Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirining
buyrugʻi
Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (7-sonli BHMS) “Nomoddiy aktivlar”ni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 9-avgust roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3547]
Oʻzbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (7-sonli BHMS) “Nomoddiy aktivlar” 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar 2-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir D. KUCHKAROV
Toshkent sh.,
2024-yil 14-iyun,
134-son
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 14-iyundagi 134-son buyrugʻiga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (7-sonli BHMS) “Nomoddiy aktivlar”
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Buxgalteriya hisobining milliy standarti (7-sonli BHMS) “Nomoddiy aktivlar” (bundan buyon matnda Standart deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan ishlab chiqilgan va Oʻzbekiston Respublikasida buxgalteriya hisobini normativ tartibga solish tizimining bir qismi hisoblanadi.
2. Mazkur Standart budjet, banklar va nobank kredit tashkilotlaridan tashqari mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan yuridik shaxslar (bundan buyon matnda tashkilot deb yuritiladi) tomonidan nomoddiy aktivlarning buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobotlarda aks ettirish tartibini belgilaydi.
3. Nomoddiy aktivlarni hisobga olishning asosiy jihatlari tan olish paytini belgilash, balans qiymatini va foydali xizmat muddatini baholash, amortizatsiya hisoblash usullarini belgilash, balans qiymatidagi boshqa oʻzgarishlarni baholash va hisobga olish hamda ularning chiqib ketishidan moliyaviy natijalarni aniqlash, shuningdek ular boʻyicha maʼlumotlarni moliyaviy hisobotda yoritib berish tartibi hisoblanadi.
4. Mazkur Standartning qoidalari quyidagilarga nisbatan qoʻllanilmaydi:
a) Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobi milliy standarti (11-sonli BHMS) “Ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari boʻyicha xarajatlar”ga (roʻyxat raqami 3535, 2024-yil 25-iyul) muvofiq hisobga olinadigan ilmiy tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarining xarajatlariga;
b) Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (6-sonli BHMS) “Ijara hisobi”ga (roʻyxat raqami 1946, 2009-yil 24-aprel) muvofiq hisobga olinadigan ijara turlari;
v) kelgusi davr xarajatlari.
5. Mazkur Standartda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
nomoddiy aktivlar — tashkilot tomonidan uzoq muddat mobaynida ishlab chiqarish, ishlar bajarish, xizmatlar koʻrsatish yoki tovarlarni sotish jarayonida foydalanish maqsadida yoxud maʼmuriy va boshqa funksiyalarni amalga oshirish uchun ushlab turiladigan, moddiy-ashyoviy mazmunga ega boʻlmagan identifikatsiyalanadigan mol-mulk obyektlari;
amortizatsiya — foydali xizmat muddati mobaynida nomoddiy aktivning amortizatsiyalanadigan qiymatini uning vazifasidan kelib chiqqan holda mahsulot (ishlar, xizmatlar) tannarxiga yoki davr xarajatlariga tizimli taqsimlash va kiritish;
amortizatsiyalanadigan qiymat — kutilayotgan (baholangan) tugatish qiymatini chegirgan holda aktivning boshlangʻich (qayta tiklash) qiymati summasi;
foydali xizmat muddati — tashkilot tomonidan aktivdan foydalanish koʻzda tutilgan davr yoki tashkilot ushbu aktivdan foydalanishdan olishni moʻljallayotgan mahsulot (ishlar va xizmatlar) miqdori;
boshlangʻich qiymat — nomoddiy aktivlarni yaratish (ishlab chiqish) yoki sotib olish boʻyicha haqiqatda amalga oshirilgan xarajatlar qiymati (pul mablagʻlari yoki ularning ekvivalentlarining summasi yoxud boshqa toʻlovlarning joriy qiymati), shu jumladan toʻlangan va qoplanmaydigan soliqlar (yigʻimlar), shuningdek aktivni undan maqsadga muvofiq foydalanish uchun ishga yaroqli holatga keltirish bilan bevosita bogʻliq boʻlgan boshqa xarajatlar qiymati;
tugatish qiymati — nomoddiy aktivning chiqib ketishi boʻyicha kutilayotgan xarajatlarni chegirgan holda uning foydali xizmat muddati oxirida aktivni tugatish chogʻida olinishi kutilayotgan, aktivning taxmin qilinayotgan (baholangan) summasi;
joriy qiymat — maʼlum sanadagi amal qilayotgan bozor narxlari boʻyicha nomoddiy aktivlarning qiymati yoki xabardor qilingan, bitimni amalga oshirishni xohlovchi, bir-biridan mustaqil taraflar oʻrtasida bitimni amalga oshirishda aktivni sotib olish yoki majburiyatlarni bajarish uchun yetarli boʻlgan summa;
qoldiq (balans) qiymat — nomoddiy aktiv moliyaviy hisobotda (buxgalteriya balansida) aks ettiriladigan qiymat va u boshlangʻich (qayta tiklash) qiymati va jamlangan amortizatsiya summasi oʻrtasidagi farq sifatida aniqlanadi;
faol bozor — oldi-sotdi obyektlari bir turda (bir xil) boʻlgan va har qanday vaqtda bitimni amalga oshirishni xohlovchi manfaatdor sotuvchi va xaridorlarni topish mumkin boʻlgan, shuningdek narxlar haqidagi maʼlumotlar oshkor boʻlgan bozor;
mutlaq huquq — bu qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda faqatgina huquq egasi tomonidan yoki uning roziligi bilan uchinchi shaxsga berilishi mumkin boʻlgan mulkiy huquq.
6. Aktivlarni buxgalteriya hisobida nomoddiy aktivlar sifatida tan olishda bir vaqtning oʻzida quyidagi talablarga javob berishi kerak:
moddiy-ashyoviy tuzilishga ega boʻlmasligi;
aktivlardan mahsulot ishlab chiqarish, ishlar bajarish yoki xizmatlar koʻrsatish yoxud tashkilotning maʼmuriy va boshqa funksiyalari bajarish uchun uzoq muddat (12 oydan yuqori foydali xizmat muddati) davomida foydalanishi;
aktivlarning qiymati bir birlik (komplekt) uchun xarid qilish paytida Oʻzbekiston Respublikasida belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining kamida ellik baravarini tashkil qilishi (tashkilot rahbari nomoddiy aktivlar sifatida hisobga olish maqsadida hisobot davri uchun aktivlar qiymatining kamroq chegarasini belgilashga haqli);
aktivlar keyinchalik qayta sotishga moʻljallanmasligi;
ishonchlilik, yaʼni tashkilotda aktivlar va unga boʻlgan mutlaq huquqning mavjudligini tasdiqlovchi tegishli ravishda rasmiylashtirilgan hujjatlarning (patentlar, guvohnomalar, patent, tovar belgisini sotib olish shartnomasi) mavjudligi;
identifikatsiya qilish imkoniyati mavjudligi.
