Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Tadbirkorlik subyektlari va aholining qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini oʻrnatishga keng miqyosda oʻtishini ragʻbatlantirish, shuningdek, zamonaviy axborot texnologiyalarini qoʻllash orqali jamoatchilik nazoratiga asoslangan ragʻbatlantirish institutini yanada takomillashtirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan jismoniy shaxslarni manzilli qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, chakana savdo, umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat koʻrsatish obyektlarida xaridni amalga oshirgan fuqarolarga xarid summasining 1 foizini respublika budjetidan qaytarish tartibini takomillashtirish;
qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini oʻrnatgan fuqarolarga soliq imtiyozlarini qoʻllashni tartibga solish.
2. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 10-yanvar,
PQ-13-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-yanvardagi PQ-13-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-oktabrdagi “Chakana savdo va xizmat koʻrsatish sohasida nazorat-kassa texnikasidan foydalanishni takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5252-son qarori 1-bandining “a” kichik bandida:
a) birinchi xatboshidagi “2022-yil 1-yanvardan” soʻzlari “2024-yil 1-yanvardan” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) ikkinchi xatboshi “xarid summasining” soʻzlaridan keyin “bazaviy hisoblash miqdorining 60 baravaridan oshmagan qismidan” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi “2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-57-son qarorida:
a) 9-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9. Belgilansinki:
a) umumiy quvvati 100 kVtgacha boʻlgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini oʻrnatgan va ulardan foydalanuvchi shaxslar, ular foydalanishga topshirilgan kundan eʼtiboran uch yil muddatga, quyidagi soliqlarni toʻlashdan ozod etiladi:
ushbu qurilmalar boʻyicha — yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni, alohida turuvchi qurilmalar bilan band boʻlgan yer uchastkalari boʻyicha — yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻini, elektr energiyasini umumiy tarmoqqa sotishdan olingan foyda boʻyicha — foyda soligʻini;
uy-joy fondining koʻchmas mulk obyektlari boʻyicha jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk soligʻi va jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻini.
Agar qurilmalar oʻrnatilayotgan quyosh panellari quvvatining 25 foizidan kam boʻlmagan quvvatni tashkil etadigan elektr energiyasini saqlash tizimi bilan oʻrnatilgan boʻlsa, ushbu kichik bandda nazarda tutilgan soliq imtiyozlari ular foydalanishga topshirilgan kundan boshlab oʻn yil muddatga qoʻllaniladi.
Ushbu kichik bandda belgilangan soliq imtiyozlari jismoniy shaxslarga ular tomonidan umumiy quvvati 1 kVtdan ortiq boʻlgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari oʻrnatilganda har bir obyekt boʻyicha bir marotaba qoʻllaniladi.
Bunda soliq imtiyozlarining yillik miqdori jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk soligʻi boʻyicha — bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan, jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻi boʻyicha esa — bazaviy hisoblash miqdoridan oshmasligi lozim;
b) 2023-yil 1-martdan boshlab yagona elektr energetika tizimiga ulanish uchun berilgan texnik shartlarda koʻrsatilgan quvvatdan yuqori boʻlmagan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini elektr tarmoqlariga ulashda qoʻshimcha texnik shart olish talab etilmaydi”.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 5-apreldagi “2023-yilda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish, qayta ishlashni kengaytirish va qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-113-son qarorida:
a) 4-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2024-yil 1-yanvardan boshlab “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan jismoniy shaxslar 2-ilovadagi roʻyxatga muvofiq tovarlarning chakana savdo obyektlarida xaridini amalga oshirganda va ushbu xaridni soliq organlarining maxsus mobil ilovasida xarid chekining fiskal belgisini matritsali shtrix kod (QR-kod) yordamida skanerlash orqali roʻyxatdan oʻtkazganda, ularning bank kartalariga har oy yakuni bilan xarid summasining 1 foizi miqdoridagi toