Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Kichik va oʻrta biznesni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish hamda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish borasida koʻrilayotgan choralarning samaradorligini oshirish maqsadida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-noyabrdagi “Kichik va oʻrta biznesni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-193-son Farmoni hamda 2023-yil 15-noyabrdagi “Aholini kichik va oʻrta biznesga keng jalb qilishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-366-son qaroriga muvofiq:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
“Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash” kompleks dasturi ishtirokchilarini qoʻllab-quvvatlash instrumentlarini kengaytirish va ulardan foydalanish shartlarini soddalashtirish;
aholini kichik va oʻrta biznesga keng jalb qilish ishlarini yanada jadallashtirish.
2. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 15-mart,
PQ-130-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-martdagi PQ-130-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 13-oktabrdagi “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish tizimini takomillashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4862-son qarorining 5-bandi uchinchi xatboshisidagi “Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasining kafilligi” soʻzlari “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyatining kafilligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 12-apreldagi “Maktabgacha taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5071-son qarorining 5-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-apreldagi “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-107-son qarorining 3-bandida:
birinchi — uchinchi xatboshilar chiqarib tashlansin;
toʻrtinchi va beshinchi xatboshilar tegishincha birinchi va ikkinchi xatboshilar deb hisoblansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 14-sentabrdagi “Kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institutsional qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-306-son qaroriga 3-ilovada:
a) 1-bandda:
“a” kichik bandning “Kredit ajratish maqsadi va muddatlari” pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“loyihani* amalga oshirish uchun 24 oygacha imtiyozli davr bilan 84 oygacha ajratiladi.
Bunda, loyiha xususiyatidan kelib chiqib, kreditning 50 foizgacha qismi aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun ochiq kredit liniyasi asosida har 12 oyda soʻndirish sharti bilan 24 oygacha ajratilishi mumkin”;
quyidagi mazmundagi “b1” kichik band bilan toʻldirilsin:
“b1) 500 million soʻmgacha kreditlar
|
Ishtirokchilar: |
tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish istagi boʻlgan va loyihalari belgilangan tartibda istiqbolli loyiha sifatida tanlab olingan quyidagi kichik tadbirkorlik subyektlari: |
|
|
oxirgi 12 oyda aylanma mablagʻlari miqdori 200 mln soʻmdan ziyod boʻlgan; |
||
|
kamida toʻrt nafar kishini doimiy ish bilan taʼminlagan |
||
|
Foiz stavkasi: |
Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada |
|
|
Kredit ajratish maqsadi va muddatlari: |
loyihani* amalga oshirish uchun 24 oygacha imtiyozli davr bilan 84 oygacha ajratiladi. Bunda, loyiha xususiyatidan kelib chiqib, kreditning 50 foizgacha qismi aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun ochiq kredit liniyasi asosida har 12 oyda soʻndirish sharti bilan 24 oygacha ajratilishi mumkin”; |
“v” va “g” kichik bandlarning “Kredit ajratish maqsadi va muddatlari” pozitsiyasidagi “asosiy vositalarni sotib olish” soʻzlari “loyihani* amalga oshirish” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) quyidagi mazmundagi izoh bilan toʻldirilsin:
“Izoh: * loyiha — sanoat, xizmatlar, savdo va umumiy ovqatlanish, turizm, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, hunarmandchilik, kasanachilik, zargarlik, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash hamda qayta ishlash, shuningdek, zamonaviy savdo markazlari hamda ularga tutash hududlarda ishlab chiqarish binolari (angar va sexlar)ni qurish yoʻnalishlarida tadbirkorlik faoliyatini tashkil qilish va kengaytirish (modernizatsiya qilish).”.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-noyabrdagi “Futbol-taʼlim muassasalari tarmogʻini kengaytirish hamda xalqaro standartlarga mos keladigan futbol infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-355-son qarorining 17-bandida:
uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
toʻrtinchi xatboshi uchinchi xatboshi deb hisoblansin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.03.2024-y., 07/24/130/0218-son)