saylov okruglaridan saylangan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari, Qonunchilik palatasi deputatlari va xalq deputatlari viloyat (Toshkent shahar) Kengashi deputatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, davlat boshqaruvi organlarining vakillari, viloyat (Toshkent shahar) hokimi yoki uning oʻrinbosarlari, tuman (shahar) ijro hokimiyati organlari tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari taklif etiladi.
Hokimning hisobotini eshitishga hududda joylashgan boshqa davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, korxona, tashkilot va muassasalar, shu jumladan nodavlat notijorat tashkilotlari, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari vakillari va boshqa shaxslar taklif etilishi mumkin.
75-modda. Viloyat (Toshkent shahar) hokimining hisobotini muhokama qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlisida berilgan baholar va belgilangan vazifalar hisobga olingan holda amalga oshiriladi.
Tuman (shahar) hokimining hisobotini muhokama qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, shuningdek xalq deputatlari viloyat (Toshkent shahar) Kengashining majlislarida berilgan baholar va belgilangan vazifalar hisobga olingan holda amalga oshiriladi.
76-modda. Hokimning hisobotini muhokama qilish yakunlari boʻyicha, shuningdek doimiy komissiya xulosasi va partiya guruhlari fikr-mulohazalarini inobatga olgan holda mahalliy Kengashning qarori qabul qilinadi. Qarorda hokim va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari ishining samaradorligiga kompleks baho beriladi, ularning ishini takomillashtirishga doir tavsiyalar va takliflar, shuningdek qaror amalga oshirilishining borishi ustidan nazoratni taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar nazarda tutiladi.
77-modda. Hokimning hisoboti boʻyicha qarorning ijro etilishini nazorat qilish masʼul doimiy komissiya zimmasiga yuklatiladi.
78-modda. Hokimning hisoboti boʻyicha mahalliy Kengash qarori va hokimning hisoboti mahalliy davlat hokimiyati organining rasmiy nashrlarida hamda veb-saytlarida eʼlon qilinishi shart.
79-modda. Masʼul doimiy komissiya hokimning hisoboti boʻyicha mahalliy Kengash qarori ijro etilishini monitoring qiladi va qarorda belgilangan muddatlarda mahalliy Kengashni xabardor qiladi.
X bob. Mahalliy davlat boshqaruvi organlari rahbarlarining hisobot va axborotlarini mahalliy Kengash tomonidan eshitish tartibi
80-modda. Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonuniga va boshqa qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlariga koʻra mahalliy Kengash mahalliy davlat boshqaruvi organlari rahbarlarining hisobot va axborotlarini eshitib boradi.
81-modda. Mahalliy davlat boshqaruvi organi tomonidan hisobot (axborot)ga doir materiallar mahalliy Kengashning tegishli doimiy komissiyasiga imzolangan hamda elektron shaklda taqdim etiladi.
82-modda. Tegishli doimiy komissiya hisobot (axborot)ni oʻz majlisida mahalliy davlat boshqaruvi organi rahbari ishtirokida muhokama qiladi hamda doimiy komissiyaning xulosasi va mahalliy Kengash qarori loyihasini tayyorlaydi.
83-modda. Hisobot (axborot)ni eshitish toʻgʻrisidagi masalani tayyorlash va sessiya muhokamasiga kiritish tegishli doimiy komissiya tomonidan amalga oshiriladi.
84-modda. Hisobot (axborot) boʻyicha materiallarni puxta tayyorlash maqsadida tegishli doimiy komissiya tomonidan soha mutaxassislarini jalb etgan holda ishchi guruh tashkil etilishi mumkin.
85-modda. Sessiyada mahalliy davlat boshqaruvi organi rahbarining hisoboti (axboroti)ni eshitish uchun maʼruzachi bilan kelishilgan holda 20 daqiqagacha vaqt beriladi.
Hisobot (axborot) boʻyicha masʼul doimiy komissiya xulosasining mazmunini va mahalliy Kengash qarori loyihasining asosiy qoidalarini bayon etish maqsadida doimiy komissiya raisiga 10 daqiqagacha vaqt beriladi.
