Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Zamonaviy agrokompleks faoliyatini ilgʻor birja mexanizmlari asosida tashkil etishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Aholi tomorqalarida, fermer va dehqon xoʻjaliklarida yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotish tizimini takomillashtirish, zarur bozor sharoitlarini yaratish orqali aholi va dehqonlar daromadini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ huzurida tashkil qilingan “Agro Exchange” MChJning asosiy vazifalari etib belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin:
aholi tomorqalarida, shuningdek, fermer va dehqon xoʻjaliklari tomonidan yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini erkin bozor narxida sotishga koʻmaklashuvchi “Uzex Agro” elektron savdo platformasining (keyingi oʻrinlarda — platforma) uzluksiz faoliyatini taʼminlash;
platformani texnik qoʻllab-quvvatlash va koʻrsatiladigan xizmatlarni bozor tamoyiliga asoslangan holda doimiy takomillashtirib borish;
hududlardagi qishloq xoʻjaligi moʻljallangan boʻsh turgan yer maydonlarini oʻzlashtirish orqali zamonaviy agrokomplekslarni tashkil qilish;
agrokomplekslar atrofida jozibador investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish.
2. “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ 2024-yil 15-oktabrga qadar platforma ishga tushirilishini taʼminlasin.
Bunda quyidagilar inobatga olinsin:
platformada qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilar bilan mahsulotni sotib oluvchi va kafolatli yetkazib beruvchi, xatarlarni sugʻurtalovchi, shuningdek, eksport qiluvchi korxonalar oʻrtasida oʻzaro onlayn shartnomalarni tuzish hamda jarayonlar ishtirokchilari faoliyatini qoʻllab-quvvatlovchi kompleks mexanizmlarni aks ettirish;
platformani ishlab chiqish va uning uzluksiz faoliyatini taʼminlash bilan bogʻliq xarajatlarni “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJning mablagʻlari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirish.
3. Belgilansinki:
platforma Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining davlat xaridlari boʻyicha maxsus axborot portali hamda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining “Online mahalla” elektron platformasi bilan integratsiya qilinadi;
davlat buyurtmachilari va ularga autsorsing asosida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetkazib berish xizmatini koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlari qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini platforma orqali xarid qilish huquqiga ega boʻladi;
aholi tomorqalarida, fermer va dehqon xoʻjaliklarida yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari boʻyicha amalga oshirilgan savdolar natijalariga koʻra oʻrtacha narxlar shakllantiriladi va har kuni platformada eʼlon qilinadi. Bunda davlat buyurtmachilari xaridlarni amalga oshirishda ushbu oʻrtacha narxlardan foydalanadi;
2025-yil 1-yanvarga qadar aholidan, dehqon va fermer xoʻjaliklaridan platforma orqali mahsulot sotganligi uchun vositachilik haqi undirilmaydi.
4. “Uzex Agro” elektron savdo platformasida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi platformaga va unga integratsiya qilingan “Online mahalla” elektron platformasiga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarini jalb qilish boʻyicha targʻibot ishlarini tashkil etsin hamda ularga oʻz mahsulotlarini xaridorlarga, shu jumladan, davlat buyurtmachilariga sotishni yoʻlga qoʻyishda amaliy yordam koʻrsatsin.
6. “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ ikki oy muddatda:
platformaga logistika korxonalari jalb qilinishini taʼminlasin va ularning mobil ilovalarini ishlab chiqsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan birgalikda tuman (shahar) hokimlari yordamchilariga platformadan foydalanish boʻyicha zarur maʼlumotlarni yetkazsin.
7. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi hamda Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi va “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ bilan birgalikda ushbu qarorning mazmun-mohiyatini ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va rasmiy veb-saytlarda keng yoritilishini taʼminlasin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 2-oktabr,
621-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 2-oktabrdagi 621-son qaroriga
ILOVA
“Uzex Agro” elektron savdo platformasida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom “Uzex Agro” elektron savdo platformasida (keyingi oʻrinlarda — platforma) qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
vositachilik yigʻimi — platformada qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotishni tashkil etish bilan bogʻliq xizmatlar uchun bitim summasidan 0,15 foiz, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 14 baravaridan koʻp boʻlmagan (davlat buyurtmachilari uchun bazaviy hisoblash miqdorining 3 foizidan koʻp boʻlmagan) miqdorda undiriladigan yigim;
zakalat — xaridor tomonidan tuzilgan shartnoma boʻyicha toʻlovlar toʻliq hajmda amalga oshirilishini hamda sotuvchi tomonidan oʻzining takliflarini taʼminlash usuli;
platforma ishtirokchisi — sotuvchi va xaridor;
mahsulot — qishloq xoʻjaligi mahsulotlari;
platforma operatori — platforma faoliyatini tashkil etuvchi yuridik shaxs;
savdoning raqobatsiz shakli — xaridor tomonidan maqbul oferta tanlangandan soʻng oʻxshash mahsulotlarni taklif qilgan platforma ishtirokchilariga narx soʻrovi yuborilmaydigan va xaridor tomonidan tanlangan ofertani platformaga joylashtirgan sotuvchi bilan shartnoma shakllantiriladigan savdo usuli;
sotuvchi — platforma orqali mahsulot yetkazib beruvchi jismoniy va yuridik shaxslar;
xaridor — platforma orqali mahsulot sotib oluvchi jismoniy va yuridik shaxslar;
shaxsiy kabinet — platforma ishtirokchilarining savdolarda ishtirok etishini hamda zarur axborotni joylashtirishini va undan foydalanishini, shuningdek, hisob-kitoblarni amalga oshirishini taʼminlaydigan individual sahifa;
oʻxshash mahsulotlar — funksional maqsadi, qoʻllanilishi, sifati va texnik xususiyatlari bir xil boʻlgan mahsulotlar;
hisob-kitob-kliring palatasi (keyingi oʻrinlarda — HKKP) — avans toʻlovlarini deponentlash va hisobga olish yoʻli bilan shartnomalar boʻyicha majburiyatlarni bajara oladigan platforma ishtirokchilarining savdolarga kirishini taʼminlovchi platforma operatorining tarkibiy boʻlinmasi.
2-bob. Platformada ishtirokchilarni roʻyxatga olish
3. Jismoniy va yuridik shaxslar platformada ishtirokchi sifatida roʻyxatdan oʻtishi mumkin.
Jismoniy shaxslar telefon raqamiga kelgan xabarnomani tasdiqlash orqali platformada roʻyxatdan oʻtadi.
Yuridik shaxslar platformada elektron raqamli imzo (keyingi oʻrinlarda — ERI) yordamida roʻyxatdan oʻtadi.
4. Platforma roʻyxatga olish yakunlari bilan bir ish kuni davomida platforma ishtirokchilariga foydalanuvchining individual raqamini beradi hamda tuzilgan shartnomalar boʻyicha majburiyatlarni va talab huquqini hisobga olish uchun zarur boʻlgan tegishli shaxsiy hisobvaraqni ochadi.
3-bob. Platforma operatori, uning huquq va majburiyatlari
5. Platforma operatori quyidagi huquqlarga ega:
platformada joylashtirilgan maʼlumotlarga texnologik va axborot xavfsizligini taʼminlash talablarini belgilash;
platforma ishtirokchilariga xizmatlar koʻrsatish shartlarini belgilash (qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno);
platforma ishtirokchilari uchun talablarni belgilash;
platforma ishtirokchilarining belgilangan qoidalarga rioya etmaslik holatlari aniqlanganda, shuningdek, platforma operatori yoki platforma ishtirokchilari oldida toʻlamagan qarzlari mavjud boʻlganda, ularga xizmat koʻrsatishni toʻxtatib turish;
platforma ishtirokchilariga elektron tijorat bilan bogʻliq axborotlarni yetkazish, taʼlim va maslahat berish, logistika va boshqa qoʻshimcha xizmatlarni koʻrsatish;
boshqa axborot vositachilari bilan hamkorlikda maʼlumotlar bazasini yaratish.
