Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qishloq xoʻjaligida erkin bozor munosabatlarini yanada rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari belgilanganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi sohasida erkin bozor munosabatlarini yanada rivojlantirish, mahsulot yetishtiruvchilar va xarid qiluvchilar oʻrtasidagi munosabatlarni bozor tamoyillari asosida amalga oshirishga qaratilgan islohotlar hayotga tatbiq etilmoqda.
Shu bilan birga, bu borada amalga oshirilayotgan ishlarning huquqiy asosini tashkil etuvchi qonunchilik hujjatlarini oʻzaro muvofiqlashtirish maqsadida ularga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish zarurati mavjud.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligida erkin bozor munosabatlarini yanada rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 12-dekabrdagi PF-205-son Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) faoliyatining asosiy vazifalari, huquq va majburiyatlarini hamda uning mablagʻlarini shakllantirishning asosiy manbalarini qayta belgilash;
Jamgʻarma tomonidan toʻlanadigan subsidiyalarni Iqtisodiyot va moliya vazirligining “Subsidiyalar” portali orqali berish;
maʼmuriy islohotlar doirasida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari nomlarini qonunchilik hujjatlariga muvofiqlashtirish;
Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan imtiyozli kreditlashning foiz va muddatlarini qayta belgilash;
“Agroplatforma” AT orqali imtiyozli kreditlash uchun ariza berishni soddalashtirish;
mahsulot yetkazib berish boʻyicha birja savdolari orqali tuzilgan fyuchers shartnomalarini bekor qilish hamda mahsulotni qayta savdoga chiqarish tartibini amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiqlashtirish.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari J.A. Qoʻchqorov va J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 14-sentabr,
577-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 14-sentabrdagi 577-son qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 25-maydagi 95-son qarori bilan tasdiqlangan Don va don mahsulotlarini qabul qilish, saqlash, ichki tashish, qayta ishlash va sotishning dastlabki hisobini yuritish va rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 1-banddagi “davlat ehtiyojlari uchun don xarid qilish,” soʻzlari “bugʻdoyni davlat resursi uchun xarid qilish, shuningdek, bugʻdoy yetishtiruvchilardan vaqtincha saqlashga qabul qilish,” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) II bobning nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“II. Qishloq xoʻjaligi subyektlaridan bugʻdoyni davlat resursi uchun xarid qilish, shuningdek, vaqtincha saqlashga qabul qilishni rasmiylashtirish”;
v) 9-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tijorat vakili boʻlgan don korxonalari tomonidan davlat resursi uchun bugʻdoy qishloq xoʻjaligi subyektlaridan tuzilgan shartnomalarga muvofiq Oʻzbekiston tovar-xom ashyo birjasida 3-sinf bugʻdoy uchun shakllangan oʻrtacha narxda xarid qilinadi”;
g) 10-banddagi “Davlat ehtiyojlari uchun qishloq xoʻjaligi korxonalaridan xarid qilinadigan donga” soʻzlari “Qishloq xoʻjaligi subyektlaridan davlat resursi uchun xarid qilinadigan, shuningdek, vaqtincha saqlashga qabul qilinadigan bugʻdoyga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
d) 13-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“13. Qabul kvitansiyalari shakllari belgilangan tartibda tasdiqlanadi va qishloq xoʻjaligi subyektlari tomonidan bugʻdoy davlat resursi uchun sotilganligini, shuningdek, vaqtincha saqlash uchun topshirilganligini tasdiqlaydigan hujjat hisoblanadi.
Bunda har yilgi yangi hosilni qabul qilish hisobi bosh korxona elevatori va omborlari tomonidan alohida yuritiladi”;
e) 32-bandning birinchi va ikkinchi xatboshilaridagi “Davlat ehtiyojlari uchun” soʻzlari chiqarib tashlansin;
j) 60-band “asosiy” soʻzidan oldin “Jamgʻarmaning topshirigʻiga koʻra” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
z) 61-bandning uchinchi xatboshisi “filiallar” soʻzidan oldin “Jamgʻarmaning topshirigʻiga asosan” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
i) 74-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“74. Davlat zaxirasidagi bugʻdoyni yangilash jarayonida olingan mahsulotlar birja savdolarida gʻolib boʻlgan tadbirkorlik subyektlariga Jamgʻarmaning topshirigʻiga asosan chiqim qilinadi.
