Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi joriy etilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 23-yanvardagi PQ-39-son hamda Vazirlar Mahkamasining “Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2024-yil 30-yanvardagi 55-son qarorlariga muvofiq, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingini joriy etish tartibini qonunchilik hujjatlariga muvofiqlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi qoʻshimchalar kiritilsin:
tadbirkorlik subyektlariga yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, ularni ragʻbatlantirish yuzasidan yuqori barqarorlik reytingi toifasidagi tadbirkorlik subyektlarining faoliyatida soliq tekshiruvlari oʻtkazilmasligi;
ushbu toifadagi tadbirkorlik subyektlariga qoʻshilgan qiymat soligʻi summasining oʻrni bir kun muddatda tekshiruvlarsiz qoplanishi (qaytarilishi) munosabati bilan ularning faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlarini oʻzaro muvofiqlashtirish.
2. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil manfaatdor vazirlik hamda idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qoʻmitasi raisi Sh.D. Kudbiyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 16-iyul,
428-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 16-iyuldagi 428-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-avgustdagi 489-son qarori bilan tasdiqlangan Qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi oʻrnini qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
2-band quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi boʻyicha “AAA” toifadagi tadbirkorlik subyektlariga (davlat korxonalari hamda ustav kapitalida 50 foiz va undan ortiq miqdorda davlat ulushi mavjud boʻlgan yuridik shaxslar bundan mustasno) soliqning salbiy farq summasi bir kun muddatda tekshiruvlarsiz ushbu Nizomga 11-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq qoplanadi (qaytariladi)”;
quyidagi mazmundagi 11-ilova bilan toʻldirilsin:
“Qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi oʻrnini qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
11-ILOVA
11-ILOVA
Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi boʻyicha “AAA” toifadagi tadbirkorlik subyektlari uchun qoʻshilgan qiymat soligʻining oʻrni qoplanishi lozim boʻlgan summani soliq toʻlovchining bank hisobvaragʻiga qaytarish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish
SXEMASI
|
Bosqichlar |
Subyektlar |
Tadbirlar |
Bajarish muddatlari |
|||
|
1-bosqich |
Soliq toʻlovchi (ariza beruvchi) |
Hisobga olingan joydagi soliq organlariga shaxsiy kabineti orqali ariza taqdim etadi. |
Zaruratga koʻra |
|||
|
2-bosqich |
Soliq organi |
Barqarorlik reytingi darajasi “AAA” toifadagi tadbirkorlik subyektlariga QQSni qaytarishda xulosalarni avtomatik ravishda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasiga yuboradi. |
Bir kun mobaynida |
|||
|
3-bosqich |
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasi |
Davlat budjeti mablagʻlari doirasida (yetarli mablagʻlar mavjud boʻlganda) avtomatik tarzda soliq summasini soliq toʻlovchining bank hisobvaragʻiga oʻtkazadi. |
Shu kunning oʻzida |
|||
|
”. |
2. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 7-yanvardagi 1-son qarori bilan tasdiqlangan Soliq tekshiruvlarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 2-bandi quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi boʻyicha “AAA” toifadagi tadbirkorlik subyektlarida (davlat korxonalari hamda ustav kapitalida 50 foiz va undan ortiq miqdorda davlat ulushi mavjud boʻlgan yuridik shaxslar bundan mustasno) soliq tekshiruvlari oʻtkazilmaydi (jinoiy ishlar doirasida oʻtkaziladigan tekshiruvlar bundan mustasno)”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.07.2024-y., 09/24/428/0515-son)