Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Standartlarning yagona axborot bazasini shakllantirish, yuritish va tarqatish faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi nizomga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 28-fevraldagi PQ-91-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-martdagi 177-son qarori bilan tasdiqlangan Standartlarning yagona axborot bazasini shakllantirish, yuritish va tarqatish faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi nizomga quyidagilarni nazarda tutuvchi qoʻshimchalar kiritilsin:
standartlarni tarqatish narxlarni shakllantirishda xizmatlar guruhlarining (standartlarni ishlab chiqish) tannarxini hosil qiluvchi xarajatlarning guruhlarga ajratilishi;
xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning standartlarini tarqatish narxlarini Oʻzbekiston Respublikasi aʼzo boʻlgan xalqaro yoki mintaqaviy tashkilot belgilagan tartibda va shartlar asosida Standartlashtirish boʻyicha milliy organ tomonidan shakllantirilish tartibi;
standartlarni tarqatishdagi narxlarni shakllantirishda xorijiy mamlakatlarning tajribalari hamda standartlarning sahifalari soniga nisbatan kamayib boruvchi narxlarni qoʻllash mezonlari.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori A.R. Jumanazarov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 16-avgust,
509-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 16-avgustdagi 509-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-martdagi 177-son qarori bilan tasdiqlangan Standartlarning yagona axborot bazasini shakllantirish, yuritish va tarqatish faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan qoʻshimchalar
1. Quyidagi mazmundagi 19-band bilan toʻldirilsin:
“19. Standartlar narxlarini shakllantirish tartibi va mezonlari ilovaga muvofiq belgilanadi”.
2. Quyidagi mazmundagi ilova bilan toʻldirilsin:
“Standartlarning yagona axborot bazasini shakllantirish, yuritish va tarqatish faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida nizomga
ILOVA
ILOVA
Standartlar narxlarini shakllantirish tartibi va mezonlari
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu tartib va mezonlar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) “Oʻzbekiston standartlar instituti” davlat muassasasida (keyingi oʻrinlarda — Standartlashtirish boʻyicha milliy organ) milliy standartlarni tarqatish narxlarini shakllantirish tartibi va mezonlarini belgilaydi.
2. Mazkur tartib milliy, xalqaro (mintaqaviy) va xorijiy mamlakatlarning standartlarini tarqatish xizmatlarini koʻrsatuvchi Standartlashtirish boʻyicha milliy organga nisbatan tatbiq etiladi.
3. Mazkur tartibda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
standartlarning yagona axborot bazasi — “Maʼlumotnoma izlash” axborot tizimi bilan birgalikda qogʻoz va elektron shakldagi milliy, xalqaro (mintaqaviy) hamda xorijiy mamlakatlar standartlarining tizimlashtirilgan fondi;
manfaatdor tomonlar — standartlarni qabul qilish va (yoki) qoʻllashdan manfaatdor boʻlgan, mahsulotlarning (xizmatlar) tegishli turlarini ishlab chiqaruvchi yoki isteʼmol qiluvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlar;
2-bob. Standartlarni tarqatish narxlarini shakllantirish tartibi
4. Standartlarni tarqatish narxlari xizmatlar guruhlarining (standartlarning ishlab chiqarish) tannarxi, shuningdek, xalqaro (mintaqaviy) va xorijiy mamlakatlarning standartlashtirish tashkilotlari bilan tuzilgan kelishuvlarda belgilangan tartibda va shartlar asosida belgilanadi.
5. Standartlarni tarqatish narxlarni shakllantirishda xizmatlar guruhlarining (standartlarni ishlab chiqish) tannarxini hosil qiluvchi xarajatlar ularning iqtisodiy mazmuniga koʻra quyidagi elementlar bilan guruhlarga ajratiladi:
ishlab chiqarish moddiy xarajatlari;
ishlab chiqarish xususiyatiga ega boʻlgan mehnatga haq toʻlash xarajatlari;
boshqaruv xodimlari mehnatiga haq toʻlash xarajatlari;
yagona ijtimoiy toʻlov;
asosiy fondlar va ishlab chiqarish ahamiyatiga ega boʻlgan nomoddiy aktivlar amortizatsiyasi;
muassasani saqlash xarajatlari;
ishlab chiqarish ahamiyatiga ega boʻlgan boshqa xarajatlar.
Mazkur xizmat narxi quyidagi formula orqali shakllantiriladi:
STN=ICHX+MHTX+BXMIX+YAIT+AX+MSX+BX,
bunda:
STN — standartni tarqatish narxi;
ICHX — ishlab chiqarish bilan bogʻliq moddiy xarajatlar;
MHTX — ishlab chiqarish xususiyatiga ega boʻlgan mehnatga haq toʻlash xarajatlari;
BXMIX — boshqaruv xodimlari mehnatiga haq toʻlash xarajatlari;
YAIT — ish haqi fondidan yagona ijtimoiy toʻlov;
AX — asosiy fondlar va ishlab chiqarish ahamiyatiga ega boʻlgan nomoddiy aktivlar amortizatsiyasi;
MSX — muassasani saqlash xarajatlari;
BX — ishlab chiqarish ahamiyatiga ega boʻlgan boshqa xarajatlar.
6. Xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning standartlarini tarqatish narxlari Oʻzbekiston Respublikasi aʼzo boʻlgan xalqaro yoki mintaqaviy tashkilot belgilagan tartibda va shartlar asosida Standartlashtirish boʻyicha milliy organ tomonidan shakllantiriladi.
7. Xorijiy mamlakatlarning standartlarini nashr etish va tarqatish mazkur davlatlarning standartlashtirish boʻyicha milliy organlari bilan tuzilgan shartnomalarga muvofiq Standartlashtirish boʻyicha milliy organ tomonidan amalga oshiriladi.
8. Standartlar maʼmuriy va jinoiy ishlar doirasida sud va huquqni muhofaza qilish organlari hamda Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi uchun ularning yozma soʻroviga asosan bepul taqdim etiladi.
Maʼmuriy va jinoiy ishlar doirasida sud va huquqni muhofaza qilish organlari hamda Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi uchun taqdim etilgan standartlarga sarflangan xarajatlar standartlarni aniqlash, aktuallashtirish, ekspertiza qilish, davlat tiliga tarjima qilish xizmatlarini koʻrsatishdan olingan daromadlar hisobidan qoplanadi.
3-bob. Standartlarni tarqatish narxlarini shakllantirishning mezonlari
9. Quyidagilar standartlarni tarqatish narxlarini shakllantirishning asosiy mezonlari hisoblanadi:
standartlarni tarqatishdagi narxlarni shakllantirishda xorijiy mamlakatlarning tajribalari;
tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, ularning eksport salohiyatini oshirish maqsadida standartlarning sahifalari soniga nisbatan kamayib boruvchi narxlarni qoʻllash.
10. Xalqaro, xorijiy va mintaqaviy tashkilotlarning standartlarini nashr etish hamda tarqatish narxlari Oʻzbekiston Respublikasi aʼzo boʻlgan xalqaro, xorijiy yoki mintaqaviy tashkilot belgilagan tartibda va shartlar asosida Standartlashtirish boʻyicha milliy organ tomonidan tasdiqlanadi.
11. Milliy standartlarni tarqatish narxlari Standartlashtirish boʻyicha milliy organ tomonidan tasdiqlanadi.
4-bob. Yakunlovchi qoida
12. Ushbu tartib talablari buzilishida aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.08.2024-y., 09/24/509/0620-son)