Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Chexiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Shaxslarning readmissiyasi va tranziti toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan davlat reyestrida 4528-CZ-2023-H tartib raqami bilan roʻyxatga olindi]
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Chexiya Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda birgalikda “Tomonlar” va alohida “Tomon” deb ataluvchilar,
ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik munosabatlarini, shuningdek, turli sohalarda, jumladan noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash masalalarida hamkorlikni rivojlantirish istagiga amal qilib,
xorijiy fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning kirishi, boʻlishi va yashashini tartibga soluvchi amaldagi qonunchilikni buzgan holda Tomonlarning davlatlari hududida joylashgan shaxslarni qaytarish, qabul qilish va oʻtkazish tartibini belgilaydigan, Tomonlar tarafidan kelishilgan tamoyillar va normalarning joriy etilishi migratsiya jarayonlarini tartibga solishning muhim tarkibiy qismi hisoblanishiga, noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashga qoʻshiladigan hissa ekanligiga ishonch hosil qilgan holda,
milliy qonunchilik va Tomonlar davlatlarining xalqaro majburiyatlarini hisobga olgan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Taʼriflar
Mazkur Bitimda ishlatiladigan atamalar quyidagilarni anglatadi:
1) “readmissiya” — mazkur Bitim qoidalariga muvofiq Soʻrayotgan Tomon davlatining hududiga noqonuniy ravishda kirgan, boʻlib turgan va yashayotgan Soʻralayotgan Tomon davlatining fuqarolari, uchinchi davlatlar fuqarolari yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni Soʻrayotgan Tomon tarafidan qaytarilishi va Soʻralayotgan Tomon tarafidan qabul qilinishi;
2) “Soʻrayotgan Tomon” — mazkur Bitimning 5-moddasiga muvofiq readmissiya yoki mazkur Bitimning 12-moddasiga muvofiq tranzit toʻgʻrisida ariza yuboradigan Tomon;
3) “Soʻralayotgan Tomon” — manziliga mazkur Bitimning 5-moddasiga muvofiq readmissiya yoki mazkur Bitimning 12-moddasiga muvofiq tranzit toʻgʻrisida ariza yuboriladigan Tomon;
4) “uchinchi davlat fuqarosi” — Tomonlar davlatlarining fuqaroligidan boshqa fuqaroligi boʻlgan shaxs;
5) “fuqaroligi boʻlmagan shaxs” — Tomonlar davlatlarining fuqaroligiga ega boʻlmagan va boshqa davlat fuqaroligiga mansubligi toʻgʻrisida hujjatga ega boʻlmagan shaxs;
6) “yashash uchun ruxsatnoma” — Tomonlarning vakolatli organlari tomonidan shaxsga beriladigan Tomonlarning davlatlari hududida yashash huquqini beradigan har qanday shakldagi ruxsatnoma. Boshpana olish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish yoki yashash uchun ruxsatnoma berish bilan bogʻliq vaqtinchalik ruxsatnoma bundan mustasno;
7) “viza” — Tomonlarning vakolatli organlari tomonidan Tomonlar davlatlarining hududiga kirish yoki tranzit uchun boʻlgan ruxsatnoma, aeroport tranzit vizasi bundan mustasno;
8) “tranzit” — uchinchi davlat fuqarolarining yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning Soʻrayotgan Tomonning davlatidan belgilangan davlatga Soʻralayotgan Tomon davlatining hududi orqali oʻtishi;
9) “vakolatli organ” — mazkur Bitimni amalga oshirish boʻyicha Bayonnomada belgilangan va Bitimni amalga oshirish uchun javobgarlik yuklatiladigan Tomonlar davlatlarining organi;
10) “shaxsga doir maʼlumotlar” — Tomonlar tarafidan mazkur Bitimni amalga oshirish uchun olingan, shu maʼlumot asosida maʼlum bir jismoniy shaxs aniqlangan yoki aniqlanadigan har qanday maʼlumot.
2-modda
Tomonlar davlatlarining fuqarolarini readmissiya qilish
1. Mazkur Bitim doirasida Soʻrayotgan Tomonning arizasi boʻyicha Soʻralayotgan Tomon Soʻrayotgan Tomon davlatining hududiga kirish, boʻlish yoki yashash shartlarini bajarmagan yoki bajarishni toʻxtatgan shaxsni, agar bunday shaxs Soʻralayotgan Tomon davlatining fuqarosi ekanligi aniqlansa, oʻz davlatining hududiga qabul qiladi.
