Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
qarori
Sudlar tomonidan jinoyat ishlarini taftish tartibida koʻrib chiqishning ayrim masalalari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilganligi munosabati bilan, shuningdek, qonun normalarini bir xilda va toʻgʻri qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 22-moddasiga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Taftish instansiyasi sudi Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi (bundan buyon matnda JPK deb yuritiladi) 482-moddasiga muvofiq ishlarni taftish tartibida koʻrishda taftish shikoyati (xususiy shikoyati), protesti (xususiy protesti) boʻyicha ishning haqiqiy holatlari toʻliq aniqlanganligini va Jinoyat kodeksi (bundan buyon matnda JK deb yuritiladi) normalari toʻgʻri qoʻllanilganligini, ish yuritishni amalga oshirish chogʻida JPK normalariga rioya etilgan-etilmaganligini, birinchi instansiya, apellatsiya, kassatsiya va tegishli taftish instansiyasi sudi hukmining, ajrimining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini ishda mavjud boʻlgan hamda taftish instansiyasi sudi tomonidan qoʻshimcha ravishda tekshirilgan dalillar boʻyicha tekshiradi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarida taftish tartibida ish yuritish — JPK 478-moddasi ikkinchi qismining uchinchi bandiga muvofiq, jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudlarining, hududiy harbiy sudlarning apellatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrib chiqilgan hukmlari, ajrimlari, shuningdek, ushbu sudlarning tuman (shahar) sudlari, hududiy harbiy sudlar tomonidan koʻrilgan ishlar boʻyicha apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasida chiqarilgan hukmlari, ajrimlari ustidan mahkum, oqlangan shaxs, ularning himoyachisi va qonuniy vakili, jabrlanuvchi, fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgar hamda ularning vakillari, ishda taraf boʻlmagan, biroq sud hukmlari, ajrimlari huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxl qilgan shaxs (garov beruvchi, mulki xatlangan shaxs va boshqalar)ning taftish shikoyatlariga (xususiy shikoyatlariga), Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurori, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy prokurori va ularga tenglashtirilgan prokurorlar, shuningdek, ularning oʻrinbosarlarining taftish protestlariga (xususiy protestlariga) binoan amalga oshiriladi (JPKning 511-moddasi va 512-moddasining birinchi qismi).
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining (bundan buyon matnda Oliy sud deb yuritiladi) Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatida taftish tartibida ish yuritish — JPK 478-moddasining uchinchi qismiga muvofiq:
jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudlarining, hududiy harbiy sudlarning Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari tomonidan apellatsiya yoki kassatsiya va taftish tartibida koʻrib chiqilgan hukmlari, ajrimlari, shuningdek, ushbu sudlar tomonidan tuman (shahar) sudlari, hududiy harbiy sudlar tomonidan koʻrilgan ishlar boʻyicha apellatsiya yoki kassatsiya va taftish tartibida chiqarilgan hukmlari, ajrimlari ustidan:
JPKning 511-moddasida koʻrsatilgan shaxslarning shikoyatlarini (xususiy shikoyatlarini) oʻrganib chiqish natijalariga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasining shikoyatni (xususiy shikoyatni) ish bilan birga koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga oʻtkazish haqidagi ajrimi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi yoinki uning oʻrinbosarining JPK 52111-moddasining uchinchi qismi tartibida chiqarilgan ajrimi;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining, uning oʻrinbosarlarining protesti;
shuningdek, Oliy sudning, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining birinchi instansiya boʻyicha chiqarilgan va ayni shu sudlar tomonidan apellatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrib chiqilgan hukmlari, ajrimlari, shuningdek ushbu sudlar tomonidan birinchi instansiya tariqasida koʻrilgan ishlar boʻyicha apellatsiya yoki kassatsiya tartibida chiqarilgan hukmlari va ajrimlari ustidan JPKning 511-moddasida koʻrsatilgan shaxslarning shikoyatlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining, uning oʻrinbosarlarining protestiga asosan amalga oshiriladi.
Oliy sudning Rayosatida taftish tartibida takroran ish yuritish — Oliy sud Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatining taftish tartibida chiqarilgan qarorlari ustidan JPKning 511-moddasida koʻrsatilgan shaxslarning arizasiga (iltimosnomasiga), sudyaning taqdimnomasiga, ommaviy axborot vositalarining xabarlariga koʻra kiritilgan Oliy sud raisining protestiga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining protestiga binoan amalga oshiriladi.
3. Taftish shikoyati (xususiy shikoyat), protesti (xususiy protest) quyidagi tartibda, yaʼni:
1) tuman (shahar) sudlarining apellatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrib chiqilgan hukmlari, ajrimlari ustidan, shuningdek tuman (shahar) sudlari tomonidan koʻrilgan ishlar boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudining, viloyatlar, Toshkent shahar sudlarining apellatsiya yoki kassatsiya tartibida chiqarilgan hukmlari, ajrimlari ustidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudiga, viloyatlar, Toshkent shahar sudlariga;
2) hududiy harbiy sudlarning apellatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrilgan ishlari boʻyicha hukmlari, ajrimlari ustidan, shuningdek hududiy harbiy sudlar tomonidan koʻrilgan ishlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining hukmlari, ajrimlari ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudiga — hukm, ajrim chiqargan sud orqali beriladi.
Bunda taftish shikoyati (xususiy shikoyat), protesti (xususiy protest), birinchi instansiya sudida ishni koʻrgan sud joylashgan hududdagi taftish instansiyasi sudi tomonidan koʻrib chiqilishi eʼtiborga olinishi kerak.
Oliy sudning Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga:
tuman (shahar) sudlari, hududiy harbiy sudlarning apellatsiya yoki kassatsiya va taftish tartibida koʻrilgan ishlari boʻyicha hukmlari, ajrimlari ustidan;
Oliy sud, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining apellatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrilgan ishlari boʻyicha hukmlari, ajrimlari va ular yuzasidan chiqarilgan apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasining hukmlari, ajrimlari ustidan taftish tartibida shikoyat (xususiy shikoyat), protest (xususiy protest) berilishi mumkin.
4. Tushuntirilsinki, qonun taftish tartibida shikoyat (xususiy shikoyat), protest (xususiy protest) berishga boʻlgan huquqni biror-bir muddat bilan cheklamaydi (JPKning 514-moddasi).
Shu bilan birga, agar shikoyat (xususiy shikoyat)da, protest (xususiy protest)da ogʻirroq jinoyat toʻgʻrisidagi qonunni qoʻllash zarurligi, jazoni kuchaytirish toʻgʻrisida yoki mahkumning ahvoli yomonlashishiga olib keladigan boshqa oʻzgartirishlar (mahkumni oʻta xavfli retsidivist deb topish, jazoni ijro etish koloniyasining qattiqroq turini belgilash, shartli hukmni bekor qilish, moddiy zarar miqdorini koʻpaytirish, basharti bu jinoyat kvalifikatsiyasi yoki ayblov mazmuni mahkumning ahvolini ogʻirlashishiga olib kelsa va hakozo.), shuningdek, oqlov hukmini yoki jinoyat ishini tugatish haqidagi ajrimni bekor qilish toʻgʻrisidagi masalalar qoʻyilgan boʻlsa, ishni taftish tartibida qayta koʻrishga ustidan shikoyat (xususiy shikoyat), protest (xususiy protest) berilayotgan hukm, ajrim qonuniy kuchga kirganidan soʻng faqat bir yil ichida yoʻl qoʻyiladi.