7. Nomoddiy aktivlar quyidagi mezonlardan biriga muvofiq kelsa ularni identifikatsiya qilish imkoniyati mavjud boʻladi:
ajraladigan boʻlsa, yaʼni uni tashkilotdan ajratish yoki boʻlish va individual tarzda yoki tegishli shartnoma, aktiv yoki majburiyat bilan birga sotish, oʻtkazish, litsenziyalash, ijaraga berish yoki ayirboshlash mumkin boʻlsa;
shartnomaviy yoki boshqa yuridik huquqlar natijasida kelib chiqadigan boʻlsa.
8. Tashkilot nomoddiy aktivlar bilan bogʻliq kelgusidagi iqtisodiy naf olish ehtimoli faqatgina quyidagi hollarda mavjud boʻladi:
aktivning tashkilotning kelgusidagi iqtisodiy nafini (daromadini) koʻpaytirishi isbotlanganda;
aktivning tashkilotning kelgusidagi sarflarni kamaytirishi yoki tashkilot tomonidan bunday aktivdan foydalanilishi natijasida yuzaga keladigan boshqa naflarni olib kelishi isbotlanganda.
9. Nomoddiy aktivlarning buxgalteriya hisobi birligi boʻlib inventar obyekti hisoblanadi. Nomoddiy aktivlarning inventar obyekti boʻlib patent, guvohnoma va shu kabilardan kelib chiqadigan jami huquqlar hisoblanadi. Bir inventar obyekti boshqasidan ajratilishining (identifikatsiya qilinishining) asosiy belgisi boʻlib, ular tomonidan mahsulot ishlab chiqarish, ishlar bajarish yoki xizmatlar koʻrsatishda mustaqil vazifalarning bajarilishi yoxud tashkilotning maʼmuriy va boshqa funksiyalari uchun ishlatilishi hisoblanadi.
Ikkita yoki bir nechta tashkilot mulkida boʻlgan nomoddiy aktivlar obyekti har bir tashkilot tomonidan umumiy mulkdagi uning ulushiga teng miqdorda nomoddiy aktivlar tarkibida aks ettiriladi.
10. Nomoddiy aktivlarga mazkur Standartning 6-bandida keltirilgan shartlarning barchasiga javob beruvchi quyidagi obyektlar kiritilishi mumkin:
patent egasining ixtiro, sanoat namunalari va foydali modellarga boʻlgan mutlaq huquqi;
muallif yoki boshqa huquq egasining dasturlar va maʼlumotlar bazalariga boʻlgan mutlaq huquqi;
muallif yoki boshqa huquq egasining integral mikrosxemalarning topologiyalariga boʻlgan mutlaq huquqi;
huquq egasining tovar belgisi va xizmat koʻrsatish belgisiga boʻlgan mutlaq huquqi, shuningdek tovar ishlab chiqarilgan joy nomidan foydalanish huquqi;
huquq egasining seleksiya yutuqlariga boʻlgan mutlaq huquqi;
gudvill;
tabiiy resurslardan foydalanish huquqi, yaʼni yer osti boyliklari, atrof-muhitdagi boshqa resurslar, atrof-muhit toʻgʻrisidagi geologik va boshqa maʼlumotlar foydalanish huquqi;
yer uchastkasidan foydalanish huquqi;
boshqa nomoddiy aktivlar (mahsulot ishlab chiqarish, ishlar bajarish va xizmatlar koʻrsatish, iqtisodiy va boshqa imtiyozlardan foydalanish huquqi va shu kabilar).
11. Nomoddiy aktivlar tarkibiga tashkilot xodimlarining intellektual va ishchanlik sifati, ularning malakasi va mehnatga qobiliyati kiritilmaydi, chunki ular oʻzlarining egalaridan ajralmas hisoblanadi va ularni tashkilotdan ajratib foydalanish mumkin emas.
Dasturlar va maʼlumotlar bazasi tegishli asosiy vositaning (shu jumladan oʻrnatilmagan) tarkibiy qismi hisoblansa, u moddiy aktiv ahamiyatiga ega boʻlgan asosiy vosita bilan birga qaraladi. Agar dasturlar va maʼlumotlar bazasi tegishli asosiy vositaning tarkibiy qismi hisoblanmasa va mutlaq huquq tashkilotga tegishli boʻlsa, u nomoddiy aktiv hisoblanadi.
2-bob. Nomoddiy aktivlarning kelib tushishi
12. Kelib tushadigan nomoddiy aktivlarning qiymati tashkilot balansiga kiritilishi lozim.
13. Nomoddiy aktivlar quyidagilar natijasida tashkilot balansiga kiritiladi:
ishlab chiqish tugaganidan soʻng yaratilgan obyektni qabul qilish;
oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha obyektni xarid qilish;
ustav kapitaliga taʼsischilarning (ishtirokchilarning) ulushi koʻrinishida kelib tushish;
tekinga kelib tushish (hadya shartnomasi boʻyicha);
davlat subsidiyalari hisobiga kelib tushish;
ayirboshlash;
ortiqcha (hisobga olinmagan) nomoddiy aktivlar obyektlarini aniqlash va boshqa asoslarga koʻra.
3-bob. Nomoddiy aktivlarni dastlabki baholash
14. Barcha turdagi nomoddiy aktivlarning dastlabki bahosi boshlangʻich qiymati boʻyicha tan olinadi va ular buxgalteriya hisobiga ushbu qiymat boʻyicha qabul qilinadi.
15. Xarid qilingan nomoddiy aktivlarning boshlangʻich qiymati quyidagi xarajatlardan tashkil topadi:
huquqdan voz kechish (xarid qilish) shartnomasiga muvofiq huquq egasiga (sotuvchiga) toʻlangan summalar;
huquq egasining mutlaq huquqidan voz kechishi (xarid qilish) munosabati bilan amalga oshirilgan roʻyxatdan oʻtkazish yigʻimlari, patent bojlari va boshqa shunga oʻxshash toʻlovlar;
bojxona bojlari va yigʻimlari;
nomoddiy aktivlarni xarid qilish munosabati bilan toʻlanadigan qoplanmaydigan soliqlar va yigʻimlar summalari;
nomoddiy aktivlarni xarid qilish bilan bogʻliq maʼlumot va maslahat xizmatlari uchun toʻlangan summalar;
nomoddiy aktivlar vositachilar orqali xarid qilinganda ularga toʻlanadigan haqlar;
nomoddiy aktivlarni yetkazib berish (yaratish) riskini sugʻurtalash boʻyicha xarajatlar;
aktivdan maqsadga koʻra foydalanish uchun uni yaroqli holatga keltirish bilan bevosita bogʻliq boshqa xarajatlar.