2. Mazkur moddaning 1-bandida koʻrsatilgan shaxslarni readmissiya qilish bilan bir vaqtda, Soʻralayotgan Tomon ularning:
agar Soʻrayotgan Tomon davlatining hududida mustaqil boʻlish yoki yashash huquqiga ega boʻlmasa, tugʻilgan joyi yoki fuqaroligidan qatʼiy nazar, voyaga yetmagan turmush qurmagan bolalari;
agar Soʻralayotgan Tomon davlatining hududiga kirish, boʻlish va yashash huquqiga ega boʻlsalar yoki bu huquqni olsalar, va Soʻrayotgan Tomon davlatining hududida boʻlish va yashash uchun mustaqil huquqqa ega boʻlmasalar boshqa fuqaroligi boʻlgan turmush oʻrtoqlari readmissiya qilinadi.
3. Soʻralayotgan Tomon, readmissiyasi kelishilgan shaxsning xohishidan qatʼiy nazar, zarur boʻlsa, readmissiya kelishilgan kundan keyin 7 kalendar kun ichida, ushbu shaxsning qaytishi uchun zarur boʻlgan, amal qilish muddati kamida 6 oy boʻlgan yoʻl hujjatini beradi.
Agar yuridik yoki amaliy sabablarga koʻra mazkur shaxs yoʻl hujjatining amal qilish muddati davomida oʻtkazilmasa, Soʻralayotgan Tomon 14 kalendar kuni ichida yoʻl hujjatining amal qilish muddatini uzaytiradi yoki zarur boʻlganda xuddi shunday amal qilish muddatiga ega yangi yoʻl hujjatini beradi.
Agar 14 kalendar kuni ichida Soʻralayotgan Tomon yangi yoʻl hujjatini bermagan va uning amal qilish muddatini uzaytirmagan boʻlsa, unda Soʻralayotgan Tomon muddati oʻtgan hujjatni qabul qilishi lozim.
3-modda
Uchinchi davlat fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning readmissiyasi
1. Mazkur Bitim doirasida Soʻrayotgan Tomonning arizasi boʻyicha Soʻralayotgan Tomon oʻz davlati hududiga Soʻrayotgan Tomon davlatining hududiga kirish, boʻlish yoki yashash shartlarini bajarmagan yoki bajarishni toʻxtatgan uchinchi davlat fuqarolarini yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni, agar bunday shaxslar toʻgʻrisida quyidagi isbotlovchi dalillar taqdim etilsa qabul qiladi:
1) bir Tomonning davlati hududiga toʻgʻridan-toʻgʻri boshqa Tomon davlatining hududidan noqonuniy kirib kelgan boʻlsa; yoki
2) kirish vaqtida, Soʻralayotgan Tomon tarafidan berilgan fuqaroligi boʻlmagan shaxs maqomiga yoki yashash uchun haqiqiy ruxsatnomaga ega boʻlsa; yoki
3) kirish vaqtida Soʻralayotgan Tomon tarafidan berilgan haqiqiy vizaga ega boʻlsa va Soʻrayotgan Tomon davlatining hududiga bevosita Soʻralayotgan Tomon davlatining hududidan kirgan boʻlsa.
2. Mazkur moddaning 1-bandida nazarda tutilgan readmissiyaga nisbatan majburiyat qoʻllanilmaydi, agar:
1) uchinchi davlat fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs Soʻralayotgan Tomon davlatining hududidagi xalqaro aeroportning faqat tranzit zonasida boʻlgan boʻlsa; yoki
2) Soʻrayotgan Tomon uchinchi davlat fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsga oʻz davlati hududiga kirishidan oldin yoki keyin viza yoxud yashash uchun ruxsatnomani bergan boʻlsa. Quyidagi holatlar bundan mustasno:
mazkur shaxs Soʻralayotgan Tomon tarafidan berilgan viza yoki yashash ruxsatnomasiga ega boʻlib, uning amal qilish muddati uzoqroq boʻlsa; yoki
Soʻrayotgan tomon tarafidan berilgan viza yoki yashash uchun ruxsatnoma qalbaki hujjatlar yordamida olingan boʻlsa;
3) uchinchi davlat fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsga Soʻrayotgan Tomon davlatining hududiga kirish uchun viza talab etilmasa.
3. Soʻralayotgan Tomon readmissiya toʻgʻrisidagi arizaga ijobiy javob berganidan keyin, Soʻrayotgan Tomon Soʻralayotgan Tomon tarafidan tan olinadigan yoʻl hujjatini readmissiya qilinishi kelishilgan shaxsga topshiradi.
