Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirgʻiziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi oʻrtasida
Bitim
Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Qirgʻiziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
favqulodda vaziyatlarni oldini olish va bartaraf etish sohasidagi hamkorlik Tomonlar davlatlarining farovonligi va xavfsizligiga koʻmaklashishini eʼtirof etib,
Tomonlar davlatlari uchun favqulodda vaziyatlar keltirib chiqaradigan xavfni anglagan xolda,
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish sohasidagi ilmiy-texnikaviy maʼlumot almashinuvi Tomonlar davlatlari uchun foydali ekanligini inobatga olib,
Tomonlar davlatlaridan birining kuch va vositalari bilan bartaraf etib boʻlmaydigan favqulodda vaziyatlarning yuzaga kelish ehtimolini hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish maqsadida bu bilan kelib chiquvchi ikkala davlatning muvofiqlashtirilgan harakatlariga boʻlgan ehtiyojni eʼtiborga olib,
Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlarning favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish sohasidagi oʻrnini inobatga olib,
oʻzaro hurmat va manfaatdorlik tamoyillariga asoslanib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Mazkur Bitimda qoʻllaniladigan atamalar
Mazkur Bitimda qoʻllaniladigan atamalar
Mazkur Bitimda qoʻllaniladigan atamalar quyidagi maʼnolarga ega:
soʻrovchi Tomon — boshqa Tomonga yordam koʻrsatish guruhlarini, jihozlar va taʼminot materiallarini yuborish toʻgʻrisidagi iltimos bilan murojaat qiluvchi Tomon;
taqdim etuvchi Tomon — boshqa Tomonning yordam koʻrsatish guruhlarini, jihozlarini va taʼminot materiallarini yuborish toʻgʻrisidagi iltimosini qanoatlantiruvchi Tomon;
favqulodda vaziyat — odamlar qurbon boʻlishiga, ularning sogʻligi yoki atrof tabiiy muhitga zarar yetishiga, jiddiy moddiy talafotlar keltirib chiqarishga hamda odamlarning hayot faoliyati sharoitlarni izdan chiqishiga olib kelishi mumkin boʻlgan yoki olib kelgan avariya, halokat, xavfli tabiiy hodisa, tabiiy yoki boshqa ofat natijasida muayyan hududda yuzaga kelgan holat;
favqulodda vaziyatning oldini olish — oldindan Tomonlar tarafidan oʻtkaziladigan va favqulodda vaziyatlar roʻy berish xavfini imkon qadar kamaytirishga, shuningdek, bunday vaziyatlar roʻy bergan taqdirda, odamlarning hayotini asrab qolish va ularning sogʻligʻini saqlashga, moddiy va madaniy boyliklarga, atrof tabiiy muhitga yetkaziladigan zararlar va moddiy talofatlarning hajmini kamaytirishga qaratilgan tadbirlar majmui;
qutqaruv ishlari — favqulodda vaziyatlar zonasida insonlar hayotini qutqarish va sogʻligini saqlash, moddiy va madaniy boyliklarni, yuridik va jismoniy shaxslarning mulkini asrash, atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish, favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish va ularga xos boʻlgan xavfli omillar taʼsirini yoʻqotish yoki imkon qadar kamaytirishga qaratilgan harakatlar;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish — favqulodda vaziyatlar roʻy berganda insonlarning hayotini asrab qolish va sogʻligʻini saqlash, atrof tabiiy muhitga zararlar va moddiy talofatlarning miqdorini kamaytirishga, shuningdek, favqulodda vaziyatlar zonalarining kengayishiga yoʻl qoʻymaslikka va xavfli omillarning harakatini tugatishga qaratilgan kompleks qutqaruv va boshqa kechiktirib boʻlmaydigan ishlar;
favqulodda vaziyat zonasi — favqulodda vaziyat yuzaga kelgan Tomon davlatining hududi;
yordam koʻrsatish guruhi — favqulodda vaziyatlar zonasida yordam koʻrsatish uchun moʻljallangan harakatlarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan jihozlar bilan yetarli darajada taʼminlangan, taqdim etuvchi Tomon mutaxassislarining (zarurat hollarda, xizmat itlari bilan) uyushgan guruhi;
jihoz — yordam koʻrsatish guruhining materiallari, texnik, ultra qisqa toʻlqin (UQT) va qisqa toʻlqin (QT) diapazonlarida ishlaydigan koʻchar (mobil) yoki statsionar aloqa vositalari, transport vositalari, jihoz va aslaha-anjom, shu jumladan, guruh aʼzolarining shaxsiy buyumlari va aslaha-anjomi, dori-darmonlar va tibbiy jihoz;
taʼminot materiallari — favqulodda vaziyat oqibatida jabrlangan aholi oʻrtasida bepul taqsimlash uchun moʻljallangan moddiy vositalar.