Xarid qilingan nomoddiy aktivlarga haq toʻlash bilan bogʻliq xarajatlar jumladan, akkreditiv ochish boʻyicha xarajatlar, oʻtkazmalar uchun bankning vositachilik haqi, nomoddiy aktivlarni chet el valyutasiga xarid qilishda valyuta konvertatsiyasi boʻyicha vositachilik haqi va bankning boshqa xizmatlari, hamda boshqa nomoddiy aktivlarni xarid qilish bilan bevosita bogʻliq boʻlmagan xarajatlar boshlangʻich qiymatiga kiritilmaydi, balki ular sodir boʻlgan hisobot davrida xarajatlar sifatida tan olinishi kerak.
Agar shartnoma shartlarida toʻlovni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash nazarda tutilgan boʻlsa, unda mazkur nomoddiy aktivlar buxgalteriya hisobiga kechiktirib yoki boʻlib-boʻlib toʻlashni hisobga olmagan holdagi sotib olish qiymati boʻyicha qabul qilinadi. Bunda sotib olish qiymati va toʻlovning umumiy summasi oʻrtasida yuzaga keladigan farq kechiktirib yoki boʻlib-boʻlib toʻlash davri davomida joriy toʻlovning kechiktirib yoki boʻlib-boʻlib toʻlash boʻyicha toʻlovlarning umumiy summasidagi salmogʻidan kelib chiqib moliyaviy xarajatlarga (foizlar boʻyicha xarajatlarga) olib boriladi.
Kreditdan foydalanganlik uchun foizlarni toʻlashga doir xarajatlar qarz kapitali hisobidan toʻliq yoki qisman sotib olingan nomoddiy aktivlarning boshlangʻich qiymatiga kiritilmaydi.
Nomoddiy aktivlarni ishlab chiqish davrida ularni ishlab chiqish uchun olingan kredit boʻyicha hisoblangan foizlar ishlab chiqilgan nomoddiy aktivlarning boshlangʻich qiymatiga kiritiladi.
16. Tashkilotning oʻzi tomonidan yaratilgan (ishlab chiqilgan) nomoddiy aktivlarning boshlangʻich qiymati ilmiy tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga haqiqiy xarajatlar summasi sifatida aniqlanadi. Ilmiy tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga xarajatlar tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Buxgalteriya hisobining milliy standarti (11-sonli BHMS) “Ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari boʻyicha xarajatlar”ga (roʻyxat raqami 3535, 2024-yil 25-iyul) muvofiq belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
17. Chet el valyutasida xarid qilingan nomoddiy aktivlarning boshlangʻich qiymati Mazkur Standartning 15-bandida nazarda tutilgan tegishli xarajatlarni hisobga olgan holda, sotib olish sanasidagi chet el valyutasidagi summalarni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki kursi boʻyicha qayta hisoblash yoʻli bilan soʻmda belgilanadi, bundan toʻlangan boʻnak summasi mustasno.
Bunda, nomoddiy aktivlar toʻliq yoki qisman oldindan chet el valyutasida toʻlangan boʻnak hisobiga xarid qilinganda, ularning qiymatining ushbu boʻnak miqdoriga teng summasi boʻnak toʻlangan sanadagi Markaziy bank kursida tan olinadi.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2025-yil 30-yanvardagi 228-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3607, 11.02.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.02.2025-y., 10/25/3607/0125-son)
18. Mazkur Standartning 15-bandida nazarda tutilgan xarajatlar amalga oshirilgan taqdirda, tashkilot tomonidan nomoddiy aktivlar obyektlari ustav kapitaliga ulush sifatida, tekin yoki ayirboshlash asosida qabul qilinganda nomoddiy aktivning tannarxi ushbu xarajatlar summasiga oshadi.
19. Tashkilot ustav kapitaliga ulush hisobiga olingan nomoddiy aktivlarning boshlangʻich qiymati, agarda Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida boshqa tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, tashkilot taʼsischilari (ishtirokchilari) tomonidan kelishilgan ularning puldagi bahosi asosida tan olinadi.
20. Tashkilot tomonidan boshqa shaxslardan tekinga (hadya shartnomasi boʻyicha) yoki davlat subsidiyasi hisobiga olingan nomoddiy aktivlarning boshlangʻich qiymati Mazkur Standartning 15-bandida nazarda tutilgan xarajatlarni hisobga olgan holda, agarda joriy qiymat ushbu turdagi nomoddiy aktivlar uchun faol bozorni hisobga olgan holda belgilangan boʻlsa, ishonchli hisoblangan joriy qiymat boʻyicha aniqlanadi. Ushbu turdagi nomoddiy aktivlar uchun faol bozor mavjud boʻlmagan taqdirda, ularning boshlangʻich qiymati nominal qiymat boʻyicha yoki agarda nomoddiy aktivni foydalanishga yaroqli holatga keltirish bilan bogʻliq haqiqiy xarajatlar mavjud boʻlsa, ularning summasi boʻyicha aniqlanadi.
21. Qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda xuddi shunday nomoddiy aktivga ayirboshlash yoʻli bilan olingan nomoddiy aktivning boshlangʻich qiymati berilgan nomoddiy aktivning qoldiq (balans) qiymatiga teng.
Nomoddiy aktiv qoʻshimcha toʻlov bilan ayirboshlangan holatlarda xuddi shunday nomoddiy aktivga almashtirish yoʻli bilan xarid qilingan nomoddiy aktivning boshlangʻich qiymati ayirboshlanish chogʻida oʻtkazilgan (olingan) pul mablagʻlari yoki ularning ekvivalentlari summasi va berilgan nomoddiy aktivning qoldiq (balans) qiymatilari yigʻindisiga teng.
22. Qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda xuddi shunday boʻlmagan nomoddiy aktivga ayirboshlash yoʻli bilan olingan nomoddiy aktivning boshlangʻich qiymati berilgan nomoddiy aktivning joriy qiymatiga teng.
Nomoddiy aktiv qoʻshimcha toʻlov bilan ayirboshlangan holatlarda xuddi shunday boʻlmagan nomoddiy aktivga almashtirish yoʻli bilan xarid qilingan nomoddiy aktivning boshlangʻich qiymati ayirboshlanish chogʻida oʻtkazilgan (olingan) pul mablagʻlari yoki ularning ekvivalentlari va berilgan nomoddiy aktivning joriy qiymatlari yigʻindisiga teng.
23. Qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda majburiyatlarni (toʻlovni) pul koʻrinishida boʻlmagan mablagʻlar bilan bajarish nazarda tutiladigan shartnomalar boʻyicha olingan nomoddiy aktivlarning boshlangʻich qiymati deb tashkilot tomonidan berilgan yoki berilishi lozim boʻlgan qimmatliklarning joriy qiymati tan olinadi. Tashkilot tomonidan berilgan yoki beriladigan mavjud qimmatliklarning joriy qiymati tashkilotning taqqoslash sharti bilan shunga oʻxshash mavjud qimmatliklar joriy qiymatini belgilaydigan narxlardan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Tashkilot tomonidan berilgan yoki beriladigan mavjud qimmatliklarning joriy qiymatini belgilash imkoniyati mavjud boʻlmagan hollarda, majburiyatlarni (toʻlovni) pul koʻrinishida boʻlmagan mablagʻlar bilan bajarish nazarda tutiladigan shartnomalar boʻyicha tashkilot tomonidan olingan nomoddiy aktivlarning qiymati shunga oʻxshash nomoddiy aktivlarning taqqoslash sharti bilan sotib olinadigan joriy qiymatidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
24. Bitta umumiy summada xarid qilingan nomoddiy aktivlarning har birining boshlangʻich qiymati ushbu summani alohida nomoddiy aktivning joriy qiymatiga mutanosib ravishda taqsimlash bilan belgilanadi.
25. Nomoddiy aktivlarning buxgalteriya hisobiga qabul qilingan boshlangʻich qiymati Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida va mazkur Standartda belgilangan holatlardan tashqari boshqa holatlarda oʻzgartirilmaydi.
26. Nomoddiy aktiv dastlab tan olingandan soʻng moliyaviy hisobotda jamgʻarilgan amortizatsiya ayirilgan holda boshlangʻich qiymat boʻyicha yoki qayta baholangan qiymat (mumkin boʻlgan muqobil usul) boʻyicha aks ettiriladi.
Nomoddiy aktivni dastlab tan olingandan soʻng moliyaviy hisobotda aks ettirishda qoʻllanadigan usul majburiy tartibda tashkilotning hisob siyosatida koʻrsatilishi kerak.
4-bob. Nomoddiy aktivlarga oʻtkaziladigan kapital qoʻyilmalar
27. Nomoddiy aktivlarning boshlangʻich qiymati dastlab moʻljallangan kelgusidagi iqtisodiy nafni oshirishga imkon beradigan, ushbu nomoddiy aktivlarni takomillashtirish va ularning imkoniyatlari va foydali xizmat muddatini oshirish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlar summasiga oshiriladi.
28. Tashkilot aktivning foydali xizmat muddati davomida mavjud boʻladigan kutilishi mumkin boʻlgan iqtisodiy sharoitlar haqidagi asoslangan va tasdiqlangan taxminidan foydalangan holda kelgusidagi iqtisodiy naf olish ehtimolini baholaydi.
5-bob. Nomoddiy aktivlarni qayta baholash
29. Nomoddiy aktivlarni qayta baholash — nomoddiy aktivlarning balans (qayta tiklash) qiymatini joriy bozor narxlari darajasiga muvofiqlashtirish maqsadida ularni vaqti-vaqti bilan aniqlashtirishdir.
30. Tashkilot qayta baholashda joriy qiymatni faol bozor maʼlumotlari asosida aniq belgilashi mumkin boʻlgan shartlarda, qayta baholash sanasidagi joriy qiymatni tasdiqlovchi hujjatlar asosida amalga oshirishi mumkin.
Qayta baholashni balans (qayta tiklash) qiymati balans hisobotini tuzish sanasidagi bozor qiymatidan farq qilmasligi uchun muntazam ravishda amalga oshirish lozim.
Nomoddiy aktivni qayta baholashda ushbu qayta baholanayotgan aktiv taalluqli boʻlgan bir turdagi nomoddiy aktivlarning barcha guruhi qayta baholanishi kerak, bunday aktivlar uchun faol bozor mavjud boʻlmagan holatlar bundan mustasno.
Qayta baholash natijasida nomoddiy aktivlar buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobotda joriy (qayta tiklash) qiymati boʻyicha aks ettiriladi.
31. Nomoddiy aktivning joriy qiymatini nomoddiy aktivning ushbu turi boʻyicha faol bozor narxlari asosida belgilash mumkin.
Agar ilgari qayta baholangan nomoddiy aktivning joriy qiymatini faol bozor maʼlumotlari asosida aniqlash mumkin boʻlmasa, nomoddiy aktivning balans qiymati jamlangan amortizatsiya chegirilgan holda faol bozor maʼlumotlari asosida uning oxirgi qayta baholangan sanadagi qayta tiklash qiymati boʻyicha aniqlanadi.
32. Nomoddiy aktivlarni qayta baholashda joriy qiymatni hujjatlar asosida tasdiqlash uchun tashkilotning ixtiyoriga koʻra quyidagilardan foydalanilishi mumkin:
tayyorlovchi firmalar va ularning rasmiy dilerlari hamda vakolatxonalaridan yozma shaklda olingan xuddi shunday nomoddiy aktivga doir narxlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
qayta baholashni oʻtkazish sanasiga va nomoddiy aktivlarni xarid qilish sanasiga Markaziy bank kurslarining nisbati sifatida aniqlanadigan hisob-kitob koeffitsiyentini qoʻllagan holda xarid qilish sanasi boʻyicha nomoddiy aktivlarning qiymati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlganda);
qayta baholashni oʻtkazish davrida ommaviy axborot vositalari va maxsus adabiyotlar va shu kabilarda eʼlon qilingan narxlar darajasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
tegishli nomoddiy aktivning qiymati toʻgʻrisida baholovchining hisoboti.
33. Nomoddiy aktivlarning boshlangʻich (qayta tiklash) qiymatini qayta baholashda ularning qayta baholash sanasidagi jamgʻarilgan amortizatsiyasi nomoddiy aktivlarning boshlangʻich (qayta tiklash) qiymatini oʻzgartirishning tegishli indekslariga tuzatiladi hamda keyinchalik amortizatsiyani hisoblash qayta baholangan (qayta tiklash) qiymatidan amalga oshiriladi. Qayta baholash indeksi nomoddiy aktivning joriy qiymatini uning boshlangʻich qiymatiga boʻlish yoʻli bilan aniqlanadi.
34. Qayta baholash natijasida nomoddiy aktivlarning bahosini oʻsishi summasi rezerv kapitali tarkibiga 8510 “Uzoq muddatli aktivlarni qayta baholash boʻyicha tuzatishlar” hisobvaragʻiga olib boriladi.
Qayta baholash natijasida nomoddiy aktivlar bahosining pasayish summasi avvalgi hisobot davrlarida oʻtkazilgan ushbu obyekt bahosining oʻsish summasi chegarasida 8510 “Uzoq muddatli aktivlarni qayta baholash boʻyicha tuzatishlar” hisobvaragʻi boʻyicha rezerv kapitalini kamaytirishga olib boriladi. Obyekt bahosining pasayish summasining uning bahosini oʻsishi summasidan yuqorisi boshqa operatsion xarajatlarga olib boriladi.
35. Nomoddiy aktivlarning qayta baholash natijalari nomoddiy aktivlarni qayta baholash amalga oshirilgan joriy davrda moliyaviy hisobotda aks ettiriladi.
