O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Badiiy tarjima sohasida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Badiiy tarjima sohasida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotni ta’sis etish to‘g‘risida” 2024-yil 4-iyundagi PQ-205-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-iyundagi PQ-205-son qaroriga muvofiq Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot ta’sis etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Badiiy tarjima sohasida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Badiiy tarjima sohasida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotga hujjatlarni taqdim etish, ularni ko‘rib chiqish, g‘oliblarni aniqlash tartibi;
xalqaro mukofot beriladigan yo‘nalishlar;
o‘zbek badiiy tarjima maktabini rivojlantirish hamda xalqlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlashda alohida ahamiyatga ega bo‘lgan tarjima asarlar uchun rag‘batlantiruvchi mukofotlar berish.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Z.B. Maxkamova zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 24-iyul,
451-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24 iyuldagi 451-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Badiiy tarjima sohasida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom badiiy tarjima sohasida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot (keyingi o‘rinlarda — Xalqaro mukofot) uchun hujjatlarni taqdim etish, ularni ko‘rib chiqish, g‘oliblarni aniqlash va taqdirlash tartibini belgilaydi.
2. Xalqaro mukofot o‘zbek adabiyotining eng yaxshi asarlarini xorijiy tillarga, jahon adabiyotining eng sara namunalarini o‘zbek tiliga tarjima qilishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, faol ijod qilayotgan mohir tarjimonlarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish, badiiy tarjimaning saviyasini yanada oshirish hamda mamlakatimizda adabiyot va kitobxonlikni keng ommalashtirish maqsadida joriy etiladi.
3. Xalqaro mukofot o‘zbek adabiyotining eng yaxshi asarlarini xorijiy tillarga, chet el adabiyotining sara namunalarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan tarjimon yoki tarjimonlar guruhiga beriladi.
Bunda asar yaratilgan tildan bevosita amalga oshirilgan tarjima asarlarga ahamiyat qaratiladi.
Xalqaro mukofot O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan shaxslarga ham beriladi.
4. Xalqaro mukofot tanloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish, bu boradagi tashkiliy-moliyaviy masalalarni hal etish, shuningdek, ushbu Nizomga muvofiq Xalqaro mukofot g‘oliblarini aniqlash va taqdirlash bo‘yicha qarorlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-iyundagi PQ-205-son qarori bilan tuzilgan Badiiy tarjima sohasida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot kengashi (keyingi o‘rinlarda — Kengash) tomonidan qabul qilinadi.
Kengash qarorlari Kengash yig‘ilishining bayoni bilan rasmiylashtiriladi va Kengash raisi yoki yig‘ilishga raislik qilgan Kengash raisining o‘rinbosari tomonidan imzolanadi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Kengashning ishchi organi (keyingi o‘rinlarda — Ishchi organ) hisoblanadi.
5. Xalqaro mukofot uchun tanlov ikki yilda bir marta o‘tkazilib, g‘oliblarga Xalqaro mukofotni tantanali topshirish sanasi Kengash tomonidan belgilanadi.
6. Quyidagilar Xalqaro mukofot beriladigan yo‘nalishlar hisoblanadi:
o‘zbek adabiyotining nasriy asarlaridan xorijiy tillarga qilingan eng yaxshi tarjima;
o‘zbek adabiyotining she’riy asarlaridan xorijiy tillarga qilingan eng yaxshi tarjima;
o‘zbek bolalar adabiyoti namunalaridan xorijiy tillarga qilingan eng yaxshi tarjima;
xorijiy tillarda yaratilgan nasriy asarlardan o‘zbek tiliga qilingan eng yaxshi tarjima;
xorijiy tillarda yaratilgan she’riy asarlardan o‘zbek tiliga qilingan eng yaxshi tarjima;
xorijiy tillarda yaratilgan bolalar adabiyoti namunalaridan o‘zbek tiliga qilingan eng yaxshi tarjima.
Dramaturgiyaga oid tarjima asarlar uning janriga mos ravishda ushbu bandda ko‘rsatilgan yo‘nalishlar asosida ko‘rib chiqiladi.
2-bob. Xalqaro mukofotga hujjatlarni taqdim etish va ko‘rib chiqish tartibi
7. Xalqaro mukofot tanloviga talabgorlarning (keyingi o‘rinlarda — talabgorlar) hujjatlarini qabul qilishni boshlash va yakunlash sanasi hamda uning tartibi haqida ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.
Xalqaro mukofot tanloviga hujjatlarni taqdim etish tartibi Ishchi organ tomonidan belgilanadi.