2-modda
Vakolatli organlar
Vakolatli organlar
Tomonlar mazkur Bitimni bajarish uchun quyidagi vakolatli organlarni tayinlaydilar:
Qirgʻiziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi nomidan — Qirgʻiziston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan — Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi.
Tomonlar boshqa vakolatli organlar tayinlangan yoki mavjud vakolatli organlarning nomlari oʻzgargan taqdirda, bir-birlarini bu toʻgʻrisida yozma ravishda diplomatik kanallar orqali xabardor qiladilar.
3-modda
Hamkorlik shakllari
Hamkorlik shakllari
Mazkur Bitimga muvofiq, barcha faoliyat Tomonlar davlatlarining qonunchiligi asosida amalga oshiriladi hamda har bir Tomonning zarur mablagʻlari mavjudligi inobatga olingan holda olib boriladi.
Mazkur Bitim doirasidagi hamkorlik quyidagilarni nazarda tutadi:
xavfli texnogen va ekologik jarayonlar, tabiiy hodisalar monitoringini tashkil etish, olib borish va bashorat qilish, shuningdek, sanoat avariyalari, falokatlar va tabiiy ofatlar natijasidagi ehtimoliy ifloslanishlar bilan bogʻliq boʻlgan atrof tabiiy muhit va aholi uchun xavf-xatarni baholash;
Tomonlarning soʻroviga koʻra, sobiq uran ishlab chiqarish obyektlaridagi (xomashyo chiqindixonalari, agʻdarmalar va boshqalar) radioekologik holat toʻgʻrisida maʼlumot almashish;
xavf va favqulodda vaziyatlar, shu jumladan, radiatsiyaviy avariyalar kelib chiqishi va ularni oldini olish va bartaraf etish boʻyicha qabul qilingan choralar toʻgʻrisida maʼlumot almashish;
Tomonlar davlatlarining chegara oldi hududlarida favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan taqdirda, Tomonlarning hamkorlikdagi qidiruv-qutqaruv operatsiyalarini oʻtkazish jarayonida harakatlarni muvofiqlashtirish;
aholini favqulodda vaziyatlardagi, shu jumladan, birinchi tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha harakatlarga tayyorlashni tashkil etishda tajriba almashish;
Tomonlar davlatlarning transchegaraviy hududlarida yuzaga kelgan zilzila oqibatlarini birgalikda makroseysmik tadqiq qilishni tashkil etish va oʻtkazish;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda tegishli davlat organlarining hamkorligini tashkil etish;
tabiiy ofatlarni oldini olish va bartaraf etish, shuningdek, aholi punktlari va hududlarni himoya qilish boʻyicha tadbirlar oʻtkazish;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda oʻzaro koʻmak koʻrsatish;
hamkorlikning favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish sohasida Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari oʻrtasida kelishiladigan boshqa shakllari.
4-modda
Tashkilotlar va muassasalararo hamkorlik
Tashkilotlar va muassasalararo hamkorlik
Tomonlar, zarur hollarda, oʻz davlatlarining favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish sohasida faoliyat yuritadigan davlat tashkilotlari va muassasalari, yuridik va jismoniy shaxslari oʻrtasidagi hamkorlikka koʻmaklashadilar.
5-modda
Tomonlar vakillarini qabul qilish shartlari
Tomonlar vakillarini qabul qilish shartlari
Tomonlar, basharti oʻzgacha kelishuvga erishmagan boʻlsalar, mazkur Bitimning 3-moddasida belgilangan toʻgʻridan-toʻgʻri favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda koʻmak koʻrsatish bilan bogʻliq boʻlmagan faoliyatda ishtirok etishda oʻz vakillarining belgilangan manzilgacha borib-kelish, yashash va ovqatlanish boʻyicha xarajatlarini qoplaydilar.