4-modda
Readmissiyada xatolik
Soʻralayotgan Tomon tarafidan qabul qilingan shaxsni topshirilgan sanadan uch oy ichida mazkur Bitimning 2 yoki 3-moddalarida koʻrsatilgan talablar bajarilmaganligi aniqlansa, Soʻrayotgan Tomon mazkur shaxsni qaytarib oladi. Bunday hollarda, mazkur Bitimning protsessual qoidalari zaruriy oʻzgarishlarni hisobga olgan holda qoʻllaniladi va Soʻralayotgan Tomon qaytarib berilishi kerak boʻlgan shaxsning shaxsi va fuqaroligi toʻgʻrisidagi barcha maʼlumotlarni uzatadi.
5-modda
Readmissiya arizasi
1. Mazkur moddaning 2-bandiga daxl qilmagan holda, Bitimning 2 va 3-moddalarida koʻzda tutilgan majburiyatlardan biri asosida readmissiya qilinadigan shaxsni oʻtkazish uchun Soʻrayotgan Tomonning vakolatli organiga readmissiya toʻgʻrisida ariza yuborilishi zarur.
2. Tomonlar davlatlarining readmissiya qilinadigan fuqarosi haqiqiy yoʻl hujjati yoki shaxsini tasdiqlovchi hujjatga ega boʻlsa readmissiya toʻgʻrisida ariza talab qilinmaydi. Readmissiya qilinadigan uchinchi davlat fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs Soʻralayotgan Tomon tarafidan berilgan haqiqiy yoʻl hujjati, shuningdek, haqiqiy vizaga, yashash ruxsatnomasi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs maqomiga ega boʻlsa, readmissiya uchun ariza talab qilinmaydi.
3. Readmissiya toʻgʻrisidagi arizada quyidagilar boʻlishi kerak:
1) mazkur Bitimni amalga oshirish Bayonnomasiga muvofiq readmissiya qilinishi kerak boʻlgan shaxs toʻgʻrisidagi barcha maʼlumotlar;
2) ushbu Bitimning 6 yoki 7-moddalariga muvofiq dalillar.
4. Zarur boʻlganda, readmissiya toʻgʻrisidagi arizada quyidagilar boʻlishi kerak:
1) oʻtkazilayotgan shaxs yordamga yoki tibbiy parvarishga muhtoj boʻlishi mumkinligini tasdiqlovchi bayonot;
2) himoya qilish yoki xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha boshqa har qanday choralar toʻgʻrisidagi, jumladan, oʻtkazish paytida zarur boʻlishi mumkin boʻlgan jamoat sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
6-modda
Fuqarolikni tasdiqlovchi dalillar
1. Mazkur Bitimning 2-moddasi 1-bandiga muvofiq fuqarolikning mavjudligi, agar uning amal qilish muddati oʻtgan boʻlsa ham, mazkur Bitimning 1-ilovasida keltirilgan hujjatlardan birortasi asosida tasdiqlanishi mumkin. Bunday hujjatlar taqdim etilgan hollarda, Tomonlar boshqa tekshiruvlarsiz fuqarolikni oʻzaro tan olishadi.
2. Agar mazkur Bitimning 1-ilovasida koʻrsatilgan hujjatlarning hech biri taqdim etilmasa, mazkur Bitimning 2-moddasi 1-bandiga muvofiq fuqarolik mazkur Bitimning 2-ilovasida koʻrsatilgan hujjatlarning birortasi asosida, ushbu hujjatning muddati oʻtgan boʻlsa ham, tasdiqlanishi mumkin. Bunday hujjatlar taqdim etilgan hollarda, agar buning aksi isbotlanmasa, Tomonlar fuqarolikning mavjudligi oʻzaro tasdiqlangan deb hisoblaydilar.
3. Soxta hujjatlar asosida fuqarolik belgilanishi mumkin emas.
4. Agar mazkur Bitimning 1 va 2-ilovalarida sanab oʻtilgan hujjatlarning hech biri taqdim etilmasa, Soʻralayotgan Tomonning diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasi, Soʻrayotgan Tomonning vakolatli organidan readmissiya toʻgʻrisidagi arizani olgandan soʻng, readmissiya qilinadigan shaxsning fuqaroligini tasdiqlash uchun darhol bilan tegishli choralarni koʻradi.