6-bob. Xarajatlarni aks ettirish
36. Nomoddiy aktivni xarid qilish yoki yaratishga (ishlab chiqarishga) taalluqli boʻlgan, nomoddiy aktiv taʼrifini qanoatlantirmaydigan yoki ushbu Standartning 6-bandida koʻrsatilgan shartlarga javob bermaydigan xarajatlar yuzaga kelgan hisobot davrida xarajat sifatida aks ettiriladi.
37. Nomoddiy aktivlarga taalluqli boʻlgan, dastlab davr xarajatlari sifatida aks ettirilgan xarajatlar keyingi davrlarda aktiv sifatida aks ettirilmaydi.
38. Nomoddiy aktivlarni foydalanish uchun yaroqli holatda tutib turish va ulardan foydalanishdan kelgusidagi iqtisodiy nafning dastlab belgilangan miqdorini saqlab qolish uchun amalga oshiriladigan xarajatlar hisobot davri xarajatlari tarkibiga kiritiladi.
39. Nomoddiy aktivlar bilan bogʻliq keyingi xarajatlar amalga oshirilgan hisobot davrining xarajatlari sifatida tan olinadi, agarda:
bu xarajatlar aktivlarga bevosita aloqador kelgusidagi iqtisodiy nafni koʻpaytirish imkonini bermasa;
bu xarajatlarni oʻlchash va ularni maʼlum bir aktivga tegishliligini yuqori darajada aniqlash imkoni boʻlmasa.
Ushbu shartlarga rioya etilgan holda nomoddiy aktiv bilan bogʻliq keyingi xarajatlar uning balans qiymatiga kiritilmaydi.
7-bob. Amortizatsiyani hisoblash
40. Nomoddiy aktivlarning qiymati amortizatsiya hisoblash yoʻli bilan qoplanadi. Amortizatsiyalanadigan qiymat foydali xizmat muddati mobaynida tashkilot xarajatlariga amortizatsiya ajratmalari koʻrinishida tizimli ravishda taqsimlanadi.
41. Nomoddiy aktiv boʻyicha amortizatsiya ajratmalarini hisoblash mazkur obyekt nomoddiy aktivlar tarkibiga qabul qilingan oydan keyingi oyning birinchi sanasidan boshlanadi hamda mazkur obyektning amortizatsiyalanadigan qiymati toʻliq qoplangunga yoxud bu obyektni balansdan chiqarilgunga qadar amalga oshiriladi.
42. Nomoddiy aktiv boʻyicha amortizatsiya ajratmalarini hisoblash mazkur obyektning amortizatsiyalanadigan qiymati toʻliq qoplangan yoki bu obyekt balansdan chiqarilgan oydan keyingi oyning birinchi sanasida toʻxtatiladi.
43. Nomoddiy aktivning foydali xizmat muddati davomida amortizatsiya ajratmalarini hisoblash toʻxtatilmaydi, nomoddiy aktivdan foydalanishda bevosita va bilvosita cheklovlar (masalan, asosiy vositalar va boshqa aktivlarni konservatsiyalash, rekonstruksiya, modernizatsiya qilish) mavjud boʻlgan holatlar bundan mustasno.
44. Nomoddiy aktivlar boʻyicha amortizatsiya ajratmalarini hisoblash hisobot davridagi tashkilotning faoliyati natijalaridan qatʼiy nazar amalga oshiriladi va u tegishli boʻlgan hisobot davrining moliyaviy hisobotlarda aks ettiriladi.
45. Nomoddiy aktivlar boʻyicha hisoblangan amortizatsiya summalari alohida hisobvaraqlarda tegishli summalarni jamgʻarish yoʻli bilan moliyaviy hisobotlarda aks ettiriladi.
46. Nomoddiy aktivning foydali xizmat muddatini aniqlashda quyidagi omillarni eʼtiborga olinadi:
a) nomoddiy aktivning kutilayotgan foydali xizmat muddati;
b) ishlab chiqarishni oʻzgartirish va yaxshilash natijasida yoki mazkur aktiv tomonidan ishlab chiqarilayottan mahsulotga (ishlarga, xizmatlarga) nisbatan bozor talablarining oʻzgarishi natijasida texnik eskirishi;
v) aktivdan foydalanishdagi yuridik va boshqa cheklovlar (masalan, foydali xizmat muddatining tugashi bilan bogʻliq boʻlgan cheklovlar).
47. Nomoddiy aktivlarning foydali xizmat muddati tashkilot tomonidan nomoddiy aktiv buxgalteriya hisobiga qabul qilinish chogʻida belgilanadi.
Nomoddiy aktivlarning foydali xizmat muddatini belgilash quyidagilardan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi:
a) patent, guvohnomaning amal qilish muddati va Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq nomoddiy aktivlardan foydalanish muddati boʻyicha boshqa cheklovlar;
b) tashkilot iqtisodiy naf (daromad) olishi mumkin boʻlgan davrda ushbu obyektdan foydalanish koʻzda tutilayotgan muddat.
Nomoddiy aktivlarning alohida guruhlari uchun foydali xizmat muddati ushbu nomoddiy aktivdan foydalanish natijasida olinishi kutilayotgan mahsulotlar miqdori yoki ishlar hajmining boshqa natura koʻrinishidagi koʻrsatkichidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Foydali xizmat muddatini belgilash mumkin boʻlmagan nomoddiy aktivlar boʻyicha amortizatsiya ajratmalari meʼyori besh yil hisobida belgilanadi. Ushbu nomoddiy aktivlarning foydali xizmat muddati, agarda Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida boshqa tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, nomoddiy aktiv foydalanishga tayyor boʻlgan paytdan boshlab tashkilotning faoliyat koʻrsatish muddatidan oshmasligi lozim.
48. Amortizatsiya quyidagi usullarni qoʻllash yoʻli bilan hisoblanadi:
a) Amortizatsiyani hisoblashning bir maromli (toʻgʻri chiziqli) usuli:
amortizatsiyani hisoblashning bir maromli (toʻgʻri chiziqli) usulida amortizatsiya ajratmalari nomoddiy aktivlarni foydali xizmat muddati mobaynida ularning amortizatsiyalanadigan qiymatidan kelib chiqqan holda bir maromda, teng ulushlarda hisoblanadi;
amortizatsiyani hisoblashning bir maromli (toʻgʻri chiziqli) usulida amortizatsiya ajratmalarining yillik summasi ushbu nomoddiy aktivning amortizatsiyalanadigan qiymati va foydali xizmat muddatidan kelib chiqqan holda aniqlanadi;
b) bajarilgan ishlar hajmiga mutanosib ravishda amortizatsiyani hisoblash (ishlab chiqarish) usuli:
amortizatsiyani hisoblashning ishlab chiqarish usuli har bir muayyan yilda nomoddiy aktivdan foydalanishdan olinadigan mahsulotlarni hisobga olishga asoslangan;
mazkur usul boʻyicha amortizatsiyaning har yilgi qiymatini hisoblash uchun butun foydali xizmat muddatidagi umumiy baholangan ishlab chiqarish quvvati yigʻindisini va mazkur muayyan yildagi ishlab chiqarish quvvati aniqlash lozim. Ishlab chiqarish quvvati sifatida ishlab chiqariladigan mahsulot birliklari soni, ishlangan soatlar soni va boshqalar olinishi mumkin.