Tomonlar, basharti oʻzgacha kelishuvga erishmagan boʻlsalar, qabul qiluvchi Tomon qoʻshma konferensiyalar, seminarlar, ishchi yigʻilishlar, oʻquv mashgʻulotlari va mashqlarni tashkil etish, shuningdek, oʻz davlati hududida taqdim etuvchi Tomon vakillarining harakatlanishi boʻyicha xarajatlarini qoplaydi.
6-modda
Yordam koʻrsatish
Yordam koʻrsatish
Yordam koʻrsatish soʻrovchi Tomonning zarur yordam koʻrsatish turlari, hajmi, joyi va muddatlari koʻrsatilgan favqulodda vaziyat xususiyati toʻgʻrisidagi maʼlumot taqdim qilinadigan yozma soʻrovnomasiga asosan amalga oshiriladi.
Taqdim etuvchi Tomon qisqa muddatlarda soʻrovnomani koʻrib chiqadi va yordam koʻrsatishning imkoniyati, hajmi va shartlari yoki yordam koʻrsatish imkoniyatining mavjud emasligi toʻgʻrisida soʻrovchi Tomonni xabardor qiladi.
Yordam koʻrsatish guruhlariga rahbarlik qilish soʻrovchi Tomon davlatining vakolatli organlari tarafidan ushbu guruhlar rahbarlari orqali amalga oshiriladi.
7-modda
Yordam turlari
Yordam turlari
Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda yordam tegishli jihoz, taʼminot materiallarini oʻz ichiga olgan yordam koʻrsatish guruhlarini yuborish orqali yoki boshqa soʻralayotgan shaklda koʻrsatiladi.
Yordam koʻrsatish guruhlari favqulodda vaziyat zonasida avariya-qutqaruv ishlarini bajaradilar.
Soʻrovchi Tomon taqdim etuvchi Tomon yordam koʻrsatish guruhlarining rahbarlarini favqulodda vaziyat zonasida va aniq ish uchastkalarida yuzaga kelgan vaziyat boʻyicha xabardor qiladi, zarur hollarda, ushbu guruhlarni tarjimonlar va aloqa vositalari, shuningdek, xavfsizlik va bepul tibbiy xizmat bilan taʼminlaydi, ularning harakatlarini muvofiqlashtiradi.
Yordam koʻrsatish guruhlari favqulodda vaziyat zonasida 72 soat davomida mustaqil harakat qilishlari uchun yetarli darajada jihozlangan boʻlishi lozim.
Basharti Tomonlar qoʻshimcha tarzda boshqacha kelishmagan boʻlsalar, zaxira jihozlari tugaganda, soʻrovchi Tomon ushbu guruhlarni ular keyingi ishni davom ettirishlari uchun zarur vositalar bilan taʼminlaydi.
8-modda
Yordam koʻrsatish guruhlarining Davlat chegarasini kesib oʻtish shartlari va ularning soʻrovchi Tomon davlati hududida boʻlib turish rejimi
Yordam koʻrsatish guruhlarining Davlat chegarasini kesib oʻtish shartlari va ularning soʻrovchi Tomon davlati hududida boʻlib turish rejimi
Yordam koʻrsatish guruhlari aʼzolari soʻrovchi Tomon davlatining Davlat chegarasini xalqaro qatnov uchun ochiq boʻlgan oʻtkazish punktlari orqali Tomonlar davlatlari ishtirokchi hisoblangan xalqaro shartnomalarda hamda soʻrovchi Tomon davlati qonunchiligida belgilangan tartibga koʻra, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar asosida kesib oʻtadilar.
Guruh rahbari yordam koʻrsatish guruh aʼzolarining roʻyxati hamda taqdim etuvchi Tomon davlatining vakolatli organi tomonidan berilgan uning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatga ega boʻlishi lozim.
Yordam koʻrsatish guruhlari aʼzolari soʻrovchi Tomon davlatining hududida boʻlgan vaqtlarida ushbu davlat qonunchiligiga rioya qilishlari lozim. Bunda ular taqdim etuvchi Tomon davlatning mehnat huquqiy munosabatlari va ijtimoiy-iqtisodiy kafolatlar qismiga oid yurisdiksiyasi ostida boʻladilar.
