O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Turizmning yangi turlarini joriy qilish hamda mamlakatimizning turistik salohiyatidan samarali foydalanishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
Turizmning yangi turlarini joriy qilish orqali mahalliy va xorijiy turistlar uchun qo‘shimcha imkoniyat va qulayliklar yaratish, turizm salohiyati yuqori hududlarda turistik xizmatlarni ko‘paytirish, shuningdek, 2024-yilda strategik yo‘nalishlardagi islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlar rejasining ijrosini ta’minlash maqsadida:
1. 2025-yil 1-yanvardan boshlab turizmning quyidagi yangi turlari joriy qilinsin:
mahsulot ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishishni nazarda tutuvchi sanoat turizmi;
oltin, ruda va boshqa mineral resurslar qazib oluvchi konlar, shaxtalar, faoliyat yuritmayotgan geologik obyektlarida texnologik jarayonlarni, shu jumladan, tog‘ jinslarini portlatish tadbirlarini bexatar masofadan kuzatish, mutaxassislar bilan muloqot qilish, tog‘ relyeflari bo‘yicha ekskursiyalarni tashkil qilishni nazarda tutuvchi geologiya turizmi;
ilmiy-tadqiqot institutlari va laboratoriyalar, observatoriyalar hamda planetariylar, Fanlar akademiyasi va uning tizimidagi tashkilotlarga tashrif buyurish orqali fan va texnika yutuqlari bilan tanishishni nazarda tutuvchi ilmiy turizm;
harbiy tarix va faoliyat bilan bog‘liq joylarga tashrif buyurish, yodgorliklar va tadbirlarda qatnashish, harbiy xizmatchilar hayoti va sharoitlari bilan yaqindan tanishish, hududlarda turistlarga o‘q otish bo‘yicha pulli xizmatlar tashkil qilishni nazarda tutuvchi harbiy turizm;
mamlakatning siyosiy hayoti, davlat organlari va tashkilotlarining tarixi va faoliyatini aks ettiruvchi joylarga, xususan, Hukumat bino va inshootlariga tashrif buyurishni o‘z ichiga olgan davlat-boshqaruv turizmi.
2. Turizmning yangi turlarini joriy etishga, shu jumladan, obyektlar ro‘yxatini shakllantirish, ularga kirish-chiqish tartibini ishlab chiqish, ularda pulli va bepul ko‘rsatiladigan xizmatlarni belgilash, tushayotgan mablag‘lardan samarali foydalanishga quyidagilar mas’ul etib belgilansin:
sanoat turizmi bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Investitsiyalar, sanoat va tashqi savdo vazirligi;
geologiya turizmi bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi;
ilmiy turizm bo‘yicha-O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Fanlar Akademiyasi;
harbiy turizm bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi;
davlat-boshqaruv turizmi bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi tegishli obyektlarga turistik marshrutlarni yo‘lga qo‘yish va ularga mahalliy va xorijiy turistlarni jalb qilish, yangi turizm xizmatlari bo‘yicha jamoatchilik muntazam ravishda xabardor qilib borsin.
(2-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 16-martdagi 105-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 17.03.2026-y., 09/26/105/0244-son)
3. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va tashqi savdo vazirligi, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Mudofaa vazirligi, Adliya vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Fanlar akademiyasi, Savdo-sanoat palatasi, tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda ushbu qarorning 2-bandida ko‘rsatilgan yangi turizm turlari bo‘yicha obyektlar ro‘yxati, ularga kirish-chiqish tartibi va xizmatlardan foydalanishni nazarda tegishli idoraviy hujjat qabul qilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining 2025-yil 1-yanvardan boshlab mahalliy va xorijiy turistlarga quyidagi xizmatlarni ko‘rsatish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin:
“G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi, “Shon-sharaf”, “Qurolli Kuchlar” davlat muzeylari va hududlardagi “Vatanparvarlar” bog‘larida harbiy texnika va qurol-aslahalar bilan bevosita tanishtirish;
Mudofaa vazirligining Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi Qibray sport majmuasi bazasida “Stendli otish” va o‘qotar qurollardan otishni pulli asosida yo‘lga qo‘yish.
5. 2025-yil 1-oktabrdan boshlab ichki turizm infratuzilmasi bo‘yicha aholi hamda turistlarning xabardorligini ta’minlash imkonini beruvchi, shuningdek quyidagi texnik imkoniyatlarni nazarda tutuvchi “Tourist map” interaktiv portali sinov tariqasida Samarqand shahrining xalqaro aeroportida ishga tushirilsin:
aeroport, temir yo‘l vokzallari, avtovokzallar, tarixiy, madaniy, ko‘ngilochar, ovqatlanish va shu kabi joylar hamda ularga yetib borish marshrutlari haqida ma’lumot taqdim etish;
aholi va turistlarning sayohat qilish muddati va qiziqishidan kelib chiqib, sayohat rejasini tuzib berish va matritsali shtrix kod (QR-kod) orqali mobil qurilmasiga o‘tkazib olish imkoniyatini yaratish;
turistlar oqimi yuqori bo‘lgan davlatlar tillarida axborot berish hamda tegishli hududning xaritasi namoyish etib borish.
