Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining
buyrugʻi
Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (2-sonli BHMS) “Asosiy xoʻjalik faoliyatidan daromadlar”ni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 5-avgustda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3542]
Oʻzbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (2-sonli BHMS) “Asosiy xoʻjalik faoliyatidan daromadlar” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan 1998-yil 20-avgustda 41-son bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (2-son BHMS) “Asosiy xoʻjalik faoliyatidan daromadlar” (roʻyxat raqami 483, 1998-yil 26-avgust) oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir D. KUCHKAROV
Toshkent sh.,
2024-yil 14-iyun,
132-son
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 14-iyundagi 132-son buyrugʻiga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (2-sonli BHMS) “Asosiy xoʻjalik faoliyatidan daromadlar”
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Buxgalteriya hisobining milliy standarti (bundan buyon matnda BHMS deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan ishlab chiqilgan va Oʻzbekiston Respublikasida buxgalteriya hisobini normativ tartibga solish elementi boʻlib hisoblanadi.
2. Mazkur BHMSning maqsadi budjet, banklar va nobank kredit tashkilotlaridan tashqari mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan yuridik shaxslar (bundan buyon matnda tashkilot deb yuritiladi) tashkilotning asosiy xoʻjalik faoliyatidan daromadlarini va ularni hisobga olish tartibini belgilash hisoblanadi.
3. Mazkur BHMSda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
asosiy xoʻjalik faoliyatidan daromadlar — tashkilotning odatdagi faoliyati davri davomida vujudga keladigan xususiy kapitalni koʻpayishiga olib keladigan aktivlarning koʻpayishi yoki majburiyatlarning kamayishi koʻrinishidagi tushum, bundan mulk egalarining xususiy kapitalga badali bilan bogʻliq boʻlgan koʻpayishlar mustasno;
joriy narxlardagi qiymat — aktiv realizatsiya qilinishi yoki majburiyat toʻlanishi mumkin boʻlgan summa.
4. Xoʻjalik faoliyatidan daromadlar asosiy va moliyaviy faoliyatdan daromadlarni oʻz ichiga oladi.
5. Asosiy xoʻjalik faoliyatidan daromadlarni hisobga olishda daromadni tan olish vaqtini aniqlash asosiy masala hisoblanadi. Asosiy xoʻjalik faoliyatidan daromad tashkilotga kelgusida iqtisodiy naf tushishi ehtimoli boʻlgan paytda, shuningdek bu nafni ishonchli va aniq oʻlchash mumkin boʻlganda aks ettiriladi. Mazkur BHMS ushbu talablar bajariladigan va asosiy xoʻjalik faoliyatidan tushadigan daromad eʼtirof etiladigan vaziyatni belgilab beradi.
6. Mazkur BHMS asosiy xoʻjalik faoliyatining quyidagi sohalaridan olingan daromadlarni hisobga olishda qoʻllaniladi:
tovarlarni sotish va xizmatlar koʻrsatish (ishlarni bajarish);
foizlar, royaltilar va boshqa daromadlar keltiruvchi aktivlarni foydalanish uchun boshqa tashkilotga berish.
7. Tovarlarga tashkilotlar sotish maqsadida ishlab chiqargan va qayta sotish uchun xarid qilingan tovarlar yoki qayta sotish maqsadida saqlanayotgan boshqa aktivlar kiradi.
8. Xizmatlar koʻrsatish odatda tashkilotning shartnomada belgilab qoʻyilgan shartlarni kelishilgan davr davomida bajarishni oʻz ichiga oladi. Xizmatlar bir yoki bir necha davr davomida bajarilishi mumkin.
9. Tashkilotning aktivlaridan boshqa tashkilotlar tomonidan foydalanish quyidagi koʻrinishdagi daromadlarga olib keladi:
pul mablagʻlari yoki pul ekvivalentlari yoxud tashkilotga qarashli boʻlgan summalardan foydalanganlik uchun toʻlanadigan haq sifatida namoyon boʻladigan foizlar;
tashkilotning uzoq muddatli aktivlaridan (masalan, patentlar, savdo markalari, mualliflik huquqlari va kompyuter dasturlari) foydalanganlik uchun toʻlanadigan haq sifatida namoyon boʻladigan royaltilar;
ishtirokchilar (taʼsischilar) oʻrtasida ularning xususiy kapitaldagi ulushiga mutanosib ravishda foydani taqsimlashdan boshqa daromadlar.
