Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining
buyrugʻi
Sugʻurtalovchilar tomonidan xarajatlar tarkibi va moliyaviy natijalarni shakllantirishning oʻziga xos xususiyatlari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024 yil 13-avgustda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3549]
Oʻzbekiston Respublikasi “Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq buyuraman:
1. Sugʻurtalovchilar tomonidan xarajatlar tarkibi va moliyaviy natijalarni shakllantirishning oʻziga xos xususiyatlari toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar 2-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil hamda Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
4. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan kuchga kiradi.
Direktor D. LI
Toshkent sh.,
2024-yil 4-iyul,
7-son
Kelishildi:
Soliq qoʻmitasi raisi Sh. KUDBIYEV
2024-yil 10-iyun
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil D. KASIMOV
2024-yil 3-iyul
Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2024-yil 25-iyun
Iqtisodiyot va moliya vaziri D. KUCHKAROV
2024-yil 3-iyul
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2024-yil 4-iyuldagi 7-son buyrugʻiga
1-ILOVA
1-ILOVA
Sugʻurtalovchilar tomonidan xarajatlar tarkibi va moliyaviy natijalarni shakllantirishning oʻziga xos xususiyatlari toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom sugʻurta xizmatlarini koʻrsatish tannarxiga kiritiladigan xarajatlar tarkibi hamda sugʻurta faoliyatining oʻziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda sugʻurtalovchi yoki qayta sugʻurtalovchi (bundan buyon matnda sugʻurtalovchi deb yuritiladi) faoliyatining moliyaviy natijalarini shakllantirish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Sugʻurtalovchilar sugʻurta xizmatlari tannarxini shakllantirish va moliyaviy natijalarni aniqlashda sugʻurta sohasining oʻziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 5-fevraldagi 54-son qarori bilan tasdiqlangan Mahsulot (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotish xarajatlarining tarkibi hamda moliyaviy natijalarni shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga amal qiladi.
2. Mazkur Nizom mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar barcha sugʻurtalovchilarga nisbatan qoʻllaniladi.
2-bob. Sugʻurta faoliyati boʻyicha moliyaviy natijalarni shakllantirish va xarajatlar tarkibining oʻziga xos xususiyatlari
3. Sugʻurtalovchilarning xarajatlari tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 5-fevraldagi 54-son qarori bilan tasdiqlangan Mahsulot (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotish xarajatlarining tarkibi hamda moliyaviy natijalarni shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq aniqlanadi, bunda sugʻurta xizmatlari tannarxi tarkibiga quyidagi qoʻshimcha (maxsus) xarajatlar kiradi:
sugʻurta (birgalikdagi sugʻurta) va qayta sugʻurta (sugʻurtalovchiga tegishli ulushi) shartnomalari boʻyicha sugʻurta tovonlari (sugʻurta toʻlovi) miqdori;
sugʻurta hodisalarini bartaraf etish va ular boʻyicha toʻlovlarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar;
qayta sugʻurta operatsiyalari boʻyicha tantyemalar, qayta sugʻurta qilish komissiyasi hamda sugʻurta agenti uchun vositachilik haqi.
4. Xarajatlar moddalari roʻyxati va ularning tasniflanishi boshqaruv hisobini yuritish maqsadida sugʻurtalovchining hisobot yilidagi Hisob siyosatida aks ettirilishi lozim.
5. Sugʻurtalovchilarning daromadlari tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 5-fevraldagi 54-son qarori bilan tasdiqlangan Mahsulot (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotish xarajatlarining tarkibi hamda moliyaviy natijalarni shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq aniqlanadi, bunda sugʻurta xizmatlarini amalga oshirishdan olingan sof tushum:
toʻgʻridan-toʻgʻri va birgalikdagi sugʻurta boʻyicha mukofotlarning umumiy miqdoridan (sugʻurtalovchining birgalikdagi sugʻurta shartnomasida belgilangan ulushi miqdorida) qayta sugʻurtaga berilgan shartnomalar boʻyicha sugʻurta mukofotlari (badallari)ni chegirgan holda;
qayta sugʻurtaga qabul qilingan shartnomalar boʻyicha sugʻurta mukofotlarini qoʻshish;
ishlab topilmagan mukofotlar zaxirasidagi (bundan buyon matnda IMZ deb yuritiladi) qayta sugʻurtalovchilarning ulushi miqdorida tuzatish kiritilgan holdagi IMZ oʻzgarishining natijasini qoʻshish/ayirish;
xabar qilingan, lekin bartaraf etilmagan zararlar zaxirasidagi (bundan buyon matnda XZZ deb yuritiladi) qayta sugʻurtalovchilarning ulushi miqdorida tuzatish kiritilgan holdagi XZZ oʻzgarishining natijasini qoʻshish/ayirish;
sodir boʻlgan, lekin xabar qilinmagan zararlar zaxirasidagi (bundan buyon matnda SXZZ deb yuritiladi) qayta sugʻurtalovchilarning ulushi miqdorida tuzatish kiritilgan holdagi SXZZ oʻzgarishining natijasini qoʻshish/ayirish;
hayot sugʻurtasi boʻyicha zaxiralardagi (bundan buyon matnda HZ deb yuritiladi) qayta sugʻurtalovchilarning ulushi miqdorida tuzatish kiritilgan holdagi HZ oʻzgarishining natijasini qoʻshish/ayirish;
boshqa texnik zaxiralardagi qayta sugʻurtalovchilarning ulushi miqdorida tuzatish kiritilgan holdagi, tegishli zaxiralar oʻzgarishining natijasini qoʻshish/ayirish;
vositachilik xizmatlarini koʻrsatganlik uchun hisoblangan vositachilik haqi va boshqa mukofotlarni qoʻshish;
qayta sugʻurta boʻyicha zararlar ulushining qoplanishi boʻyicha daromadlarni qoʻshish;
qayta sugʻurtaga berilgan shartnomalar boʻyicha hisoblangan qayta sugʻurta qilish komissiyasini qoʻshish;
sugʻurta syurveyeri va adjaster (adjasterlik tashkiloti) xizmatlarini koʻrsatganlik uchun mukofotlarni qoʻshish;
sugʻurta xizmatlarini koʻrsatishdan bevosita olingan boshqa daromadlarni qoʻshish/ayirish yoʻli bilan aniqlanadi.
6. Sugʻurtalovchilarning moliyaviy faoliyatidan olinadigan daromadlar tarkibiga investitsiya faoliyatidan, shu jumladan sugʻurta zaxiralari mablagʻlarini investitsiya qilishdan olinadigan daromadlar ham kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2024-yil 4-iyuldagi 7-son buyrugʻiga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilayotgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2005-yil 20-iyuldagi 65-son “Sugʻurta tashkilotlari tomonidan xarajatlar tarkibi va moliyaviy natijalarni shakllantirishning oʻziga xos xususiyatlari toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxati raqami 1517, 2005-yil 18-oktabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 41-42-son, 326-modda).
2. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2007-yil 31-maydagi 64-son “Sugʻurta tashkilotlari tomonidan xarajatlar tarkibi va moliyaviy natijalarni shakllantirishning oʻziga xos xususiyatlari toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 1517-1, 2007-yil 21-iyun) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 25-26-son, 273-modda).
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining 2017-yil 19-iyuldagi 109-son “Sugʻurta tashkilotlari tomonidan xarajatlar tarkibi va moliyaviy natijalarni shakllantirishning oʻziga xos xususiyatlari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruqqa oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 1517-2, 2017-yil 9-avgust) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 32-son, 824-modda).
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.08.2024-y., 10/24/3549/0615-son)