Deputatlarga maʼruzachiga savol berishi uchun 3 daqiqagacha, hisobot boʻyicha muzokaralar uchun 5 daqiqagacha vaqt beriladi.
86-modda. Hisobot (axborot) boʻyicha mahalliy Kengash qarori va hisobot (axborot) mahalliy davlat hokimiyati organining rasmiy nashrlarida hamda veb-saytlarida eʼlon qilinishi mumkin.
87-modda. Mahalliy davlat boshqaruvi organlari rahbarlarining hisobot va axborotlarini eshitishning namunaviy tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi qarori bilan tasdiqlanadi.
XI bob. Saylov komissiyalarining aʼzoligiga nomzodlarni tanlab olish va taqdim etish
88-modda. Yigirma besh yoshga toʻlgan, qoida tariqasida, oliy maʼlumotga, saylovlarni tashkil etish va oʻtkazish borasida ish tajribasiga ega boʻlgan, jamoatchilik oʻrtasida obroʻ-eʼtibor qozongan hamda kamida oxirgi besh yil Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashab turgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Markaziy saylov komissiyasining aʼzosi boʻlishi mumkin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining tegishli qoʻmitasi, xalq deputatlari viloyat (Toshkent shahar) Kengashining tegishli doimiy komissiyasi oʻzining majlisida Markaziy saylov komissiyasi aʼzoligiga nomzodlarni dastlabki tarzda tanlab oladi va taqdim etadi, materiallarni koʻrib chiqadi va ular boʻyicha xulosalar tayyorlaydi, maʼqullash va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyat (Toshkent shahar) Kengashining navbatdagi sessiyasi kun tartibiga kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyat (Toshkent shahar) Kengashining Markaziy saylov komissiyasi aʼzoligiga nomzodlarni taqdim etish toʻgʻrisidagi qarori loyihasini ishlab chiqadi.
Markaziy saylov komissiyasi tarkibiga kirish huquqiga ega ekanligi haqida qaror qabul qilingan nomzodlar alifbo tartibida ovoz berish uchun roʻyxatga kiritiladi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, xalq deputatlari viloyat (Toshkent shahar) Kengashiga koʻrib chiqish uchun kiritiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyat (Toshkent shahar) Kengashining sessiyasida muhokama oʻtkaziladi va muhokamada deputatlar Markaziy saylov komissiyasi aʼzoligiga koʻrsatilgan nomzodga savollar berishga haqli.
Muhokama natijalari boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyat (Toshkent shahar) Kengashining nomzodni Markaziy saylov komissiyasi aʼzoligiga tavsiya etish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilinadi hamda koʻrib chiqish uchun Oliy Majlis palatalariga yuboriladi.
Qaror Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat (Toshkent shahar) Kengashi deputatlari umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
89-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi boʻyicha, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov boʻyicha okrug saylov komissiyalariga nomzodlar yigirma bir yoshga toʻlgan, qoida tariqasida, oliy maʼlumotga, saylovni tashkil etish va oʻtkazish borasida ish tajribasiga ega boʻlgan, jamoatchilik oʻrtasida obroʻ-eʼtibor qozongan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari orasidan tanlab olinadi va taqdim etiladi.
Okrug saylov komissiyalari aʼzoligiga nomzodlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining tegishli qoʻmitasining, xalq deputatlari viloyat (Toshkent shahar) Kengashining tegishli doimiy komissiyasining majlisida dastlabki tarzda muhokama etiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi tegishli qoʻmitasining, xalq deputatlari viloyat (Toshkent shahar) Kengashi tegishli doimiy komissiyasining majlisida qoʻmita (komissiya) raisining tashabbusi bilan okrug saylov komissiyalari aʼzoligiga nomzodlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar ishtirok etishlari mumkin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining tegishli qoʻmitasi, xalq deputatlari viloyat (Toshkent shahar) Kengashi tegishli doimiy komissiyasi materiallarni koʻrib chiqadi, nomzodlar boʻyicha xulosalarni hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyat (Toshkent shahar) Kengashining okrug saylov komissiyasi aʼzoligiga nomzodlarni tavsiya etish toʻgʻrisidagi qarori loyihasini tayyorlaydi. Dastlabki tarzdagi muhokama natijalariga koʻra, ushbu masalani maʼqullash hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyat (Toshkent shahar) Kengashining navbatdagi sessiyasi kun tartibiga kiritish toʻgʻrisidagi tegishli qoʻmita (doimiy komissiya)ning qarori qabul qilinadi.