10. Mazkur BHMS talablari quyidagilar natijasida yuzaga keladigan daromadlarga nisbatan qoʻllanilmaydi:
lizing bitimlari;
investitsiyadan keladigan hisoblangan dividendlar va daromadlar;
sugʻurta kompaniyalari bilan sugʻurta bitimlari;
moliyaviy aktivlar va moliyaviy majburiyatlar joriy qiymatidagi oʻzgarishlar yoki ular sotilgan holatlar;
boshqa aylanma mablagʻlar qiymatidagi oʻzgarishlar;
qoramollar, qishloq va oʻrmon xoʻjaligi mahsulotlarining tabiiy oʻsishi;
mineral rudalarni qazib olish.
11. Tashkilotning asosiy xoʻjalik faoliyatidan daromadi faqat yalpi tushumlardan olingan yoki olinishi kerak boʻlgan mablagʻlardan iborat boʻladi. Uchinchi shaxslar nomidan undiriladigan, tashkilotga tushadigan va xususiy kapital koʻpayishiga olib kelmaydigan bilvosita soliqlar singari summalar asosiy xoʻjalik faoliyati daromadiga kiritilmaydi. Vositachilik faoliyatidagi yalpi tushumlar asosiy xoʻjalik faoliyatidan daromad hisoblanmaydi. Bunda, vositachilik mukofotlari asosiy xoʻjalik faoliyatidan daromadlar hisoblanadi.
2-bob. Asosiy xoʻjalik faoliyatidan daromadni hisobga olish
12. Asosiy xoʻjalik faoliyatidan daromad joriy narxlarda olingan yoki olinishi kerak boʻlgan tushum (toʻlov) qiymati boʻyicha hisobga olinadi.
13. Aksariyat hollarda tushum pul mablagʻi yoki uning ekvivalentlari shaklida boʻladi. Asosiy xoʻjalik faoliyatidan daromadlar summasi — olingan yoki olinishi kerak boʻlgan pul mablagʻi yoki pul ekvivalentlaridan iboratdir. Pul mablagʻlari yoki pul ekvivalentlari tushumi kechiktirilgan boʻlsa, joriy narxdagi naf qiymati olinishi kerak boʻlgan pul mablagʻining nominal miqdoridan kam boʻlishi mumkin (masalan, tashkilot xaridorga foizsiz qarz berishi mumkin). Bitimlar natijasida moliyaviy operatsiyalarning joriy narxdagi qiymati kelgusidagi barcha tushumlarni diskontlash yoʻli bilan aniqlanadi.
Joriy narxlardagi qiymat bilan toʻlovning nominal qiymati oʻrtasidagi farq foizlar boʻyicha daromad sifatida tan olinadi.
14. Agar tovar qiymati teng yoki oʻxshash boʻlgan tovarga almashtirilsa, bunday almashtirish daromad keltirmaydigan bitim hisoblanadi. Boshqa tovarlar yoki xizmatlarga almashtirish tarzida tovarlar sotilsa yoki xizmat koʻrsatilsa (barter), daromad keltiradigan bitim sifatida qaraladi. Mazkur holatda asosiy xoʻjalik faoliyatidan daromadlar joriy narxlarda olingan tovarlar yoki xizmatlar qiymatining oʻtkazilgan (olingan) pul mablagʻi yoxud pul ekvivalentlari summasiga tuzatilgan qiymatida tan olinadi. Agar olingan tovarlar va koʻrsatilgan xizmatlar qiymatini joriy narxlarda baholash imkoni boʻlmasa, asosiy xoʻjalik faoliyatidan daromadlar yuklab joʻnatilgan tovarlar yoki xizmatlar qiymatining oʻtkazilgan (olingan) pul mablagʻi yoki pul ekvivalentlari summasiga tuzatilgan qiymati boʻyicha baholanadi.