Ushbu muddat oʻtgandan soʻng berilgan, mahkumning, oqlangan va ishi tugatilgan shaxsning ahvolini ogʻirlashtirishga qaratilgan talablar qoʻyilgan shikoyat (xususiy shikoyat), protest (xususiy protest) taftish instansiyasi sudi tomonidan koʻrib chiqilmaydi va uni bergan shaxsga qaytariladi.
Agar taftish shikoyati (xususiy shikoyati), protesti (xususiy protesti) bir yillik muddat oʻtgunga qadar berilgan boʻlib, mazkur muddat ish boʻyicha qaror qabul qilingunga qadar oʻtib ketsa, sud ularni qanoatlantirilmasdan qoldiradi va bu haqda uni bergan shaxsga maʼlum qiladi.
Bunda bir yillik muddat tegishli instansiya hukmi, ajrimi qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab, taftish instansiyasi sudi tomonidan qaror qabul qilingan kun qoʻshilgan holda hisoblanishi kerak.
5. JPKning 516-moddasida taftish shikoyati (xususiy shikoyat), protesti (xususiy protest) mazmuni yuzasidan muayyan talablar belgilanganligi tufayli taftish instansiyasi sudi shikoyat, protest beruvchi shaxs tomonidan ushbu talabga rioya etilganligini tekshirishi shart.
Sudya taftish shikoyati (xususiy shikoyat), protesti (xususiy protest) JPKning 516-moddasida nazarda tutilgan talablarga javob bermasa va JPKning 5219-moddasida koʻrsatilgan hollarda xat bilan uni bergan shaxsga qaytaradi.
Shikoyat (xususiy shikoyat), protest (xususiy protest) bergan shaxs JPKning 516 va 5219-moddalarida koʻrsatilgan holatlar bartaraf etilganidan keyin umumiy tartibda qayta murojaat qilishga haqli.
6. Shuni nazarda tutish lozimki, qonunda taftish tartibida ish yuritish predmeti boʻyicha muayyan istisnolar belgilangan.
Jumladan, sud tomonidan sud muhokamasi jarayonida dalillarni tekshirish tartibi, protsess ishtirokchilari iltimosnomalari, ehtiyot chorasini tanlash, oʻzgartirish yoki bekor qilish, shuningdek, sud majlisi zalida tartibni saqlash yuzasidan hamda JPKning 416, 417-moddalari tartibida chiqarilgan ajrimlar ustidan taftish tartibida shikoyat berish, protest bildirish mumkin emas.
Ushbu ajrimlar boʻyicha eʼtirozlar yakuniy sud hukmi, ajrimi ustidan berilgan taftish tartibidagi shikoyat (xususiy shikoyat)ga, protest (xususiy protest)ga kiritilishi mumkin.
Hukm, ajrim chiqarilgandan soʻng qabul qilingan amnistiya aktini tatbiq etish, tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash masalalari yuzasidan, shuningdek, mahkumga nisbatan ijro etilmagan bir necha hukm mavjud boʻlib, keyingi hukmni chiqargan sud bundan bexabar boʻlgan va shu kabi boshqa holatlar yuzasidan berilgan shikoyat (protest), agar unda ayni bir paytda jinoyat ishining mazmuni yoki hukm, ajrimning qonuniyligi va asosliligi boʻyicha boshqa masalalar qoʻyilgan boʻlmasa, taftish tartibida alohida koʻrilmaydi. Bu masalalar tegishli instansiya sudi tomonidan JPK 540 — 542-moddalari qoidalariga muvofiq hal etiladi. Bunday masalalar yuzasidan chiqarilgan sud ajrimi ustidan umumiy asoslarda xususiy shikoyat (xususiy protest) berilishi mumkin.
7. Jinoyat protsessi ishtirokchisi oʻzining shikoyati (xususiy shikoyati), protesti (xususiy protesti)ga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritish huquqidan taftish instansiyasi sudi majlisi boshlangunga qadar foydalanishi mumkin. Biroq JPK 519-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq, taftish protestiga (xususiy protestga), jabrlanuvchi yoki uning vakilining taftish shikoyatiga (xususiy shikoyatiga) mahkumning ahvolini ogʻirlashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishga, agar bunday talab taftish tartibida berilgan dastlabki shikoyatda, protestda (xususiy shikoyatda, xususiy protestda) koʻrsatilmagan boʻlsa, yoʻl qoʻyilishi mumkin emas.
Taftish shikoyati berilganidan keyin ishga kirishgan himoyachi JPK 519-moddasining ikkinchi qismi talablariga rioya etgan holda shikoyatni oʻzgartirishi yoki yangi vajlar bilan toʻldirishi, ilgari ishda ishtirok etgan himoyachi tomonidan berilgan shikoyat vajlariga qoʻshimcha asoslar taqdim etishi mumkin.
8. JPKning 520-moddasiga muvofiq, taftish shikoyati (xususiy shikoyat), protesti (xususiy protest) bergan shaxs oʻz shikoyatini (protestini), mahkum, jabrlanuvchi, fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgar va ishda taraf boʻlmagan, biroq sud hukmlari, ajrimlari huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxl qilgan shaxs oʻz himoyachisi va vakili bergan shikoyatni ham qaytarib olish huquqiga ega. Protestni qaytarib olish huquqi yuqori turuvchi prokurorga ham tegishli.
Mahkumning himoyachisi, qonuniy vakili oʻz shikoyatini faqat mahkumning roziligi bilan qaytarib olishga haqli.
Taftish tartibida berilgan shikoyatni (xususiy shikoyatni), protestni (xususiy protestni) qaytarib olishga taftish instansiyasi sudi maslahatxonaga kirguniga qadar yoʻl qoʻyiladi.
Taftish shikoyatining (xususiy shikoyatning), protestining (xususiy protestning) qaytarib olinishi, agar ish boʻyicha boshqa protsess ishtirokchilari tomonidan berilgan shikoyat (xususiy shikoyat), protest (xususiy protest) boʻlmasa, taftish tartibida ish yuritish tugatilishiga olib keladi. Aks holda sud faqat shikoyatini (xususiy shikoyatini), protestini (xususiy protestini) qaytarib olgan shaxsga nisbatan taftish tartibida ish yuritishni tugatadi va boshqa shaxslarga nisbatan davom ettiradi.
Shuni inobatga olish lozimki, taftish tartibida ish yuritishning tugatilishi shikoyat (xususiy shikoyat), protest (xususiy protest) bilan qayta murojaat qilinishiga toʻsqinlik qilmaydi.
9. JPK 484-moddasining beshinchi va oltinchi qismlariga muvofiq, jinoyat ishini taftish tartibida koʻrib chiqish davomiyligi uni koʻrib chiqish boshlangan kundan eʼtiboran uch oydan oshmasligi kerak. Mazkur muddat ish murakkab boʻlgan yoki uning hajmi katta boʻlgan, shuningdek, boshqa uzrli sabablar mavjud boʻlgan taqdirda, ishni taftish tartibida koʻrib chiqayotgan sudlov hayʼatining ajrimi bilan koʻpi bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin.
