Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Muborak Qurbon hayitini nishonlash toʻgʻrisida
Muborak Qurbon hayitining maʼnaviy hayotimizda mehr-oqibat, bagʻrikenglik, muruvvat, doʻstlik va hamjihatlik kabi ezgu tamoyillarni mustahkamlash borasidagi oʻrni va ahamiyati beqiyosdir.
Ushbu qutlugʻ ayyomni munosib kutib olish va yuqori saviyada oʻtkazish, muqaddas islom dinining insonparvarlik gʻoyalari hamda milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulugʻlash maqsadida:
1. 2024-yilda muborak Qurbon hayitining birinchi kuni 16-iyun — yakshanba kuniga toʻgʻri kelishi toʻgʻrisida Oʻzbekiston musulmonlari idorasining axboroti maʼlumot uchun qabul qilinib, yurtimizda 16-iyun kuni Qurbon hayiti bayrami sifatida keng nishonlansin.
2. Quyidagilar:
a) Mehnat kodeksining 208-moddasiga muvofiq:
ishlanmaydigan bayram kuni hisoblanuvchi Qurbon hayitining birinchi kuni dam olish kuniga toʻgʻri kelishi munosabati bilan ushbu dam olish kuni 17-iyun — dushanba kuniga koʻchirilishi;
bunda ishlab chiqarish-texnik va tashkiliy sharoitlar (mavjud uzluksiz ishlab chiqarish, aholiga har kuni xizmat koʻrsatish, navbatchilik asosida ishlash va boshqalar) tufayli ishlanmaydigan bayram kunlari toʻxtatib qoʻyish mumkin boʻlmagan ishlarni bajarishda dam olish kunlari koʻchirilmasligi;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 22-dekabrdagi “2024-yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qoʻshimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini koʻchirish toʻgʻrisida”gi PF-213-son Farmoni bilan 18-iyun — seshanba kuni barcha xodimlar uchun qoʻshimcha dam olish kuni etib belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda muborak Qurbon hayitini xalqimizning milliy anʼana va urf-odatlariga uygʻun holda oʻtkazish uchun tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
4. Turizm qoʻmitasi Transport vazirligi bilan birgalikda yurtdoshlarimiz uchun muborak Qurbon hayiti kunlarida moʻtabar ziyoratgohlar va tarixiy qadamjolarga ziyoratlarni tashkil etish maqsadida qulay sharoit va imkoniyatlar yaratsin.
5. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Qurbon hayitini nishonlash bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi M.M. Kamilov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 11-iyun,
PQ-216-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.06.2024-y., 07/24/216/0413-son)