Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining
buyrugʻi
Ichki ishlar organlari tayanch punktlari profilaktika inspektorlarining hisobotini fuqarolar yigʻinlarida eshitish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 15-oktabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2930-1]
Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 6-maydagi OʻRQ-838-son “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi va 2023-yil 4-oktabrdagi OʻRQ-870-son “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sogʻliqni saqlash organlari faoliyati haqida jamoatchilikning xabardorligini oshirishga qaratilgan oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi qonunlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 13-iyundagi 334-son “Mahallalar faoliyatini tartibga solishga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2017-yil 6-sentabrdagi 193-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2930, 2017-yil 13-sentabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 37-son, 1021-modda) bilan tasdiqlangan Ichki ishlar organlari tayanch punktlari profilaktika inspektorlarining hisobotini fuqarolar yigʻinlarida eshitish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir P. BOBOJONOV
Toshkent sh.,
2024-yil 17-sentabr,
460-son
Kelishildi:
Raisning birinchi oʻrinbosari J. INAGAMOV
2024-yil 12-sentabr
Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2024-yil 17-sentabrdagi 460-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Ichki ishlar organlari tayanch punktlari profilaktika inspektorlarining hisobotini fuqarolar yigʻinlarida eshitish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 3-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Profilaktika inspektorining hisobotini eshitish fuqarolar yigʻini raisi, uning maslahatchilari, taʼlim muassasalari, oilaviy poliklinikalar, oilaviy shifokor punktlari vakillari, fuqarolar yigʻinidagi xonadonlarda, koʻp qavatli uylarda istiqomat qiluvchi aholi, ichki ishlar organining ushbu hududga masʼul etib biriktirilgan rahbari ishtirokida amalga oshiriladi.”.
2. 5-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5. Profilaktika inspektorining hisobotini eshitish boʻyicha oʻtkaziladigan yigʻin fuqarolar yigʻini raisi tomonidan olib boriladi. Yigʻin bayonnomasi fuqarolar yigʻini raisi, fuqarolar yigʻini masʼul kotibi, ichki ishlar organining ushbu hududga masʼul etib biriktirilgan rahbari tomonidan imzolanadi.”.
3. 7-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. Profilaktika inspektorlari quyidagi asosiy yoʻnalishlar boʻyicha hisobot beradi:
mahallada huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini saqlash va xavfsiz muhitni taʼminlash;
mahalla hududidagi kriminogen vaziyatni muntazam ravishda oʻrganib borish, huquqbuzarliklarni aniqlash va ularga barham berish boʻyicha qonunchilikda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
aholi, ayniqsa, yoshlar va voyaga yetmaganlar oʻrtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish;
tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan fuqarolarga himoya orderini berish va nazoratni oʻrnatish;
voyaga yetmaganlar va yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, terrorizm, ekstremizm, zoʻravonlik va shafqatsizlik gʻoyalaridan himoyalashga yoʻnaltirilgan ishlarni amalga oshirish;
biriktirilgan hududida pasport rejimi qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish;
probatsiya hisobida turgan shaxslarni xulq-atvorini nazorat qilish, oʻrnatilgan cheklovlarga rioya etishini tekshirish, shuningdek, yangi jinoyat sodir etishining oldini olishda probatsiya inspektorlariga koʻmaklashish;
uzoq muddatga ketgan shaxslar hisobini yuritish, ularning qarindoshlari bilan ishlash, uzoq muddat mobaynida chet elda boʻlib qaytgan shaxslar bilan profilaktik ishlarni amalga oshirish.”.
4. 10-banddan “(oqsoqol)” degan soʻz chiqarib tashlansin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.10.2024-y., 10/24/2930-1/0823-son)