Yordam koʻrsatish guruhi tarkibiga kiruvchi harbiy xizmatchiga nisbatan taqdim etuvchi Tomon davlatining harbiy xizmatchilar maqomini tartibga soluvchi qonunchiligining mehnat huquqiy munosabatlariga va ijtimoiy-iqtisodiy kafolatlarga oid qismi qoʻllaniladi.
Yordam koʻrsatish guruhlarining harakatlanishi, ularning jihozlari va taʼminot materiallarini tashish avtomobil yoki havo transporti orqali amalga oshiriladi.
Yordam koʻrsatish uchun qayd etilgan transport turlaridan foydalanish tartibi Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari oʻrtasidagi kelishuvga muvofiq belgilanadi.
9-modda
Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda yordam koʻrsatish uchun jihoz va taʼminot materiallarini olib kirish hamda olib chiqish
Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda yordam koʻrsatish uchun jihoz va taʼminot materiallarini olib kirish hamda olib chiqish
Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda yordam koʻrsatish uchun soʻrovchi Tomon davlatining hududiga olib kiriladigan va taqdim etuvchi Tomon davlati hududidan olib chiqiladigan jihoz va taʼminot materiallari bojxona bojlari, soliqlar va yigʻimlardan ozod etiladi.
Yordam koʻrsatish guruhining tarkibi, olib kiriladigan yoki olib chiqiladigan jihoz va taʼminot materiallarining roʻyxati koʻrsatiladigan, Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari tarafidan beriladigan xabarnomalarga muvofiq, jihoz va taʼminot materiallarining bojxona rasmiylashtiruvi soddalashtirilgan shaklda va ustuvor tartibda amalga oshiriladi.
Yordam koʻrsatish guruhlariga soʻrovchi Tomon davlat hududiga faqatgina mazkur moddaning ikkinchi xatboshisida qayd etilgan roʻyxatlardagi jihoz va taʼminot materiallarini olib kirishga ruxsat beriladi.
Jabrlanganlarga tez tibbiy yordam koʻrsatish zarur boʻlgan hollarda, soʻrovchi Tomon davlat hududiga zarur miqdorda tarkibida giyohvandlik moddalari va psixotrop vositalari boʻlgan tibbiy preparatlar soʻrovchi Tomon bilan kelishgan holda hamda uning davlati qonunchiligiga muvofiq olib kirilishi mumkin. Bunday holatda, yordam koʻrsatish guruhi rahbari giyohvandlik moddalari va psixotrop vositalari boʻlgan tibbiy preparatlar mavjudligi toʻgʻrisida, ularning nomenklatura va miqdorini koʻrsatgan holda, deklaratsiyani taqdim qiluvchi Tomonning tasdiqlangan qoidalariga muvofiq Tomonlar davlatlarining bojxona organlariga taqdim etadi.
Tarkibida giyohvandlik moddalari va psixotrop vositalari boʻlgan tibbiy preparatlardan faqatgina taqdim qiluvchi Tomon davlatining malakali tibbiyot xodimi foydalanishga haqlidir. Tarkibida giyohvandlik moddalari va psixotrop vositalari boʻlgan ushbu tibbiy preparatlardan foydalanish va ularni saqlashni nazorat qilishga soʻrovchi Tomonning tegishli mansabdor shaxslari haqlidirlar.
Tarkibida giyohvandlik moddalari va psixotrop vositalari boʻlgan foydalanilmagan tibbiy preparatlar soʻrovchi Tomon davlati hududidan ushbu preparatlarning nomenklaturasi va miqdorini tasdiqlovchi hujjatlar asosida olib chiqilishi lozim.
Tarkibida giyohvandlik va psixotrop moddalari boʻlgan foydalanilgan tibbiy preparatlar boʻyicha soʻrovchi Tomon davlatining bojxona organlariga ularning ishlatilganligi toʻgʻrisida yordam koʻrsatish guruhi rahbari va shifokori imzolagan hamda soʻrovchi Tomonning vakili tasdiqlagan dalolatnoma taqdim etiladi.
