Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Jadidlar merosi davlat muzeyini tashkil etish toʻgʻrisida
Maʼrifatparvar jadidlarning Vatanimiz va jahon tarixidagi muhim oʻrni va ahamiyatini, milliy istiqlolimizning maʼnaviy asoslarini yaratishdagi fidoyiliklarini, ibratli hayoti va faoliyatini, boy ilmiy-ijodiy merosini chuqur oʻrganish va faol targʻib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni yanada kengaytirish, shuningdek, 2023-yil 22-dekabr kuni oʻtkazilgan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishida ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish maqsadida:
1. Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma), Madaniy meros agentligi va Buxoro viloyati hokimligining Buxoro shahridagi tarixiy maskan — Xoʻja Gulrez koʻchasi 13-uy manzilida joylashgan Hovli Poyon majmuasida Jadidlar merosi davlat muzeyini (keyingi oʻrinlarda — Muzey) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Quyidagilar Muzey faoliyatining asosiy vazifalari etib belgilansin:
jadidlik harakatiga oid mamlakatimiz va xorijdagi turli manbalar va tarixiy hujjatlarni aniqlash, toʻplash, saqlash, oʻrganish, tiklash, nusxalash, eʼlon qilish, ular asosida Muzey fondini boyitib borish va ekspozitsiyalarni yaratish, shuningdek, madaniy-maʼrifiy va ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirish;
maʼrifatparvar jadidlarning Vatanimiz va jahon tarixidagi muhim oʻrni va ahamiyatini, milliy istiqlolimizning maʼnaviy asoslarini yaratishdagi hissasi va fidoyiliklarini haqqoniy yoritish, aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida keng targʻib qilish;
muzey ekspozitsiyalarini yaratishda zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish, xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va mustahkamlash.
3. Belgilansinki:
Muzey Jamgʻarma tizimiga kiradi hamda Muzey faoliyati uning binosida qurilish-montaj ishlari yakunlanganidan soʻng boshlanadi;
Muzey binosini mukammal taʼmirlash, jihozlash va hududini obodonlashtirish, Muzey ekspozitsiyasini yaratish bilan bogʻliq xarajatlar ilovaga* muvofiq ajratiladigan manbalar hisobidan qoplanadi;
* Ilova berilmaydi.
Muzeyni saqlash xarajatlari — Buxoro viloyati mahalliy budjeti mablagʻlari, Muzeyning oʻz daromadlari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi;
Muzeyga shtat birliklarini ajratish hamda xodimlarga ish haqi toʻlash Madaniy meros agentligi tizimidagi muzeylar uchun belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.
4. Jamgʻarma:
a) Madaniy meros agentligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda Muzey ustavini tasdiqlash, davlat roʻyxatidan oʻtkazish va malakali mutaxassislar bilan toʻldirish hamda Muzey faoliyatiga koʻmaklashish yuzasidan tegishli choralar koʻrsin;
b) Fanlar akademiyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, “Oʻzarxiv” agentligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Madaniy meros agentligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi bilan birgalikda:
Muzeyni jadidlik harakatiga oid muzey ashyolari va kolleksiyalari bilan toʻldirib borishni tashkil etsin;
ushbu maqsadda jadidlik harakatiga oid noyob kitob, qoʻlyozma, arxiv hujjatlari va boshqa materiallarni aniqlash boʻyicha chuqur fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borilishini yoʻlga qoʻysin, shuningdek, aniqlangan materiallarni taʼmirlash va raqamlashtirish choralarini koʻrsin;
v) bir oy muddatda Muzey faoliyatini samarali tashkil etish, shuningdek, Muzey binosini taʼmirlash, jihozlash va hududini obodonlashtirish, Muzey ekspozitsiyasini yaratish bilan bogʻliq ishlarni jadallashtirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga tegishli qaror loyihasini belgilangan tartibda kiritsin.
5. Madaniy meros agentligi “Milliy merosga mening hissam” umumxalq aksiyasi doirasida aholidan jadidlik harakatiga oid tarixiy materiallar, ashyolar, noyob suratlarning Muzey uchun xarid qilib borilishini taʼminlasin.
6. Tashqi ishlar vazirligi Muzeyga xorijiy davlatlardagi turli arxiv, muzey, kutubxona va boshqa ilmiy-maʼrifiy muassasalar hamda tegishli mutaxassislar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga koʻmaklashsin.
7. Muzeyni tashkil etish uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha import qilinadigan muzey ashyolari va kolleksiyalari, kitob va qoʻlyozmalar, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan qurilish materiallari, asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, jihozlar, ehtiyot qismlar, metall konstruksiyalar, mebel va inventarlar 2025-yil 1-yanvarga qadar bojxona bojidan ozod etilsin.
8. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Muzey faoliyatini keng yoritib borish tavsiya etilsin.
9. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi raisi G.O. Umerova hamda Buxoro viloyati hokimi B.K. Zaripov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 30-may,
PQ-201-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.05.2024-y., 07/24/201/0386-son)