Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining
qarori
Saylov okruglari va uchastkalarini tuzish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14 va 16-moddalariga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:
1. Saylov okruglari va uchastkalarini tuzish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinsin.
3. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisining oʻrinbosari B. Kuchkarov zimmasiga yuklansin.
Rais Z. NIZAMXODJAYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 5-iyun,
1338-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 5-iyundagi 1338-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Saylov okruglari va uchastkalarini tuzish tartibi toʻgʻrisidagi nizom
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga (bundan buyon matnda Saylov kodeksi deb yuritiladi) muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi), xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov oʻtkazish boʻyicha saylov okruglari va uchastkalarini tuzish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu nizomda belgilangan subyektlar oʻrtasidagi munosabatlar “E-saylov” axborot tizimi orqali amalga oshirilishi mumkin.
3. Saylov okruglarini tuzish toʻgʻrisidagi taqdimnomada koʻrsatiladigan saylovchilar soni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi (bundan buyon matnda Markaziy saylov komissiyasi deb yuritiladi) tomonidan saylov kampaniyasi boshlanganligi eʼlon qilingan vaqtda Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimidan olinadi.
4. Saylov okrugining chegaralari tutashtirilganida yagona hududni tashkil etishi lozim. Bir-biri bilan oʻzaro chegaradosh boʻlmagan hududlar doirasida saylov okrugi tuzilishi mumkin emas. Oʻzbekiston Respublikasining qoʻshni davlatlar hududida joylashgan anklav hududlarini inobatga olgan holda tuzilgan saylov okruglari bundan mustasno.
2-bob. Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazish boʻyicha saylov okruglarini tuzish
5. Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazish uchun yetmish beshta hududiy bir mandatli saylov okrugi tuziladi.
6. Qonunchilik palatasi deputatligiga siyosiy partiyalar tomonidan koʻrsatilgan nomzodlar roʻyxati asosida Qonunchilik palatasiga saylov oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasining butun hududi yagona saylov okrugi hisoblanadi.
7. Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazish boʻyicha bir mandatli saylov okruglarining chegaralari Qoraqalpogʻiston Respublikasining, viloyatlarning va Toshkent shahrining maʼmuriy-hududiy tuzilishi inobatga olingan holda, qoida tariqasida, Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida saylovchilar soni teng holda belgilanadi. Bir mandatli saylov okrugidan Qonunchilik palatasiga boʻlib oʻtadigan saylovda har bir saylov okrugidan bitta deputat saylanadi.
8. Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazish boʻyicha bir mandatli saylov okruglarini tuzishda saylov okruglaridagi saylovchilar sonining yoʻl qoʻyiladigan eng koʻp chetga chiqishi, qoida tariqasida, oʻn foizdan oshmasligi kerak.
9. Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazish boʻyicha bir mandatli saylov okruglarining chegaralari koʻrsatilgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining taqdimnomalari saylovga kamida yetmish besh kun qolganida Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etiladi.
Saylov okrugini tuzish haqidagi taqdimnomada saylov okrugi chegarasi doirasiga kiruvchi tegishli hududning tuman, shahar, mahalladan iborat maʼmuriy-hududiy birliklari roʻyxati, saylovchilar soni koʻrsatiladi.
10. Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazish boʻyicha bir mandatli saylov okruglari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan har besh yilda bir marta tuziladi.
11. Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazish boʻyicha bir mandatli saylov okruglarining roʻyxatlari, ularning chegaralari va saylovchilar soni koʻrsatilgan holda saylovdan kamida yetmish kun oldin Markaziy saylov komissiyasi tomonidan rasmiy veb-saytida va boshqa manbaalarda eʼlon qilinadi.
3-bob. Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga saylov oʻtkazish boʻyicha saylov okruglarini tuzish
12. Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga saylov oʻtkazish uchun saylov okruglari xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlaridagi deputatlik oʻrinlariga teng miqdorda tuziladi.
13. Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga boʻlib oʻtadigan saylovda har bir saylov okrugidan bitta deputat saylanadi.
14. Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga saylov oʻtkazish boʻyicha saylov okruglarining chegaralari koʻrsatilgan tegishli viloyat, Toshkent shahar hokimining taqdimnomasi saylovga kamida yetmish besh kun qolganida tegishli hududiy saylov komissiyasiga kiritiladi.
Saylov okrugini tuzish haqidagi taqdimnomada saylov okrugi chegarasi doirasiga kiruvchi tegishli tuman, shahar hududidagi mahallalar va koʻchalardan iborat maʼmuriy-hududiy birliklar roʻyxati, saylovchilar soni koʻrsatiladi.
15. Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga saylov oʻtkazish boʻyicha saylov okruglari hududiy saylov komissiyasi tomonidan, qoida tariqasida, saylovchilar soni teng holda har besh yilda bir marta tuziladi. Saylov okruglarining chegaralari viloyatlar va Toshkent shahrining maʼmuriy-hududiy tuzilishi inobatga olingan holda belgilanadi.