Platforma operatori qonunchilik hujjatlariga va shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ega boʻlishi mumkin.
6. Platforma operatori:
elektron tizimning uzluksiz ishlashini, unga joylashtirilgan axborotlarning toʻliq saqlanishini, oʻz elektron resursi belgilangan tartibda tegishli davlat boshqaruvi organlarining rasmiy veb-saytlari va axborot tizimlari bilan uygʻunlashgan holda ishlashini taʼminlashi;
jismoniy va yuridik shaxslarning qonunchilik hujjatlariga muvofiq platformada mavjud boʻlgan axborotlardan bepul va erkin foydalanishini taʼminlashi;
amalga oshirilgan xaridlar natijalari boʻyicha mahsulotlar narxlarining maʼlumotlar bazasini yaratishi va doimiy yangilab borishi;
platformada tuzilgan shartnomalar reyestrini shakllantirishi va yuritishi;
davlat boshqaruvi organlari va xoʻjalik birlashmalariga ushbu Nizomda nazarda tutilgan tartibda axborotlardan foydalanish imkonini yaratishi;
platformaga axborot joylashtirilgan vaqtdan boshlab uning maʼlumotlar bazasida besh yil mobaynida saqlanishini taʼminlashi;
davlat buyurtmachilari tomonidan platforma orqali tuzilgan shartnomalarni davlat xaridlarining maxsus axborot portaliga avtomatik rejimda yuborishi;
Hisob-kitob-kliring palatasida (keyingi oʻrinlarda — HKKP) platforma ishtirokchilarining shaxsiy hisobvaraqlari ochilishini taʼminlashi;
platformada maʼlumotlari yetarli boʻlmagan oferta takliflarini joylashtirilishi boʻyicha monitoring olib borishi shart.
Platforma operatori qonunchilik hujjatlariga va shartnomaga muvofiq boshqa majburiyatlarga ega boʻlishi mumkin.
Platforma operatori:
savdolarni amalga oshirish va mahsulot narxlarini belgilash jarayonlariga aralashishga, kontragentlarni tanlash va shartnomalar tuzishda platforma ishtirokchilarining erkinligini cheklashga, shuningdek, platforma ishtirokchilarining huquqlarini boshqacha tarzda cheklashga (qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno);
uzatiladigan, olinadigan va saqlanadigan elektron hujjatlar hamda elektron xabarlarning ishonchliligini, shuningdek, agar qonunchilik hujjatlarida yoki shartnomada boshqacha qoidalar nazarda tutilmagan boʻlsa, ularning qonunchilik hujjatlariga muvofiqligini nazorat qilishga yoki tekshirishga;
platforma ishtirokchilari tomonidan joylashtiriladigan elektron hujjatlar va elektron xabarlarning mazmunini oʻzgartirishga haqli emas.
Platforma operatori ishtirokchilar tomonidan taqdim etilgan elektron hujjat va xabarlarning, shuningdek, oʻtkaziladigan savdolar boʻyicha platformaga joylashtiriladigan axborotlarning mazmuni bilan bogʻliq huquqiy oqibatlar uchun javobgar hisoblanmaydi.
4-bob. Platforma ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari
7. Platforma ishtirokchisi quyidagi huquqlarga ega:
tomonlar oʻrtasida tuzilgan bitimning ijrosida yuzaga kelgan kelishmovchilik va nizolar boʻyicha “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJning Arbitraj komissiyasiga shikoyat qilish;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq takliflarga oʻzgartirishlar kiritish yoki ularni qaytarib olish (takliflar akseptlangunga qadar).
Platforma ishtirokchisi qonunchilik hujjatlariga va shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ega boʻlishi mumkin.
