Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirining
buyrugʻi
Urugʻlik chigit tayyorlovchi korxonalarda urugʻlik paxtani qayta ishlashda uskunalarni belgilangan meʼyorlar asosida sozlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 19-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3519]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 15-dekabrdagi PQ-391-son “Paxtachilikda urugʻchilik tizimini rivojlantirish hamda paxta hosildorligini oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Urugʻlik chigit tayyorlovchi korxonalarda urugʻlik paxtani qayta ishlashda uskunalarni belgilangan meʼyorlar asosida sozlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi va Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan kelishilgan.
3. Ushbu buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Vazir I. ABDURAHMONOV
Toshkent sh.,
2024-yil 29-may,
13-son
Kelishildi:
Savdo-sanoat palatasi Raisi D. VAXABOV
2024-yil 15-may
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil D. KASIMOV
2024-yil 25-may
Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori A. JUMANAZAROV
2024-yil 22-may
Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi A. XAITOV
2024-yil 28-may
Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirining 2024-yil 29-maydagi 13-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Urugʻlik chigit tayyorlovchi korxonalarda urugʻlik paxtani qayta ishlashda uskunalarni belgilangan meʼyorlar asosida sozlash tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom urugʻlik chigit tayyorlovchi korxonalarda (bundan buyon matnda urugʻlik tayyorlash korxonalari deb yuritiladi) urugʻlik paxta va chigitni qayta ishlashda (paxtani uzatish, quritish, iflos aralashmalardan tozalash, chigitdan tolani ajratish, chigitdan momiqni ajratish, urugʻlik chigitni tozalash, saralash, dorilash,qadoqlash, saqlash va tashishda) uskunalarni belgilangan meʼyorlar asosida sozlash tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
urugʻlik paxta gʻarami (bundan buyon matnda gʻaram deb yuritiladi) — seleksiya navi, avlodi va sanoat navi, tipi, sinfi bir xil boʻlgan urugʻlik paxtani maxsus saqlash maydonchalarida jamgʻarish;
urugʻlik paxta — urugʻlik chigit olish uchun moʻljallanib, ekilgan maydonlardan terilgan paxta;
urugʻlik chigit — urugʻlik paxtani qayta ishlash natijasida olingan, ekish uchun moʻljallangan chigit;
urugʻlik chigitni dorilash — urugʻlik chigit tayyorlash sexlarida, urugʻlik chigitni oʻsimliklarni turli qishloq xoʻjaligi kasallik va zararkunandalardan himoya qilish maqsadida kimyoviy preparatlar (suspenziya) bilan ishlov berish;
urugʻlik chigit tayyorlash (qayta ishlash) sexi(bundan buyon matnda sex deb yuritiladi) — urugʻlik chigitni tayyorlash (tozalash, saralash, dorilash, qadoqlash) uchun texnologik asbob-uskunalar oʻrnatilgan ixtisoslashtirilgan korxona;
paxta momigʻi (bundan buyon matnda momiq deb yuritiladi) — paxtadan tola ajratilgandan keyin chigitda qolgan kalta tola;
chigitning mexanik shikastlanishi — urugʻlik paxtani terganda, tashiganda va qayta ishlash jarayonida urugʻlik chigitining shikastlanishi (chigit qobigʻidagi siniq,darzlar, teshiklar, chigit qobigʻi bir qismining yoʻqligi).
2. Urugʻlik tayyorlash korxonalarida urugʻlik paxtani qayta ishlashdan oldin texnologik asbob-uskunalar urugʻlik chigit olishga moslashtiriladi.
2-bob. Urugʻlik paxtani qayta ishlashda uskunalarni belgilangan meʼyorlar asosida sozlash
3. Urugʻlik tayyorlash korxonalari tomonidan urugʻlik paxta gʻaramda bir yarim — ikki oy davomida saqlanadi va gʻaramda chigitlar toʻliq fiziologik yetilgandan soʻng, qayta ishlanadi.