Amortizatsiyani hisoblashning ishlab chiqarish usulida yillik amortizatsiya ajratmalari summasi hisobot davridagi mahsulot (ishlar, xizmatlar) hajmining natura koʻrishidagi koʻrsatkichidan hamda amortizatsiyalanadigan qiymatning nomoddiy aktiv butun foydali xizmat muddatidagi nazarda tutilayotgan mahsulot (ishlar, xizmatlar) hajmiga nisbatidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
49. Nomoddiy aktivlardan intensiv foydalanilganda, shuningdek ilmiy-texnikaviy jarayonning katta taʼsirida nomoddiy aktivlar amortizatsiyasi quyidagi usullarda hisoblanadigan jadallashtirilgan amortizatsiya yoʻli bilan ifodalanadi:
ikki baravar amortizatsiya meʼyori bilan qoldiqni kamaytirish usuli;
yillar yigʻindisi usuli (kumulyativ usul).
50. Ikki baravar amortizatsiya meʼyori bilan qoldiqni kamaytirish usuliga koʻra amortizatsiya ajratmalarining yillik summasi hisobot yili boshidagi nomoddiy aktivning qoldiq (balans) qiymatidan va mazkur nomoddiy aktivning foydali xizmat muddatidan kelib chiqib hisoblangan amortizatsiyaning ikki baravar meʼyoridan kelib chiqqan holda aniqlanadi. Ikki baravar amortizatsiya meʼyori bilan qoldiqni kamaytirish usuli boʻyicha amortizatsiyani hisoblashda kutilayotgan tugatish qiymati boshlangʻich (qayta tiklash) qiymatidan chegirilmaydi.
51. Yillar yigʻindisi usuliga (kumulyativ usulga) koʻra har yili amortizatsiya meʼyori amortizatsiya muddati oxiriga qadar qoladigan amortizatsiyalanadigan qiymatdagi ulush sifatida aniqlanadi. Ulush amortizatsiya ajratmalari tugaguniga qadar qoladigan toʻliq yillar sonini amortizatsiya muddatini tashkil qiladigan yillar tartib sonlari yigʻindisiga boʻlish orqali aniqlanadi.
Yillar yigʻindisi usulida (kumulyativ usulda) amortizatsiya ajratmalarining yillik summasi nomoddiy aktivning tugatish qiymati ayirilgan holda boshlangʻich (qayta tiklash) qiymatidan hamda suratida nomoddiy aktivning foydali xizmat muddatining oxiriga qadar qoladigan yillar soni, maxrajida esa nomoddiy aktivning foydali xizmat muddati yillari soni yigʻindisining nisbatidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
52. Hisobot yili davomida nomoddiy aktivlar boʻyicha amortizatsiya ajratmalari hisoblashda qoʻllaniladigan usulidan qatʼiy nazar (amortizatsiya hisoblashning ishlab chiqarish usulidan tashqari) yillik summaning oylik nisbatida hisoblanadi.
Mavsumiy tusdagi ishlab chiqarish tashkilotlarida foydalaniladigan nomoddiy aktivlar boʻyicha amortizatsiya ajratmalarining yillik summasi tashkilot tomonidan nomoddiy aktivlardan foydalanish davri mobaynida bir maromda hisobot yilida hisoblanadi.
53. Nomoddiy aktivlarning har xil turlariga (guruhlariga) nisbatan amortizatsiyani hisoblashning turli usullarini qoʻllash mumkin. Bunda bir turdagi nomoddiy aktivlar boʻyicha (guruhi, turi va boshqalar boʻyicha) faqat bitta usul qoʻllaniladi.
54. Qoʻllaniladigan amortizatsiyani hisoblash usuli va nomoddiy aktivning foydali xizmat muddatini qayta koʻrib chiqish mumkinligi tashkilotning hisob siyosatida majburiy tartibda aks ettirilishi kerak.
55. Agar nomoddiy aktivlardan foydalanishdan kutilayotgan iqtisodiy nafda sezilarli darajada oʻzgarish yuz bersa, amortizatsiya hisoblash usuli, agar yuzaga kelgan holatlar amortizatsiya hisoblash usulining oʻzgartirilish asosliligini koʻrsatsa, amortizatsiya hisoblash usuli oʻzgarayotgan tendensiyani aks ettiradigan tarzda oʻzgartirilishi mumkin. Bunday oʻzgarish hisob siyosatida aks ettirilishi lozim. Bunda moliyaviy hisobotga tushuntirish xatida mazkur oʻzgarish sabablari va ularning iqtisodiy samarasi ochib berilishi zarur.
56. Nomoddiy aktivning foydali xizmat muddati har bir hisobot yili oxirida qayta koʻrib chiqiladi, agar:
kelgusi davrda aktivning foydali xizmat muddatining oʻzgarishi yoki kelgusidagi iqtisodiy foydani olish shartlarining oʻzgarishi kutilayotgan boʻlsa (nomoddiy aktivlarni yaxshilashga va mos ravishda, ularning foydali xizmat muddatini oshishiga yoki qisqarishiga olib keladigan xarajatlarni hisobga olgan holda);
prognozlar dastlabki baholardan sezilarli darajada farq qilsa (bunda, hisobot va kelgusi davrlar uchun amortizatsiya summasini koʻpaytirish yoki kamaytirish talab etiladi).
Nomoddiy aktivning amortizatsiyasi oʻzgartirilgan oydan keyingi oydan boshlab yangi amortizatsiya hisoblash usuli va foydali xizmat muddatidan kelib chiqqan holda hisoblanadi.
57. Nomoddiy aktivlarning amortizatsiyalanadigan qiymatini hisoblashda ularning tugatish qiymati hisobga olinadi. Tugatish qiymati muhim boʻlmagan taqdirda, u amortizatsiyalanadigan qiymatni hisoblab chiqarishda hisobga olinmasligi mumkin.
Agar tugatish qiymati ahamiyatga ega boʻlsa, u nomoddiy aktivlar xarid qilingan sanada yoki ularni qayta baholash sanasida aniqlanadi. Tugatish qiymati nomoddiy aktivlarning xizmat muddati oxirida tugatish boʻyicha kutilayotgan xarajatlarga kamaytirilishi lozim.