8. Platforma ishtirokchisi:
ushbu Nizom talablariga rioya etishi;
taqdim etilgan axborotning ishonchliligini taʼminlashi;
savdolarda gʻolib deb topilgan taqdirda, buyurtmachi bilan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda va muddatda shartnoma tuzishi shart.
Platforma ishtirokchisi qonunchilik hujjatlariga va shartnomaga muvofiq boshqa majburiyatlarga ega boʻlishi mumkin.
Platforma ishtirokchisi oʻzi tomonidan taqdim etilgan elektron hujjat va xabarlarning, shuningdek, oʻtkaziladigan savdolar boʻyicha platformaga joylashtirgan axborotlarning mazmuni uchun javobgar hisoblanadi.
5-bob. Platformada eʼlonlarni joylashtirish tartibi
9. Sotuvchining platformaga joylashtirgan taklifi xaridorlarga yuborilgan ommaviy oferta hisoblanadi.
10. Sotuvchi tomonidan platformaga joylashtiriladigan taklifda quyidagilar nazarda tutilishi lozim:
savdoga qoʻyilayotgan mahsulotning nomi;
mahsulotning boshlangʻich sotish narxi;
mahsulotning eng koʻp va eng kam toʻpi;
mahsulotning fotosurati;
mahsulot yetkazib beriladigan hudud;
mahsulotni saqlanganlik muddati va sharoitlari;
mahsulotni kafolat shartlari va yetkazib berish muddati.
11. Sotuvchining ofertasi u platformaga joylashtirilib, savdolar uchun faollashtirilgan paytdan eʼtiboran oʻn besh ish kuni mobaynida amal qiladi. Ushbu muddat tugagandan soʻng sotuvchi uni yana oʻn besh ish kuniga aktivlashtirishga haqli.
12. Oferta xaridor tomonidan akseptlangunga qadar sotuvchi ofertani har qanday muddatda qaytarib olishga yoki unga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishga haqli hisoblanadi.
6-bob. Savdolarni oʻtkazish tartibi
13. Platformada savdolar raqobatsiz, auksion, shuningdek, mahsulot narxi soʻrovidan foydalangan holda amalga oshirilishi mumkin.
14. Savdoning raqobatsiz shaklida mahsulot narxi oferta bilan koʻrsatilgan darajada belgilanib, bitim sotuvchi ofertasini elektron tizim orqali aksept qilish yoʻli bilan tuziladi.
15. Savdoning auksion shakli kim oshdi savdosi tartibida oʻtkaziladi. Bunda:
xaridor tomonidan elektron tizimda buyurtmanoma berilib, unda sotib olinadigan mahsulotning miqdori va taklif etilayotgan narxi koʻrsatiladi;
platforma xaridorlarga taklif berish bilan bogʻliq qarorlarni qabul qilish uchun berilgan barcha narx takliflari va hajmlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni aks ettiruvchi “buyurtmalar stakani”ni shakllantiradi;
platforma xaridorlarning narx taklifi sotuvchining boshlangʻich narxidan yuqori yoki unga teng boʻlsagina qabul qiladi;
savdo yakuniga koʻra eng yuqori narx taklif qilgan xaridorlar gʻolib deb topiladi va ularning narx takliflari boʻyicha shartnoma shakllantiriladi.
16. Xaridor savdoning mahsulot narxi soʻrovi shaklida sotuvchi ofertasini oʻrganib chiqadi hamda oʻzi xohlagan mahsulotni tanlaydi va mahsulot narxi soʻrovi mexanizmidan foydalanadi.
17. Xaridorning mahsulot narxi soʻrovi oferentga va shunga oʻxshash mahsulotlarni taklif etayotgan barcha sotuvchilarga mahsulot narxi talabida ishtirok etish uchun yuboriladi.
18. Sotuvchi mahsulot narxi soʻrovida ishtirok etish uchun taklif yuborilgan paytdan boshlab qirq sakkiz soat ichida oʻz taklifini faqat bir marta taqdim etish huquqiga ega.