Donni tozalashda olingan qoʻshimcha mahsulotlar va chiqindilar ogʻirligi boʻyicha chiqindilar sexiga (omborga) beriladi, asosiy ekin boʻyicha hisobraqamdan chiqim qilinadi va saqlash joyi boʻyicha kirim qilinadi”;
k) 77-bandning birinchi xatboshisi “keyin ular” soʻzlaridan keyin “, shuningdek, har yilgi hosil uchun birlamchi hisobotlar hamda 36-shakl hisobraqamlari bilan miqdor-sifat hisobi boʻyicha alohida” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
l) 155-bandning ikkinchi xatboshidagi “hisob raqamlari bilan, miqdor-sifat hisobi boʻyicha bitta” soʻzlari “, shuningdek, har yilgi hosil uchun birlamchi hisobotlar hamda 36-shakl hisobraqamlari bilan miqdor-sifat hisobi boʻyicha alohida” soʻzlari bilan almashtirilsin;
m) 172-bandning birinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
n) 180-band quyidagi mazmundagi oltinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Jamgʻarmaning tijorat vakili boʻlgan don korxonalari tomonidan elevator va omborlarni avvalgi yillar hosillaridan tozalash dalolatnomasi tuziladi, bunda tabiiy kamayish miqdori hisoblangan don partiyasiga tabiiy kamayish miqdorini qayta hisoblashga yoʻl qoʻyilmaydi”;
o) 183-bandning “a” kichik bandi quyidagi mazmundagi oltinchi — sakkizinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“davlat resursi uchun qabul qilingan bugʻdoyning tabiiy kamayish miqdori bosh korxona elevatorlari va omborlariga hamda don qabul qilish shoxobchalariga oʻrim davrida toʻgʻridan-toʻgʻri qabul qilinganda, 2 foizdan;
davlat resursi uchun qabul qilingan bugʻdoyning tabiiy kamayish miqdori don qabul qilish shoxobchalaridan bosh korxona elevatorlari va omborlariga hamda bugʻdoy tanqisligi kuzatilgan hududlarga tashib keltirilganda, 1 foizdan oshishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Davlat resursi uchun qabul qilinib, Jamgʻarmaning tijorat vakiliga qarashli boʻlgan saqlash sigʻimida saqlanayotgan bugʻdoy hajmida normativdan ortiqcha kamayish (yoʻqotish) aniqlanganda, kamomad deb hisoblanadi”.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi toʻgʻrisida nizomini tasdiqlash haqida” 2018-yil 12-iyuldagi 533-son qarorida:
a) nomidagi, 1 va 3-bandlardagi “Moliya” soʻzi “Iqtisodiyot va moliya” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) ilovada:
nomidagi, 2-banddagi, 12-bandning oltinchi xatboshidagi, 18 va 35-bandlardagi “Moliya” soʻzi “Iqtisodiyot va moliya” soʻzlari bilan almashtirilsin;
1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) maqomi va faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi”;
“5. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirishning asosiy manbalari hisoblanadi:
tijorat banklariga maqsadli joylashtirilgan kredit resurslari hamda lizing tashkilotlariga qishloq xoʻjaligi texnikasini lizing shartlarida yetkazib berishni moliyalashtirish uchun joylashtirilgan qarz mablagʻlarini qaytarishdan tushadigan tushumlar va ularga hisoblangan foiz toʻlovlari;
Jamgʻarma tomonidan sotib olingan bugʻdoyni xarid qilish (sotib olish, saqlash, tashish va sotish xarajatlari bilan birga) va sotish narxlari oʻrtasida yuzaga kelgan ijobiy tafovut;
jalb etilgan chet el kreditlari boʻyicha valyutaning ayirboshlash kursining oʻzgarishi natijasida yuzaga keladigan zararni qoplash uchun Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan ajratilgan mablagʻlar;
jalb etiladigan kreditlar, shu jumladan, chet el kreditlari va investitsiyalar, xalqaro moliya institutlari grantlari va donor tashkilotlarning mablagʻlari;
Jamgʻarma mablagʻlarini tijorat banklariga depozitga joylashtirishdan tushadigan daromadlar;
qishloq xoʻjaligi texnikasi lizing yoki kredit shartlarida xarid qilinganda ularning foiz xarajatlari, shuningdek, qishloq xoʻjaligi texnikasi va lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislash agregati qiymatini qisman qoplash uchun subsidiya berishga Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan ajratilgan mablagʻlar;
moliyaviy taqchillikni bartaraf etish uchun jalb etilgan mablagʻlar, shu jumladan, budjet ssudasi va tijorat banklariga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun joylashtirilgan resurslarning foiz stavkalari oʻrtasida, shuningdek, bugʻdoyni birjada sotishda yuzaga keladigan salbiy tafovutni qoplash uchun Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan ajratilgan mablagʻlar;