7-modda
Uchinchi davlat fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning readmissiyasi uchun asoslar mavjudligi toʻgʻrisida dalillar
1. Mazkur Bitimning 3-moddasi 1-bandiga binoan uchinchi davlat fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs readmissiya qilish uchun asoslar mavjudligining isboti mazkur Bitimning 3-ilovasida keltirilgan hujjatlardan hech boʻlmaganda bittasining taqdim etilishi hisoblanadi. Shunday dalillar taqdim etilgan hollarda, Tomonlar qoʻshimcha tekshiruvsiz asoslar tasdiqlangan deb hisoblaydilar.
2. Mazkur Bitimning 3-moddasi 1-bandiga muvofiq uchinchi davlat fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsni readmissiya qilish uchun asoslar mavjudligining bilvosita isboti mazkur Bitimning 4-ilovasida sanab oʻtilgan hujjatlardan hech boʻlmaganda bittasining taqdim etilishi hisoblanadi. Shunday dalillar taqdim etilgan hollarda, agar aksi isbotlanmasa, Tomonlar asoslar tasdiqlangan deb hisoblaydilar.
3. Readmissiya uchun asoslar soxta hujjatlar asosida tasdiqlanishi mumkin emas.
8-modda
Readmissiya toʻgʻrisidagi arizalarni yuborish va koʻrib chiqish muddati
1. Readmissiya toʻgʻrisidagi ariza Soʻralayotgan Tomonning vakolatli organiga Soʻrayotgan Tomonning vakolatli organi uchinchi davlat fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsning kirish, boʻlish yoki yashash shartlarini bajarmaganligi yoki bajarishni toʻxtatganligi toʻgʻrisida xabardor boʻlgan kundan boshlab olti (6) oydan oshmagan muddatda topshiriladi.
Agar arizani oʻz vaqtida topshirishga toʻsqinlik qiladigan holatlar mavjud boʻlsa, asosli soʻrov asosida arizani topshirish muddati ular bartaraf etilgunga qadar uzaytiriladi.
2. Readmissiya toʻgʻrisidagi arizaga javob Soʻralayotgan Tomon tarafidan asossiz kechiktirishlarsiz, har qanday holatda ham, bunday ariza olingan kundan boshlab 30 kalendar kunidan oshmaydigan muddatda yuborilishi kerak.
Agar arizaga oʻz vaqtida javob berishga toʻsqinlik qiladigan holatlar mavjud boʻlsa, asoslantirilgan ariza asosida javob berish muddati 60 kalendar kungacha uzaytiriladi.
3. Agar mazkur moddaning 2-bandida koʻrsatilgan muddatda javob olinmagan boʻlsa, readmissiya toʻgʻrisidagi ariza kelishilgan deb hisoblanadi.
4. Soʻrayotgan Tomonga readmissiya toʻgʻrisidagi arizani rad etish sabablari koʻrsatiladi.
9-modda
Readmissiya muddatlari
1. Agar Tomonlarning vakolatli organlari har bir muayyan holatda boshqacha kelishmasa, Soʻralayotgan Tomon tarafidan readmissiyaga rozilik berilgan shaxslarni oʻtkazish Soʻrayotgan Tomon bunday rozilikni olgan kundan boshlab 30 kun ichida amalga oshiriladi.
2. Mazkur moddaning 1-bandida koʻrsatilgan muddat, agar unda koʻrsatilgan shaxslar qaytishiga toʻsqinlik qiladigan obyektiv holatlar, jumladan, oʻtkazilishi kerak boʻlgan odamning jiddiy kasalligi yoki Soʻrayotgan Tomon davlatining hududida uning yashayotgan joyini oʻz vaqtida aniqlash imkoni boʻlmaganligi sababli Soʻralayotgan Tomonning vakolatli organlariga topshirilmasa, uzaytirilishi mumkin.
10-modda
Oʻtkazish shartlari va transport turlari
1. Readmissiya qilinishi lozim boʻlgan shaxsni topshirishdan oldin, Tomonlarning vakolatli organlari yozma ravishda topshirish sanasi, chegarani kesib oʻtish punkti, ehtimoliy kuzatuvchilar va topshirish bilan bogʻliq boshqa masalalarni oldindan kelishib oladilar.
2. Readmissiya qilinishi lozim boʻlgan shaxsni topshirish uchun havo va quruqlik transportidan foydalanish mumkin.
3. Agar readmissiya qilinishi lozim boʻlgan shaxsning sogʻligʻi yoki yoshi sababli yordamga yoki tibbiy parvarishga muhtoj boʻlsa yoki uni himoya qilish va xavfsizlik choralarini koʻrish zarur boʻlsa, topshirish jarayoni kuzatuvchilar bilan taʼminlanadi. Kuzatuvchi boʻlgan shaxslar aeroport tranzit vizalarini olish majburiyatidan ozod qilinadi.