15. Mazkur BHMSga muvofiq har bir alohida bitimga nisbatan daromadni tan olish mezonlari koʻrib chiqiladi. Muayyan holatlarda bir bitimning alohida elementlariga nisbatan daromadni tan olish mezonlari koʻrib chiqilishi zarur. Masalan, mahsulotni sotish narxi sotishdan keyingi xizmat koʻrsatish uchun muayyan qiymatni oʻz ichiga oladigan boʻlsa, ushbu qiymat kechiktiriladi va xizmat koʻrsatilgan davr davomida asosiy xoʻjalik faoliyatidan daromad sifatida tan olinadi.
3-bob. Tovarlarni sotish
16. Tovarlarni sotishdan daromad quyidagi shartlar bajarilganda tan olinadi:
tovarlarga egalik qilishning xatar va afzalliklarining katta qismi xaridorga oʻtganida;
tashkilot sotilgan tovarlarga nisbatan egalik qilish bilan bogʻliq boʻlgan boshqaruv davomiyligini va nazorat qilish samaradorligini yoʻqotganida;
daromad summasini yuqori darajadagi ishonchlilik bilan baholash mumkin boʻlganda;
tashkilot bitim bilan bogʻliq iqtisodiy naf olishi ehtimoli mavjud boʻlganda;
bitim bilan bogʻliq qabul qilingan yoki kutilayotgan xarajatlarni yuqori darajadagi ishonchlilik bilan baholash mumkin boʻlganda.
17. Asosiy xoʻjalik faoliyatidan daromad faqat operatsiya bilan bogʻliq boʻlgan iqtisodiy naf tashkilot tomonidan olinadigan taqdirdagina tan olinadi. Daromadga kiritilgan summani undirish xususida noaniqlik vujudga kelgan taqdirda, qaytarilmagan summa yoki olish mumkin boʻlmagan summa dastlab tan olingan daromad miqdorining oʻzgartirilishi sifatida emas, balki xarajat sifatida tan olinadi.
4-bob. Xizmatlar koʻrsatish (ishlarni bajarish)
18. Xizmat koʻrsatishni (ishlarni bajarish) oʻz ichiga oladigan bitimning yakuniy natijasini aniq belgilash mumkin boʻlsa, bitim bilan bogʻliq daromad yillik moliyaviy hisobot tuzish vaqtida bitimning bajarilishi bosqichiga qarab tan olinadi. Bitimning yakuniy natijasini aniq belgilash uchun quyidagi shartlar bajarilishi kerak:
bitim bilan bogʻliq daromadlarning tashkilotga tushishi ehtimoli mavjudligi;
bitimning tugallanish bosqichi buxgalteriya balansi hisobot sanasigacha yuqori darajadagi ishonchlilik bilan baholanishi;
bitimni bajarishda amalga oshirilgan xarajatlar va uni tugallash boʻyicha xarajatlar yuqori darajadagi ishonchlilik bilan baholanishi.
19. Bitimning tugallanish bosqichiga qarab daromadlarni tan olish koʻpincha bitim necha foiz bajarilishi nuqtai nazaridan koʻrib chiqiladi. Bu usul boʻyicha daromadlar xizmatlar koʻrsatilgan hisobot davrida tan olinadi. Bunda, daromadlarning tan olinishi bajarilgan ishlar hajmi va hisobot davri davomida faoliyat natijalari xususida foydali axborot olishni taʼminlaydi.
20. Xizmat koʻrsatishdan (ishlarni bajarish) daromad faqat shu operatsiya bilan bogʻliq boʻlgan iqtisodiy naf tashkilotga kelib tushish ehtimoli mavjud boʻlganda tan olinadi. Daromadga kiritilgan summani undirish xususida noaniqlik vujudga kelgan taqdirda qaytarilmagan summa yoki olish mumkin boʻlmagan summa dastlab tan olingan daromad miqdorining oʻzgartirilishi sifatida emas, balki xarajat sifatida tan olinadi.