Oliy sudning Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati va Rayosati tomonidan taftish tartibida koʻrilishi lozim boʻlgan jinoyat ishi oqilona muddatlarda, biroq uni koʻrib chiqish boshlangan kundan eʼtiboran koʻpi bilan uch oyda koʻrib chiqilishi kerak. Ushbu muddat ishning murakkabligi yoki hajmi kattaligi, shuningdek boshqa uzrli sabablar mavjud boʻlgan taqdirda, tegishincha Oliy sud Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati ajrimi va Rayosatining qarori bilan koʻpi bilan bir yilga qadar uzaytiriladi. Bunga ishni JPK 484-moddasining birinchi — uchinchi qismlarida va 517-moddasida koʻrsatilgan hamda jinoyat ishini taftish tartibida koʻrib chiqish uchun tayinlash va tayyorlash uchun belgilangan muddatlar qoʻshilmaydi.
10. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, JPK 479, 517,518, 5211, 52114-moddalari talablarining bajarilishi protsess ishtirokchilari huquqlarining taʼminlanishi uchun muhim ahamiyatga ega. Shu munosabat bilan taftish instansiyasi sudi ishni sud majlisida koʻrishga tayyorlash jarayonida quyidagilarni tekshirishi shart:
mahkum, oqlangan shaxs, uning himoyachisi, qonuniy vakili, jabrlanuvchi, uning vakili, shuningdek fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgar, ularning vakillariga sud qarorlari nusxasining topshirilgani;
protsess ishtirokchilariga shikoyat (xususiy shikoyat), protest (xususiy protest), shuningdek, qoʻshimcha materiallar kelib tushganligi toʻgʻrisida xabar berilgani;
shikoyat (xususiy shikoyat), protest (xususiy protest) bilan protsess ishtirokchilari tanishtirilganligi yoki ularga ushbu hujjatlar nusxasi yuborilgani;
jinoyat ishi taftish instansiyasi sudiga yuborilganligi toʻgʻrisida JPKning 511 — 513-moddalarida koʻrsatilgan shaxslar xabardor qilingani.
Taftish instansiyasi sudi sud qarorining ishda taraf boʻlmagan shaxs huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor qismi yuzasidan taftish shikoyati (xususiy shikoyati), protesti (xususiy protesti) bilan kelib tushgan ishni koʻrishga tayyorlash jarayonida quyidagilarni tekshirishi shart:
sud qarori nusxasi topshirilgani;
shikoyat (xususiy shikoyat), protest (xususiy protest) berilganligi toʻgʻrisida xabar berilgani;
kelib tushgan shikoyat (xususiy shikoyat), protest (xususiy protest) nusxasi berilgani;
taftish instansiyasi sudi majlisida ishtirok etish huquqi tushuntirilgani;
jinoyat ishi taftish instansiyasi sudiga yuborilganligi toʻgʻrisida unga xabar qilingani.
Ushbu talablar bajarilmaganligi aniqlansa va ularni taftish instansiyasi sudi tomonidan amalga oshirish imkoniyati boʻlmasa, ish qayta rasmiylashtirish uchun birinchi instansiya sudiga yuboriladi. Birinchi instansiya sudi tomonidan ishni qayta rasmiylashtirish JPKning 517-moddasida nazarda tutilgan muddatlarda amalga oshirilishi lozim.
Shikoyat (xususiy shikoyat) yoki protest (xususiy protest) bevosita taftish instansiya sudiga berilgan hollarda ham sud ularni hukmni, ajrimni chiqargan sudga JPKning 479-moddasida bayon etilgan talablarni ushbu Kodeks 517-moddasida belgilangan muddatlarda bajarish uchun yuboradi.
Ushbu talablar Oliy sudning Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga koʻrib chiqish uchun oʻtkazilgan ishlar boʻyicha taftish instansiyasi sudining oʻzi tomonidan amalga oshiriladi.
11. Shikoyatni (xususiy shikoyatni) Oliy sudning Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi ajrimda JPKning 52112-moddasida nazarda tutilganlar bilan birga quyidagi masalalar ham hal etilishi kerak:
sud majlisiga taraflarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini chaqirish;
JPKning 19-moddasida nazarda tutilgan hollarda, jinoyat ishini yopiq sud majlisida koʻrish;
ozodlikdan mahrum qilish yoki ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoni oʻtayotgan mahkumning sud majlisidagi ishtiroki.
12. Shuni nazarda tutish kerakki, JPKning 5212 va 52115-moddalarida taftish instansiyasi sudi majlisida ishtirok etishi shart boʻlgan taraflar, shuningdek, unda ishtirok etish huquqiga ega boʻlgan protsess ishtirokchilari koʻrsatib oʻtilgan. Shu sababli taftish instansiyasi sudi har bir ish boʻyicha ularni sud majlisi joyi, sanasi va vaqti toʻgʻrisida oldindan xabardor etish choralarini koʻrishi kerak.
Jazoni ijro etish muassasasida boʻlgan yoki ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoni oʻtayotgan mahkumning taftish instansiyasi sudi majlisida ishtirok etishini taʼminlash sud tomonidan hal etiladi. Agar taftish instansiyasi sudi mahkumning sud majlisida ishtirokini zarur deb topsa, uni sud majlisiga olib kelish choralarini koʻrishi yoxud ishni yopiq sud majlisida koʻrish talab etilmaydigan hollarda uning sud majlisida videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda ishtirok etishini taʼminlashi lozim.
Taftish instansiyasi sudi majlisi joyi, sanasi va vaqti toʻgʻrisida tegishli tartibda xabardor qilingan shaxslarning sud majlisiga kelmasligi jinoyat ishini koʻrishga monelik qilmaydi, sud majlisida ishtirok etishi shart boʻlgan shaxslar bundan mustasno.
Prokuror yoki himoyachi sud majlisiga kelmay qolgan taqdirda jinoyat ishini koʻrib chiqish keyinga qoldiriladi.
13. Taftish instansiyasi sudi xolislik va begʻarazlikni saqlagan holda taraflarga oʻz protsessual huquq va majburiyatlarini amalga oshirishlari uchun zarur sharoit yaratib berishi shart.
Taftish instansiyasi sudida ishning muhokamasi, JPKning 483, 5213 va 52116-moddalarida nazarda tutilgan qoidalar inobatga olingan holda, birinchi instansiya sudida ish yuritish qoidalari asosida olib boriladi.
14. JPKning 483-moddasiga muvofiq, sud jinoyat ishini taftish tartibida koʻrishda shikoyat, protest vajlari bilan chegaralanmasdan, sud qarorlari qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini barcha mahkumlarga, oqlangan shaxslarga, shu jumladan, shikoyat bermagan shaxslarga yoki oʻziga nisbatan shikoyat, protest berilmagan mahkumlarga, oqlangan shaxslarga nisbatan ham toʻliq hajmda tekshiradi. Sud qarorlarini toʻliq hajmda tekshirilishiga qilmishning jinoiyligi bekor qilinsa, jazo yengillashtirilsa yoki shaxsning ahvoli boshqacha tarzda yaxshilansagina yoʻl qoʻyiladi.
