O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qimmatli qog‘ozlar bozorida mijozlarni masofadan turib raqamli identifikatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
O‘zbekiston Respublikasining “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi va “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunlariga muvofiq, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kapital bozorini rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2023-yil 2-sentabrdagi PQ-291-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 2-sentabrdagi PQ-291-son qarori bilan tasdiqlangan 2023 — 2025-yillarda kapital bozorini rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ning 29-bandida depo hisobvarag‘ini masofadan turib ochish va investorlar bilan shartnoma tuzish tartibini ishlab chiqish belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Qimmatli qog‘ozlar bozorida mijozlarni raqamli identifikatsiya qilish va uni qo‘llash hamda investitsiya vositachilari tomonidan mijozlar bilan shartnoma tuzish jarayonida ularning shaxsiy ma’lumotlarini olish maqsadida mijozlarni tekshirish tizimini amalga oshirishni nazarda tutuvchi Qimmatli qog‘ozlar bozorida mijozlarni masofadan turib raqamli identifikatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan birgalikda qimmatli qog‘ozlar bozorining professional ishtirokchilari tomonidan mijozlarni masofadan turib raqamli identifikatsiya qilish tartibidan foydalanish jarayonida “O‘z mijozingni bil” (KYC, e-KYC) tizimiga muvofiq hamda “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish” (AML/CFT) tizimiga asosan qimmatli qog‘ozlar bozorida mijozlar bilan shartnoma tuzish paytida mijozlarni tekshirish tizimini amalga oshirish tartibiga rioya etilishi ustidan doimiy nazoratni ta’minlasin.
Bunda doimiy nazorat Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha moliyaviy choralar ishlab chiquvchi guruhning (FATF) talablaridan kelib chiqib amalga oshirilishi inobatga olinsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktori D.R. Li zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 26-aprel,
238-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 26-apreldagi 238-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Qimmatli qog‘ozlar bozorida mijozlarni masofadan turib raqamli identifikatsiya qilish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom investitsiya vositachilari tomonidan rezident va norezident jismoniy, shu jumladan, yuridik shaxs nomidan harakatlarni amalga oshirish vakolatiga ega bo‘lgan shaxslarni (keyingi o‘rinlarda — mijoz) masofadan turib raqamli identifikatsiya qilish, shuningdek, mijozlar bilan shartnoma tuzish vaqtida ularning shaxsiy ma’lumotlarini olish maqsadida Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha moliyaviy choralar ishlab chiquvchi guruhning (FATF) talablaridan kelib chiqib, “O‘z mijozingni bil” (KYC, e-KYC) va “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish” (AML/CFT) tizimlariga muvofiq mijozlarni tekshirish tartibini belgilaydi.
2. Investitsiya vositachilari mijozni raqamli identifikatsiyada o‘tkazilgandan so‘ng unga nisbatan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda lozim darajada tekshirish choralarni ko‘radi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
investitsiya vositachisi — mijozning topshirig‘iga binoan mijoz nomidan va uning hisobidan qimmatli qog‘ozlarga doir bitimlar hamda operatsiyalarni amalga oshiruvchi qimmatli qog‘ozlar bozorining professional ishtirokchisi;
ichki nazorat qoidalari — investitsiya vositachilarida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalari;
raqamli identifikatsiya — axborot tizimlaridan foydalangan holda, mazkur Nizomda belgilangan talablar asosida mijozning shaxsini tekshirish va tasdiqlash jarayoni;
raqamli autentifikatsiya — avval identifikatsiya qilingan mijozdan real vaqt rejimida olingan fotosurat yoki videotasvirni dastlabki identifikatsiya ma’lumotlari bilan avtomatlashtirilgan holda (inson omilisiz) solishtirish orqali mijozning shaxsini tekshirish va tasdiqlash jarayoni;
ro‘yxat — terrorizmga, ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishga qarshi kurashuvchi davlat organlari va O‘zbekiston Respublikasining boshqa vakolatli organlari taqdim etayotgan ma’lumotlar, shuningdek, chet davlatlarning vakolatli organlari va xalqaro tashkilotlari rasmiy kanallar orqali taqdim etayotgan ma’lumotlar asosida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan tuzilgan terrorchilik faoliyatida yoki ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishda ishtirok etayotgan yoxud ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslar ro‘yxati.