Yordam koʻrsatish ishlari yakunlanganidan soʻng, soʻrovchi Tomon davlati hududiga olib kirilgan jihoz (toʻliq foydalanilgan yoki yoʻq qilingan jihozdan tashqari) taqdim etuvchi Tomon davlati hududiga olib chiqilishi lozim. Basharti yuzaga kelgan alohida holatlar tufayli jihozni olib chiqib ketishning imkoniyati boʻlmasa, kelishilgan shartlari asosida soʻrovchi Tomon davlatining vakolatli organiga yordam sifatida begʻaraz tarzda berilishi mumkin. Bunday holatda, taqdim etuvchi Tomon davlatining vakolatli organlari oʻzaro kelishuvga koʻra, beriladigan jihozning turlari, miqdori va joylashgan joyini koʻrsatgan holda, soʻrovchi Tomon davlatining bojxona va boshqa vakolatli organlarini xabardor qiladilar.
Jihozlarning yoʻq qilinganligi yoki toʻliq ishlatilganligi hamda jabrlangan aholi oʻrtasida taʼminot materiallarining taqsimlanganligi fakti hujjatlar asosida tasdiqlanishi lozim.
10-modda
Havo kemalaridan foydalanish
Havo kemalaridan foydalanish
Taqdim etuvchi Tomon davlatining vakolatli organi yordam berish uchun soʻrovchi Tomon davlatining vakolatli organini havo kemalarining turi va tanituvchi belgilari, yoʻnalishi, ekipaj aʼzolarining soni, yuk xususiyati, parvoz qilish, qoʻnish joyi va vaqtini koʻrsatgan holda, havo kemalaridan foydalanish toʻgʻrisidagi qarori haqida xabardor qiladi.
Soʻrovchi Tomon oʻz davlati hududining belgilangan manziligacha uchib borishga ruxsat beradi.
Tezkor koʻmak koʻrsatish va bir davlat hududidan boshqa davlat hududidagi belgilangan punktga kuch va vositalarni vakolatli organ havo kemalari orqali tezkor tarzda yuborish maqsadida Tomonlarning vakolatli organlari oʻz davlatlarining qonunchiligiga muvofiq oʻrnatilgan tartibda, havo kemalaridan foydalanish imkoniyati toʻgʻrisida qoʻshimcha yoʻriqnoma va ustuvor tartibda favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda havo kemalarining davlat chegaralarini kesib oʻtish tartibini soddalashtirish masalalarida davlat organlari vakillarining (chegara, bojxona, fitosanitar, karantin xizmatlari) hamkorlik mexanizmini ishlab chiqadilar va kelishadilar.
Parvozlar Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti va Tomonlar davlatlari tarafidan oʻrnatilgan qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi.
11-modda
Xarajatlarni qoplash
Xarajatlarni qoplash
Basharti Tomonlar oʻzgacha kelishuvga erishmagan boʻlsalar, taqdim etuvchi Tomonga yordam koʻrsatish bilan bogʻliq xarajatlari soʻrovchi Tomon tarafidan undiriladi.
Soʻrovchi Tomon oʻzining yordam berish toʻgʻrisidagi soʻrovnomasini istalgan vaqtda bekor qilishi mumkin. Bunday holatda, taqdim etuvchi Tomon sarflangan xarajatlari uchun tovon olishga haqlidir.
Basharti Tomonlar oʻzgacha kelishuvga erishmagan boʻlsalar, xarajatlar taqdim etuvchi Tomonning talabnomasi kelib tushgach, 30 ish kuni mobaynida qoplanadi.
Taqdim etuvchi Tomon yordam koʻrsatish guruhlari aʼzolarining sugʻurta qilinishini taʼminlaydi. Sugʻurtalashni rasmiylashtirish boʻyicha xarajatlar taqdim etuvchi Tomon hisobidan qoplanadi.
Taqdim etuvchi Tomon havo kemalarining uchib oʻtishi, qoʻnishi, aerodromda toʻxtab turishi va undan parvoz qilishi, shuningdek, aeronavigatsiya xizmatlari uchun toʻlovlardan ozod qilinadi.
Taqdim etuvchi Tomon havo kemalariga yonilgʻi va texnik xizmat koʻrsatish xarajatlarini qoplash masalalari har bir aniq holatda alohida hal etiladi.