6. O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi bir oy muddatda tajriba o‘tkazish davrida aeroport, temir yo‘l vokzallari hamda chegara o‘tish punktlarida turistlarga bir oy faol turistik sim-kartalarni mobil aloqa operatorlari tomonidan bepul berish amaliyotini joriy qilsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi Raqamli texnologiyalar vazirligi va Transport vazirligi bilan birgalikda 2025-yil 1-oktabrga qadar:
“Tourist map” interaktiv portalini yaratish ishlarini yakunlash hamda Samarqand shahrining xalqaro aeroportida interaktiv portal uskunalari joylashtirilishini ta’minlasin;
“Tourist map” interaktiv portali uskunalari atrofida bepul Wi-Fi zonalarini tashkil etsin;
“Tourist map” interaktiv portalining mobil ilovasini ishga tushirsin.
“Tourist map” interaktiv portali va uning mobil ilovasini ishlab chiqish, ishga tushirish, keyinchalik funksional imkoniyatlarini kengaytirish, texnik xizmat ko‘rsatish hamda interaktiv portal uskunalarini xarid qilish, saqlash va ta’mirlab borish xarajatlari Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yilsin.
Turizm qo‘mitasi tajriba yakunlari bo‘yicha iqtisodiy, moliyaviy va turistik tahlillarni amalga oshirsin va uning asosida “Tourist map” interaktiv portalini mamlakatning boshqa turizm oqimi yuqori bo‘lgan hududlarning aeroport, temir yo‘l vokzallari, avtovokzallarida ishga tushirish yuzasidan 2026-yil 1-sentabrga qadar Vazirlar Mahkamasiga asoslantirilgan takliflar kiritsin.
8. Turistlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, transport-logistika sohasini va biznes jarayonlarini raqamlashtirish maqsadida 2024-yil yakuniga qadar:
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi bilan birgalikda avtotransport vositalarini ijaraga berish xizmatlarini ko‘rsatuvchi mahalliy va xorijiy kompaniyalar (“Hertz”, “Avis”, “Sixt” kabi) faoliyatini mamlakatning aeroport va temir yo‘l vokzallari hududlarida yo‘lga qo‘yish uchun qulay sharoitlar yaratish choralarini ko‘rsin;
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda hududlar bo‘yicha turistik yo‘nalishlar va obyektlarni qamrab oluvchi ro‘yxatni shakllantirib, “Apple” va “Google” xalqaro xaritalarga taqdim etilishini va muntazam ravishda reyestri yangilab borilishini ta’minlasin;
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi bilan birgalikda xalqaro onlayn to‘lov kompaniyalari (“Paypal”, “Alipay”, “UniPay”, “Apple Pay”, “Google Pay” kabi) bilan muzokara o‘tkazib ushbu vositalarni O‘zbekistondagi to‘lov tizimlari va bank xizmatlariga ulashni yo‘lga qo‘ysin, zarur hollarda, milliy qonunchilik talablarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar kiritsin.
9. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 31-dekabrdagi 1053-son qarori bilan 2020-2021-yillarda Toshkent viloyatida turizm sohasini jadal rivojlantirish va “Oltin halqa” turizm konsepsiyasini amalga oshirish chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Toshkent viloyati hokimligi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Transport vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, bilan birgalikda uch oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi va yangilangan 2025-2027-yillarda Toshkent viloyatida turizmni rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
Toshkent viloyatida ichki turizmni iqtisodiyotning ustuvor tarmog‘i sifatida rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli kompleks rivojlantirish rejasini belgilash;
turistik-rekreatsion zonalarda davlat-xususiy sheriklik va klaster yondashuviga asoslangan kompleks infratuzilma loyihalarini amalga oshirish;
turistlarning uzoq muddatga qolishi va takroran kelishlari uchun shart-sharoitlar yaratish, shu jumladan, tuman (shahar)larni o‘zaro bog‘lovchi turistik yo‘nalishlarni ishlab chiqish;
har bir hududda turizm obyektlariga olib boruvchi yo‘l ko‘rsatkichlar (navigatsiyalar)ni ishlab chiqish orqali turistlarga qulayliklar yaratish;
hududlarning tabiiy holatini hamda qishloqlarning asl qiyofasini saqlagan holda, sayyohlarni milliy madaniyat va qadriyatlar bilan tanishtirish.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri A.A. Abduxakimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 18-sentabr,
582-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 26.09.2024-y., 09/24/582/0750-son; 17.03.2026-y., 09/26/105/0244-son)