11-modda
Tranzit tamoyillari
1. Soʻralayotgan Tomon uchinchi davlat fuqarolariga yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning tranzitiga boshqa tranzit davlatlar hududi orqali oʻtishi va qabul qiladigan davlat tomonidan qabul qilinishi kafolatlangan boʻlsa, ruxsat beradi.
2. Soʻralayotgan Tomon quyidagi hollarda tranzitni rad qilishi mumkin:
1) agar yetkaziladigan davlatda yoki tranzit davlatda uchinchi davlat fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsning qiynoqqa solinishi, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan muomala yoki jazo, oʻlim jazosi yoki irqi, dini, millati, shuningdek maʼlum bir ijtimoiy guruhga yoki siyosiy eʼtiqodga tegishliligi asosida taʼqib qilinishi mumkin boʻlsa, yoki
2) agar Soʻralayotgan Tomonning davlatida yoki boshqa tranzit davlatda uchinchi davlat fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs jinoiy javobgarlikka tortilishi yoki jazolanishi mumkin boʻlsa, yoki
3) Soʻralayotgan Tomon davlatining aholisi salomatligini saqlash, milliy xavfsizligi, jamoat tartibi yoki boshqa milliy manfaatlarini himoya qilish maqsadida.
3. Soʻralayotgan Tomon, agar mazkur moddaning 2-bandida nazarda tutilgan tranzit toʻsiqlari paydo boʻlgan yoki aniqlangan boʻlsa yoki boshqa tranzit davlatlarining hududi orqali yoki belgilangan davlat tomonidan qabul qilinishi kafolatlanmagan boʻlsa, berilgan har qanday ruxsatnomasini bekor qilishi mumkin. Bunday holda, Soʻrayotgan Tomon kechiktirishlarsiz uchinchi davlat fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsni qaytarib olishi kerak.
12-modda
Tranzit tartibi
1. Tranzit toʻgʻrisidagi ariza soʻralayotgan Tomonning vakolatli organlariga rejalashtirilgan tranzit boshlanishidan kamida 10 kalendar kun oldin yozma ravishda beriladi va quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi kerak:
1) tranzit turi, tranzit yoʻnalishi, agar mavjud boʻlsa boshqa tranzit davlatlar va yetkaziladigan davlat;
2) tranzit qilinishi lozim boʻlgan shaxsga doir barcha maʼlumotlar;
3) foydalanish koʻzda tutilgan chegarani kesib oʻtish joyi, shaxsni topshirish vaqti va mumkin boʻlgan kuzatuvchilar;
2. Bunday arizani olgandan keyin Soʻralayotgan Tomonning vakolatli organi 5 ish kuni ichida Soʻrayotgan tomonning vakolatli organlarini shaxsning tranzitiga rozilik toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor qiladi, chegarani kesib oʻtish punktini va shaxsni qabul qilishning kutilayotgan vaqtini tasdiqlaydi yoki ularning tranziti rad etilganligi va sabablari toʻgʻrisida xabardor qiladi.
3. Agar tranzit havo orqali amalga oshirilsa, u holda tranzit qilinadigan shaxs va unga hamroh boʻlishi mumkin boʻlgan shaxslar tranzit vizalarini olish zaruriyatidan ozod qilinadi.
4. Soʻralayotgan Tomonning vakolatli organlari tranzitga yordam beradi, xususan tranzitda boʻlganlarni kuzatib boradi va zarur imkoniyatlar bilan taʼminlaydi.
Agar shaxsni havo orqali tranzit oʻtkazishning imkoni boʻlmasa, Soʻrayotgan Tomonning vakolatli organlari ushbu shaxsni tranzit punkti joylashgan joyda Soʻralayotgan tomonning vakolatli organlariga topshiradilar. Soʻralayotgan tomonning vakolatli organlari ushbu shaxsni belgilangan davlatga yoki boshqa tranzit davlatiga topshirilishini taʼminlaydi.
5. Soʻrayotgan Tomonning hamrohlik qiluvchi shaxsida Soʻralayotgan tomonni tranzit qilishga rozi ekanligini tasdiqlovchi hujjatning nusxasi boʻladi. Soʻrayotgan Tomonning kuzatuvchilik qiluvchi shaxslari Soʻralayotgan Tomon davlatining hududida vakolatlarga va qurol olib yurish huquqiga ega emas.