4. Urugʻlik paxtani qayta ishlashdan oldin seleksiya navlarning mexanik aralashuvini oldini olish maqsadida texnologik asbob-uskunalar qoldiq paxta va chigitdan tozalanadi.
5. Urugʻlik paxtani qayta ishlashdan oldin urugʻlik tayyorlash korxonaning moddiy javobgar shaxslari tomonidan texnologik asbob-uskunalarning sozligi haqida dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
6. Urugʻlik paxtani dastlabki qayta ishlash jarayonida gʻaramdagi paxta uzatuv quvuriga qoʻl kuchi yoki maxsus texnikalar orqali beriladi.
7. Urugʻlik paxtani qayta ishlashda dastlab ushbu paxtaning texnik 1-navi va 1-sinfi, shundan soʻng R-3, R-2, R-1 va elita avlodlari ishlanadi.
8. Urugʻlik tayyorlash korxonasining masʼul mutaxassislari tomonidan gʻaramlarni qayta ishlash tugallangandan soʻng, texnologik asbob-uskunalarni tozalash ishlari oʻtkaziladi.
Bunda, urugʻlik tayyorlash korxonasining masʼul mutaxassislari ushbu tozalash ishlari yakuni boʻyicha dalolatnoma rasmiylashtiradi.
3-bob. Qayta ishlashga berilgan urugʻlik paxtani quritish
9. Qayta ishlashga berilgan urugʻlik paxtani quritish uchun urugʻlik tayyorlash korxonasi issiqlik yetkazib berish va paxta bilan taʼminlash tizimlariga ega boʻlishi hamda paxta quritgichlari bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
10. Urugʻlik paxtani quritish uskunasining aylanish tezligi 8 — 10 aylana/daqiqa boʻlishi kerak.
11. Urugʻlik paxtaga issiqlik yetkazib berish tizimi issiqlik ishlab chiqargichni va tutun soʻrgichni oʻz ichiga oladi.
12. Oson tozalanadigan seleksiya navli urugʻlik paxtadan ajratiladigan urugʻlik chigit sifatini saqlash va uning mexanik shikastlanishini kamaytirish maqsadida namligi 8,0 foizgacha boʻlgan paxta quritish uskunasidan sovuq havo haydaladi.
13. Qiyin tozalanadigan seleksiya navli urugʻlik paxta namligi 8,0 foiz va undan koʻp boʻlganda quritish uskunalarida issiq havo berish yoʻli bilan quritiladi.
Bunda, issiq yoki sovuq quritishning havo sarfi 18 — 20 ming m3/soatni tashkil qiladi.
14. Urugʻlik paxtani tozalashdan oldin oson tozalanadigan seleksiya navli urugʻlik paxtaning namligi 7,0-8,0 foiz, qiyin tozalanadigan seleksiya navli urugʻlik paxta esa 6,5 — 7,0 foiz boʻlishi kerak.
15. Issiqlik ishlab chiqargichni tayyorlash va ishga tushirishda mutaxassislar tomonidan quyidagilar bajarilishi talab etiladi:
issiqlik ishlab chiqargichning umumiy holati koʻrib chiqish va sozlovchi moslamalar (qopqoqlar, kranlar), ijrochi mexanizmlarning (qopqoq xarakatlantirgichlari, yonilgʻi oqimini berkitish avtomatining) harakatlanishini, mahkamlash bolt ulamalarining ishonchliligini taʼminlash;
yonilgʻi uzatgichlar butligini, ularda talab etilgan bosim borligini, yonilgʻi oqib ketmasligini taʼminlash;
ventilyator, tutun soʻrgich va issiq havo oʻtkazgichlarini ishga tushirishga tayyorligini taʼminlash;
nazorat-oʻlchov asboblari borligi, butunligi va yaroqligini tekshirish;
yoʻnaltiruvchi apparat ohista havo bosimi 70 mm suv ustuni koʻrsatguncha ochilishi, ventilyator yurgizilishi va asta-sekin avvaliga ikkilamchi (pastki) havo kanal qopqogʻi 2-3 boʻlimga va keyin birlamchi kanal qopqogʻi 1-boʻlimga ochilishi;
havo oʻtkazish quvuri va aralashtirish kamerasi qopqoqlari yordamida yonish jarayoni va quritish koʻrsatkichlari (sarfi, harorati) muvofiqlashtirilishi.