budjet tizimining budjetlaridan jalb qilinadigan mablagʻlar;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
6. Jamgʻarma mablagʻlari quyidagi maqsadlar uchun sarflanadi:
paxta xom ashyosi, bugʻdoy, meva, uzum, sabzavot, kartoshka, poliz ekinlari, gul, koʻkatlar va dorivor oʻsimliklar, makkajoʻxori doni, dukkakli va moyli ekinlarni yetishtirish xarajatlarini hamda paxta xom ashyosi xaridining yakuniy hisob-kitobini kreditlash, shuningdek, meva-sabzavotlarni qayta ishlovchi, saqlovchi va eksport qiluvchilarga — yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini xarid qilishga talab etiladigan aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun “revolver” kreditlarni ajratish, yangi uzumzorlarni barpo qilish, koʻchat tayyorlash va “in-vitro” laboratoriyalarini ishga tushirish loyihalarini amalga oshirish uchun tijorat banklariga kredit resurslarini joylashtirish, zamonaviy va yuqori unumli qishloq xoʻjaligi texnikalarini imtiyozli lizing shartlarida yetkazib berishni moliyalashtirish;
gʻalla yetishtirish, xarid qilish va sotishga bozor tamoyillarini keng joriy etishni muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi taklifiga asosan tijorat vakili bilan birgalikda ichki bozorda narx barqarorligini taʼminlash uchun xorijiy davlatlardan bugʻdoy sotib olish;
jalb qilingan budjet ssudasi, kredit va unga hisoblangan foizlarni qaytarish;
jalb qilingan chet el kreditlari boʻyicha chet el valyutasi va soʻmdagi barcha xarajatlarni, valyuta kursi hamda foiz toʻlovlari boʻyicha, shuningdek, bugʻdoyni birjada sotishda yuzaga keladigan zararlarni qoplash;
Jamgʻarma tomonidan sotib olingan bugʻdoyni xarid qilish (sotib olish, saqlash, tashish va sotish xarajatlari bilan birga) va sotish narxlari oʻrtasidagi salbiy tafovut boʻyicha zararlarni qoplash;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasini boshqarish departamentini (keyingi oʻrinlarda — Departament) saqlash xarajatlarini moliyalashtirish”;
7-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. Quyidagilar Jamgʻarmaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
paxta xom ashyosi, bugʻdoy yetishtirish xarajatlari hamda paxta xom ashyosi xaridining yakuniy hisob-kitobini kreditlash;
meva, uzum, sabzavot, kartoshka, poliz ekinlari, gul, koʻkatlar va dorivor oʻsimliklar, makkajoʻxori doni, dukkakli va moyli ekinlarni yetishtirish xarajatlarini kreditlash;
meva-sabzavotlarni qayta ishlovchi, saqlovchi va eksport qiluvchilarga — yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini xarid qilishga talab etiladigan aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun “revolver” kreditlarni ajratish;
yangi uzumzorlarni barpo qilish, koʻchat tayyorlash va “in-vitro” laboratoriyalarini ishga tushirish loyihalarini amalga oshirish uchun tijorat banklariga kredit resurslarini joylashtirish;
ichki bozorda don va non mahsulotlari narxlari barqarorligini taʼminlash uchun zarur hajmdagi bugʻdoyni bozor narxlarida xarid qilish va birja savdolariga qoʻyish;
fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi subyektlariga zamonaviy, yuqori samarali qishloq xoʻjaligi texnikalarini yetkazib berishni davlat tomonidan ragʻbatlantirish;
tijorat banklariga joylashtirilgan maqsadli kredit resurslarini va qarz mablagʻlarini belgilangan muddatda qaytarilishini monitoring qilish;
qishloq xoʻjaligini moliyalashtirish va hisob-kitob tizimini raqamlashtirish uchun zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
rivojlangan xorijiy davlatlarning agrar sohani moliyalashtirish boʻyicha tajribasini oʻrganish hamda mamlakatimizda joriy qilish”;
oltinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
yettinchi — sakkizinchi xatboshilar tegishlicha oltinchi — yettinchi xatboshilar deb hisoblansin;
9-bandning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“tijorat banklari, tijorat vakillari va lizing tashkilotlari Jamgʻarma kredit resurslari, qarz mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, hisobvaraqlardan koʻchirma va hisobotlarni olish, shuningdek, “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJdan birja savdolari toʻliq amalga oshirilganligi va majburiyatlar bajarilganligi toʻgʻrisida belgilangan tartibda maʼlumotlarni olish”;
