O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Agrosanoat majmuida davlat nazorati tizimini yanada takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida
Agrosanoat majmuida g‘alla yetishtiruvchilarning moddiy manfaatdorligini oshirish hamda iste’molchilarni sifatli don mahsulotlari bilan ta’minlash, g‘alla bozorida davlat ishtirokini yanada kamaytirgan holda ichki bozorni sifatli don mahsulotlari bilan ta’minlash, shuningdek, ushbu sohada davlat nazoratini kuchaytirish va yanada takomillashtirish maqsadida:
1. Vazirlar Mahkamasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining bo‘ysunuvini Qishloq xo‘jaligi vazirligidan uning faoliyatini moliyalashtirishning amaldagi tartibini saqlab qolgan holda Vazirlar Mahkamasiga o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasiga (keyingi o‘rinlarda — O‘zagroinspeksiya) quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklansin:
bug‘doyni qabul qilish, saqlash va xaridorlarga yuklab jo‘natish jarayonida yuzaga keladigan tabiiy kamayish miqdorini hisobdan chiqarishni nazorat qilish;
Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining tijorat vakili tomonidan bug‘doy yetishtiruvchilardan xarid qilinadigan bug‘doyni qabul qilish va sotish jarayonlarida standart talablariga ko‘ra sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha (muvofiqlik sertifikati) hamda bug‘doy sinflari (sifat sertifikati) bo‘yicha sertifikatlashni nazorat qilish;
import qilinayotgan qishloq xo‘jaligi ekinlarining urug‘lik va ko‘chat materiallarida geni modifikatsiyalangan organizmlarning (GMO) mavjudligini aniqlash;
idoraviy bo‘ysunuvi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar barcha korxonalar, muassasalar hamda tashkilotlarda qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalarining texnik holati, ularning ekspluatatsiya qilinishi samaradorligi, shuningdek, servis va ta’mirlash xizmatlarining sifati, qishloq xo‘jaligi texnikasi va texnologiyalarini majburiy va davriy sinovdan o‘tkazish ustidan nazoratni amalga oshirish;
sohada davlat nazoratini amalga oshirish va hisobotlarni yuritish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish.
3. Quyidagilar:
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining asosiy vazifalari 1-ilovaga muvofiq;
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining tashkiliy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilansinki:
O‘zagroinspeksiya agrosanoat majmuida davlat nazorati va tekshiruvni amalga oshiruvchi mustaqil respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi;
O‘zagroinspeksiya Vazirlar Mahkamasiga bevosita hisobdordir;
O‘zagroinspeksiya boshlig‘i O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan, uning o‘rinbosari Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi hamda lavozimidan ozod qilinadi.
5. Iqtisodiyot va moliya vazirligi O‘zagroinspeksiya bilan birgalikda uch oy muddatda davlat zaxirasidagi bug‘doyni tadbirkorlik subyektlarining don korxonalarida saqlash tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
Bunda davlat zaxirasidagi donni yangilash, saqlash jarayonida don sifatining yuqori darajada bo‘lishini ta’minlash, miqdoriy yo‘qotishlarga yo‘l qo‘ymaslik hamda tabiiy yo‘qotishning eng past darajada bo‘lishini ta’minlash choralari nazarda tutilsin.
6. Qishloq xo‘jaligi vazirligi O‘zagroinspeksiya bilan birgalikda ikki oy muddatda yer uchastkalari egalari, foydalanuvchilari, ijarachilari va mulkdorlariga yetkazilgan zararlar, shuningdek, qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklari hamda yerlarning qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishiga sabab bo‘lgan hollarda yetkazilgan zarar o‘rnini qoplash tartibini ishlab chiqsin hamda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 3-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
8. O‘zagroinspeksiya manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazirning o‘rinbosarlari J.A. Xodjayev va J.A. Qo‘chqorov belgilansin.