Okrug saylov komissiyasi tarkibiga kirish huquqiga ega ekanligi haqida qaror qabul qilingan nomzodlar alifbo tartibida ovoz berish uchun roʻyxatga kiritiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyat (Toshkent shahar) Kengashining sessiyasida muhokama oʻtkaziladi va muhokamada deputatlar okrug saylov komissiyasi aʼzoligiga koʻrsatilgan nomzodlarga savol berishga haqli.
Muhokama natijalari boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyat (Toshkent shahar) Kengashining nomzodni okrug saylov komissiyasi aʼzoligiga tavsiya etish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilinadi hamda tasdiqlash uchun Markaziy saylov komissiyasiga yuboriladi.
Qaror Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat (Toshkent shahar) Kengashi deputatlari umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
90-modda. Xalq deputatlari viloyat (Toshkent shahar) Kengashlariga saylovlar boʻyicha viloyat (Toshkent shahar) va okrug saylov komissiyalari aʼzoligiga nomzodlar yigirma bir yoshga toʻlgan, oʻrta yoki oliy maʼlumotga, qoida tariqasida saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish borasida ish tajribasiga ega boʻlgan, aholi oʻrtasida obroʻ-eʼtibor qozongan fuqarolari orasidan tanlab olinadi hamda taqdim etiladi.
Viloyat (Toshkent shahar) va okrug saylov komissiyalari aʼzoligiga nomzodlar xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarining tegishli doimiy komissiyaning majlisida dastlabki tarzda muhokama etiladi.
Doimiy komissiya majlisida komissiya raisining tashabbusiga koʻra viloyat (Toshkent shahar) va okrug saylov komissiyalari aʼzoligiga nomzodlar, mansabdor shaxslar hamda fuqarolar ishtirok etishlari mumkin.
Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashining tegishli doimiy komissiyasi materiallarni koʻrib chiqadi, nomzodlar boʻyicha xulosalar hamda xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashining nomzodlarni viloyat (Toshkent shahar) va okrug saylov komissiyalari aʼzoligiga tavsiya etish toʻgʻrisidagi qarori loyihasini tayyorlaydi. Dastlabki tarzdagi muhokama natijalari boʻyicha ushbu masalani maʼqullash va xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashi navbatdagi sessiyasining kun tartibiga kiritish toʻgʻrisidagi doimiy komissiyaning qarori qabul qilinadi.
Viloyat (Toshkent shahar) va okrug saylov komissiyalari tarkibiga kirish huquqiga ega ekanligi haqida qaror qabul qilingan nomzodlar alifbo tartibida ovoz berish uchun roʻyxatga kiritiladi.
Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashining sessiyasida muhokama oʻtkaziladi va muhokamada deputatlar viloyat (Toshkent shahar) va okrug saylov komissiyalari aʼzoligiga koʻrsatilgan nomzodlarga savollar berishga haqli.
Muhokama natijalari boʻyicha xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashining nomzodni viloyat (Toshkent shahar) saylov komissiyasi aʼzoligiga tavsiya etish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilinadi hamda tasdiqlash uchun xalq deputatlari viloyat (Toshkent shahar) Kengashiga yuboriladi.
Muhokama natijalari boʻyicha qabul qilingan xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashining nomzodni okrug saylov komissiyalari aʼzoligiga tavsiya etish toʻgʻrisidagi qarori esa, tasdiqlash uchun xalq deputatlari viloyat (Toshkent shahar) Kengashiga oʻtkaziladigan saylovlar boʻyicha viloyat (Toshkent shahar) komissiyasiga yuboriladi.
Qarorlar xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashi deputatlari umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
91-modda. Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashiga saylovlar boʻyicha tuman (shahar) saylov komissiyasi aʼzoligiga nomzodlar yigirma bir yoshga toʻlgan, oʻrta yoki oliy maʼlumotga, qoida tariqasida, saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish borasida ish tajribasiga ega boʻlgan, aholi oʻrtasida obroʻ-eʼtibor qozongan fuqarolari orasidan tanlab olinadi hamda taqdim etiladi.