10-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“10. Jamgʻarmaga quyidagi majburiyatlar yuklanadi:
paxta xom ashyosi, bugʻdoy, meva, uzum, sabzavot, kartoshka, poliz ekinlari, gul, koʻkatlar va dorivor oʻsimliklar, makkajoʻxori doni, dukkakli va moyli ekinlarni yetishtirish xarajatlarini, paxta xom ashyosi xaridining yakuniy hisob-kitobini, shuningdek, meva-sabzavotlarni qayta ishlovchi, saqlovchi va eksport qiluvchilarga — yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini xarid qilishga talab etiladigan aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun “revolver” kreditlarni ajratish hamda yangi uzumzorlarni barpo qilish, koʻchat tayyorlash va “in-vitro” laboratoriyalarini ishga tushirish loyihalarini amalga oshirish uchun tijorat banklariga kredit resurslarini joylashtirish, zamonaviy va yuqori unumli qishloq xoʻjaligi texnikalarini imtiyozli lizing shartlarida yetkazib berishni moliyalashtirish;
Jamgʻarma tushumlarini tahlil qilish, oʻz vaqtida tushishini nazorat qilish;
jalb etiladigan kreditlardan, xalqaro moliya institutlari grantlari va donor tashkilotlarning mablagʻlaridan maqsadli foydalanish”;
21-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“21. Tijorat banklari paxta xom ashyosi, bugʻdoy yetishtirish xarajatlari hamda paxta xom ashyosi xaridining yakuniy hisob-kitobini, shuningdek, meva, uzum, sabzavot, kartoshka, poliz ekinlari, gul, koʻkatlar va dorivor oʻsimliklar, makkajoʻxori doni, dukkakli va moyli ekinlarni yetishtirish xarajatlarini kreditlash, meva-sabzavotlarni qayta ishlovchi, saqlovchi va eksport qiluvchilarga — yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini xarid qilishga talab etiladigan aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun “revolver” kreditlarni ajratish hamda yangi uzumzorlarni barpo qilish, koʻchat tayyorlash va “in-vitro” laboratoriyalarini ishga tushirish loyihalarini amalga oshirish uchun tijorat banklariga kredit resurslarini joylashtirish, zamonaviy va yuqori unumli qishloq xoʻjaligi texnikalarini imtiyozli lizing shartlarida yetkazib berishni moliyalashtirish boʻyicha Jamgʻarmaning moliya agenti hisoblanadi”;
22-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
23-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“23. Jamgʻarma kredit resurslari va qarz mablagʻlarini tijorat banklari bilan tuzilgan Bosh bitimga asosan maxsus ochilgan maqsadli hisobvaraqlarga joylashtiradi”;
24 va 25-bandlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
27-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
28-banddagi ““Oʻzagrolizing” aksiyadorlik jamiyati va “Oʻzmashlizing” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan davlat xaridi uchun yetishtiriladigan” soʻzlari “Lizing tashkilotlari tomonidan” soʻzlari bilan almashtirilsin;
30-banddagi “davlat xaridi uchun tijorat agentlari tomonidan xarid qilinadigan” soʻzlari chiqarib tashlansin;
31-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“31. Moliya agenti tomonidan Jamgʻarmaning kredit resurslari va unga hisoblangan foiz toʻlovlari ushbu kredit resurslari hisobidan ajratilgan kreditlar va ularga hisoblangan foiz toʻlovlaridan oladigan daromadlari hisobidan, shuningdek, lizing tashkilotlari tomonidan Jamgʻarmaning qarz mablagʻlari va unga hisoblangan foiz toʻlovlari zamonaviy va yuqori unumli qishloq xoʻjaligi texnikalarini imtiyozli lizing shartlarida yetkazib berishdan olgan daromadlari hisobidan (asosiy qarz va foizlari bilan birga) qaytariladi”;
33-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
34-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“34. Tijorat banklari Jamgʻarma kredit resurslari va ularga hisoblangan foizlarni oʻz vaqtida Jamgʻarmaga toʻlamaganligi, tijorat vakillari, lizing tashkilotlari va ularning hududiy korxona va tashkilotlari rahbarlari, shuningdek, qishloq xoʻjaligi subyektlarining rahbarlari va bosh buxgalterlari Jamgʻarma mablagʻlarini maqsadga muvofiq ishlatmaganligi, hisob-kitob qilish tartibini buzganligi uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar”.
3. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 24-avgustdagi 505-son qarori bilan tasdiqlangan Qishloq xoʻjaligi ekinlarini oqilona joylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 18-band quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Tuproqning bir bonitet balliga nisbatan normativ hosildorligi (sentner/gektar) toʻgʻrisidagi gʻoʻza ekinining normativ hosildorligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar “CropAgro” axborot tizimidan “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ axborot tizimiga yuboriladi”;
b) uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar tegishlicha toʻrtinchi va beshinchi xatboshilar deb hisoblansin.
4. Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarini davlat tomonidan moliyaviy qoʻllab-quvvatlashni tashkil etish toʻgʻrisida” 2021-yil 11-martdagi 130-son qarorida:
a) 2-ilovada:
1-banddagi “Urugʻchilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi elita urugʻchilik xoʻjaliklari va gʻallachilik klasterlariga” soʻzlari “urugʻchilik xoʻjaliklari va yer uchastkasi mavjud boʻlgan boshqa qishloq xoʻjaligi subyektlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
3-band quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Bunda tijorat banki tomonidan urugʻlik bugʻdoy uchun buyurtmanomalar urugʻlik tayyorlash korxonalari tomonidan taqdim etilgan hisob-kitoblarga muvofiq shakllantiriladi”;
ikkinchi xatboshi uchinchi xatboshi deb hisoblansin;
5-banddagi “yalpi hosili” soʻzlari “normativ hosildorligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
13-banddagi “gʻalla yalpi hosili” soʻzlari “bugʻdoy normativ hosildorligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
20-bandning ikkinchi xatboshidagi va 21-banddagi “Jamgʻarmadan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari uchun ajratilgan maqsadli mablagʻlar hisobvaragʻi” soʻzlari “23210 hisobvaragʻi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 3-ilovada:
nomidagi, 1-banddagi va 4-bandning uchinchi xatboshidagi “va moyli” soʻzlari “, moyli va sholi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
3-banddagi “har oyning 5-sanasiga qadar” soʻzlari “har oyda” soʻzlari bilan almashtirilsin;
5-bandning ikkinchi xatboshidagi va 13-bandning ikkinchi xatboshidagi “6 oylik imtiyozli davr” soʻzlari “6 oylik imtiyozli davr va soʻnggi 6 oyda teng ulushlarda qaytarish sharti” soʻzlari bilan almashtirilsin;
nomidagi “va moyli” soʻzlari “, moyli va sholi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
1-bosqich pozitsiyasi “Amalga oshirish mexanizmi” ustunidagi “sabzavot” soʻzi “meva-sabzavot mahsulotlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
2-bosqich pozitsiyasi “Amalga oshirish mexanizmi” ustunidagi “asosiy maydonlarida sabzavot” soʻzlari “meva-sabzavot mahsulotlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
4 va 5-bosqich pozitsiyalari “Amalga oshirish mexanizmi” ustunidagi “asosiy maydonlarda sabzavot” soʻzlari “meva-sabzavot mahsulotlari” soʻzlari bilan almashtirilsin.
5. Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 3-iyundagi 227-son qarori bilan tasdiqlangan Ichki bozorda bugʻdoy narxi barqarorligini taʼminlash uchun bugʻdoyni xarid qilish va birja savdolari orqali sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 7-band quyidagi mazmundagi oltinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Urugʻlik bugʻdoy tayyorlash korxonalariga 2023-yil hosilidan urugʻlik bugʻdoyni xarid qilish, tayyorlash va sugʻurta toʻlovlari uchun Jamgʻarmadan ajratilgan qarz mablagʻlarini qaytarish muddati, istisno tariqasida, 2024-yil 1-oktabrga qadar uzaytiriladi”;
b) 24-band quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Ushbu salbiy tafovut summasi Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan qoplanadi”.