Agar bu mahkum, oqlangan shaxs ahvolining ogʻirlashuviga olib kelsa, prokuror protesti yoki jabrlanuvchining, uning vakilining shikoyati boʻlmagan hollarda, sud shikoyatda, protestda keltirilgan vajlar doirasidan chetga chiqishga, shuningdek, taftish shikoyati bermagan mahkumlarga, oqlangan shaxslarga nisbatan ishni koʻrishga haqli emas.
Agar quyi instansiya sudi tomonidan sud tergovining toʻliq emasligiga yoki bir yoqlamaligiga yoxud protsessual buzilishlarga yoʻl qoʻyilgan boʻlsa, taftish instansiyasi sudi toʻliq yoki qisman sud tergovini oʻtkazish yoʻli bilan boʻshliqlarning oʻrnini toʻldirish, protsessual buzilishlarni bartaraf etish choralarini koʻradi. Shu maqsadda taftish instansiyasi sudi ish holatlari toʻla, har tomonlama va xolisona tekshirib chiqilishini taʼminlash uchun zarur boʻlgan, JPK 483-moddasi uchinchi qismining 1 — 7-bandlarida nazarda tutilgan harakatlarni bajarishga haqli.
Taftish instansiyasi sudi taraflarning iltimosnomalarini (yangi guvohlarni soʻroq qilish, ekspertizalar oʻtkazish, ashyoviy dalillar va hujjatlarni talab qilib olish va boshqalar haqida), ular birinchi instansiya sudi tomonidan rad etilganligi sababligina, rad etishga haqli emas. Zarur hollarda sud qoʻshimcha dalillarni talab qilib olishda tashabbus koʻrsatishi lozim.
JPKning 398, 447-moddalariga muvofiq, qoʻshimcha materiallarni talab qilib olishda muayyan tergov harakatlarini oʻtkazish zarurati tugʻilsa, bu haqida taftish instansiyasi sudi ajrim chiqarishi va ijro uchun tegishli tergov organiga yuborishi mumkin. Ishning muhokamasi esa, keyinga qoldiriladi.
Taftish instansiyasi sudi qaror qabul qilish chogʻida birinchi, apellatsiya yoki kassatsiya va tegishli taftish instansiya sudi tomonidan tekshirilgan dalillarni ham, taftish instansiyasi sudiga taraflar tomonidan taqdim etilgan yoki u tomonidan talab qilib olingan va tekshirib chiqilgan yangi dalillarni ham eʼtiborga oladi.
15. Taftish shikoyatida (protestida) protsess ishtirokchilarining sud majlisi bayonnomasida qayd etilgan koʻrsatuvlari ularning quyi instansiya sudlarida aslida bergan koʻrsatuvlariga mos emasligi toʻgʻrisida keltirilgan vajlari bayonnomaning toʻliq boʻlishini taʼminlash maqsadida foydalanilgan audio- yoki videoyozuv va stenogrammadagi yozuvlarni eshitib koʻrish, oʻqib eshittirish, ushbu tergov harakatlari yetarli boʻlmaganda, bu shaxslarni taftish instansiyasi sudi majlisida qayta soʻroq qilish yoʻli bilan tekshirilishi mumkin.
Taftish instansiyasi sudi muhokamasi jarayonida, bila turib yolgʻon koʻrsatuv berganlik uchun javobgarlik toʻgʻrisida ogohlantirilgan protsess ishtirokchisining hozirgi va ilgarigi soʻroqlaridagi koʻrsatuvlari oʻrtasida jiddiy qarama-qarshiliklar aniqlanganda, tegishli munosabat bildirilishi shart.
16. Taftish instansiyasi sudida taraflar muzokaralari JPKning 449-moddasi qoidalariga muvofiq oʻtkaziladi, biroq bunda shikoyat (xususiy shikoyat), protest (xususiy protest) bergan shaxs birinchi boʻlib soʻzga chiqadi.
Ish boʻyicha bir necha shikoyat (xususiy shikoyat), protest (xususiy protest) mavjud boʻlganda, birinchi boʻlib ayblov tarafiga tegishli protsess ishtirokchilari soʻzga chiqadi.
17. Agar quyi instansiya sudi hukmi, ajrimi moddiy va protsessual qonun talablariga muvofiq chiqarilganligi aniqlansa, taftish instansiyasi sudi ularni oʻzgarishsiz qoldiradi (JPKning 5214, 52117-moddalari).
Taftish instansiyasi sudi sud hukmini, ajrimini oʻzgarishsiz qoldirganda quyidagilarga haqli:
JPK 533-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan asoslar mavjud boʻlganda, hukmning ijrosini kechiktirishga;
amnistiya aktini qoʻllashga.
Taftish instansiyasi sudi tomonidan quyi instansiyasi sudi hukmi, ajrimining tavsif yoki qaror qismiga oʻzgartirish kiritilganda ham, basharti bu ayblov hajmi, qilmishning kvalifikatsiyasi, tayinlangan jazo turi va miqdori oʻzgarishiga olib kelmasa, sud qarorlari oʻzgarishsiz qoldiriladi.
18. JPKning 485-moddasida hukmni, ajrimni bekor qilinishi va oʻzgartirilishining umumiy asoslari belgilangan boʻlib, taftish instansiyasi sudi, ishning muayyan holatlaridan kelib chiqqan holda, bu asoslarni u yoki bu tarzda qoʻllashi mumkin.
Hukm, ajrim quyidagi hollarda oʻzgartirilishi shart, agar:
sud tergovi toʻliq boʻlmasa yoki bir yoqlama olib borilgan boʻlib, biroq yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar toʻldirilganidan soʻng taftish instansiyasi sudi jinoyat kvalifikatsiyasini oʻzgartirish zarurligi haqida xulosaga kelsa;
hukmda, ajrimda bayon qilingan sud xulosalari ishning haqiqiy holatlariga muvofiq boʻlmay, biroq taftish instansiyasi sudi ularga mahkumning ahvolini ogʻirlashtirmagan holda tegishli baho bera olsa;
ish boʻyicha JPK normalari buzilgan boʻlib, biroq ularning taftish instansiyasida bartaraf etilishi hukmni bekor qilishni talab etmasa;
sud tomonidan JK normalari notoʻgʻri qoʻllanilgan boʻlib, biroq taftish instansiyasi sudi bu xatoni mahkumning ahvolini ogʻirlashtirmagan holda tuzatishi mumkin boʻlsa;
taftish instansiyasi sudi tayinlangan jazo yengillashtirilishi lozim deb hisoblasa;
JK Maxsus qismining tegishli moddasidagi yetkazilgan moddiy zararning oʻrni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qoʻllanilmasligi haqidagi normaning qoʻllanilish zaruriyati vujudga kelsa.