4. Investitsiya vositachisi mijozlarni raqamli identifikatsiya qilish tartibini yo‘lga qo‘yishdan oldin jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishning ehtimoliy tavakkalchilik darajasini o‘rganish, tahlil qilish, aniqlash, baholash, monitoring qilish, boshqarish, hujjatlashtirish va uni kamaytirish choralarini ko‘rish, shuningdek, o‘z ichki qoidalarida ushbu holatlarni nazarda tutuvchi mijozlarni raqamli identifikatsiya qilish tartibini belgilashi shart.
5. Investitsiya vositachisi:
mijozning identifikatsiya ma’lumotlarini himoya qilish bo‘yicha zarur bo‘lgan huquqiy, tashkiliy va texnik choralarni ko‘rishi;
identifikatsiya ma’lumotlari ishonchliligi va to‘g‘riligini ta’minlashi;
identifikatsiya ma’lumotlarining soxtalashtirilishiga, ruxsatsiz o‘zgartirilishiga, oshkor qilinishiga hamda muddatidan oldin yo‘q qilinishiga qarshi choralarni ko‘rishi;
identifikatsiya ma’lumotlarini qonunchilikda belgilangan muddatlarda saqlash va ulardan foydalanish ustidan nazoratni ta’minlashi;
mijozlarga xizmatlarni ko‘rsatishda axborot xavfsizligi bilan bog‘liq operatsion xatarlarni kamaytirish va nazorat qilish bo‘yicha chora-tadbirlar tizimini, shu jumladan, mijozni raqamli identifikatsiya qilish vaqtida xavfsizlikni ta’minlashi;
aloqa kanallari orqali investitsiya vositachisi xizmatlaridan foydalanishda mijoz uchun ko‘p faktorli autentifikatsiya (mobil telefonga bog‘lanish yoki SMS xabar yuborish yoxud elektron pochta, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali mijozning shaxsini qo‘shimcha ravishda tekshirish va tasdiqlash) tartib-qoidalarini qo‘llashi;
mijozning shaxsga doir ma’lumotlariga faqat ushbu Nizomda ko‘zda tutilgan maqsadlar uchun ishlov berishi;
sohaga doir boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq axborot xavfsizligi bo‘yicha zarur talablarni qo‘llashi lozim.
2-bob. Mijozlarni raqamli identifikatsiya qilish
6. Mijozlarni raqamli identifikatsiya qilishda investitsiya vositachisi tomonidan quyidagi usullardan foydalaniladi:
mijoz taqdim qilgan ma’lumotlarga tayangan holda mijoz shaxsini tekshirish va identifikatsiya qilish;
investitsiya vositachisining axborot tizimlari tomonidan real vaqt rejimida inson omilisiz mijozning shaxsini tekshirish va identifikatsiya qilish.
7. Investitsiya vositachisi ushbu Nizomning 6-bandi uchinchi xatboshisida qayd etilgan usul bo‘yicha mijozning shaxsini tekshirish va identifikatsiya qilishda:
shaxsni tasdiqlovchi hujjatning (O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun biometrik pasport yoki identifikatsiyalovchi ID karta yoki xorijiy davlatlar fuqarolari uchun ularga tenglashtirilgan hujjatlar) ichki nazorat qoidalari talablariga muvofiq tegishli ma’lumotlarga ega bo‘lgan qismlari fotosuratlarini mijozdan qabul qiladi;
ushbu Nizom talablariga muvofiq mijozning fotosurati va (yoki) videotasvirini qabul qiladi;
“Elektron hukumat” tizimining jismoniy va yuridik shaxslar markaziy ma’lumotlar bazalariga (keyingi o‘rinlarda — markaziy ma’lumotlar bazasi) so‘rov yuborish orqali undagi ma’lumotlar bilan solishtiradi;
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 29-iyuldagi 413-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi konsullik muassasalari orqali elektron raqamli imzo berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga binoan elektron raqamli imzo kalitining sertifikati borligi haqida so‘raydi;
shaxsni tasdiqlovchi hujjatda joylashgan fotosuratni ushbu Nizomga muvofiq qabul qilingan fotosurat va (yoki) videotasvir bilan, shuningdek, markaziy ma’lumotlar bazasida joylashtirilgan fotosurat bilan (agar mavjud bo‘lsa) solishtiradi;
mijoz bilan bog‘lanishda foydalaniladigan mobil telefon raqamini aynan ushbu mijoz tomonidan foydalanilayotganligini aniqlash imkonini beruvchi usul (mobil telefonga bog‘lanish, SMS xabar yuborish) yordamida tekshiradi. Bunda xorijda joylashgan mijozlarni identifikatsiya qilishda mobil raqam o‘rniga elektron pochta manziliga jo‘natilgan kod orqali tasdiqlashga yo‘l qo‘yiladi;
ichki nazorat qoidalariga muvofiq mijozning yuqori darajadagi tavakkalchilik toifasiga kirishi yoki kirmasligi nuqtai nazaridan tekshiruvni amalga oshiradi.