6. Vazirlar Mahkamasining “Paxta xom ashyosini yetishtirish va paxta yigʻim-terimi xarajatlarini kreditlash hamda ularni realizatsiya qilishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida “ 2023-yil 25-dekabrdagi 680-son qarorida:
a) 1-ilovada:
2-bandning toʻrtinchi va beshinchi xatboshlari “paxta-toʻqimachilik klasterlari” soʻzlaridan keyin “yoki toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan korxonalar” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
3-banddagi “paxta-toʻqimachilik klasterlari” soʻzlari “paxta-toʻqimachilik klasterlari yoki toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan korxonalar” soʻzlari bilan almashtirilsin;
9-bandning “d” kichik bandidagi “paxta-toʻqimachilik klasterlarining” soʻzlari “paxta-toʻqimachilik klasterlari hamda toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan korxonalarning” soʻzlari bilan almashtirilsin;
18-bandning “d” kichik bandida:
“paxta-toʻqimachilik klasterlarining” soʻzlari “paxta-toʻqimachilik klasterlari hamda toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan korxonalarning” soʻzlari bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan korxonalarda Jamgʻarmaning kredit resurslari hisobidan tijorat banklari tomonidan avval ajratilgan kreditlar boʻyicha muddati oʻtgan qarzdorliklar mavjud boʻlganda, ularga paxta xom ashyosini xarid qilishning yakuniy hisob-kitobi uchun kreditlar ajratilmaydi”;
b) 2-ilovada:
birinchi xatboshidagi “1-noyabrdan” soʻzlari “1-oktabrdan” soʻzlari bilan almashtirilsin;
ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Bunda fyuchers shartnomasi asosida paxta xom ashyosini birja savdosiga qoʻyish uchun boshlangʻich narx mazkur Nizomning 13-bandida belgilangan tartibda aniqlanadi”;
9-banddagi “avans” soʻzi “zakalat” soʻzi bilan almashtirilsin;
13-bandning oʻninchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Yuqorida keltirilgan formula asosida hisoblangan oʻrtacha narxdan kelib chiqib, paxta xom ashyosi xaridining yakuniy hisob-kitoblari mazkur Nizomga 1-ilovadagi har bir sanoat navi, sinfi va tipi boʻyicha koeffitsiyentlarni oʻrtacha narxga koʻpaytirgan holda amalga oshiriladi”;
2-bob quyidagi mazmundagi 171-band bilan toʻldirilsin:
“171. Amaldagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda fyuchers shartnomasi taraflaridan biriga nisbatan sud qaroriga koʻra toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ish yuritish boshlangan taqdirda yoki taraf toʻlovga qobiliyatsiz deb topilganda, fyuchers shartnomasi ikkinchi tarafning talabiga asosan sud tartibida yoki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoxud Vazirlar Mahkamasining qarorlariga asosan Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan paxta-toʻqimachilik klasteri klasterlar reyestridan chiqarilganda bekor qilinadi hamda toʻlovga qobiliyatsiz taraf toʻgʻrisidagi maʼlumot “Agroplatforma” AT axborot tizimidan chiqariladi.
Bunda paxta-toʻqimachilik klasteriga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ish yuritish boshlangan taqdirda yoki u toʻlovga qobiliyatsiz deb topilganda yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasining qarorlariga asosan Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan paxta-toʻqimachilik klasteri klasterlar reyestridan chiqarilganda:
shartnoma bekor boʻladi va zakalat pullari paxta xom ashyosi yetishtiruvchi foydasiga jarima sifatida oʻtkaziladi;
mahsulot birja savdolariga avtomatik ravishda qayta sotuvga chiqariladi.
Bunda fyuchers shartnomasi orqali sotilmay qolgan paxta xom ashyosi yigʻim-terim davrida paxta xom ashyosi yetishtiruvchilari tomonidan spot shartnomalari asosida sotiladi. Sotuvdan tushgan mablagʻlar paxta xom ashyosi yetishtiruvchilarning 23210 hisobvaragʻiga yoʻnaltiriladi”;
“komissiyasi” soʻzidan keyin” “yoki sud” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
quyidagi mazmundagi ikkinchi va uchinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“Bunda fyuchers shartnomasi mahsulot yetkazib berish muddatidan oldin taraflarning oʻzaro kelishuvi asosida yoki iqtisodiy sud orqali bekor qilinadi.
Fyuchers shartnomasi iqtisodiy sud tomonidan bekor qilingan taqdirda, qonuniy kuchga kirgan sudning hal qiluv qarori asosida fyuchers shartnomasi narxida mahsulot birja savdolariga avtomatik ravishda qayta sotuvga chiqariladi”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.09.2024-y., 09/24/577/0722-son)