Tuman (shahar) saylov komissiyasi aʼzoligiga nomzodlar fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan tanlanadi. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari koʻrib chiqish natijalari boʻyicha xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashiga taqdim etish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi.
Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashining tegishli doimiy komissiyasi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining tuman (shahar) saylov komissiyasi aʼzoligiga nomzodlar toʻgʻrisidagi qarorini dastlabki tarzda koʻrib chiqib, uni xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashining navbatdagi sessiyasi kun tartibiga kiritishni tavsiya etadi.
Tegishli doimiy komissiya raisining axboroti boʻyicha xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashi xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashiga saylovlar boʻyicha saylov komissiyasi aʼzolarini tasdiqlash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
XII bob. Doimiy va muvaqqat komissiyalar
92-modda. Mahalliy Kengash sessiyasi muhokamasiga kiritiladigan masalalarni dastlabki tarzda koʻrib chiqish va tayyorlash, mahalliy Kengash qarorlarini va Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarini roʻyobga chiqarish uchun koʻmaklashish, vakolatlari doirasida nazorat oʻrnatish maqsadida mahalliy Kengash oʻz vakolati muddatiga doimiy komissiyalar tuzadi.
Mahalliy Kengashda muvaqqat komissiyalar ham tuzilishi mumkin.
Doimiy komissiyalar toʻgʻrisidagi nizom mahalliy Kengash tomonidan tasdiqlanadi.
Doimiy va muvaqqat komissiyalar raisligiga hamda aʼzoligiga nomzodlar sessiyaga mahalliy Kengash raisi tomonidan taqdim etiladi.
Doimiy komissiya raisligiga nomzod boʻyicha ovoz berish alohida oʻtkaziladi.
Doimiy va muvaqqat komissiyalar aʼzolari deputatlar orasidan saylanadi.
Doimiy va muvaqqat komissiyalar aʼzoligiga nomzodlarni saylash nomzodlarning har birini alohida yoki komissiyaning butun tarkibni yalpi muhokama qilish yoʻli bilan amalga oshiriladi, ovoz berishda qaror har bir nomzod boʻyicha alohida yoki komissiya butun tarkibi boʻyicha deputatlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
93-modda. Doimiy komissiyalar soni va tarkibi sessiyada belgilanadi.
Mahalliy Kengashning doimiy va muvaqqat komissiyalari:
oʻz tashabbusi bilan, mahalliy Kengash yoki mahalliy Kengash raisi topshirigʻiga binoan Kengash qarorlarining loyihalarini ishlab chiqadi;
faoliyat yoʻnalishi doirasida hududiy dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
mahalliy Kengash qarorlari loyihalarini dastlabki tarzda koʻrib chiqadi va ularni mahalliy Kengash sessiyasida koʻrib chiqish uchun tayyorlaydi;
mahalliy Kengash qarorlarining loyihalari yuzasidan xulosalar beradi;
viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy budjetlarini, shuningdek tumanlar va shaharlar budjetlari loyihasi yuzasidan xulosalar va takliflar beradi;
oʻz yoʻnalishidan kelib chiqib, budjet mablagʻlarining maqsadli sarflanishi va ulardan samarali foydalanilishi holatini oʻrganadi;
ishchi guruhlar tuzadi, ularning tarkibiga davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining, ilmiy muassasalarning vakillarini, mutaxassislar va olimlarni jalb etadi;
tegishli hududdagi davlat organlari va tashkilotlaridan, mansabdor shaxslardan maʼlumotlar va ekspert xulosalari hamda boshqa maʼlumotlarni talab qilib oladi;
tegishli hududdagi davlat organlari tomonidan qonun hujjatlari va mahalliy Kengash qarorlarining ijrosi holatini, huquqni qoʻllash amaliyotini joylarga chiqqan holda oʻrganadi;
normativ-huquqiy hujjatlarning, xalq deputatlari Kengashi qarorlarining mohiyati va ahamiyatini tushuntirish boʻyicha targʻibot tadbirlarini amalga oshiradi.