4-bob.Urugʻlik paxtani tozalash
16. Urugʻlik paxtani iflos aralashmalardan tozalashda paxta tozalash agregati (bundan buyon matnda agregat deb yuritiladi) qoʻllaniladi.
17. Urugʻlik paxtani tozalash jarayonida urugʻlik chigitning mexanik shikastlanishining oldini olish maqsadida agregatdagi qoziqli barabanlar va turli yuza oraliq masofalari 14 — 16 mm, arrachali baraban va ajratuvchi choʻtka 0 — 2 mm va yuza oraliq tirqishi arrachali baraban va kolosnikli panjara oraliq tirqishlari 18 — 20 mm boʻlishi kerak.
18. Iflosligi 3,0 foizgacha boʻlgan, oson tozalanadigan seleksiya navli urugʻlik paxtani tozalash jarayonida arrali seksiyalar ishlatilmasdan, agregatda faqat 8 ta qoziqli barabanlar blokini ishlatish talab etiladi.
19. Iflosligi 3,0 — 8,0 foizgacha boʻlgan, oson tozalanadigan seleksiya navli urugʻlik paxtani agregatda 2 ta arrali seksiya va 8 ta qoziqli barabanlar blogini ishlatish va ularga tutashgan bir yoki ikkita qoziqli paxta tozalagichlarning ishlatilishi talab etiladi.
20. Iflosligi 3,0 foizgacha boʻlgan, qiyin tozalanadigan seleksiya navli urugʻlik paxtani tozalash jarayonida agregatda bitta arrali seksiya va 8 ta qoziqli barabanlar blokini va ularga tutashgan bir yoki ikkita qoziqli paxta tozalagichlarning ishlatilishi talab etiladi.
21. Iflosligi 3,0 — 8,0 foizgacha boʻlgan, qiyin tozalanadigan seleksiya navli urugʻlik paxtani tozalash jarayonida agregatda yana bitta arrali seksiya qoʻshilishi kerak. Bunda, agregat jihozlari har birining paxta boʻyicha ishlab chiqarish ish unumdorligi 4,5 t/soatdan (2 ta agregat uchun 9 t/soatdan) yuqori boʻlmasligi kerak.
22. Urugʻlik paxtani ajratuvchi baraban va arrachali baraban orasidagi oraliq masofa 0 — 2 mmgacha boʻlishi kerak.
23. Urugʻlik chigit shikastlanishining oldini olish maqsadida agregatdagi kolosniklar va arrachali barabanlar orasidagi oraliq masofa 14 mmdan kam va 16 mmdan koʻp boʻlmasligi kerak.
24. Agregatdagi kolosniklar va arrachali barabanlar orasidagi oraliq masofalar koʻz bilan koʻrib yoki organoleptik usulda tekshiriladi.
25. Agregatdagi qoziqli barabanlar va toʻrli yuzalar orasidagi tirqish tozalagichni birinchi yigʻish yoki kapital taʼmirlash paytida oʻrnatiladi.
5-bob. Urugʻlik chigitdan tolani ajratish
26. Urugʻlik chigitdan tolani ajratishda arrali va valikli tolani ajratish uskunalari qoʻllaniladi. Urugʻlik tayyorlash korxonalarida chigitdan tolani ajratish jarayoni orta tolalini arrali va uzun tolalini valikli chigitdan tolani ajratish uskunalarida amalga oshiriladi.
27. Oʻrta tolalini urugʻlik paxtani qayta ishlashda chigitdan tolani ajratish uskunalarining ish unumdorligi har bir arraga 7,0 kg tola/arra soatdan toʻgʻri kelishi kerak.