Mijoz to‘g‘risidagi ma’lumotlar markaziy ma’lumotlar bazasida topilmagan taqdirda, investitsiya vositachisi mijoz bilan onlayn videokonferensaloqa seansini o‘rnatib, mijozni identifikatsiya qilishiga ruxsat beriladi. Bunda investitsiya vositachisi mas’ul xodimi videokonferensaloqa orqali quyidagilarni aniqlashi va videotasvirga tushirilishini ta’minlashi lozim:
mijozning ma’lumotlari aniq ko‘ringan shaxsini tasdiqlovchi hujjatini;
mijoz ushbu shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ushlab turgan holatini;
mijozning mazkur investitsiya vositachisi bilan shartnoma imzolash istagida ekanligini tasdiqlovchi audiovizual tasdiq (mijozning og‘zaki nutqi).
Investitsiya vositachisining mas’ul xodimi mijoz bilan onlayn videokonferensaloqa seansini o‘rnatib, mijoz tomonidan taqdim qilingan axborotlarning aynan unga tegishliligini tekshiradi.
8. Investitsiya vositachisi tomonidan mijozlarni identifikatsiya qilish uchun foydalaniladigan axborot tizimi mazkur Nizomning 6-bandi uchinchi xatboshisida qayd etilgan usul bo‘yicha mijozning shaxsini tekshirish va identifikatsiya qilishda:
a) mijozdan shaxsini tasdiqlovchi hujjat (biometrik pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-karta yoxud xorijiy davlatlar fuqarolari uchun ularga tenglashtirilgan hujjatlar) seriyasi va raqamini yoki jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami va tug‘ilgan sanasini yoxud ushbu ma’lumotlardan barchasini hamda ushbu Nizomga muvofiq fotosuratini yoki videotasvirini real vaqt rejimida oladi;
b) markaziy ma’lumotlar bazasiga so‘rov yuboradi va mijozning quyidagi shaxsiy ma’lumotlarini oladi:
jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR, mavjud bo‘lganda), markaziy ma’lumotlar bazasida shaxsini tasdiqlaydigan ma’lumotlari bo‘lmagan chet el fuqarolari bundan mustasno;
biometrik pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-karta yoxud xorijiy davlatlar fuqarolari uchun ularga tenglashtirilgan hujjatlarning berilgan sanasi, amal qilish muddati hamda berilgan joyi;
davlat tilida familiyasi, ismi, otasining ismi (lotin yozuvida);
jinsi, tug‘ilgan mamlakati, tug‘ilgan joyi, millati, fuqaroligi hamda doimiy yoki vaqtincha yashash joyi haqidagi ma’lumotlar;
v) mijozdan real vaqt rejimida olingan fotosuratni yoki videotasvirdagi fotosuratni markaziy ma’lumotlar bazasidan olingan fotosurat bilan (agar mavjud bo‘lsa) avtomatlashtirilgan holda (inson omilisiz) solishtiradi;
g) mijoz bilan bog‘lanishda foydalaniladigan mobil telefon raqami aynan ushbu mijoz tomonidan foydalanilayotganligini aniqlash imkonini beruvchi usul (mobil telefonga bog‘lanish, SMS xabar yuborish) yordamida tekshiradi;
d) qabul qilingan ma’lumotlarni ichki nazorat qoidalariga muvofiq ro‘yxat bilan avtomatlashtirilgan holda (inson omilisiz) solishtiradi.
9. Investitsiya vositachisi mijozni raqamli identifikatsiya qilishda o‘z axborot tizimlaridan yoki shartnoma asosida uchinchi shaxslar tomonidan taqdim etilgan axborot tizimlaridan foydalanadi.