Doimiy va muvaqqat komissiyalar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Zarur hollarda mahalliy Kengash tomonidan yangi doimiy komissiyalar tuzilishi va ilgari tashkil qilingan doimiy komissiyalar tugatilishi, doimiy komissiyalar tarkibiga oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
Doimiy komissiyalar faoliyati mahalliy Kengash qarori bilan tasdiqlanadigan nizom bilan tartibga solinadi.
94-modda. Doimiy komissiyalar oʻz majlislarida rais oʻrinbosarlari va kotiblarini saylaydi.
Deputat bitta doimiy komissiya aʼzosi etib saylanadi. Faqat Reglament va deputatlik odob-axloqi masalalari boʻyicha doimiy komissiya aʼzolari boshqa doimiy komissiya aʼzolari boʻlishi mumkin.
Doimiy komissiya tarkibiga kirmagan deputat uning ishida maslahat ovozi huquqi bilan ishtirok etishi mumkin.
Mahalliy Kengash raisi hamda mahalliy Kengash kotibiyati mudiri doimiy komissiyalar tarkibiga saylanishi mumkin emas.
Doimiy komissiyalar mahalliy Kengash oldida masʼul va unga hisobdordir.
95-modda. Doimiy komissiyalar oʻz faoliyatini mahalliy Kengash qarori bilan tasdiqlanadigan ish rejalari asosida amalga oshiradi.
Doimiy komissiyaning tashabbusi bilan doimiy komissiyaning ish rejasiga tegishli oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Doimiy komissiyaning ish rejasidagi oʻzgartirishlar navbatdagi sessiyada tasdiqlanadi.
96-modda. Doimiy komissiyalar oʻz faoliyatini majlis shaklida amalga oshiradi.
Doimiy komissiyalarning majlislari, qoida tariqasida, har oyda kamida bir marta oʻtkaziladi.
Doimiy komissiyalarning qoʻshma majlislari ular oʻrtasidagi kelishuvga muvofiq oʻtkaziladi.
97-modda. Mahalliy Kengash aniq vazifalarni bajarish uchun deputatlar orasidan muvaqqat komissiya tuzishi mumkin.
Muvaqqat komissiya tuzish toʻgʻrisidagi qaror sessiyada qabul qilinadi.
Muvaqqat komissiya zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarganidan soʻng oʻz faoliyatini tugatadi.
Muvaqqat komissiyaning vazifalari mahalliy Kengash qarori bilan belgilanadi.
98-modda. Doimiy va muvaqqat komissiyalarning hududdagi davlat organlari, korxonalar, tashkilotlar, muassasalar, nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va mansabdor shaxslarga yuboriladigan qarorlari tavsiya xususiyatiga ega boʻladi va ular tomonidan koʻrib chiqilib, koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisida yoki koʻrilgan chora-tadbirlar haqida bir oylik muddatda xabar qilinishi shart.
XIII bob. Deputatlik faoliyatini amalga oshirish shakllari
99-modda. Har bir deputat sessiya, doimiy va muvaqqat komissiyalar ishida tashabbuskorlik va faollik bilan qatnashishi lozim. Deputat oʻz vakolatlarini ishlab chiqarishdan yoki xizmat vazifalaridan ajralmagan holda amalga oshiradi.
100-modda. Partiya guruhlari siyosiy partiyalar tomonidan koʻrsatilgan deputatlarning taʼsis yigʻilishlarida oʻz partiyalarining siyosatini uyushgan holda oʻtkazish uchun kamida uch nafar deputat birlashgan taqdirda tuziladi. Partiya guruhlari partiya guruhi rahbarining tegishli arizasi va taʼsis hujjatlariga asosan mahalliy Kengash tomonidan roʻyxatga olinadi.