Bunda, chigitdan tolani arra bilan ajratishda ish unumdorligi bitta arraga 7 kg/soat bolishi kerak.
28. Uzun tolali gʻoʻza navlarning urugʻliklari valikli chigitdan tolani ajratish uskunasi umumiy ish unumdorligi birinchi sanoat navli texnik paxtani ishlashdagi ish unumdorligidan 35 foizga kam boʻlishi kerak.
29. Paxtaning seleksiya navlariga qarab chigitdan tolani ajratish uskunasidan keyingi chigitning tukliligi 12,0 — 13,5 foizdan, chigit shikastlanishining koʻpayish darajasi 1,0 foizdan oshmasligi kerak.
6-bob. Urugʻlik chigitdan momiqni ajratish
30. Urugʻlik chigitdan momiqni ajratish texnologik tizimidagi uskunalarning ketma-ketligi, ularning soni va paxtani dastlabki ishlashga muvofiqlashtirilgan texnologiyasi talabiga muvofiq joylashtiriladi.
31. Urugʻlik chigitdan momiqni ajratishdan oldin uskunaning barcha ishchi qismlarini texnik tavsifiga mos ravishda sozlanganligi, ishchi qismlarning oraliq masofalari texnik talab asosida oʻrnatilganligini koʻzdan kechirish, soz holatga keltirish talab etiladi. Bunda,momiqni ajratish uskunalariga ishchi holatdagi arralar qoʻyiladi (yangi yoki yangidan tish ochilgan arralar qoʻyish taqiqlanadi).
32. Urugʻlik chigitdan momiqni ajratishda paxtani qayta ishlash texnologik asbob-uskunalarini rostlash uchun, dastlab texnik chigit qayta ishlanadi va chigitning tukdorligi hamda mexanik shikastlanishi tahlil qilinadi.
33. Urugʻlik chigitdan momiqni ajratishda texnik nazorati va laboratoriya xodimlari tomonidan har 2 soatda chigitdan namuna olinib, tahlil qilinadi va laboratoriya jurnaliga qayd etiladi.
34. Chigit tuksizlantirish sexlariga yuborilayotgan urugʻlik chigitlarning mexanik shikastlanganlik darajasi 4 % dan koʻp boʻlmasligi hamda chigitdagi tola qoldigʻi 0,8 % dan oshmasligi kerak.
7-bob. Urugʻlik chigit tayyorlash
35. Urugʻlik chigit tayyorlash ishlari texnologik asbob-uskunalar oʻrnatilgan sexlarda amalga oshiriladi. Urugʻlik chigit tukli va tuksizlantirilgan holda tayyorlanadi. Tuksizlantirish texnologiyasi oʻz navbatida bir yoki ikki bosqichda amalga oshiriladi.
36. Sexda texnologik asbob-uskunalarni sozlash ishlari bajarilgandan soʻng, seleksiya navlarning mexanik aralashuvini oldini olish maqsadida texnologik asbob-uskunalar qoldiq chigitdan tozalanadi.
37. Urugʻlik chigit tayyorlash jarayonida tozalash, saralash amalga oshirilgandan soʻng 1000 dona chigitning vazni kamida 2 grammga ortishi lozim.