19. Taftish instansiyasi sudi hukmni, ajrimni oʻzgartirish uchun asoslar mavjud boʻlganda quyidagilarga haqli:
qilmishni JK boshqa moddasiga (bir necha moddalariga) qayta kvalifikatsiya qilishga;
hukmdan, ajrimdan ayblovning bir qismini (ayrim epizodlarini) yoki mahkumning javobgarligini ogʻirlashtiruvchi belgilarni chiqarishga;
hukmdan, ajrimdan jinoyatlarning ideal majmui tariqasida qilmishni notoʻgʻri baholash tufayli ortiqcha eʼlon qilingan JK moddasini chiqarishga;
JKning 70 — 72, 87-moddalarida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlganda, mahkumni jazodan ozod qilishga;
jazoni yengillashtirishga, JK Maxsus qismi moddasi sanksiyasi doirasida boshqa yengilroq yoxud JKning 57-moddasini qoʻllagan holda jazo tayinlashga;
mahkumning ahvolini ogʻirlashtirmagan holda JKning 59 yoki 60-moddasini qoʻllab, jazo miqdorini oʻzgartirishga;
jinoyat natijasida yetkazilgan, oʻrni qoplanishi lozim boʻlgan moddiy zarar, shuningdek, maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilish miqdorini koʻpaytirish yoki kamaytirishga, shuningdek, ushbu masala quyi instansiya sudi tomonidan hal etilmagan hollarda, bunday zararni qoplash toʻgʻrisida qaror qabul qilishga;
mahkumni oʻta xavfli retsidivist deb topishga yoki hukmdan, ajrimdan uni oʻta xavfli retsidivist deb topish haqidagi qarorni chiqarishga;
mahkumga nisbatan jazoni ijro etish koloniyasining boshqa, shu jumladan, ogʻirroq turini belgilashga;
ashyoviy dalillar, protsessual chiqimlar toʻgʻrisidagi masalalarni va boshqa masalalarni hal etishga.
20. Asosiy jazo yengillashtirilganda, shu jumladan, JKning 57-moddasi qoʻllanilganda ham, taftish instansiyasi sudi hukmning, ajrimning qoʻshimcha jazo tayinlash haqidagi qismini oʻzgarishsiz qoldirishi mumkin.
21. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, mahkumga nisbatan jazoni yengillatishga yoki uni jazoni oʻtashdan ozod qilishga asos sifatida faqat ish boʻyicha aniqlangan va mahkumga nomutanosib ogʻir jazo tayinlanganligidan dalolat beruvchi holatlar olinishi mumkin. Hukm chiqarilgandan soʻng kelib chiqqan holatlar, shuningdek mahkumning jazoni oʻtash vaqtidagi xulq-atvori oʻz-oʻzidan sud qarorlarining oʻzgartirilishiga olib kelmasligi lozim va faqat ishning taftish tartibida koʻrib chiqilishi uchun boshqa asoslar mavjud boʻlganda inobatga olinishi mumkin.
22. JPK 494-moddasi birinchi va ikkinchi qismlarining talablariga rioya etgan holda mahkumning qilmishini JK bir moddasidan ikki va undan ortiq moddalariga qayta kvalifikatsiya qilganda, taftish instansiyasi sudi hukmga, ajrimga jazoni kuchaytirmagan holda tegishli oʻzgartirishlar kiritishi va JKning 59-moddasida belgilangan qoidalarga muvofiq jazo tayinlashga haqli.
Bunda yangi jazo hukm boʻyicha tayinlangan jazodan ogʻirroq boʻlishi faqat shu asoslarga koʻra jabrlanuvchi yoki uning vakili tomonidan shikoyat berilgan yohud prokuror tomonidan protest bildirilgan hollardagina mumkin.
Agar JK bir moddasi bilan kvalifikatsiya qilinishi shart boʻlgan ikki yoki undan ortiq qilmish JK bir necha moddasi bilan notoʻgʻri kvalifikatsiya qilingan boʻlsa, taftish instansiyasi sudi ushbu qilmishlarni JK tegishli moddasiga qayta kvalifikatsiya qilib, shu modda boʻyicha ilgari tayinlangan jazoni kuchaytirmagan holda yangi jazo belgilashga haqli.
23. Quyi instansiya sudi tomonidan jazolarni qoplash qoidalari (JKning 59-moddasi) notoʻgʻri qoʻllanilganligi aniqlanganda, taftish instansiyasi sudi jazolarni qoʻshish tartibini qoʻllashi mumkin. Bunda, agar shu asoslarga koʻra jabrlanuvchi yoki uning vakili tomonidan shikoyat berilmagan yoxud prokuror tomonidan protest bildirilmagan boʻlsa, yangi jazo hukm, ajrim boʻyicha tayinlangan uzil-kesil jazo miqdoridan ortiq boʻlishi mumkin emas.
Agar sud tomonidan bir necha hukm boʻyicha jazo belgilashda bir jazoni boshqasi bilan qoplash qoidasi qonunga xilof tarzda qoʻllanilgan boʻlsa yoki oʻtalmagan jazo muddatini qoʻshish imkoniyati boʻlmasa, taftish instansiyasi sudi oxirgi hukm boʻyicha jazoni yengillashtirganda oldingi hukm boʻyicha oʻtalmagan jazoni qisman yoki toʻliq qoʻshishga haqli. Bunda uzil-kesil jazo hukmda belgilangan jazo miqdoridan (keyingi sud instansiyalari tomonidan kiritilgan oʻzgartirishlarni inobatga olgan holda) oshmasligi lozim.
24. Boshqa epizodlar bilan umumiy kvalifikatsiya qilingan bir yoki bir necha epizod (masalan, bir necha marta oʻgʻrilik, firibgarlik va hokazo) boʻyicha ish holatlari toʻliq tekshirilmagan deb topilganda, agar yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni toʻldirish uchun imkoniyat boʻlmasa, taftish instansiyasi sudi hukmni, ajrimni oʻzgartirib, ularni hukmdan, ajrimdan chiqarishi lozim.
Agar mahkum JKning turli moddalari boʻyicha kvalifikatsiya qilingan bir necha jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan boʻlsa, taftish instansiyasi sudi hukmning, ajrimning bir yoki bir necha jinoyatga oid qismini oʻzgartirib, oʻsha mahkumga nisbatan hukmning, ajrimning qolgan qismini oʻzgarishsiz qoldirishi mumkin.
25. Taftish instansiyasi sudi hukmni, ajrimni bekor qilish uchun asoslar mavjud boʻlganda quyidagilarga haqli:
1) ayrim sud qarorlarini bekor qilish va ish boʻyicha ilgari qabul qilingan sud qarorlaridan birini oʻz kuchida qoldirishga;
2) ish boʻyicha qabul qilingan barcha sud qarorlarini bekor qilish va ayblov yoki oqlov hukmi chiqarishga;
3) ish boʻyicha qabul qilingan barcha sud qarorlarini bekor qilish va ishni JPKning 496-moddasida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha tugatishga;
4) JPK 493-moddasining toʻrtinchi qismiga muvofiq, mahkumga yangi ayblov qoʻyilgan yoki yangi shaxs ayblanuvchi sifatida ishtirok etish uchun ishga jalb etilgan taqdirda, ish boʻyicha qabul qilingan barcha sud qarorlarini bekor qilishga va jinoyat ishini birinchi instansiya sudiga yangidan koʻrish uchun yuborishga.
Ushbu bandning 2-kichik bandida nazarda tutilgan holatda taftish instansiyasi sudi hukm, qolgan hollarda ajrim chiqaradi.
Bir vaqtning oʻzida JPKning 5214 va 52117-moddalarida nazarda tutilgan har ikkala turdagi qarorni qabul qilish lozim boʻlsa, taftish instansiyasi sudi tegishlicha, alohida hukm va ajrim chiqaradi.