Partiya guruhlari quyidagi huquqlarga ega:
sessiya kun tartibini shakllantirishda ishtirok etish;
sessiya kun tartibidagi har bir masala boʻyicha muzokaralarda partiya guruhi vakiliga kafolatlangan tarzda soʻz berish;
mahalliy Kengash raisiga, hokim, uning oʻrinbosarlariga, hokimlikning boʻlimlari, boshqarmalari va boshqa tarkibiy boʻlinmalari boshliqlariga, shuningdek hududda joylashgan korxona, tashkilot va muassasalarning rahbarlariga soʻrovlar bilan murojaat etish;
doimiy va muvaqqat komissiyalar raisligiga nomzodlar boʻyicha takliflar kiritish;
sessiyada muhokama qilinayotgan masala boʻyicha partiya guruhining fikrini deputatlar orasida tarqatish;
tuman (shahar) hokimining, shuningdek mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari mansabdor shaxslarining qoniqarsiz faoliyati toʻgʻrisida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, viloyat (Toshkent shahar) hokimiga xulosa taqdim etish;
xalq deputatlari viloyat (Toshkent shahar) Kengashidagi partiya guruhlari mahalliy Kengash raisi lavozimiga tasdiqlangan shaxslarning qoniqarsiz faoliyati toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga asoslangan xulosalar taqdim etish tashabbusi bilan chiqish;
deputatlar uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vazifalarni amalga oshirish.
Partiya guruhlarining faoliyatiga tashkiliy, texnikaviy va boshqa xizmatlar koʻrsatish mahalliy Kengash kotibiyati tomonidan taʼminlanadi.
101-modda. Deputat sessiyada koʻrib chiqilayotgan barcha masalalar boʻyicha hal qiluvchi ovoz huquqidan foydalanadi.
Deputat:
doimiy hamda muvaqqat komissiyalarga saylash va saylanishga;
sessiyada koʻrib chiqilishi uchun masalalar taklif etishga;
sessiya muhokamasiga kiritilayotgan masalalarni dastlabki tarzda koʻrib chiqish va ular yuzasidan takliflar kiritishga, sessiya kun tartibi, muhokama qilinayotgan masalalarni koʻrib chiqish tartibi va mohiyati yuzasidan takliflar va mulohazalar kiritishga;
mahalliy Kengash tomonidan saylanadigan, tayinlanadigan yoki tasdiqlanadigan mansabdor shaxslarning nomzodlari boʻyicha fikr bildirishga;
muzokaralarda ishtirok etishga, maʼruzachi, qoʻshimcha maʼruzachi va sessiyada raislik qiluvchiga savollar berishga;
deputat soʻrovi bilan murojaat etishga;
oʻz takliflarini asoslab berish uchun soʻzga chiqishga va ovoz berish sabablari yuzasidan maʼlumot berishga;
sessiyada raislik qiluvchiga sessiyada muhokama qilinayotgan masala yuzasidan oʻz nutqi, taklifi yoki mulohazasining matnini topshirishga;
tarkibiga oʻzi kirgan mahalliy Kengash organining qaroriga qoʻshilmagan taqdirda oʻz nuqtai nazarini sessiyada bayon qilishga yoki bu haqda mahalliy Kengash raisiga yozma shaklda maʼlum qilishga;
mahalliy Kengashga hisobdor boʻlgan yoki uning nazorati ostidagi har qanday organ yoxud mansabdor shaxsning hisoboti yoki axborotini sessiyalarda eshitish toʻgʻrisida taklif kiritishga;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlarining ijro etilishi, shuningdek mahalliy Kengash qarorlarining bajarilishi yuzasidan tekshirishlar oʻtkazish toʻgʻrisidagi masalalar boʻyicha taklif kiritishga;
sessiya bayonnomasi (stenogrammasi) bilan belgilangan tartibda tanishishga haqli.
Deputat qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
102-modda. Deputat:
sessiya samarali ishlashiga koʻmaklashishi, sessiya vaqtini tejashi;
mahalliy Kengash reglamentiga rioya qilishi va sessiyada raislik qiluvchining talablarini bajarishi;
sessiyada faqat raislik qiluvchining ruxsati bilangina soʻzga chiqishi;
Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi deputatlarining odob-axloq qoidalariga rioya qilishi;
sessiyada ishtirok etishi va uning ishida faol qatnashishi;
oʻzi tarkibiga saylangan doimiy yoki muvaqqat komissiya majlislarida ishtirok etishi;
mahalliy Kengash reglamentida belgilangan tartibda ovoz berishda shaxsan ishtirok etishi shart.