13-modda
Xarajatlar
Mazkur Bitimning 2-moddasi 1-bandi, 3-moddasi 1-bandi va 11-moddasi 1-bandiga muvofiq readmissiya va tranzitni amalga oshirishda oxirgi belgilangan davlat chegarasini kesib oʻtish punktiga qadar yuzaga keladigan barcha xarajatlar, shuningdek, mazkur Bitimning 4-moddasiga muvofiq Soʻralayotgan tomonning shaxslarni qaytarish bilan bogʻliq xarajatlari Soʻrayotgan Tomon tarafidan qoplanadi.
Yoʻl hujjatini berish bilan bogʻliq xarajatlarni ushbu hujjatni bergan Tomon qoplaydi.
14-modda
Shaxsga doir maʼlumotlarni himoya qilish
Shaxsga doir maʼlumotlarni uzatish faqat Tomonlarning vakolatli organlari tomonidan mazkur Bitimni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan hollardagina amalga oshiriladi. Shaxsga doir maʼlumotlarni uzatish, qayta ishlash va ulardan foydalanishda Tomonlarning vakolatli organlari oʻz davlatlarining qonunchiligiga muvofiq harakat qiladilar.
Bunga qoʻshimcha ravishda quyidagi tamoyillar qoʻllaniladi:
1) Shaxsga doir maʼlumotlarni toʻplash mazkur Bitimni amalga oshirish bilan bogʻliq muayyan, aniq ifoda etilgan va qonuniy maqsadlar uchun amalga oshirilishi kerak. Keyinchalik ularni shaxsga doir maʼlumotlarni oladigan vakolatli organ tomonidan qayta ishlash esa, ushbu maqsadga mos kelmaydigan tarzda amalga oshirilmasligi lozim.
2) Shaxsga doir maʼlumotlar yetarli, ishga taalluqli, ularni toʻplash va / yoki keyinchalik qayta ishlash maqsadiga nisbatan koʻp boʻlmasligi kerak.
Xususan, uzatilayotgan shaxsga doir maʼlumotlar faqat quyidagilarga tegishli boʻlishi mumkin:
readmissiya yoki tranzit qilinishi kerak boʻlgan shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (ismi, familiyasi, shaxs tomonidan ishlatiladigan boshqa ismlari yoki u taniqli boʻlgan ismlari, taxalluslari, jinsi, fuqarolik holati, tugʻilgan sanasi va joyi, hozirgi va avvalgi fuqaroligi);
pasport, shaxsni tasdiqlovchi hujjat, haydovchilik guvohnomasi yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjatlar yoxud yoʻl hujjatlari (raqami, amal qilish muddati, berilgan sanasi, bergan organ, berilgan joy);
toʻxtash joylari va harakatlanish yoʻnalishlari;
readmissiya yoki tranzit qilinadigan shaxsni aniqlash uchun yoki sharoitlar mavjudligi toʻgʻrisidagi masalalarni oʻrganish uchun zarur boʻlgan, mazkur Bitimga muvofiq shaxsning readmissiyasi yoki tranziti uchun asos hisoblanadigan, readmissiya yoki tranzitni taʼminlaydigan boshqa maʼlumotlar.
3) Shaxsga doir maʼlumotlar aniq boʻlishi va zarur boʻlganda yangilanishi kerak.
4) Shaxsga doir maʼlumotlar ushbu maʼlumotlar subyektlarini identifikatsiya qilishga imkon beradigan va ularni toʻplash hamda keyinchalik qayta ishlash maqsadida talab qilinganidan uzoq boʻlmagan shaklda saqlanishi kerak.
5) Shaxsga doir maʼlumotlarni topshiruvchi vakolatli organ va shaxsga doir maʼlumotlarni qabul qiluvchi vakolatli organ, shaxsga doir maʼlumotlarni qayta ishlash mazkur moddaning qoidalariga muvofiq boʻlmagan hollarda, xususan ushbu maʼlumotlar yetarli boʻlmaganda, ish bilan bogʻliq boʻlmaganda, aniq boʻlmaganda va ularni qayta ishlash maqsadi nuqtai nazaridan ortiqcha boʻlgan hollarda, tuzatish, yoʻq qilish yoki bloklash uchun barcha choralarni koʻradi. Bu boshqa Tomonni har qanday tuzatishlar, yoʻq qilish yoki bloklash toʻgʻrisida xabardor qilishni koʻzda tutadi.
6) Shaxsga doir maʼlumotlarni oluvchi vakolatli organ, ariza boʻyicha, uzatilayotgan maʼlumotlardan foydalanish va ular asosida olingan natijalar toʻgʻrisida shaxsga doir maʼlumotlarni bergan vakolatli organga xabar beradi.
