O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida
Mamlakatimizda aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar izchilligini ta’minlash, fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish va moddiy qo‘llab-quvvatlash hamda pensiya va nafaqalar miqdorlarining rasman belgilangan eng kam iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lmasligini ta’minlash maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 31-yanvar,
PF-24-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 31-yanvardagi PF-24-son Farmoniga
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-iyuldagi “Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-120-son Farmonida:
a) 1-bandda:
birinchi xatboshidagi “2023-yil 1-avgustdan boshlab” so‘zlari “2024-yil 1-fevraldan boshlab” so‘zlari bilan almashtirilsin;
ikkinchi — oltinchi xatboshilardagi “568 000 so‘m” so‘zlari “621 000 so‘m” so‘zlari bilan almashtirilsin;
beshinchi xatboshidagi “198 000 so‘m” so‘zlari “212 000 so‘m” so‘zlari bilan almashtirilsin;
b) 4-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“4. Mazkur Farmonning ijrosini ta’minlash uchun mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov belgilansin.
Farmon ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin”.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 17-noyabrdagi “Ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida”gi PF-196-son Farmoni 2-bandining o‘ninchi — o‘n to‘rtinchi xatboshilardagi “608 000 so‘m” so‘zlari “621 000 so‘m” so‘zlari bilan almashtirilsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-sentabrdagi “Aholiga ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-319-son qaroriga 2-ilovaning 6 va 7-pozitsiyalari “Ijro muddati” ustunidagi “yanvar” so‘zi “mart” so‘zi bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.02.2024-y., 06/24/24/0077-son)