19. Sotuvchi tomonidan taqdim etilgan mahsulot narxi taklifi avtomatik ravishda platforma tomonidan taqqoslanadi.
20. Platforma bitimni xaridor tomonidan tanlangan sotuvchining ofertasida koʻrsatilgan shartlarga muvofiq va sotuvchi tomonidan taklif qilingan eng past narxda tuzadi.
21. Agar boshqa sotuvchi mahsulotning boshlangʻich narxidan past narxni taklif qilmasa, elektron tizim xaridor va u tanlagan oferta sotuvchisi oʻrtasidagi bitimni roʻyxatdan oʻtkazadi.
22. Bitim boʻyicha taraflarning huquq va majburiyatlari bitim elektron tizimda roʻyxatdan oʻtkazilgan paytdan boshlab kuchga kiradi.
23. Platformaning raqobatli shakllaridan foydalangan holda tuzilgan shartnomadagi mahsulot narxi oferta joylashtirilgan paytdan eʼtiboran 24 soatdan kam boʻlmagan vaqt mobaynida ikki va undan ortiq salohiyatli platforma ishtirokchilariga raqobatli takliflarni erkin ravishda topshirish imkoni berilgan taqdirda, bozor narxi deb eʼtirof etiladi.
7-bob. Hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibi
24. Platftormada bitimlar boʻyicha hisob-kitoblar HKKP orqali amalga oshiriladi. Bunda taraflar shartnoma taʼminoti sifatida zakalat yoki “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ tomonidan akkreditatsiyadan oʻtkazilgan ombor maʼlumotnomasidan foydalanishi mumkin.
25. “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ tomonidan akkreditatsiyadan oʻtkazilgan ombor maʼlumotnomasidan avtomatik ravishda platforma orqali foydalaniladi. Bunda:
sotuvchi mahsulotni “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ tomonidan akkreditatsiyadan oʻtkazilgan omborda saqlash uchun topshirib, tegishli maʼlumotlarni elektron tizimga kiritishi talab etiladi;
saqlashga topshirilgan mahsulot faqat elektron tizim maʼlumotiga asosan xaridorga yoki sotuvchining oʻziga qaytariladi.
26. Zakalat miqdori sotuvchi tomonidan eʼlon joylashtirilgan vaqtda 10 foizgacha (bundan davlat buyurtmachilari mustasno) etib belgilanadi.
27. Platforma ishtirokchilari roʻyxatdan oʻtgandan keyin HKKPning “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJga xizmat koʻrsatuvchi bankda ochilgan ikkilamchi hisobvaragʻiga savdolarda ishtirok etish hamda oʻz majburiyatini bajarish uchun mablagʻni oʻtkazadi. Jismoniy shaxslar savdolarda bank plastik kartalaridan foydalangan holda ishtirok etishi mumkin.
28. Elektron kliring tizimi har bir savdodan oldin buyurtmalarning taʼminlanganligi boʻyicha nazoratni amalga oshiradi. Buyurtmalarning taʼminlanganligi savdolar doirasida tuziladigan bitimlarga muvofiq buyurtmalar boʻyicha nazorat qilinadi.
Bunda budjet buyurtmachilari savdolarda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining davlat moliyasini boshqarish axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda — DMBAT) tomonidan band quyilgan summasining, shuningdek, ularning HKKPdagi hisobvaraqlarida platforma operatorining vositachilik yigʻimi summasining yetarli miqdori mavjud boʻlgan taqdirda, elektron davlat xaridlarida ishtirok etadilar.
29. Xaridor savdolar doirasida tuzilgan shartnoma boʻyicha toʻlovlarni toʻliq hajmda amalga oshirish uchun ushbu shartnoma elektron tizimda roʻyxatga olingan paytdan boshlab shartnomada belgilangan muddat mobaynida oʻzining HKKPdagi hisobvaragʻiga mablagʻlarni oʻtkazadi. Bunda zakalat shartnoma boʻyicha toʻlov summasiga qoʻshib hisoblanishi mumkin.