Farmon ijrosini nazorat qilish, mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 22-oktabr,
PF-164-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-oktabrdagi PF-164-son Farmoniga
1-ILOVA
1-ILOVA
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining asosiy vazifalari
1. Qishloq xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish, jumladan:
qishloq xo‘jaligi ekinlarining O‘zbekiston Respublikasi hududlarining tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda joylashtirilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish va ekish bilan bog‘liq hamda o‘sish (vegetatsiya) davrida bajariladigan agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini nazorat qilish;
paxta, boshoqli don va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lariga davlat tomonidan buyurtma berish, urug‘ tayyorlash va uni qayta ishlash hamda saqlash bo‘yicha talablarga rioya qilinishini nazorat qilish;
qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari zaxiralarini shakllantirish bo‘yicha talablar bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
paxta, boshoqli don va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari hosili hamda ularning urug‘lari, shuningdek, ulardan qayta ishlangan mahsulotlarning sifati, ulardan oqilona hamda maqsadli foydalanilishi, ularning sifatli saqlanishi hamda nobudgarchiligi kamaytirilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarining genetik sofligi va urug‘lari sifati sohasidagi davlat siyosatining ijro qilinishi, akkreditatsiya sohasiga muvofiq urug‘larni, mevali daraxt va tok ko‘chatlarini sertifikatlash, urug‘ hamda ko‘chat materiallarining sifatini aniqlash va nazorat qilish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish;
korxonalar tomonidan paxta texnik chigitining to‘liq texnologik siklda maqsadli qayta ishlaganligi hamda ularning mahsulot sifatini tasdiqlovchi gigiyenik xulosa va muvofiqlik sertifikatlariga egaligini tahlil qilish;
don saqlanayotgan korxonalarda uning sifati va miqdori bo‘yicha to‘g‘ri saqlanishini nazorat qilish;
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan maqsadli foydalanish, qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish, ekish va parvarishlash, ekinlar navlarini sinash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan nazorat va monitoringni amalga oshirish;
idoraviy bo‘ysunuvi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar barcha korxonalar, muassasalar hamda tashkilotlarda qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalarining texnik holati, ularning ekspluatatsiya qilinishi samaradorligi, shuningdek, servis va ta’mirlash xizmatlarining sifati, qishloq xo‘jaligi texnikasi va texnologiyalarini majburiy va davriy sinovdan o‘tkazish ustidan nazoratni amalga oshirish;
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni muhofaza qilish va ulardan maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni amalga oshirish.
2. Agrosanoat majmui sohasida qonunchilik hujjatlari ijrosini tahlil qilib borish, tahlil natijalari bo‘yicha sohadagi qonunchilik hujjatlarini va normativ hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish.
3. Eksport-import va respublika ichidagi tashishlarda paxta, boshoqli don va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari hosili, ularning urug‘lari hamda ulardan qayta ishlangan mahsulotlar sifatini majburiy davlat tekshiruvidan o‘tkazish.
4. Huquqbuzarliklarni aniqlash, ularning kelib chiqish sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf etish choralarini ko‘rish borasida kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish.
5. Qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni yuritish, vakolati doirasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida bayonnomalar rasmiylashtirish va aybdor shaxslarni jarimaga tortish.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-oktabrdagi PF-164-son Farmoniga
2-ILOVA
2-ILOVA
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi
TASHKILIY TUZILMASI
Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi | |||||||||||||||||||||||||||
Hududiy boshqarmalar | “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash markazi” davlat muassasasi | ||||||||||||||||||||||||||
Tumanlar (Quvasoy shahar) bo‘limlari | |||||||||||||||||||||||||||
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-oktabrdagi PF-164-son Farmoniga
3-ILOVA
3-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyuldagi PF-5490-son Farmoni bilan tasdiqlangan Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish orqali vakolatli organni xabardor etish tartibida o‘tkaziladigan tekshiruvlar ro‘yxatida:
a) 5-pozitsiyada:
“Tekshiruvlar (nazorat funksiyalari)” ustunidagi “Qishloq xo‘jaligi vazirligi” so‘zlari “Vazirlar Mahkamasi” so‘zlari bilan almashtirilsin;
“Nazorat qiluvchi organ” ustunidagi “Qishloq xo‘jaligi vazirligi” so‘zlari “Vazirlar Mahkamasi” so‘zlari bilan almashtirilsin;
b) izohning oltinchi xatboshisidagi “Qishloq xo‘jaligi vazirligi” so‘zlari “Vazirlar Mahkamasi” so‘zlari bilan almashtirilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 28-avgustdagi PF-5527-son Farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlari bilan tuzilgan va tugatilayotgan idoralararo kollegial organlar ro‘yxatining 16-pozitsiyasi “Tugatilayotgan organning funksiyalarini bajaruvchi (vakolatlariga aloqador qismida) subyektlar” ustunidagi “Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi” so‘zlari “Vazirlar Mahkamasi huzuridagi” so‘zlari bilan almashtirilsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-iyundagi “Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5742-son Farmonining 5-bandi beshinchi xatboshisidagi “Qishloq xo‘jaligi vazirligi” so‘zlari “Vazirlar Mahkamasi” so‘zlari bilan almashtirilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-dekabrdagi PF-269-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2023-yil 1-yanvardan boshlab tashkiliy bo‘ysunuvi o‘zgarayotgan respublika davlat boshqaruvi organlari ro‘yxatining 23-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-iyundagi “Ma’muriy islohotlar doirasida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-90-son Farmonida:
a) 1-bandning sakkizinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
b) 2-ilovadagi “Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi” bloki chiqarib tashlansin;
v) 7-ilova o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-fevraldagi PQ-2800-son qarori bilan tasdiqlangan Formali kiyim kiyilishi nazarda tutilayotgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlar ro‘yxatining “Idoraviy formali kiyim” bo‘limi 10-pozitsiyasidagi “Qishloq xo‘jaligi vazirligi” so‘zlari “Vazirlar Mahkamasi” so‘zlari bilan almashtirilsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 28-noyabrdagi “Paxtachilik tarmog‘ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3408-son qarorining 14-bandidagi “Moliya vazirligi Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Davlat soliq qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi” so‘zlari “Iqtisodiyot va moliya vazirligi Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qo‘mitasi va Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi” so‘zlari bilan almashtirilsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 17-yanvardagi “Mamlakat iqtisodiyotining tarmoqlarini talab yuqori bo‘lgan mahsulot va xom ashyo turlari bilan barqaror ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3479-son qarorining 2-bandi “a” kichik bandining to‘rtinchi xatboshisidagi “Qishloq xo‘jaligi vazirligi” so‘zlari “Vazirlar Mahkamasi” so‘zlari bilan almashtirilsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-noyabrdagi PQ-4020-son qarori bilan tasdiqlangan Hududlarda zamonaviy issiqxona komplekslarini tashkil etishga ko‘maklashish bo‘yicha ishchi guruhlar namunaviy tarkibining 4-bandidagi “Qishloq xo‘jaligi vazirligi” so‘zlari “Vazirlar Mahkamasi” so‘zlari bilan almashtirilsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 15-martdagi “O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4241-son qarorida:
a) nomi va muqaddimasidagi “Qishloq xo‘jaligi vazirligi” so‘zlari “Vazirlar Mahkamasi” so‘zlari bilan almashtirilsin;
b) 2-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasini rivojlantirish jamg‘armasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasini rivojlantirish jamg‘armasi;
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi huzuridagi “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash markazi” davlat muassasasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi huzuridagi “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash markazi” davlat muassasasi deb qayta nomlansin”;
v) 3-banddagi “Qishloq xo‘jaligi vazirligi” so‘zlari “Vazirlar Mahkamasi” so‘zlari bilan almashtirilsin;
g) 41-banddagi “Qishloq xo‘jaligi vazirligi” so‘zlari “Vazirlar Mahkamasi” so‘zlari bilan almashtirilsin;
d) 5-bandning uchinchi xatboshisidagi “Qishloq xo‘jaligi vazirligiga” so‘zlari “Vazirlar Mahkamasiga” so‘zlari bilan almashtirilsin;
e) 6-bandning oltinchi xatboshisidagi “Qishloq xo‘jaligi vazirligi” so‘zlari “Vazirlar Mahkamasi” so‘zlari bilan almashtirilsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-martdagi “G‘alla yetishtirish, xarid qilish va sotishga bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4634-son qarorining 9-bandidagi “Qishloq xo‘jaligi vazirligi” so‘zlari “Vazirlar Mahkamasi” so‘zlari bilan almashtirilsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-iyundagi “Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikalarini sinash va sertifikatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4760-son qarorining 10-bandidagi “O‘zstandart” agentligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi” so‘zlari “Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda” so‘zlari bilan almashtirilsin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-iyuldagi PQ-5189-son qarori bilan tasdiqlangan Vazirliklar, davlat qo‘mitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘rinbosarlarining faoliyati ko‘rsatkichlarini ishlab chiqish, monitoring qilish va samaradorligini baholash tartibi to‘g‘risidagi nizomga 2-ilovaning VII bo‘limi 2-bandidagi “Qishloq xo‘jaligi vazirligi” so‘zlari “Vazirlar Mahkamasi” so‘zlari bilan almashtirilsin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 18-noyabrdagi “Toshkent shahrida sug‘oriladigan yerlardan samarali foydalanishni tashkil etish, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirishda boshqaruv tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-17-son qarorining 7-bandi ikkinchi xatboshisidagi “Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi” so‘zlari “Vazirlar Mahkamasi huzuridagi” so‘zlari bilan almashtirilsin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-noyabrdagi PQ-20-son qarori bilan tasdiqlangan “E-IJARA” axborot tizimiga va “E-auksion” elektron savdo platformasiga integratsiya qilish orqali idoralararo elektron ma’lumotlar almashinuvi yo‘lga qo‘yiladigan vazirliklar va idoralar ro‘yxatining 15-bandidagi “Qishloq xo‘jaligi vazirligi” so‘zlari “Vazirlar Mahkamasi” so‘zlari bilan almashtirilsin.
16. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-maydagi “G‘allani yetishtirish va sotishda bozor tamoyilini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-262-son qarori 2-bandi “v” kichik bandining to‘rtinchi xatboshisidagi “Qishloq xo‘jaligi vazirligi” so‘zlari “Vazirlar Mahkamasi” so‘zlari bilan almashtirilsin.
17. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 13-sentabrdagi “Tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazishni muvofiqlashtirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-374-son qarorining 2-bandi to‘rtinchi xatboshisidagi “Qishloq xo‘jaligi vazirligi” so‘zlari “Vazirlar Mahkamasi” so‘zlari bilan almashtirilsin.
18. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-martdagi PQ-101-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat mulki” axborot tizimiga integratsiya qilinadigan vazirlik va idoralarning axborot tizimlari ro‘yxatining 9-pozitsiyasi “Vazirlik va idoralar nomi” ustunidagi “Qishloq xo‘jaligi vazirligi” so‘zlari “Vazirlar Mahkamasi” so‘zlari bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.10.2024-y., 06/24/164/0843-son)