16. Saylov okruglarining roʻyxatlari ularning chegaralari, saylovchilar soni va okrug saylov komissiyalarining joylashgan yeri koʻrsatilgan holda saylovdan kamida yetmish kun oldin tegishli hududiy saylov komissiyasi tomonidan eʼlon qilinadi.
17. Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga saylov oʻtkazish boʻyicha saylov okruglarini tuzishda saylov okruglaridagi saylovchilar sonining yoʻl qoʻyiladigan eng koʻp chetga chiqishi, qoida tariqasida, oʻn foizdan oshmasligi kerak.
4-bob. Xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlariga saylov oʻtkazish boʻyicha saylov okruglarini tuzish
18. Xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlariga saylov oʻtkazish uchun saylov okruglari tegishli xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlaridagi deputatlik oʻrinlariga teng miqdorda tuziladi.
19. Xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlariga boʻlib oʻtadigan saylovda har bir saylov okrugidan bitta deputat saylanadi.
20. Xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlariga saylov oʻtkazish boʻyicha saylov okruglarining chegaralari koʻrsatilgan tegishli tuman, shahar hokimining taqdimnomasi saylovga kamida yetmish besh kun qolganida tegishli tuman, shahar saylov komissiyasiga kiritiladi.
Saylov okrugini tuzish haqidagi taqdimnomada saylov okrugi chegarasi doirasiga kiruvchi mahalla, koʻchalar nomi, koʻp qavatli uylarning raqamlari, saylovchilar soni koʻrsatiladi.
21. Xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlariga saylov oʻtkazish boʻyicha saylov okruglari tegishli tuman, shahar hokimining taqdimnomasiga asosan tegishli tuman, shahar saylov komissiyasi tomonidan, qoida tariqasida, saylovchilar soni teng holda har besh yilda bir marta tuziladi. Saylov okruglarining chegaralari tuman, shaharning maʼmuriy-hududiy tuzilishi inobatga olingan holda belgilanadi.
22. Saylov okruglarining roʻyxatlari ularning chegaralari va saylovchilar soni koʻrsatilgan holda saylovdan kamida yetmish kun oldin tegishli tuman, shahar saylov komissiyasi tomonidan eʼlon qilinadi.
23. Xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlariga saylov oʻtkazish boʻyicha saylov okruglarini tuzishda saylov okruglaridagi saylovchilar sonining yoʻl qoʻyiladigan eng koʻp chetga chiqishi, qoida tariqasida, oʻn foizdan oshmasligi kerak.
5-bob. Saylov uchastkalarini tuzish
24. Saylov uchastkalari tumanlar va shaharlar hokimliklarining taqdimnomasiga binoan hududiy saylov komissiyalari tomonidan besh yil muddatga tuziladi. Zarur boʻlgan hollarda, saylov uchastkalari tumanlar va shaharlar hokimliklarining taqdimnomasiga binoan qayta tuzilishi, amaldagi saylov uchastkalarining chegaralari oʻzgartirilishi yoki tugatilishi mumkin.
Saylov uchastkasini tuzish toʻgʻrisidagi taqdimnomada saylov uchastkasi chegaralari doirasidagi mahalla va koʻchalar nomlari, uylar va koʻp qavatli uylarning raqamlari, saylovchilar soni hamda uchastka saylov komissiyasi joylashadigan binoning manzili va kadastr raqami koʻrsatiladi.
25. Saylov uchastkasi mahalla hududi doirasida tuziladi, bunda saylovchilar soni belgilangan normadan ortib ketgan holatlarda shu mahalla chegarasidan chiqmagan holda ikki yoki undan ortiq saylov uchastkasi tashkil qilinishi mumkin.
26. Saylovchilarga qulaylik yaratish maqsadida saylov uchastkalari tumanlarning, shaharlarning, shaharlardagi tumanlarning, mahallalarning chegaralari inobatga olingan holda tuziladi. Zaruratga qarab, kirish joylari alohida boʻlgan holda bitta binoda ikkita uchastka saylov komissiyasi joylashtirilishi mumkin.
27. Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari, konsullik muassasalari huzurida, harbiy qismlarda, sanatoriylarda, dam olish uylarida, kasalxonalarda va boshqa statsionar davolash muassasalarida, olis va borish qiyin boʻlgan hududlardagi fuqarolar turgan joylarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida ham saylov uchastkalari saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish davriga tuzilishi mumkin. Bu saylov uchastkalari ular joylashgan yerdagi saylov okruglariga kiradi, bundan Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari, konsullik muassasalari huzurida tuziladigan saylov uchastkalari mustasno.
28. Saylov uchastkalarining chegaralari boshqa saylov okruglarining chegaralarini kesib oʻtmasligi kerak.
29. Saylov uchastkalari saylovga kamida oltmish kun qolganida, qoida tariqasida, saylovchilar soni kamida yigirma nafardan va koʻpi bilan uch ming nafardan oshmagan holda tuziladi.