Deputat sessiyada, oʻzi tarkibiga kirgan doimiy yoki muvaqqat komissiya majlisida ishtirok etish imkoniyati boʻlmagan taqdirda, bu haqda mahalliy Kengash raisiga, mahalliy Kengash kotibiyati mudiriga, sessiyada raislik qiluvchiga yoxud doimiy yoki muvaqqat komissiya raisiga oldindan xabar qilishi shart.
103-modda. Deputat hududda joylashgan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga ularning vakolatlariga kiradigan masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki oʻz nuqtai nazarini bayon qilish talabi bilan deputat soʻrovi yuborishga haqli.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslari deputat soʻroviga, agar unda boshqa muddat koʻrsatilmagan boʻlsa, mazkur soʻrov olingan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmay javob yuborishlari shart.
Sudlarning raislari, prokurorlar, surishtiruv va tergov organlarining rahbarlariga yoʻllangan deputat soʻrovi ularning ish yurituvidagi aniq ishlar va materiallarga taalluqli boʻlishi mumkin emas.
Deputat soʻrovlari boʻyicha axborot sessiyada yoki doimiy yoxud muvaqqat komissiyalar majlisida muhokama qilinishi mumkin.
104-modda. Deputat Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi deputatlarining odob-axloq qoidalariga qatʼiy rioya etishi lozim. Deputatning oʻz maqomidan fuqarolar, jamiyat va davlatning huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga ziyon yetkazadigan tarzda foydalanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi deputatlarining odob-axloq qoidalari buzilgan taqdirda deputatning xulq-atvori toʻgʻrisidagi masala mahalliy Kengash tomonidan yoxud uning topshirigʻiga koʻra Reglament va deputatlik odob-axloqi masalalari boʻyicha doimiy komissiya tomonidan koʻrib chiqilishi mumkin.
105-modda. Deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish toʻgʻrisidagi masala tegishincha viloyat, tuman, shahar prokurorining yoki yuqori turuvchi prokurorning taqdimnomasiga binoan mahalliy Kengash tomonidan belgilangan tartibda hal etiladi.
Mahalliy Kengash tomonidan deputatlarni daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga oid masalani koʻrib chiqishning namunaviy tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Senator etib saylangan deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish masalasi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibda hal etiladi.
XIV bob. Mahalliy Kengash va deputatlar faoliyatiga xizmat koʻrsatishni taʼminlash
106-modda. Mahalliy Kengash, doimiy komissiyalar va deputatlar faoliyatiga tashkiliy, axborot-tahliliy, texnikaviy va boshqa jihatlardan xizmat koʻrsatish mahalliy Kengash kotibiyati tomonidan taʼminlanadi.
107-modda. Mahalliy Kengash kotibiyati oʻz faoliyatini mahalliy Kengash qarori bilan tasdiqlanadigan nizom asosida olib boradi.
108-modda. Mahalliy hokimlik deputatlik faoliyatini olib borishlari uchun deputatlarga, shuningdek mahalliy Kengash kotibiyatiga xonalar, texnik vositalar, aloqa vositalari ajratadi, maʼlumotlar bazalaridan foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratib beradi.
109-modda. Mahalliy Kengash kotibiyati toʻgʻrisidagi namunaviy nizom va mahalliy Kengash kotibiyati namunaviy tuzilmasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi qarori bilan tasdiqlanadi.
XV bob. Yakunlovchi qoidalar
110-modda. Mahalliy Kengash reglamenti, unga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar mahalliy Kengash qarori bilan tasdiqlanadi.
Mahalliy Kengash reglamentiga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi takliflar doimiy komissiyalar, partiya guruhlari, deputatlar tomonidan kiritilishi mumkin.
Mahalliy Kengash reglamentiga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi masala sessiya kun tartibi loyihasiga kiritiladi hamda birinchi navbatda koʻrib chiqiladi.
111-modda. Mahalliy Kengash reglamentida nazarda tutilmagan mahalliy Kengash faoliyatiga doir masalalarni sessiyada koʻrib chiqish tartib-taomillari toʻgʻrisidagi qaror sessiyada deputatlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi, bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi va qabul qilingan kundan eʼtiboran amal qiladi.