38. Urugʻlik chigitni saralash uskunasiga ikki qavatli toʻrli yuzalik elaklar oʻrnatilib, urugʻlik tayyorlash jarayonida elak toʻrli yuzasini tez-tez tozalab turish shart. Elak toʻrli yuza teshiklarining oʻlchamlari quyidagicha boʻlishi lozim:
mayda chigitli seleksiya navlar uchun aylana shaklidagi ustki elak teshiklari diametri 7 mm boʻlgan ketma ketlikda 2 ta toʻrli yuza oʻrnatiladi va pastki elakda ham ketma ketlikda 2 ta dastlab, oʻlchamlari 3,8 × 20 mm boʻlgan uzunchoq shakldagi teshikli toʻrli yuza va aylana shaklidagi teshikli, diametri 4,0 mm ga teng toʻrli yuza oʻrnatiladi;
yirik chigitli seleksiya navlar uchun aylana shaklidagi ustki elak teshiklari diametri 7,5 mm boʻlgan ketma ketlikda 2 ta toʻrli yuza oʻrnatiladi va pastki elakda ham ketma ketlikda 2 ta dastlab, oʻlchamlari 4 × 20 mm boʻlgan uzunchoq shakldagi teshikli toʻrli yuza va aylana shaklidagi teshikli, diametri 4,5 mm ga teng toʻrli yuza oʻrnatiladi;
39. Urugʻlik chigitni mexanik shikastlanishi ortib ketmasligi uchun texnologiyadagi chigit tuksizlantirish mashinalarining metall choʻtkali silindr bilan toʻrli yuza orasidagi tirqishi hamda chigit shneklari va qoʻzgʻalmas tagliklar oraliq masofasi 12 — 14 mm boʻlishi kerak.
40. Urugʻlik chigitni dorilash uskunalari chigit yuzasiga dorilash uchun tayyorlangan suspenziya bir tekisda amalga oshirish uchun purkash moslamalaridan foydalanish talab etiladi.
41. Sexning texnologik asbob-uskunalar meʼyorda ishlayotganligi ish unumdorligi va ishchi suspenziya sarfi har 2 soatda biriktirilgan masʼul xodimlar tomonidan oʻlchanib turiladi.
42. Urugʻlik chigitlarning dorilanish sifati tayyorlangan etalon namunalariga mos kelishi kerak.
43. Urugʻlik chigitni dorilash jarayonida suspenziya toʻgʻri tayyorlanishi va dori kukunini suvga aralashib erishni va choʻkindi hosil boʻlmasligi uchun suspenziyani doimiy qorishtirish mexanizmlarini ishlatish kerak.
44. Tukli dorilanayotgan urugʻlik chigitlarning 1 tonnasiga 25 — 30 litr suspenziya, tuksizlantirilib dorilanayotgan urugʻlik chigitning 1 tonnasi uchun 15 — 20 litr suspenziya sarflanadi.
45. Dorilangan chigitlar qogʻoz qoplarga massasi 30 kg dan oshirmagan holda qoplanishi va ogʻzi zich qilib tikilishi kerak.
46. Dorilanib qoplangan urugʻlik chigitlar yopiq (harorati +5o C dan kam boʻlmagan holda) omborlarda yogʻoch tagliklarga taxlangan holda, nizomga ilovada qayd etilgan holda saqlanadi.
47. Tayyorlangan urugʻlik chigit toʻdalari orasidagi hamda xona devorlari orasidagi masofa 1 m dan kam boʻlmasligi shart.
48. Urugʻlik chigitni dorilash jarayonida ishchilar maxsus kiyim-bosh, respirator, rezina etik, qoʻlqop bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.
49. Urugʻlik chigit tayyorlash mavsumi yakunlangandan soʻng asosiy va yordamchi uskunalar chigit qoldiqlaridan tozalanib, taʼmirlash ishlari bajarilishi talab etiladi.
8-bob. Yakuniy qoida
50. Mazkur Nizom talablarini buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradi.
Urugʻlik chigit tayyorlovchi korxonalarda urugʻlik paxtani qayta ishlashda uskunalarni belgilangan meʼyorlar asosida sozlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
Omborlarda dorilanib qoplangan urugʻlik chigitlar taxlangan shtabellarning metrdagi oʻlchamlari
|
uzunligi |
eni |
balandligi |
|
|
Tukli chigitlar uchun |
20 |
15 |
3 |
|
Tuksizlantirilgan chigitlar uchun |
18 |
12 |
3 |
|
Kam tukli chigitlar uchun |
18 |
12 |
3 |
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.06.2024-y., 10/24/3519/0432-son)