Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Qishloq xoʻjaligi korxonalarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Qishloq xoʻjaligida soliq toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarini soddalashtirish va soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish yoʻli bilan tadbirkorlik subyektlariga soliq yukini kamaytirish, mamlakatimiz hududlari oʻrtasidagi iqtisodiy tengsizlikni qisqartirish, tumanlar va shaharlarni ularning sharoitlari, salohiyati va imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda yanada rivojlantirish maqsadida:
1. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Soliq qoʻmitasining:
shaharlar va shaharchalarning maʼmuriy chegaralarida joylashgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalari uchun ikki baravar miqdorida yer soligʻini hisoblash tartibini bekor qilish;
shaharlar va shaharchalarning maʼmuriy chegaralarida joylashgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalari uchun yer soligʻini amaldagi qonunchilikdan kelib chiqib hisoblash tartibini oʻrnatish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Iqtisodiyot va moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur qarordan kelib chiqib, Soliq kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
3. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Soliq qoʻmitasi raisi Sh.D. Kudbiyev belgilansin.
Qaror ijrosini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 28-avgust,
PQ-304-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2024-y., 07/24/304/0663-son)