30. Agar xaridor shartnomada belgilangan muddatda toʻlovni amalga oshirmasa, uning zakalati bir ish kuni mobaynida sotuvchining HKKPdagi tegishli hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
31. HKKP tuzilgan shartnoma boʻyicha xaridordan tushgan toʻlov summasini band qilib qoʻyadi va mablagʻlar tushgan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmasdan bu toʻgʻrisida sotuvchiga xabarnoma yuboradi.
Ushbu xabarnoma sotuvchiga mahsulotni xaridorga yetkazib berish uchun asos boʻladi.
32. Sotuvchi HKKPdan mablagʻ tushganligi toʻgʻrisidagi xabarnoma kelishidan oldin mahsulotni xaridorga yetkazib bergan taqdirda, xaridor tomonidan qabul qilingan mahsulot boʻyicha toʻlov amalga oshirilmasligi bilan bogʻliq xatarlar sotuvchining zimmasida boʻladi.
33. Sotuvchi tomonidan mahsulot yetkazib berilgandan soʻng sotuvchi bu toʻgʻrisidagi axborotni mahsulot yetkazib berilgan kundan boshlab bir ish kuni mobaynida, lekin bitim shartlaridagi mahsulotni oxirgi yetkazib berish kunidan kechiktirmasdan oʻzining shaxsiy kabineti orqali HKKP va xaridorga taqdim etadi.
34. Xaridor bitim boʻyicha mahsulot yetkazib berilganligi toʻgʻrisidagi axborotni olgandan keyin ikki ish kuni mobaynida uni tasdiqlashi yoki rad etishi toʻgʻrisidagi axborotni oʻzining shaxsiy kabineti orqali platformaga joylashtirishga majbur hisoblanadi.
Mahsulot yetkazib berilganligi toʻgʻrisidagi axborot xaridor tomonidan belgilangan muddatda tasdiqlanmaganda yoki rad etilmaganda, mahsulot yetkazib berilgan hisoblanadi.
35. Platforma tuzilgan shartnomaga muvofiq mahsulot toʻliq hajmda yetkazilganligi haqidagi maʼlumotni olgandan soʻng bir ish kuni mobaynida:
elektron toʻlov topshiriqnomasini shakllantiradi va platforma operatoriga xizmat koʻrsatuvchi bankka yuboradi, bank esa toʻlov topshiriqnomasini olgandan soʻng bir ish kuni mobaynida xaridorning mablagʻini sotuvchiga yuboradi;
sotuvchining zakalatiga qoʻyilgan bandni bekor qiladi va zakalatni sotuvchining shaxsiy hisobvaragʻiga qaytaradi (zakalat shartnoma boʻyicha toʻlash summasiga qoʻshib hisoblangan hollar bundan mustasno).
36. Tuzilgan shartnoma boʻyicha mahsulot yetkazib berilganligi toʻgʻrisidagi axborot sotuvchi tomonidan taqdim qilinmaganda, HKKP ushbu shartnoma boʻyicha mahsulotni yetkazib berish muddati tugagandan soʻng uch ish kuni mobaynida:
xaridorning bitim boʻyicha pul mablagʻiga qoʻyilgan bandni bekor qiladi;
sotuvchi va xaridorning zakalatiga “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJning Arbitraj komissiyasini tegishli qarori qabul qilingunga yoki shartnoma bekor qilingunga qadar band qoʻyadi.
8-bob. Yakunlovchi qoidalar
37. Tomonlar oʻrtasida yuzaga kelgan nizolar “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJning Arbitraj komissiyasi tomonidan yoki sud tartibida hal etiladi.
38. Platforma operatori ushbu Nizom va boshqa qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etmagan platforma ishtirokchisini savdolarda ishtirok etishdan chetlatishga haqli.
39. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.10.2024-y., 09/24/621/0790-son)