58. Nomoddiy aktivning tugatish qiymati quyidagi hollarda nolga teng deb hisoblanadi:
a) kutilayotgan foydali xizmat muddati oxirida uchinchi taraf bilan uni sotib olish haqidagi bitim mavjud boʻlmasa;
b) nomoddiy aktivning tugatish qiymati faol bozor maʼlumotlari asosida ishonchli baholash uchun faol bozor yoʻqligi hamda nomoddiy aktivning kutilayotgan foydali xizmat muddati oxirida bunday bozorning mavjud boʻlish ehtimoli yoʻqligi.
8-bob. Nomoddiy aktivlardan foydalanish huquqini berish bilan bogʻliq operatsiyalar hisobi
59. Nomoddiy aktivlardan foydalanish huquqini berish bilan bogʻliq operatsiyalar huquq egasi va foydalanuvchi oʻrtasida tuzilgan, tashkilotga nomoddiy aktivlardan foydalanish huquqini beradigan (masalan, huquq egasi tomonidan tashkilotga tovar belgisidan muayyan muddat mobaynida, maʼlum hududda foydalanish huquqi, mahsulotlar ishlab chiqarish avtomatlashtirilgan boshqaruvining texnologik dasturidan foydalanish huquqi, sanoat namunalaridan foydalanish huquqi va boshqa huquqlarning berilishi) litsenziya shartnomalari (mutlaq, nomutlaq, ochiq litsenziya), mualliflik (fan, adabiyot va sanʼat asarlaridan foydalanish mutlaq, nomutlaq huquqini berish toʻgʻrisidagi) shartnomalari, tijorat konsessiya shartnomalari va qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibga muvofiq tuzilgan boshqa shunga oʻxshash shartnomalar asosida buxgalteriya hisobida tan olinadi.
60. Mulk huquqiga ega tashkilot tomonidan nomoddiy aktivlarga boʻlgan mutlaq huquq saqlab qolingan holda, boshqa tashkilotga foydalanishga berilgan nomoddiy aktivlar balansdan chiqarilmaydi, balki mulk huquqiga ega tashkilotning buxgalteriya hisobida mazkur Standartning 3-bobdagi qoidalarga muvofiq aks ettiriladi.
Foydalanishga berilgan nomoddiy aktivlar boʻyicha amortizatsiyani hisoblash mulk huquqiga ega tashkilot tomonidan amalga oshiriladi.
61. Foydalanishga olingan nomoddiy aktivlar foydalanuvchi tashkilot tomonidan shartnomaga kiritilgan bahoda balansdan tashqari hisobvaraqda hisobga olinadi.
Bunda taqdim etilgan nomoddiy aktivlar obyektlaridan foydalanish huquqi uchun shartnomada belgilangan tartib va muddatda hisobladigan va toʻlanadigan mualliflik haqini qoʻshgan holda, davriy toʻlovlar koʻrinishida amalga oshiriladigan toʻlovlar foydalanuvchi tashkilot tomonidan hisobot davri xarajatlariga kiritiladi, taqdim etilgan nomoddiy aktivlar obyektlaridan foydalanish huquqi uchun qatʼiy bir martalik koʻrinishda amalga oshiriladigan toʻlovlar esa foydalanuvchi tashkilot tomonidan kelgusi davr xarajatlari sifatida buxgalteriya hisobida aks ettiriladi va shartnomaning amal qilish muddati mobaynida tegishli hisobot davri xarajatlariga hisobdan chiqariladi.
9-bob. Gudvill hisobining xususiyatlari
62. Tashkilotning bozor qiymati tashkilot tomonidan kelgusida olinish ehtimoli mavjud boʻlgan iqtisodiy nafning bozor bahosini koʻrsatadi. Istalgan paytda tashkilotning bozor qiymati bilan identifikatsiya qilinadigan aktivlarning balans qiymati oʻrtasidagi farq oʻz ichiga tashkilotning qiymatiga taʼsir etuvchi bir qator omillarni olishi mumkin. Biroq bunday farq ushbu paytda tashkilot nazorat qilayotgan aniq aktivlarning qiymatini ifodalamaydi.
63. Tashkilotning oʻzi yaratgan gudvill aktiv sifatida aks ettirilmasligi kerak, chunki u tashkilotni sotib olish paytida xarid qiymati bilan mazkur tashkilotni tashkil qiluvchi aktivlarning sof qiymati oʻrtasidagi farq sifatida yuzaga keladi.
64. Xarid qilingan gudvillning miqdori hisob-kitob qilish yoʻli bilan, xarid qilinayotgan tashkilotning xarid qiymati bilan uni xarid qilish sanasidagi tashkilot sof aktivlarining bozor qiymati (barcha majburiyatlar summasi ayirilgan holda aktivlarning bozor qiymati) oʻrtasidagi farq sifatida aniqlanadi.
65. Gudvill summasiga xaridor tomonidan kelgusidagi iqtisodiy naf olish maqsadida beriladigan qoʻshimcha toʻlov sifatida qaraladi va alohida inventar obyekti sifatida hisobga olinadi.
Manfiy gudvill summasini stabil xaridorlar mavjudligi omili, sifat reputatsiyasi, marketing va sotish qobiliyati, ish yuzasidan aloqalar, boshqarish tajribasi, xodimlar malaka darajasi va shu kabilar boʻlmagan taqdirda, xaridorga taqdim etiladigan narxdan chegirma sifatida koʻrish va muddati kechiktirilgan daromadlar (kelgusi davr daromadlari) sifatida hisobga olish lozim.
66. Gudvill boʻyicha amortizatsiya ajratmalari uning foydali xizmat muddati mobaynida boshlangʻich qiymatini kamaytirish yoʻli bilan buxgalteriya hisobida tan olinadi.
Gudvillning foydali xizmat muddati dastlab tan olingan paytdan boshlab yigirma yildan oshmasligi kerak (tashkilotning faoliyat koʻrsatish muddatidan oshib ketmasligi lozim).
Gudvill boʻyicha amortizatsiya ajratmalari mazkur Standartning 7-bobida nazarda tutilgan tartibda va usullarni qoʻllagan holda amalga oshiriladi.
Moliyaviy hisobotda gudvillning qiymati tegishli hisobot davrida amalga oshirilgan hisobdan chiqarishlarni chegirgan holda balans qiymatida aks ettiriladi.
Manfiy gudvill summasi sotib olingan amortizatsiyalanadigan alohida aktivlarning foydali xizmat muddatlarning oʻrtachasi mobaynida tizimli ravishda tashkilotning moliyaviy natijalarga asosiy faoliyatdan boshqa daromadlar sifatida kiritiladi.