30. Harbiy qismlarda, Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari, konsullik muassasalari huzurida, shuningdek olis va borish qiyin boʻlgan hududlardagi fuqarolar turgan joylarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida saylov uchastkalari ana shu muddatda, ayrim hollarda esa saylovga kamida yetti kun qolganida tuziladi.
31. Zarur hollarda xorijdagi saylov uchastkalarining saylovchilar roʻyxatidagi saylovchilar soni belgilangan miqdordan kam yoki ortiq boʻlishi mumkin.
32. Saylov uchastkalarining soni okruglar sonidan kam boʻlishi mumkin emas.
33. Hududiy saylov komissiyasi saylov uchastkalarining tartib raqamini belgilaydi hamda tegishli uchastka saylov komissiyasining telefon raqamlarini, joylashgan yerini va ovoz berish binosini koʻrsatgan holda saylovchilarni har bir uchastkaning chegaralari toʻgʻrisida xabardor etishni tashkil qiladi.
Saylov uchastkalari tartib raqamlarini belgilashda hududdagi barcha saylov uchastkalari ketma-ketlikda raqamlanadi. Saylov uchastkalariga tumanlar va shaharlar kesimida alohida tartib raqamlarini belgilashga yoʻl qoʻyilmaydi. Hududda qoʻshimcha saylov uchastkasi tuziladigan boʻlsa, mazkur saylov uchastkasi hududning qaysi tumani yoki shaharida tuzilganidan qatʼiy nazar, unga ushbu hududda tuzilgan saylov uchastkalariga berilgan soʻnggi tartib raqamidan keyingi tartib raqami beriladi. Saylov uchastkalarini qoʻshish va tugatish oqibatida tartib raqamlarini oʻzgartirish Markaziy saylov komissiyasi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
34. Saylov uchastkalari Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlari uchun yagona hisoblanadi.
6-bob. Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalarini tuzish
35. Qonunchilik palatasi deputatligiga siyosiy partiyalar tomonidan koʻrsatilgan nomzodlar roʻyxati asosida Qonunchilik palatasi deputatlarining yagona saylov okrugi boʻyicha saylovini oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari, konsullik muassasalari (bundan buyon matnda diplomatik vakolatxona deb yuritiladi) huzurida saylov uchastkalari (bundan buyon matnda xorijdagi saylov uchastkasi deb yuritiladi) tuzilishi mumkin.
36. Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida tuziladigan saylov uchastkalarini tegishli hududga biriktirish toʻgʻrisidagi masala Markaziy saylov komissiyasi tomonidan hal etiladi.
37. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xorijdagi saylov uchastkasini tuzish toʻgʻrisida taqdimnomani Markaziy saylov komissiyasiga saylovga kamida oltmish besh kun qolganida, ayrim hollarda esa saylovga kamida oʻn kun qolguniga qadar kiritadi.
38. Xorijdagi saylov uchastkasini tuzish toʻgʻrisida taqdimnoma saylovga kamida oʻn kun qolguniga qadar kiritilgan taqdirda ushbu taqdimnoma bilan bir vaqtda tegishli hududiy saylov komissiyasiga diplomatik vakolatxonalar huzuridagi uchastka saylov komissiyasi (bundan buyon matnda xorijdagi uchastka saylov komissiyasi deb yuritiladi) aʼzoligiga nomzodlar ham tavsiya etiladi.
39. Diplomatik vakolatxonalar tomonidan xorijdagi saylov uchastkalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mahalliy sharoitlardan kelib chiqqan holda jamoatchilikka eʼlon qilib boriladi.
Ushbu maʼlumotlarda quyidagilar aks etgan boʻlishi lozim:
xorijdagi saylov uchastkasining tartib raqami;
xorijdagi saylov uchastkasi joylashgan manzil;
xorijdagi uchastka saylov komissiyasi telefon raqami.
Ushbu maʼlumotlar Markaziy saylov komissiyasi va diplomatik vakolatxonalarning rasmiy veb-saytlari hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida joylashtiriladi.
40. Xorijdagi saylov uchastkalarida bir mandatli saylov okruglari boʻyicha Qonunchilik palatasi deputatligiga, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatligiga boʻlib oʻtadigan saylovlar boʻyicha ovoz berish tashkil etilmaydi.
7-bob. Qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida saylov uchastkalarini tuzish
41. Qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida saylov uchastkalari ushbu muassasalar boshliqlarining taqdimnomasiga binoan hududiy saylov komissiyalari tomonidan tuziladi. Bu saylov uchastkalari ular joylashgan hududdagi saylov okruglariga kiradi.
42. Qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida saylov uchastkalari saylovga kamida oltmish kun qolganida, ayrim hollarda esa saylovga kamida yetti kun qolganida tuziladi.