Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Baholash faoliyati yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimchalar va oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2024-yil 27-fevralda qabul qilingan
Senat tomonidan 2024-yil 18-mayda maʼqullangan
Keyingi yillarda mamlakatimizda sud-ekspertlik va baholash faoliyatini yanada rivojlantirishga, qonun ustuvorligini taʼminlashga hamda insonning huquq va erkinliklarini himoya qilishga, shuningdek mamlakatimizning xalqaro reytinglar va indekslardagi koʻrsatkichlarini yaxshilashga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga bugungi kunda amaldagi qonunchilik hujjatlarida baholash faoliyatini tartibga soluvchi ayrim boʻshliqlarning mavjudligi ularning qayta koʻrib chiqilishini talab etmoqda.
Xususan, sud ekspertlari va baholovchi tashkilotlar uchun baholashning umumiy qoidalari hamda tartib-taomillari belgilanmagan boʻlib, bu tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish zaruratini yuzaga keltirmoqda.
Ushbu Qonun bilan “Baholash faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga baholovchi nazorat qiluvchi yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan oʻtkaziladigan tekshirishlarda va boshqa tadbirlarda faqat baholovchi tashkilot hamda ushbu organlar oʻrtasida tuzilgan shartnoma asosida ekspert sifatida ham ishtirok etishi mumkinligini nazarda tutuvchi oʻzgartirish kiritilmoqda.
Bundan tashqari “Sud ekspertizasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qoʻshimcha kiritilib, unga muvofiq kamida uch yil ish stajiga ega boʻlgan sud ekspertlari baholash toʻgʻrisidagi hisobotlarda qoʻllanilgan usullarning ilmiy jihatdan asoslanganligi nuqtai nazaridan sud ekspertizasini oʻtkazishi mumkin. Shuningdek sud ekspertining tekshirishlarni oʻtkazishda uning xulosasiga nisbatan belgilangan talablarga, shuningdek tegishli sohadagi qonunchilik hujjatlariga rioya etish boʻyicha majburiyati nazarda tutilmoqda.
Ushbu Qonun baholash toʻgʻrisidagi hisobotlarning ishonchliligini tekshirish chogʻida muammolarni bartaraf etishga, fuqarolarning ortiqcha xarajatlarini kamaytirishga, shuningdek respublikamizda mol-mulkning haqiqiy qiymatini aniqlashga doir yagona yondashuvni joriy etishga xizmat qiladi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yil 19-avgustda qabul qilingan “Baholash faoliyati toʻgʻrisida”gi 811-I-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-yil, № 9, 208-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 4, 154-modda; 2009-yil, № 4, 135-modda; 2014-yil, № 5, 130-modda; 2015-yil, № 8, 312-modda; 2017-yil, № 6, 300-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 10, 968-modda; 2022-yil, № 6, 577-modda) 42-moddasining toʻrtinchi qismi “mutaxassis” degan soʻzdan keyin “yoki ekspert” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yil 1-iyunda qabul qilingan “Sud ekspertizasi toʻgʻrisida”gi OʻRQ-249-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2010-yil, № 6, 230-modda; 2016-yil, № 9, 276-modda; 2017-yil, № 9, 510-modda; 2019-yil, № 5, 261, 267-moddalar; 2021-yil, 4-songa ilova) quyidagi qoʻshimchalar va oʻzgartirish kiritilsin:
1) 11-modda quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Baholash toʻgʻrisidagi hisobotlarda qoʻllanilgan usullarning ilmiy jihatdan asoslanganligi nuqtai nazaridan sud ekspertizasi kamida uch yil ish stajiga ega boʻlgan sud ekspertlari tomonidan oʻtkazilishiga yoʻl qoʻyiladi”;
2) 16-moddaning birinchi qismi:
quyidagi mazmundagi sakkizinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“tekshirishlarni oʻtkazishda sud ekspertining xulosasiga nisbatan belgilangan talablarga, shuningdek tegishli sohadagi qonunchilik hujjatlariga rioya etishi”;
sakkizinchi xatboshisi toʻqqizinchi xatboshi deb hisoblansin.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
4-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
5-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 26-avgust,
OʻRQ-945-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.08.2024-y., 03/24/945/0653-son; 12.06.2026-y., 03/26/1152/0597-son)