10. Mijozlarni raqamli identifikatsiya qilish uchun foydalaniladigan axborot tizimlari:
O‘zbekiston Respublikasi hududidagi serverlarda joylashgan bo‘lishi (mijoz bilan onlayn videokonferensiya sessiyasini o‘tkazish uchun foydalaniladigan serverlar bundan mustasno);
axborotni uzatishda o‘zaro shifrlashni ta’minlashi;
faqat real vaqt rejimida yaratilgan fotosurat va (yoki) videotasvirdan foydalanishni ta’minlashi;
fotosurat va (yoki) videotasvir almashtirish hamda buzishdan, ilgari yaratilgan fotosurat va (yoki) videotasvirdan foydalanishdan himoyalangan bo‘lishi;
identifikatsiya qilishda mijozlar tomonidan boshqa mijozlarning fotosurati va (yoki) videotasviridan foydalanishga bo‘lgan urinishlarni aniqlash imkonini berishi lozim.
11. Mijozni raqamli identifikatsiya va raqamli autentifikatsiya qilishda:
fotosurat va (yoki) videotasvir rangli bo‘lishi;
videotasvir tovushli bo‘lishi;
fotosurat va (yoki) videotasvirda mijozning o‘zidan boshqa shaxslar bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmasligi;
mijozning yuzi qisman yoki to‘liq yashirilmagan bo‘lishi, mijozning yuziga soya tushmasligi, shuningdek, mijoz yuzni qoplaydigan ko‘zoynakda (shaffof oynali ko‘zoynakdan tashqari) bo‘lmasligi;
video fonni o‘zgartirish yoki retush texnologiyasidan foydalanmaslik;
fotosurat va (yoki) videotasvirda mijozning yuzi yaqqol ko‘rinishi kerak.
Investitsiya vositachisi tomonidan mijozlar bilan shartnoma tuzish vaqtida ularning shaxsiy ma’lumotlarini olish maqsadida Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha moliyaviy choralar ishlab chiquvchi guruhning (FATF) talablaridan kelib chiqib, “O‘z mijozingni bil” (KYC, shuningdek, e-KYC) va “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish” (AML/CFT) tizimlariga muvofiq mijozlarni tekshirish tizimi amalga oshiriladi.
3-bob. Raqamli identifikatsiyani qo‘llash
12. Raqamli identifikatsiya qilish ushbu Nizomda belgilangan talablarni inobatga olgan holda quyidagi xizmatlarni ko‘rsatishda qo‘llanilishi mumkin:
investitsiya vositachisi tomonidan masofadan mijozlar bilan shartnoma tuzish vaqtida. Bunda shartnoma mijoz tomonidan Yagona identifikatsiya tizimi (OneID), elektron raqamli imzo yordamida imzolanadi yoki ommaviy oferta mijoz tomonidan qabul qilinadi;
O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari yoki norezidentlari bo‘lgan mijozlar uchun depo hisobvaraqlarini masofadan turib ochishda;
investitsiya vositachisining mijoziga tegishli anketa ma’lumotlarini (pasport ma’lumotlari, manzil, telefon raqami, bank hisobvarag‘i va boshqa ma’lumotlar) o‘zgartirishda;
investitsiya vositachisi xizmatlarini ko‘rsatish uchun mijozdan elektron arizalarni qabul qilishda.
13. Investitsiya vositachisi raqamli identifikatsiya qilishdan o‘tgan mijozlar bilan amalga oshiriladigan quyidagi operatsiyalarga nisbatan ichki nazorat qoidalariga muvofiq tavakkalchilik darajasini baholagan holda cheklovlarni o‘z ichki qoidalarida o‘rnatishlari shart:
qimmatli qog‘ozlar egasi tomonidan amalga oshiriladigan bir operatsiyaning maksimal summasi;
mijoz tomonidan kalendar oy mobaynida amalga oshiriladigan tranzaksiyalar soni;
hisobvaraqdan bir operatsiya orqali yechib olinishi mumkin bo‘lgan mablag‘larning maksimal miqdori.
Investitsiya vositachisi o‘z mijozlarini raqamli identifikatsiya qilish, avval identifikatsiya qilingan mijozlarni esa raqamli autentifikatsiya qilish yuzasidan har bir mijoz tomonidan amalga oshiriladigan operatsiyalarga tavakkalchilik darajasini baholagan holda cheklovlar o‘rnatishi mumkin.