Basharti har bir aniq holatda oʻzgacha tartib kelishilmagan boʻlsa, Tomonlar mazkur Bitimni amalga oshirish jarayonida kelib chiqadigan xarajatlarni oʻz davlatlarining qonunchiligida nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida mustaqil ravishda qoplaydilar.
12-modda
Zararni qoplash
Zararni qoplash
Soʻrovchi Tomon yordam koʻrsatish guruhi aʼzolari vafot etganda yoki jarohatlanganda, shuningdek, ushbu Tomonning jihozi yoki boshqa mulki yoʻq qilingan yoki zarar yetkazilgan taqdirda, basharti bunday zarar mazkur Bitimni amalga oshirish bilan bogʻliq vazifalarni bajarish jarayonida yetkazilgan boʻlsa, taqdim etuvchi Tomonga kompensatsiya toʻlaydi. Kompensatsiya miqdorlari har bir aniq holatda alohida kelishib olinadi.
Soʻrovchi Tomon davlati hududida uning qonunchiligiga muvofiq toʻgʻridan-toʻgʻri yordam koʻrsatish bilan bogʻliq boʻlmagan faoliyatlar natijasida taqdim etuvchi Tomonning yordam koʻrsatish guruhi aʼzosi tarafidan jismoniy yoki yuridik shaxsga yetkazilgan zararni taqdim etuvchi Tomon qoplaydi.
Basharti taqdim etuvchi Tomonning yordam koʻrsatish guruhi aʼzosi mazkur Bitimni amalga oshirish bilan bogʻliq vazifalarni bajarishi jarayonida soʻrovchi Tomon davlati hududida jismoniy yoki yuridik shaxsga zarar yetkazsa, ushbu zarar soʻrovchi Tomon tarafidan uning davlati qonunchiligiga muvofiq qoplanadi.
Taqdim etuvchi Tomon yordam koʻrsatish guruhi aʼzosining qasddan yoki qoʻpol ehtiyotsizligi tufayli yetkazilgan zarar taqdim etuvchi Tomon tarafidan qoplanadi.
13-modda
Maʼlumotdan foydalanish
Maʼlumotdan foydalanish
Mazkur Bitim doirasida olib borilayotgan faoliyat natijasida olingan maʼlumot, Tomonlar davlatlari qonunchiligiga muvofiq oshkor etilmaydigan maʼlumot bundan mustasno, basharti Tomonlar yozma shaklda oʻzgacha kelishmagan boʻlsalar, har bir Tomonning kundalik amaliyot va koʻrsatmalariga muvofiq eʼlon qilinadi va undan foydalaniladi.
14-modda
Nizolarni hal etish
Nizolarni hal etish
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish va (yoki) qoʻllash yuzasidan kelib chiqadigan nizo va kelishmovchiliklar Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari oʻrtasida muzokara va maslahatlashuvlar orqali hal etiladi.
15-modda
Oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish
Oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish
Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra, mazkur Bitimga uning ajralmas qismi hisoblanadigan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
16-modda
Yakunlovchi qoidalar
Yakunlovchi qoidalar
Mazkur Bitim Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki tartib-taomillarini bajarganliklari toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali soʻnggi yozma xabarnoma olingan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Mazkur Bitim nomuayyan muddatga tuziladi va Tomonlardan biri diplomatik kanallar orqali boshqa Tomonning mazkur Bitim amal qilish muddatini tugatish niyati toʻgʻrisidagi yozma xabarnomasini olgan sanadan boshlab olti oy oʻtgunga qadar amal qiladi.
Basharti Tomonlar oʻzgacha tarzda kelishmagan boʻlsalar, mazkur Bitim amal qilish muddatining tugatilishi u amal qilgan paytda bajarilishi boshlangan va uning amal qilish tugatilgunga qadar yakunlanmagan faoliyat boʻyicha Tomonlarning majburiyatlariga daxl qilmaydi.
Bishkek shahrida 2023-yil 27-yanvarda har biri oʻzbek, qirgʻiz va rus tillarida boʻlgan ikki asl nusxada tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, Tomonlar rus tilidagi matnga murojaat qiladilar.
(imzolar)