21. Bitimning tugallanish bosqichi turli usullar bilan aniqlanishi mumkin. Bitimning tugallanganligini aniqlash uchun tashkilot koʻrsatilgan xizmatlarni yuqori darajadagi ishonchlilik bilan oʻlchaydigan quyidagi usullardan foydalanadi:
bajarilgan ishlarni tahlil qilish usuli;
bitim boʻyicha xizmatning toʻla hajmiga nisbatan foizini aniqlash usuli;
bitim boʻyicha baholangan umumiy xarajatlarga nisbatan shu sanagacha qilingan xarajatlarning foizini aniqlash usuli.
Shu sanagacha qilingan xarajatlarga mazkur sanagacha bajarilgan ishlarni aks ettiradigan xarajatlar kiradi. Bitim boʻyicha baholangan umumiy xarajatlarga esa bajarilgan yoki bajarilishi kerak boʻlgan xizmatlarni aks ettiruvchi xarajatlar kiritiladi.
Oraliq toʻlovlar hamda xaridorlardan olingan boʻnaklar qiymati daromadlar sifatida tan olinmaydi.
22. Agar xizmat koʻrsatish (ishlarni bajarish) boʻyicha bitimning natijalarini yuqori darajadagi ishonchlilik bilan baholash imkoni boʻlmasa, daromad faqat qoplanadigan amalga oshirilgan xarajatlar summasida tan olinadi. Agar bitim natijalarini yuqori darajadagi ishonchlilik bilan baholash imkoni boʻlmasa va qilingan xarajatlarning qoplanmasligi ehtimoli boʻlsa, daromadlar tan olinmaydi.
5-bob. Foizlar, royaltilar va boshqa daromadlar
23. Foizlar, royaltilar va boshqa daromadlar keltiruvchi aktivlarni boshqa tashkilotlarga foydalanishga berish natijasida olingan daromadlar quyidagi hollarda mazkur BHMSning 24-bandiga muvofiq tan olinishi lozim:
bitim bilan bogʻliq daromadlarning tashkilotga tushishi ehtimoli mavjud boʻlganda;
daromad summasini yuqori darajadagi ishonchlilik bilan baholash mumkin boʻlganda.
24. Foizlar, royaltilar va boshqa daromadlar keltiruvchi aktivlarni boshqa tashkilotlarga foydalanishga berish natijasida olinadigan daromadlar bitim shartlariga muvofiq hisoblash usuli asosida tan olinadi.
25. Foizlar, royaltilar va boshqa daromadlar keltiruvchi aktivlarni boshqa tashkilotlarga foydalanishga berish natijasida olingan daromadlar faqat operatsiya bilan bogʻliq boʻlgan iqtisodiy naf tashkilotga kelib tushish ehtimoli mavjud boʻlganda tan olinadi. Biroq, daromadga kiritilgan summani undirish xususida noaniqlik vujudga kelgan taqdirda, qaytarilmagan summa yoki olish mumkin boʻlmagan summa dastlab tan olingan daromad miqdorining oʻzgartirilishi sifatida emas, balki xarajat sifatida tan olinadi.
6-bob. Maʼlumotlarni yoritib berish
26. Tashkilot moliyaviy hisobotni taqdim etishda moliyaviy hisobotlarga izohlarda quyidagi maʼlumotlarni yoritib beradi:
a) daromadni tan olish uchun qabul qilingan hisob siyosati, shu jumladan xizmat koʻrsatishni oʻz ichiga olgan bitimlarning tugallanish bosqichlarini belgilash uchun qabul qilingan usullar;
b) daromadning hisobot davri davomida aks ettirilgan har bir muhim toifasi summasi, shu jumladan quyidagilardan olingan daromadlar:
tovarlar sotish;
xizmatlar koʻrsatish;
foizlar;
royalti.
v) daromadning har bir muhim toifasiga kiritilgan tovarlar yoki xizmatlarni ayirboshlashdan olingan daromad miqdori.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.08.2024-y., 10/24/3542/0588-son)