Bunda investitsiya vositachisi o‘z mijozlarini ichki nazorat qoidalariga muvofiq lozim darajada tekshirishi va baholash tahlilini amalga oshirishi lozim.
14. Investitsiya vositachisi mijozlarning belgilangan cheklovlarni chetlab o‘tishga qaratilgan urinishlarini aniqlash va ularning oldini olish yuzasidan choralar ko‘rishi lozim.
15. Quyidagi holatlarda mijozlar raqamli identifikatsiya qilinmaydi:
mijoz va (yoki) mijoz tomonidan amalga oshirilayotgan operatsiya ichki nazorat qoidalariga muvofiq yuqori darajadagi tavakkalchilik toifasiga kirgan taqdirda;
mijoz tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarning haqiqiyligiga shubha tug‘ilganda;
shaxsni tasdiqlovchi hujjatdagi fotosuratning ushbu Nizomga muvofiq olingan fotosurat va (yoki) videotasvir hamda markaziy ma’lumotlar bazasiga joylashtirilgan fotosurat bilan (agar mavjud bo‘lsa) mosligiga shubha mavjud bo‘lganda;
mijozdan olingan ma’lumotlar markaziy ma’lumotlar bazasiga joylashtirilgan ma’lumotlarga mos kelmaganda yoki mos kelishini tekshirishning iloji bo‘lmaganda;
fotosurat va (yoki) videotasvir ushbu Nizom talablariga mos kelmaganda;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirish bo‘yicha shubhalar mavjud bo‘lganda.
Bunda investitsiya vositachisi raqamli identifikatsiya qilinmagan mijozlarni an’anaviy usulda identifikatsiya qilishi lozim.
16. Raqamli identifikatsiya qilishda mijozning barcha identifikatsiya ma’lumotlari ro‘yxatga kiritilgan shaxsning ma’lumotlari bilan qisman yoki to‘liq mos kelgan taqdirda, investitsiya vositachisi ichki nazorat qoidalarida nazarda tutilgan choralarni ko‘rishi shart.
17. Mijozni raqamli identifikatsiya qilish natijasi bo‘yicha mijoz anketasini to‘ldirish va yuritish ichki nazorat qoidalarida belgilangan talablar asosida amalga oshiriladi.
18. Mijozlarni raqamli identifikatsiya qilishni yo‘lga qo‘ygan investitsiya vositachisi o‘n kun muddatda qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organiga quyidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan hisobotni taqdim etadi:
mijozlarni raqamli identifikatsiya qilish tizimini yo‘lga qo‘yish sanasi;
mijozlarni raqamli identifikatsiya qilish jarayonlarining to‘liq tavsifi;
investitsiya vositachisi tomonidan mijozlarni raqamli identifikatsiya qilish orqali ko‘rsatiladigan xizmatlarning ro‘yxati;
qimmatli qog‘ozlar bozorida mijozlar bilan shartnoma tuzish paytida ularning shaxsiy ma’lumotlarini olish maqsadida “O‘z mijozingni bil” (KYC, shuningdek, e-KYC) va “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish” (AML/CFT) tizimlariga muvofiq mijozlarni tekshirish tizimini amalga oshirishning tartibi.
19. Investitsiya vositachisi raqamli identifikatsiya qilingan mijozlar bo‘yicha ichki nazorat qoidalarida ko‘zda tutilgan ma’lumotlarga qo‘shimcha ravishda mijozlardan olingan fotosuratlar va (yoki) videotasvirlarni, mijoz shaxsini tekshirish va identifikatsiya qilish amalga oshirilgan aniq sana va vaqti qayd etilgan hujjatlarni, shuningdek, markaziy ma’lumotlar bazasidan foydalangan holda ma’lumotlarni tekshirish natijalarini mijozlar anketalari bilan birgalikda ichki nazorat qoidalariga muvofiq besh yil davomida saqlashi shart.
20. Investitsiya vositachisining axborot tizimlari raqamli identifikatsiya va raqamli autentifikatsiya qilingan mijozlar va ularning soni haqida tezkor ma’lumot olish imkoniyatini ta’minlashi lozim.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
21. Investitsiya vositachisi mijozni raqamli identifikatsiya qilish natijasida olingan ma’lumotlarga o‘zgartirishlar kiritishda mazkur Nizom talablariga amal qilishi lozim.
22. Ushbu Nizom talablarini buzgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.04.2024-y., 09/24/238/0304-son)