8. Talabgorlarning hujjatlari Xalqaro mukofot tanlovi haqida ommaviy axborot vositalarida e’lon berilgan sanadan boshlab uch oy davomida Ishchi organ tomonidan qabul qilinadi.
9. Xalqaro mukofot tanloviga Xalqaro mukofot tanlovi haqidagi e’lon berilgan sanadan boshlab o‘tgan besh yil ichida kitob holida chop etilgan yoki bosma davriy va elektron adabiy nashrlarda e’lon qilingan tarjima asarlar qabul qilinadi.
10. Xalqaro mukofot tanloviga tarjima asarlar quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha belgilangan hajmdan kam bo‘lmagan miqdorda qabul qilinadi:
o‘zbek adabiyotining nasriy asarlaridan xorijiy tillarga qilingan eng yaxshi tarjima — kamida o‘n bosma taboq;
o‘zbek adabiyotining she’riy asarlaridan xorijiy tillarga qilingan eng yaxshi tarjima — kamida besh bosma taboq;
o‘zbek bolalar adabiyoti namunalaridan xorijiy tillarga qilingan eng yaxshi tarjima — kamida besh bosma taboq;
xorijiy tillarda yaratilgan nasriy asarlardan o‘zbek tiliga qilingan eng yaxshi tarjima — kamida o‘n bosma taboq;
xorijiy tillarda yaratilgan she’riy asarlardan o‘zbek tiliga qilingan eng yaxshi tarjima — kamida besh bosma taboq;
xorijiy tillarda yaratilgan bolalar adabiyoti namunalaridan o‘zbek tiliga qilingan eng yaxshi tarjima — kamida besh bosma taboq.
11. Quyidagi talablar asosida tarjima asarlar Xalqaro mukofot tanloviga qabul qilinadi:
o‘zbek xalqining qadimiy tarixi, bebaho qadriyat va an’analari, o‘ziga xos hayot tarzi, olijanob fazilatlari yuqori badiiy saviyada aks ettirilgan, milliy adabiyotimiz xazinasidan munosib joy olgan asarlarning chet tillarga tarjimalari;
umuminsoniy qadriyat va g‘oyalar tarannum etilgan, dunyo adabiyotida e’tirof etilgan, yuqori badiiy saviyaga ega xorijiy asarlarning o‘zbek tiliga tarjimasi;
asarning mazmuni va uslubini, badiiy o‘ziga xosligini to‘la saqlagan holda yuksak mahorat bilan amalga oshirilgan tarjimalar;
adabiy jamoatchilik orasida alohida e’tirof etilgan asarlarning yuksak saviyali tarjimasi.
12. Xalqaro mukofot tanloviga tarjimon yoki tarjimonlar guruhi tomonidan hammualliflikda amalga oshirilgan tarjima asarlar qabul qilinadi.
13. Xalqaro mukofot tanloviga tarjima asarlar tarjimonning o‘zi yoki tarjimonlar guruhi, adabiy-ilmiy tashkilotlar va nashriyotlar tomonidan taqdim etiladi.
14. Ishchi organ:
ushbu Nizomga va hujjatlarni qabul qilish tartibiga muvofiq Xalqaro mukofotga tavsiya etilgan talabgorlarning hujjatlarini, shu jumladan, bir nusxadagi tarjima asarni qabul qiladi;
Xalqaro mukofotga tavsiya etilgan talabgorlarning faoliyati va ularning tarjima asarlarini ko‘rib chiqib, ular haqidagi ma’lumotlarni shakllantiradi;
Xalqaro mukofotga tavsiya etilgan tarjima asarlar, shu bilan birga, talabgorlarning ijodiy faoliyati muhokama qilinib, xolisona baholanishiga ko‘maklashadi;
Xalqaro mukofotga tavsiya etilgan talabgorlarning hujjatlari, shu jumladan, tarjima asarlarni tegishli idora va tashkilotlarga taklif-mulohazalarini bildirish uchun taqdim etishi mumkin.
15. Quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha Ishchi organ malakali mutaxassis va ijodkorlardan iborat tarkibda ishchi guruhlar faoliyatini yo‘lga qo‘yadi:
o‘zbek adabiyotining nasriy asarlaridan xorijiy tillarga hamda xorijiy tillarda yaratilgan nasriy asarlardan o‘zbek tiliga qilingan eng yaxshi tarjima asarlar bo‘yicha;
o‘zbek adabiyotining she’riy asarlaridan xorijiy tillarga hamda xorijiy tillarda yaratilgan she’riy asarlardan o‘zbek tiliga qilingan eng yaxshi tarjima asarlar bo‘yicha;
o‘zbek bolalar adabiyotidan xorijiy tillarga hamda chet el bolalar adabiyotidan o‘zbek tiliga qilingan eng yaxshi tarjima asarlar bo‘yicha.
