O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga yonish va portlash xavfi yuqori bo‘lgan kimyoviy moddalar bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar samaradorligini oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yonish va portlash xavfi yuqori bo‘lgan kimyoviy moddalar bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar samaradorligini oshirish to‘g‘risida” 2023-yil 6-noyabrdagi PQ-357-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin:
bojxona ombori, erkin ombor va boj olinmaydigan savdo do‘koni faoliyatini litsenziyalashda kelishiladigan organlar ro‘yxatiga O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasini kiritish;
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan bojxona nazorati ostidagi kimyoviy moddalar saqlanadigan bojxona ombori hisoblanmaydigan joylar uchun yong‘in va sanoat xavfsizligi talablariga muvofiqligi yuzasidan bojxona organlariga xulosa taqdim etish;
bojxona omboriga joylashtirilishi mumkin bo‘lmagan tovarlarni bojxona ombori hisoblanmaydigan joylarda saqlash talablarini kuchaytirish;
kimyoviy moddalar (mahsulotlar) tarkibiga kiruvchi xavfli yuklarni avtotransport vositalarida tashishda hududiy yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmalarining yo‘l-patrul xizmati tomonidan kuzatib borish tartibini belgilash.
2. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 5-iyul,
385-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 5-iyuldagi 385-son qaroriga
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-dekabrdagi 821-son qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 09/25/821/1211-son)
2. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 20-avgustdagi 531-son qarori bilan tasdiqlangan Bojxona nazorati ostidagi tovarlarga nisbatan yuk operatsiyalarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomda:
a) 29-bandning to‘rtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“tovarlarni saqlash uchun mo‘ljallangan joy (joylashgan joyi, pochta manzili, agar yuridik shaxs bo‘lsa uning to‘liq nomi bilan, yonish va portlash xavfi yuqori bo‘lgan kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash ko‘zda tutilsa, obyektning (omborning) yong‘in va sanoat xavfsizligi talablariga muvofiqligi yuzasidan xulosa olinganligi) va saqlash uchun javobgar shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlar (F.I.O., yashash joyi, telefon raqami) aks ettirilgan vakolatli shaxsning bojxona yuk deklaratsiyasiga ilova qilingan arizasi”;
b) quyidagi mazmundagi 301-band bilan to‘ldirilsin:
“301. Ushbu Nizomning 29 va 30-bandlarida ko‘rsatilgan holatlar bo‘yicha tovarlarning o‘z vaqtida manzilga yetkazilganligi bojxona ombori hisoblanmaydigan joyga tovarlarni joylashtirish uchun murojaat qilgan shaxs tomonidan tasdiqlanadi”.
3. Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 16-fevraldagi 35-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida xavfli yuklarni avtomobil transportida tashish qoidalarining 51-bandi quyidagi mazmundagi uchinchi va to‘rtinchi xatboshilar bilan to‘ldirilsin:
“Yonish va portlash xavfi yuqori bo‘lgan kimyoviy moddalar (mahsulotlar) ortilgan avtotransport vositalari tegishli manzilga shartnoma asosida hududiy yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmalarining yo‘l-patrul xizmati tomonidan kuzatib boriladi.
Yonish va portlash xavfi yuqori bo‘lgan kimyoviy moddalar (mahsulotlar) ikkitadan ortiq avtotransport vositasida kolonna bo‘lib, oldinda va orqada hududiy yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmalari yo‘l-patrul xizmatining ikkita patrul avtomashinalari kuzatuvida tashiladi”.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.07.2024-y., 09/24/385/0479-son; 25.12.2025-y., 09/25/821/1211-son)