26. Birinchi instansiya sudining qonuniy, asoslantirilgan, adolatli hukmi yoki qonuniy, asoslantirilgan ajrimi apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan yetarli asoslarsiz bekor qilingan yoki oʻzgartirilgan hollarda, taftish instansiyasi sudi JPKning 5214-moddasiga muvofiq, apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudi hukmini, ajrimini bekor qiladi va birinchi instansiya sudi hukmini, ajrimini oʻzgarishsiz qoldiradi.
Apellatsiya yoki kassatsiya instansiya sudining qonuniy, asoslantirilgan, adolatli hukmi yoki ajrimi tegishli taftish instansiyasi sudi tomonidan yetarli asoslarsiz bekor qilingan yoki oʻzgartirilgan hollarda, taftish instansiyasi sudi JPKning 52117-moddasiga muvofiq, tegishli taftish instansiyasi sudi hukmini, ajrimini bekor qiladi va ish boʻyicha ilgari qabul qilingan sud qarorlaridan birini oʻzgartirishlar bilan yoki oʻzgarishsiz, oʻz kuchida qoldiradi yoxud yangi qaror qabul qiladi.
27. Jinoyat-protsessual qonuni normalarining hukm, ajrim soʻzsiz bekor qilinishiga sabab boʻladigan darajada jiddiy buzilishi tushunchasi JPK 488-moddasida koʻrsatilgan. Bunday qonun buzilishini aniqlaganda, taftish instansiyasi sudi jinoyat ishi kimning shikoyati (xususiy shikoyati), protesti (xususiy protesti)ga koʻra koʻrilayotganligidan qatʼiy nazar, yoʻl qoʻyilgan qonun buzilishi daxl etgan barcha mahkumlar yoki ishi tugatilgan shaxslarga nisbatan hukmni, ajrimni bekor qilishi shart.
Shuni nazarda tutish lozimki, jinoyat-protsessual qonuni normalari jiddiy buzilganligining aniqlanishi taftish instansiyasi sudini shikoyat, protestda keltirilgan boshqa vajlarni ham (ayblovning isbotlanganligi, kvalifikatsiyaning toʻgʻriligi, jazoning adolatliligi toʻgʻrisida va hokazo) mazmunan koʻrib chiqish va ular boʻyicha ajrimda tegishli xulosa chiqarish majburiyatidan ozod etmaydi.
Jinoyat ishi boʻyicha yoʻl qoʻyilgan jinoyat-protsessual qonuni normalarining jiddiy buzilishi hollari taftish instansiyasi sudi tomonidan hukm, ajrim bekor qilinib, yangi hukm, ajrim, shu jumladan, ayblov yoki oqlov hukmi chiqarilishiga yoki ishning JPKning 84-moddasiga muvofiq tugatilishiga toʻsqinlik qilmaydi.
28. Shaxsni jinoiy javobgarlikdan ozod etishni nazarda tutuvchi amnistiya aktiga zid ravishda yoki jinoiy javobgarlikka tortish muddati oʻtgandan soʻng jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan hollarda, hukm, ajrim, garchi unda mahkum jazodan ozod qilingan boʻlsa-da, bekor qilinib, ish tugatilishi kerak.
Agar taftish instansiyasi sudi mahkumning harakatlarini JKning boshqa moddasiga qayta kvalifikatsiya qilish kerakligi toʻgʻrisida xulosaga kelsa va bu modda shaxsni jazodan ozod etishni nazarda tutuvchi yoki jazo qoʻllanilishini istisno etuvchi amnistiya akti taʼsiri doirasiga tushsa, taftish instansiyasi birinchi va apellatsiya instansiyasi sudi qabul qilishi shart boʻlgan qarorni chiqarishi kerak. Mahkumning harakatlari JKning boshqa moddasiga qayta kvalifikatsiya qilinib, bu modda boʻyicha shaxs JPK 463-moddasi ikkinchi qismining 2-bandi hamda uchinchi qismi 2 va 5-bandlariga koʻra jazodan ozod qilinishi lozim boʻlgan yoki unga nisbatan jazo tayinlanishi istisno etilgan hollarda ham shunday qaror qabul qilinishi lozim.
29. Agar amnistiya akti quyi instansiya sudlari tomonidan qoʻllanilishi mumkin boʻlmagan mahkumga nisbatan qoʻllanilgan boʻlsa, taftish instansiyasi sudi, jabrlanuvchi yoki uning vakilining shikoyati yoki prokuror protesti boʻlgan taqdirda, hukmni, ajrimni bekor qiladi va yangi hukm chiqarish orqali amnistiya aktini qoʻllamagan holda yangi jazo tayinlaydi (JPK 494-moddasining birinchi va ikkinchi qismlari). Agar taftish instansiyasi sudi amnistiya akti qoʻllanilgan holda hukmda tayinlangan jazo amnistiya akti qoʻllanilmagan holda ham mahkum uchun yetarli deb topsa, u hukmdan, ajrimdan amnistiya aktini qoʻllash haqidagi xulosa va qarorni chiqarib, amnistiya akti qoʻllanilgan holda tayinlangan jazoni qoldirishga haqli.
30. Agar ishni taftish tartibida koʻrib chiqish davomida JKning 13-moddasiga muvofiq orqaga qaytish kuchiga ega boʻlgan, qilmishning jinoiyligini bekor qiladigan, jazoni yengillashtiradigan yoki shaxsning ahvolini boshqacha tarzda yaxshilaydigan qonun kuchga kirsa, taftish instansiyasi sudi hukmga, ajrimga zarur oʻzgartirishlar kiritadi yoki ularni bekor qilib, ish yuritishni tugatadi.
Bunda shuni eʼtiborga olish lozimki, JK 13-moddasining ikkinchi qismiga koʻra, ushbu qonun u kuchga kirgunga qadar tegishli jinoiy qilmish sodir etgan shaxslarga, shu jumladan, jazoni oʻtayotgan yoki oʻtab boʻlgan shaxslarga nisbatan, agar ular hali sudlangan hisoblansalar, tatbiq etiladi.
Qilmishning jinoiyligini bekor qiladigan qonun deganda, jinoyat qonunida qilmishning jinoiyligini istisno etadigan qonun tushuniladi. Masalan, ayrim jinoyatlarni maʼmuriy, intizomiy huquqbuzarliklar toifasiga kiritish yoki jinoiy taʼqibdan chiqarish yoki qilmishni huquqqa xilofligini nazarda tutuvchi qonunning bekor qilinishi.
Jazoni yengillashtiradigan qonun deganda, aybli ijtimoiy xavfli qilmish uchun aybdorga nisbatan yengilroq jazoni nazarda tutuvchi meʼyorni qabul qilinishi tushuniladi. Masalan, jazo tizimidan qamoq jazosining chiqarilishi, sanksiyaga yengilroq boʻlgan muqobil jazo turini kiritilishi.
Shaxsning ahvolini boshqacha tarzda yaxshilaydigan qonun deganda, jinoyat tasnifining oʻzgarishi, jinoiy javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilish shartlari yoki muddatining oʻzgarishi kabi holatlar tushuniladi. Bunga, javobgarlikka tortish muddatining oʻtib ketganligi munosabati bilan jinoyat uchun javobgarlikdan ozod qilishni nazarda tutuvchi JKning 64-moddasiga kiritilgan jinoiy javobgarlikka tortish muddatini kamaytirish toʻgʻrisidagi oʻzgartirishlarni misol tariqasida keltirish mumkin.