10-bob. Nomoddiy aktivlarning chiqib ketishi
67. Chiqib ketayotgan nomoddiy aktivlarning qiymati balansdan chiqariladi. Nomoddiy aktivlar quyidagilar natijasida tashkilot balansidan chiqariladi:
a) tugatish;
b) sotish;
v) ayirboshlash;
g) tekinga berish;
d) ustav kapitaliga taʼsischi hissasi sifatida berish;
e) ishtirokchilar tarkibidan ishtirokchining chiqib ketishi chogʻida nomoddiy aktivlar bilan hisob-kitob qilish;
j) kamomad yoki yoʻqotishlar aniqlanishi;
68. Nomoddiy aktivlarning chiqib ketishidan moliyaviy natija (foyda yoki zarar) nomoddiy aktivlarning chiqib ketishidan olingan daromaddan ularning qoldiq (balans) qiymatini, nomoddiy aktivlarning chiqib ketishi bilan bogʻliq boʻlgan bilvosita soliqlar va xarajatlarni chegirib tashlash orqali aniqlanadi.
Nomoddiy aktivlar balansdan chiqarilganda moliyaviy natijani (foyda yoki zararni) aniqlashda oldingi qayta baholashlardan hosil boʻlgan nomoddiy aktivlarni bahosi oʻsish summasining qoldigʻi 9220 “Boshqa aktivlarning chiqib ketishi”ni hisobga oluvchi hisobvaraqlar kreditiga kiritiladi hamda 8510 “Uzoq muddatli aktivlar qayta baholash boʻyicha tuzatishlar” hisobvaragʻi boʻyicha rezerv kapital kamaytiriladi.
11-bob. Nomoddiy aktivlarni inventarizatsiyadan oʻtkazish
69. Tashkilotlarning nomoddiy aktivlardan foydalanishga doir huquqlarini tasdiqlaydigan hujjatlarning haqiqatda mavjudligini, balansda nomoddiy aktivlarni toʻgʻri va oʻz vaqtida aks ettirilganligini aniqlash va ularning saqlanishini nazorat qilish maqsadida tashkilotlar tomonidan vaqti-vaqti bilan, biroq ikki yilda kamida bir marta nomoddiy aktivlarni inventarizatsiyadan oʻtkaziladi.
70. Nomoddiy aktivlarning inventarizatsiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Buxgalteriya hisobining milliy standarti (19-sonli BHMS) “Inventarizatsiyani tashkil qilish va oʻtkazish”da (roʻyxat raqami 833, 1999-yil 2-noyabr) belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
71. Inventarizatsiyada aniqlangan ortiqcha nomoddiy aktivlar boshqa operatsion daromadlar sifatida aks ettiriladi. Inventarizatsiya vaqtida kamomad fakti aniqlangan yetishmayotgan nomoddiy aktivlar aybdor shaxslar aniqlangunga qadar kamomadlarni hisobga oluvchi hisobvaraqda aks ettiriladi.
12-bob. Maʼlumotni yoritib berish
72. Nomoddiy aktivlar va ularning alohida guruhlariga nisbatan qabul qilingan hisob siyosati boʻyicha quyidagilar moliyaviy hisobotlarga izohlarda yoritib berilishi kerak:
tashkilot tomonidan nomoddiy aktivlarning (alohida guruhlari boʻyicha) foydali xizmat muddatlari;
nomoddiy aktivlarning alohida guruhlari boʻyicha amortizatsiya ajratmalarini hisoblash usullari;
tashkilotda mavjud boʻlgan barcha nomoddiy aktivlarning hisobot davri boshi va oxiridagi umumiy balans qiymati va jamgʻarilgan amortizatsiya summasi;
kelib tushishi, chiqib ketishi va boshqa harakatlari natijasida hisobot davri boshi va oxirida nomoddiy aktivlarning balans qiymatidagi oʻzgarishlar;
tashkilotning oʻzi tomonidan yaratilgan nomoddiy aktivlarning balans qiymati.
73. Moliyaviy hisobotlarga izohlarda quyidagilar ham yoritib berilishi kerak:
balans qiymati tashkilotning moliyaviy hisobot uchun muhim hisoblangan nomoddiy aktivlarning tavsifi, balans qiymati va qolgan amortizatsiya davri;
egalik qilish huquqida cheklovlar mavjud boʻlgan nomoddiy aktivlarning umumiy balans qiymati, shuningdek majburiyatlar boʻyicha kafolat sifatida berilgan nomoddiy aktivlarning umumiy qiymati;
amortizatsiya hisoblanmaydigan nomoddiy aktivlarning tavsifi va balans qiymati hamda amortizatsiya hisoblanmasligi sabablari.
74. Tashkilot moliyaviy hisobotlarga izohlarda quyidagilarni qisqacha yoritib berishi kerak:
moliyaviy hisobot tuzilishi sanasiga nomoddiy aktiv deb tan olinish mezonlariga javob beradigan, biroq avvalgi hisobot davrida xarajat sifatida tan olingan ahamiyatli nomoddiy aktivlar;
kelgusida iqtisodiy naf olinishi kutilayotgan nomoddiy aktivlarni yaratish yoki yaxshilashga yoʻnaltirilgan faoliyat turlari;
75. Quyidagi maʼlumotlar nomoddiy aktivlar qayta baholangan hollarda moliyaviy hisobotlarga izohlarda yoritib berilishi lozim:
joriy qiymatni aniqlash uchun asos;
qayta baholash amalga oshirilgan sana;
joriy qiymatini aniqlash imkoni boʻlmagan nomoddiy aktivlarning balans qiymatlari hamda qayta baholash imkoni mavjud emasligiga sabablar.
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 14-iyundagi 134-son buyrugʻiga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilayotgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2005-yil 25-martdagi 35-son “Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (7-sonli BHMS) “Nomoddiy aktivlar”ni yangi tahrirda tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 1485, 2005-yil 27-iyun) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-yil, 25-26-son, 188-modda).
2. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2009-yil 21-yanvardagi 7-son “Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (7-son BHMS) “Nomoddiy aktivlar”ga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 1485-1, 2009-yil 14-fevral) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-yil, 8-son, 79-modda).
3. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2013-yil 17-maydagi 51-son “Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (7-sonli BHMS) “Nomoddiy aktivlar”ga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 1485-2, 2013-yil 22-may ) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-yil, 21-son, 277-modda).
4. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2016-yil 5-sentabrdagi 66-son “Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (7-sonli BHMS) “Nomoddiy aktivlar”ni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyruqqa oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 1485-3, 2016-yil 9-sentabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-yil, 36-son, 422-modda).
5. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2017-yil 12-iyundagi 74-son “Oʻzbekiston Respublikasi Buxgalteriya hisobi milliy standarti (7-son BHMS) “Nomoddiy aktivlar”ni yangi tahrirda tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyruqning muqaddimasiga oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 1485-4, 2017-yil 16-iyun) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-yil, 24-son, 515-modda).
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.08.2024-y., 10/24/3547/0605-son; 11.02.2025-y., 10/25/3607/0125-son)