Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Sholi yetishtiruvchilar faoliyatini qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Soʻnggi yillarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishni koʻpaytirish va respublikada oziq-ovqat narxlari barqarorligini taʼminlash, shuningdek, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, bugungi kunda tobora kuchayib borayotgan suv taqchilligi va qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga boʻlgan talabning kengayishi suvni koʻp isteʼmol qiladigan ekinlarni yetishtirishda suvni tejaydigan texnologiyalarni keng qoʻllash zaruratini yuzaga keltirmoqda.
Respublikada sholi yetishtirish, saqlash, qayta ishlashning uzluksiz va samarali tizimini joriy etish, ichki isteʼmol bozorini guruch mahsulotlari bilan barqaror taʼminlash, shuningdek, sohada ilmiy-tadqiqot ishlarini kengaytirish maqsadida:
1. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
a) 2024-yil 1-sentabrdan boshlab fermer, dehqon xoʻjaliklari va boshqa mahsulot yetishtiruvchilarga sholi yetishtirish va xarid qilish xarajatlarini moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-dekabrdagi “Meva-sabzavotchilik sohasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, tarmoqda klaster va kooperatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-52-son qarorida belgilangan shartlarda imtiyozli kreditlar ajratiladi.
Bunda sholi xarid qilish boʻyicha shartnomalar sholichilik klasterlari bilan fermer xoʻjaliklari oʻrtasida Qishloq xoʻjaligi vazirligining “Agroplatforma” axborot tizimi orqali tuziladi;
b) 2025-2026-yillarda qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan sholi ekish uchun xarid qilingan va ishlab chiqarilganiga bir yildan oshmagan yangi urugʻ seyalkalari hamda koʻchatlab ekish uskunalari qiymatining 20 foizi Davlat budjetidan subsidiyalar ajratish orqali qoplab beriladi;
v) Xorazm viloyatida sholi yetishtiruvchi qishloq xoʻjaligi korxonalari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun Davlat budjetidan ularga quyidagi qoʻshimcha subsidiyalar ajratiladi:
sholi yetishtirish uchun har bir gektar lazerli tekislangan maydonga sarflangan yoqilgʻi-moylash materiallari xarajatlarining 100 foizini, biroq bir gektar uchun umumiy xarajat miqdorining 1 mln soʻmdan ortiq boʻlmagan qismini qoplash uchun;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-martdagi “Qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-144-son qarorida belgilangan miqdorlarda zamonaviy suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish bilan bogʻliq xarajatlarning bir qismini qoplash uchun.
2. Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Xorazm viloyati hokimligi ikki oy muddatda Koreya Respublikasining “KOPIA” markazi bilan hamkorlikda Gurlan tumanida masʼuliyati cheklangan jamiyatlar shaklida sholi elita urugʻchilik markazlari (keyingi oʻrinlarda — urugʻchilik markazlari) tashkil etilishini taʼminlasin.
Belgilansinki:
Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda urugʻchilik markazlarida yuqori avlodli urugʻlikni koʻpaytirish yoʻlga qoʻyiladi;
urugʻchilik markazlari yuqori avlodli urugʻliklarni karantin nazoratidan oʻtkazilgan xorijiy kompaniyalardan yoki Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutidan qabul qiladi va koʻpaytirishni tashkil etadi;
urugʻchilik markazlariga sholining elita avlodli urugʻchiligini yetishtirish uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda yer maydonlari ajratiladi;
urugʻchilik markazlari tomonidan urugʻlik sholini tozalash, saralash va qadoqlash ishlari amalga oshiriladi.
3. Qishloq xoʻjaligi vazirligi uch oy muddatda Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi bilan Filippin Xalqaro sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti oʻrtasida doimiy hamkorlik aloqalarini oʻrnatgan holda, sholining shoʻrga, qurgʻoqchilikka chidamli ertapishar liniyalar va xalqaro standartlarga mos navlar urugʻlarini olib kelib, Xorazm viloyatining tuproq-iqlim sharoitida muntazam sinovlar oʻtkazilishini yoʻlga qoʻysin. Bunda:
xorijiy va mahalliy genofonddan samarali foydalangan holda, sholining yangi navlarini yaratish tizimi yanada takomillashtirilib, ushbu sohaga ilgʻor xalqaro tajribalar joriy etiladi;
xorijiy sholi navlari boʻyicha ikki yil davomida sinovlar oʻtkazilib, tezpishar, kam suv talab qiladigan, yuqori hosilli navlar tanlab olinadi hamda 2027-yilga qadar tanlab olingan navlarning birlamchi urugʻchiligi yoʻlga qoʻyiladi;
sholichilik yoʻnalishidagi xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda, urugʻchilik xoʻjaliklari mutaxassislarining malakasi oshirib boriladi.