31. Taftish instansiyasi sudi jinoyat ishini koʻrib chiqishda, ish boʻyicha JPKning 83-moddasida hamda 84-moddasining birinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan asoslarni aniqlasa yoki ish boʻyicha toʻplangan dalillar mahkumni aybdor deb topish uchun yetarli boʻlmasa va qoʻshimcha dalillarni toʻplash imkoniyati qolmagan boʻlsa, JPKning 496-moddasiga muvofiq, barcha sud qarorlarini bekor qiladi va jinoyat ishini tugatadi.
32. JPKning 494-moddasi birinchi va ikkinchi qismiga muvofiq, taftish instansiyasi sudi mahkumga jazoni kuchaytirgan yoki unga eʼlon qilingan ayblov doirasida (ayrim ayblov quyi sudlar tomonidan muhokama qilinmay qolgan holatlarda ham) ogʻirroq jinoyat toʻgʻrisidagi qonunni qoʻllagan holda yangi ayblov hukmi chiqarish orqali quyi sudning ayblov hukmini bekor qilishga faqat shu asoslarga koʻra jabrlanuvchi yoki uning vakili tomonidan shikoyat berilgan yoxud prokuror tomonidan protest bildirilgan hollardagina haqli.
Boshqa mahkumlar yoki ular himoyachilarining ogʻirroq jinoyatga doir qonunni qoʻllash zarurligi yoki jazoning yengilligi toʻgʻrisidagi shikoyatlari hukmni, ajrimni mahkumning ahvolini ogʻirlashtiruvchi tomonga bekor qilish uchun sabab boʻla olmaydi.
Shuningdek, fuqaroviy daʼvo boʻyicha zarar miqdorini koʻpaytirish ham jinoyat kvalifikatsiyasini yoki ayblov mazmunini mahkumning holatini ogʻirlashtirish tomoniga oʻzgartirishni taqozo etsa, sud qarorlari faqat jabrlanuvchi yoki uning vakili shikoyati yoxud prokuror protesti mavjud boʻlganda, JPKning 494-moddasi talablariga rioya etilgan holda bekor qilinishi lozim.
Agar ishni koʻrish vaqtida sudlanuvchining unga ilgari ayblov qoʻyilmagan jinoyatni sodir etganligini koʻrsatuvchi holatlar aniqlansa, taftish instansiyasi sudi yangi ayblov boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi masalani hal qilish uchun tegishli materiallarni ilova qilgan holda bu haqda prokurorga xabar yuboradi (JPK 416-moddasining birinchi qismi).
Agar ishni koʻrish vaqtida javobgarlikka tortilmagan shaxs tomonidan jinoyat sodir etilganligini koʻrsatuvchi holatlar aniqlansa, taftish instansiyasi sudi jinoyat ishi qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi masalani hal qilish uchun tegishli materiallarni ilova qilgan holda bu haqda prokurorga xabar yuboradi (JPK 417-moddasining birinchi qismi).
Agar jinoyat ishini taftish tartibida koʻrish chogʻida JPK 416-moddasining ikkinchi qismida yoki 417-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan holatlar aniqlansa, sud prokurorning, jabrlanuvchining, uning vakilining, mahkumning, uning himoyachisining yoki qonuniy vakilining iltimosnomasiga koʻra, sudlanuvchini yangi ayblov boʻyicha jinoiy javobgarlikka tortish yoki boshqa shaxsni ish boʻyicha ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb etish toʻgʻrisidagi iltimosnomani qanoatlantirish haqida ajrim chiqaradi va uning ijrosini ayblov dalolatnomasi yoki ayblov xulosasini tasdiqlagan prokurorga ijro muddatini bir oy doirasida koʻrsatgan holda topshiradi. Bunda koʻrilayotgan jinoyat ishi sudning ish yurituvida qoladi va ishni yuritish toʻxtatiladi.
Bunday iltimosnoma kiritilmagan, sudning ajrimi JPKning 416, 417-moddalarida belgilangan muddatda bajarilmagan, prokurorning ayblovga qoʻshimcha kiritish yoki yangi shaxsni ishda ayblanuvchi sifatida ishtirok etish uchun jalb etish mumkin emasligi toʻgʻrisidagi asoslantirilgan xulosasi kelib tushgan holda, taftish instansiyasi sudi jinoyat ishini koʻrishni qaytadan boshlash toʻgʻrisida ajrim chiqarib, sud muhokamasini eʼlon qilingan ayblov doirasida va jinoyat ishida mavjud boʻlgan dalillar asosida davom ettiradi.
Mahkumga yangi ayblovning qoʻyilishi yoki yangi shaxs ayblanuvchi sifatida ishda ishtirok etish uchun jalb etilishi taftish instansiyasi sudi tomonidan JPK 493-moddasining 4-qismiga muvofiq, quyi instansiya sudlarining barcha qarorlarini bekor qilinishiga va ishni birinchi instansiya sudiga umumiy asoslarda yangidan koʻrish uchun yuborilishiga asos boʻladi.
33. Agar ish taftish tartibida koʻrilganda sud qarorlari bekor qilinib, mahkum sodir etilgan jinoyatga daxldor emasligi sababli oqlangan yoki unga oid jinoyat ishi tugatilgan, biroq ushbu jinoyatni sodir etgan shaxs aniqlanmay qolgan taqdirda, sud JPKning 470-moddasi talabidan kelib chiqib, jinoyatni sodir etgan shaxsni aniqlash yuzasidan chora koʻrish uchun ishni prokurorga yuborishi lozim.
34. Oqlov hukmi taftish instansiyasi sudi tomonidan, faqat, shaxsning asossiz oqlanganligi toʻgʻrisida jabrlanuvchi (uning vakili)ning shikoyati yoki prokurorning protesti boʻlgan hollarda bekor qilinishi va ayblov hukmi chiqarilishi mumkin (JPKning 494-moddasi).
Ayrim oqlangan shaxslarga nisbatan shikoyat (protest) berilishi boshqa oqlangan shaxslarga nisbatan hukmning bekor qilinishi yoki oʻzgartirilishi uchun asos boʻlmaydi.
35. Agar mahkum oʻzi yoki protsessning boshqa ishtirokchilari tomonidan taftish shikoyati (xususiy shikoyati), protesti (xususiy protesti) berilgandan soʻng, biroq ish taftish instansiyasi sudida koʻrilgunga qadar vafot etsa, ish yuritish marhumning yaqin qarindoshlari talabi bilan umumiy asoslarda davom ettiriladi.
Bunda, marhumni reabilitatsiya qilish uchun asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, taftish instansiyasi sudi hukmni, ajrimni bekor qilib, oqlov hukmi chiqaradi, boshqa hollarda esa, hukmni, ajrimni bekor qilib, ushbu shaxsga nisbatan jinoyat ishini JPK 84-moddasi birinchi qismining 3-bandiga muvofiq tugatadi.