7) Shaxsga doir maʼlumotlar faqat vakolatli organlarga berilishi mumkin. Keyinchalik ularni boshqa organlarga topshirish shaxsga doir maʼlumotlarni taqdim etgan vakolatli organning oldindan yozma roziligini talab qiladi.
8) Shaxsga doir maʼlumotlarni taqdim etuvchi vakolatli organ va shaxsga doir maʼlumotlarni olgan vakolatli organ shaxsga doir maʼlumotlarni taqdim etish va olishni yozma ravishda roʻyxatdan oʻtkazishi shart.
9) Maʼlumotlari uzatiladigan shaxs ushbu ariza yuborilgan Tomon davlatining milliy qonunchiligiga muvofiq, uzatilgan maʼlumotlarni talab qilish va olish huquqiga ega.
15-modda
Bitimni amalga oshirish Bayonnomasi
Tomonlar mazkur Bitimni amalga oshirish maqsadida Bayonnoma tuzadilar, u quyidagilardan iborat boʻladi:
1) mazkur Bitimning 5 va 12-moddalariga muvofiq readmissiya va tranzit uchun arizalarning namunaviy shakllari;
2) mazkur Bitimni amalga oshirish uchun masʼul vakolatli organlar, shu jumladan oʻzaro hamkorlik usullari;
3) Tomonlar davlatlarining, mazkur Bitimni amalga oshirishda foydalanadigan chegara oʻtish joylari;
4) mazkur Bitimning 13-moddasiga muvofiq xarajatlarning batafsil tavsifi va ularni qoplash tartibi.
16-modda
Boshqa xalqaro shartnomalarga munosabati
Mazkur Bitim Tomonlar davlatlarining ular ishtirok etadigan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan huquqlari va majburiyatlariga taʼsir qilmaydi.
17-modda
Nizolarni hal qilish
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish yoki qoʻllash bilan bogʻliq mumkin boʻlgan nizolar Tomonlar oʻrtasidagi muzokaralar va maslahatlashuvlar orqali hal qilinadi.
18-modda
Bitimga oʻzgartirishlar kiritish
Tomonlar oʻzaro kelishuvga asosan mazkur Bitimga uning ajralmas qismi hisoblanadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishlari mumkin, ular alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi va mazkur Bitimning 19-moddasida belgilangan tartibda kuchga kiradi.
19-modda
Yakuniy qoidalar
1. Mazkur Bitim Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan ichki davlat protseduralarini bajarganliklari haqida soʻnggi yozma xabarnoma diplomatik kanallar orqali olingan sanadan keyingi ikkinchi oyning birinchi kunidan kuchga kiradi.
2. Mazkur Bitim nomuayyan muddatga tuziladi va Bitimning amal qilishi Tomonlardan biri boshqa Tomonning Bitim amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisidagi tegishli yozma xabarnomasini diplomatik kanallar orqali olgan sanadan boshlab 6 oydan soʻng tugatiladi.
Praga shahrida 2023-yil 11-oktabrda ikki asl nusxada oʻzbek, chex, rus va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir. Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, rus tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Chexiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida shaxslarning readmissiyasi va tranziti toʻgʻrisidagi Bitimga
1-ILOVA
Fuqarolikni tasdiqlovchi dalillar
ROʻYXATI
(Mazkur Bitimning 6-moddasi 1-bandi)
Oʻzbekiston Respublikasi uchun:
diplomatik pasport;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining pasporti;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining biometrik pasporti;
chet elga chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining biometrik pasporti;
tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma (16 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun);
16 yoshga toʻlmagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining guvohnomasi;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining ID kartasi;
Oʻzbekiston Respublikasiga qaytish guvohnomasi.
Chexiya Respublikasi uchun:
har qanday turdagi yoʻl hujjati (milliy pasport, diplomatik pasport, xizmat pasporti, favqulodda pasport);
Chexiya Respublikasining shaxsni tasdiqlovchi guvohnomasi.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Chexiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida shaxslarning readmissiyasi va tranziti toʻgʻrisidagi Bitimga
2-ILOVAFuqarolikni tasdiqlovchi dalillarning
UMUMIY ROʻYXATI
(Mazkur Bitimning 6-moddasi 2-bandi)
Mazkur Bitimning 1-ilovasida sanab oʻtilgan har qanday hujjatlarning fotonusxasi.
Fuqarolik guvohnomasi yoki uning fotonusxasi.