4. 2024-yil hosilidan boshlab, istisno tariqasida, Xorazm viloyatidagi 120 sentner va undan yuqori hosil olgan qishloq xoʻjaligi korxonalariga yetishtirilgan sholining 50 foizdan oshmagan guruch mahsulotini eksportga yoʻnaltirishga ruxsat berilsin.
Bunda olingan hosil miqdori sholini oʻrib-yigʻib oluvchi kombaynlarga oʻrnatilgan GPS uskunalari maʼlumoti asosida aniqlanadi.
5. Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi sholi maydonlarida agrotexnik tadbirlarning oʻz vaqtida oʻtkazilishi, davlat ehtiyojlari uchun yetishtirilgan sholini qabul qilish, saqlash va qayta ishlash ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin.
6. Qishloq xoʻjaligi vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini kiritsin:
Xorazm viloyatida sholi yetishtirish uchun har bir gektar lazerli tekislangan maydonga sarflangan yoqilgʻi-moylash materiallari xarajatlarining 100 foizi, biroq bir gektar uchun umumiy xarajat miqdorining 1 mln soʻmdan ortiq boʻlmagan qismini qoplab berish tartibi;
2025-2026-yillarda qishloq xoʻjaligi korxonalariga sholi ekish uchun xarid qilingan zamonaviy urugʻ seyalkalari va koʻchatlab ekish uskunalari qiymatining 20 foizini qoplab berishning vaqtinchalik tartibi.
7. Belgilansinki, ushbu qarorni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar:
2024-yilda Oʻzbekiston Respublikasining “2024-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan Qishloq xoʻjaligi vazirligiga ajratilgan mablagʻlar hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;
2025-yildan boshlab budjet qonunchiligida belgilangan tartibda Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Xodjayev va qishloq xoʻjaligi vaziri I.Y. Abduraxmonov belgilansin.
Qaror ijrosini nazorat qilish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 15-avgust,
PQ-290-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-avgustdagi PQ-290-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-dekabrdagi “Meva-sabzavotchilik sohasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, tarmoqda klaster va kooperatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-52-son qarori 1-bandining “a” kichik bandidagi “va moyli” soʻzlari “, moyli va sholi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-martdagi “Qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-144-son qaroriga 2-ilovaning III boʻlim 2-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Subsidiyalarning bazaviy hisoblash miqdorlari tizim joriy etilgan ekin maydonining har bir gektari uchun quyidagicha belgilanadi:
|
ming soʻm |
||||||||
|
Suvni tejaydigan sugʻorish tizimi turi |
Paxta |
Donli ekinlar |
Sabzavot ekinlari va kartoshka |
Poliz ekinlari |
Ozuqabop, moyli, dukkakli ekinlar va dorivor oʻsimliklar |
Mevali ekinlar |
Uzum |
Sholi |
|
Tomchilatib sugʻorish |
8 000 * |
x |
8 000 |
1 300 |
2 500 *** |
6 000 |
8 000 |
x |
|
Keng qamrovli va mobil sugʻorish tizimi |
x |
8 000 ** |
8 000 |
x |
2 500 *** |
x |
x |
8 000 **** |
|
“Sprinkler” tizimi |
x |
8 000 ** |
8 000 |
x |
2 500 *** |
x |
x |
8 000 **** |
|
Diskretli sugʻorish |
4 000 |
x |
x |
x |
x |
x |
x |
x |
* Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi paxta maydonlarida joriy etilgan tomchilatib sugʻorish tizimlari uchun 12 000 ming soʻm etib belgilanadi.
** Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi donli ekinlar yetishtirish maydonlarida joriy etilgan keng qamrovli hamda “sprinkler” tizimlari uchun 9 000 ming soʻm etib belgilanadi.
*** Ozuqa ekin yer maydonlarida tomchilatib sugʻorish, keng qamrovli va mobil sugʻorish hamda “sprinkler” tizimlarini joriy etgan chorvachilik xoʻjaliklariga 8 000 ming soʻm etib belgilanadi.
**** Subsidiyalar faqat Xorazm viloyatidagi sholi yetishtiruvchi qishloq xoʻjaligi korxonalariga ajratiladi”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.08.2024-y., 07/24/290/0625-son)