Ish tugatilganda ashyoviy dalillar taqdiri haqidagi masala JPKning 211-moddasiga muvofiq, ularning tegishliligi toʻgʻrisida nizo kelib chiqqanda esa — fuqarolik ish yurituv tartibida koʻrilishi mumkin. Marhumning harakatlari bilan yetkazilgan zararni undirish masalasi ham jabrlanuvchi (uning vakili) yoki prokuror tomonidan marhumning vorislariga yoki uning mulkini boshqarish huquqini oʻz zimmasiga olgan shaxsga nisbatan qoʻzgʻatilgan daʼvo boʻyicha fuqarolik ish yurituvi tartibida koʻriladi.
36. Taftish instansiyasi sudi ishni sudning ajrimi ustidan berilgan xususiy shikoyat (xususiy protest) boʻyicha koʻrganda quyidagilarga haqli (JPKning 5215, 52118-moddalari):
1) birinchi instansiya, apellatsiya, kassatsiya yoki tegishli taftish instansiyasi sudlarining ajrimlarini oʻzgarishsiz, xususiy shikoyatni, xususiy protestni esa qanoatlantirmasdan qoldirishga;
2) birinchi instansiya, apellatsiya, kassatsiya yoki tegishli taftish instansiyasi sudlarining ajrimlarini bekor qilishga va ishni yangidan koʻrib chiqish uchun tegishli instansiya sudiga yuborishga;
3) birinchi instansiya, apellatsiya, kassatsiya yoki tegishli taftish instansiyasi sudlarining ajrimlarini bekor qilishga va ishni umumiy qoidalar boʻyicha surishtiruv yoki dastlabki tergovni oʻtkazish uchun prokurorga yuborishga;
4) birinchi instansiya, apellatsiya, kassatsiya yoki tegishli taftish instansiyasi sudlarining ajrimlarini bekor qilishga va amnistiya aktini qoʻllashga;
5) birinchi instansiya, apellatsiya, kassatsiya yoki tegishli taftish instansiyasi sudlarining ajrimlarini bekor qilishga va ish yuritishni tugatishga;
6) birinchi instansiya, apellatsiya, kassatsiya yoki tegishli taftish instansiyasi sudining xususiy ajrimini bekor qilishga;
7) birinchi instansiya, apellatsiya, kassatsiya yoki tegishli taftish instansiyasi sudlarining ajrimlarini oʻzgartirishga.
37. Taftish instansiyasi sudining hukmi va ajrimi JPKning 5216 va 52119-moddalari talablariga muvofiq boʻlishi, xususan, unda taftish shikoyati (xususiy shikoyati), protesti (xususiy protesti)da keltirilgan har bir vaj muhokama etilib, uning asosliligi yoki asossizligi yuzasidan xulosalar bayon etilishi shart.
Shikoyat (xususiy shikoyat), protest (xususiy protest) qanoatlantirilmay qoldirilganda taftish instansiyasi sudining ajrimida quyi instansiya sudining hukmi, ajrimi qonuniy, asosli va adolatli deb topilganligining, shikoyat (xususiy shikoyat) yoki protest (xususiy protest) esa qanoatlantirilmasdan qoldirilganligining asoslari koʻrsatilishi kerak.
Quyi instansiya sudining hukmi, ajrimi bekor qilingan yoki oʻzgartirilgan taqdirda, taftish instansiyasi sudining hukmida, ajrimida qonunning qaysi normalari talablari buzilganligi va bekor qilinayotgan yoki oʻzgartirilayotgan qarorning asossizligi nimadan iborat ekanligi koʻrsatilishi kerak.
38. Agar muayyan sababga koʻra, ayrim mahkumlarga nisbatan qonunda belgilangan muddatda berilgan taftish shikoyati (protesti) boshqa mahkumlarga nisbatan ish koʻrilgandan soʻng kelib tushsa yoki mahkumning, uning himoyachisining yoki qonuniy vakilining taftish shikoyati shu mahkumga nisbatan protsessning boshqa ishtirokchisi tomonidan berilgan shikoyat (protest) koʻrilgandan soʻng kelib tushsa, taftish instansiyasi sudi JPKning 5217-moddasida belgilangan qoidalarga rioya qilishi kerak.
39. Taftish instansiyasi sudi jinoyat ishini Oliy sud raisining, Bosh prokurorning JPKning 485-moddasida nazarda tutilgan asoslarga koʻra bildirilgan protesti (xususiy protesti) boʻyicha Oliy sudning Rayosatida taftish tartibida takroran koʻrib chiqadi.
JPKning 5218-moddasiga muvofiq, jinoyat ishini taftish tartibida takroran koʻrib chiqish uchun protest bildirish masalasini hal etish maqsadida suddan talab qilib olishga JPKning 511-moddasida koʻrsatilgan shaxslarning iltimosnomalari, shuningdek sudyaning taqdimnomasi, ommaviy axborot vositalarining xabarlari sabab boʻladi.
JPKning 52120-moddasida taftish tartibida protest (xususiy protest) bildirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma mazmuni yuzasidan muayyan talablar belgilangan boʻlib, iltimosnoma ushbu talablarga javob bermagan, shuningdek, JPK 5219-moddasida koʻrsatilgan hollarda xat bilan uni bergan shaxsga qaytariladi.
Oliy sudning Rayosatida taftish tartibida takroran ish yuritish JPKning 55 va 562-boblarida nazarda tutilgan qoidalar inobatga olingan holda, birinchi instansiya sudida ish yuritish qoidalari asosida olib boriladi.
Ishni taftish tartibida takroran koʻrib chiqish natijalariga koʻra, Oliy sudning Rayosati JPKning 52117-moddasida nazarda tutilgan vakolatlari doirasida hukm yoki qaror chiqaradi.
Oliy sud Rayosatining hukmi, qarori uzil-kesil boʻlib, bundan JPK 485-moddasining 6 va 7-bandlarida hamda 5217-moddasida nazarda tutilgan hollar mustasno.
40. Sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini shubha ostida qoldiruvchi holatlar — sudning hukmi, ajrimi qonuniy kuchga kirgan paytda mavjud boʻlgan, biroq sudga maʼlum boʻlmagan, shuningdek, sud qarorlari qonuniy kuchga kirgandan soʻng aniqlangan holatlar bilan bogʻliq boʻlsa, bunday sud qarorini qayta koʻrib chiqish masalasi faqat yangi ochilgan holatlar boʻyicha JPKning 57-bobida nazarda tutilgan ish yuritish qoidalari asosida hal etilishi mumkin.
41. JPKning 298 va 300-moddalarida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlganda, shuningdek, surishtiruv, dastlabki tergov yuritilgan yoki sud muhokamasi vaqtida qonun buzilishiga yoʻl qoʻyilganligini aniqlagan taqdirda, taftish instansiyasi sudi xususiy ajrim chiqarish yoʻli bilan tegishli organ yoki mansabdor shaxsning eʼtiborini bunga jalb etishi mumkin.
Sud qarorlari oʻzgarishsiz qoldirilganda, taftish instansiyasi sudi uning qonuniyligi va asosliligini shubha ostiga oluvchi xususiy ajrim chiqarishga haqli emas.
42. Protsessual qonun normalarini bir xilda va toʻgʻri qoʻllanilishi amaliyotini shakllantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlariga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga jinoyat ishlarni taftish tartibida koʻrish sud amaliyotini umumlashtirib borish tavsiya etilsin.
Oliy sud raisi B. ISLAMOV
Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi N. XAKIMOVA
Toshkent sh.,
2024-yil 25-iyun,
18-son