Dengizchini roʻyxatga olish kitobi yoki uning fotonusxasi.
Haydovchilik guvohnomasi yoki uning fotonusxasi.
Tugʻilganlik haqidagi guvohnoma yoki fotonusxasi.
Fuqarolikka tegishli yoki uni koʻrsatuvchi har qanday rasmiy hujjat yoki uning fotonusxasi.
Xizmat guvohnomasi yoki uning fotonusxasi
Guvohlarning bayonotlari.
Shaxsning oʻzining bayonotlari.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun harbiy guvohnoma, roʻyxatga olish guvohnomasi, harbiy xizmat kitobchasi, harbiy guvohnoma yoki ularning fotonusxalari.
Chexiya Respublikasi fuqarolari uchun harbiy xizmat kitobchasi va harbiy guvohnoma yoki ularning fotonusxasi.
Chexiya Respublikasi fuqarolari uchun qoʻshimcha: Chexoslavakiya Respublikasi, Chexoslavakiya Sotsialistik Respublikasi, Chexiya va Slovakiya Federativ respublikalarining Chexiya Respublikasi fuqaroligini tasdiqlovchi guvohnomalari.
Tomonlar davlatlarining fuqaroligini aniqlashga yordam beradigan boshqa har qanday hujjatlar.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Chexiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida shaxslarning readmissiyasi va tranziti toʻgʻrisidagi Bitimga
3-ILOVA
Uchinchi davlat fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning readmissiyasi uchun asoslar mavjudligi toʻgʻrisida dalillar
ROʻYXATI
(Mazkur Bitimning 7-moddasi 1-bandi)
Soʻralayotgan Tomon davlati tomonidan berilgan haqiqiy viza va/yoki yashash ruxsatnomasi.
Tegishli shaxsning yoʻl hujjatida yoki boshqa kirish/chiqish guvohnomasida Soʻralayotgan Tomon davlatiga kirish/chiqish muhrlari.
Tegishli shaxsning Soʻralayotgan Tomonning davlati hududidan toʻgʻridan-toʻgʻri Soʻrayotgan Tomonning davlati hududiga boʻlgan yoʻnalishidan dalolat beradigan xalqaro aviareyslar, poyezdlar, avtobuslarning nominal chiptalari.
Tegishli shaxsning Soʻralayotgan Tomon davlati hududidan toʻgʻridan-toʻgʻri Soʻrayotgan Tomon davlati hududiga boʻlgan yoʻnalishidan dalolat beradigan xalqaro aviareyslar, poyezdlar, avtobuslar yoʻlovchilarining roʻyxati.
Soʻrayotgan Tomon davlatining chegaraoldi vakolatli idorasi xodimi tomonidan tegishli shaxsning Soʻrayotgan Tomonning davlati hududiga toʻgʻridan-toʻgʻri Soʻralayotgan Tomon davlatining hududidan kirib kelganligini tasdiqlovchi rasmiy bayonot.
Oʻzbekiston Respublikasi uchun — fuqaroligi boʻlmagan shaxs uchun biometrik yoʻl hujjati.
Chexiya Respublikasi uchun — fuqaroligi boʻlmagan shaxs uchun yoʻl hujjati.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Chexiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida shaxslarning readmissiyasi va tranziti toʻgʻrisidagi Bitimga
4-ILOVAUchinchi davlat fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni readmissiya qilish uchun asoslar mavjudligi toʻgʻrisida bilvosita dalillarning
UMUMIY ROʻYXATI
(Mazkur Bitimning 7-moddasi 2-bandi)
Mazkur Bitimning 3-ilovasida sanab oʻtilgan har qanday hujjatlarning fotonusxasi.
Xalqaro chiptalar.
Tegishli shaxsning Soʻralayotgan Tomon davlatining hududida qolganligi toʻgʻrisidagi har qanday turdagi hujjatlar, guvohnomalar va schyot-fakturalar (masalan, mehmonxonalar uchun toʻlovlar, shifokorlar/stomatologlarga murojaat kartalari, davlat/xususiy tashkilotlariga kirish kartalari, avtoulovni ijaraga berish kelishuvlari, kredit karta kvitansiyalari va h.k.).
Sud yoki maʼmuriy sud ishida tegishli shaxs tomonidan berilgan rasmiy bayonot.
Guvoh tomonidan tegishli shaxsning chegarani kesib oʻtganligini tasdiqlovchi rasmiy bayonot.
Tegishli shaxs kurer yoki sayyohlik agentligidan foydalanganligini koʻrsatuvchi maʼlumotlar.