16. Ishchi guruhlar tarkibi Kengash raisining o‘rinbosari — Ishchi organ rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
Ishchi guruhlar a’zolari Ishchi organ tomonidan belgilangan tartibda va miqdorda moddiy rag‘batlantiriladi.
Ishchi guruhlar a’zolarini moddiy rag‘batlantirish bilan bog‘liq xarajatlar Xalqaro mukofotning xarajatlar smetasida nazarda tutiladi.
17. Ishchi guruhlar Xalqaro mukofotga taqdim etilgan hujjatlarni, shu jumladan, tarjima asarlarni ko‘rib chiqib, xulosalar tayyorlaydi hamda Ishchi organga taqdim etadi.
18. Ishchi organ ishchi guruhlar xulosalari asosida hujjatlarni rasmiylashtiradi, Kengash yig‘ilishining bayoni loyihasini tayyorlaydi hamda ko‘rib chiqish uchun Kengashga kiritadi.
19. Ishchi guruhlarning xulosalari oshkor etilmaydi.
20. Kengash Ishchi organ tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqib, Xalqaro mukofot g‘oliblarini aniqlash bo‘yicha qaror qabul qiladi.
21. Kengash, istisno tariqasida, o‘zbek badiiy tarjima maktabini rivojlantirish hamda xalqlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlashda alohida ahamiyatga ega bo‘lgan tarjima asarlar uchun rag‘batlantiruvchi mukofotlar ham berishi mumkin.
Rag‘batlantiruvchi mukofotlarning bir martalik pul mukofoti miqdori va moliyalashtirilishi Kengash tomonidan belgilanadi.
22. Xalqaro mukofot g‘oliblari ro‘yxati ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.
23. Xalqaro mukofot g‘oliblarining har biri maxsus diplom, ko‘krak nishoni va bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
24. Kengash talabgorlar orasida tegishli yo‘nalish bo‘yicha Xalqaro mukofot talablariga mos keluvchi nomzodlar mavjud emas deb topsa, o‘sha yo‘nalishdagi Xalqaro mukofot topshirilmaydi.
25. Xalqaro mukofot bir shaxsga ikki marta berilmaydi.
26. Kengash yoki ishchi guruhlar a’zolari Xalqaro tanlovga o‘zining tarjima asarlarini taqdim etgan yilda Kengash yoki ishchi guruhlaridagi faoliyatini to‘xtatib turadi.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
27. Xalqaro mukofotga taqdim etilgan hujjatlar, shu jumladan, tarjima asarlar qaytarilmaydi.
28. Ishchi organ Xalqaro mukofotga taqdim etilgan hujjatlarni, shu jumladan, tarjima asarlarni hamda Xalqaro mukofotga oid tegishli boshqa hujjatlarning hisobini yuritadi hamda ularning belgilangan muddat davomida saqlanishini ta’minlaydi.
29. Xalqaro mukofot g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimini o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar, shuningdek, g‘oliblar uchun pul mukofotlari, g‘oliblarning mukofotni olish uchun xorijdan kelish-ketishi, mehmonxonada yashash xarajatlari Ma’naviyat va ijodni qo‘llab-quvvatlash maqsadli jamg‘armasining xarajatlar smetasi bo‘yicha Yozuvchilar uyushmasiga ajratiladigan mablag‘lar, tashkilotchilar mablag‘lari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.
Xalqaro mukofot topshiriladigan yilda uning xarajatlari uchun Ishchi organ tomonidan taqdim etilgan hisob-kitoblar asosida Ma’naviyat va ijodni qo‘llab-quvvatlash maqsadli jamg‘armasining xarajatlar smetasida qo‘shimcha mablag‘ ajratish nazarda tutiladi hamda ushbu mablag‘ Yozuvchilar uyushmasiga o‘tkazib beriladi.
30. Xalqaro tanlovning chet ellik g‘oliblariga pul mukofotlari mukofot jamg‘armasiga teng ekvivalentda xorijiy valyutada to‘lanishi mumkin.
31. Xalqaro mukofotning xarajatlar smetasi Kengash tomonidan tasdiqlanadi.
32. Xalqaro mukofot bilan taqdirlangan tarjima asarlarni keng ommalashtirish hamda ularning tarjimonlari bilan faol ijodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari ko‘riladi.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.07.2024-y., 09/24/451/0552-son)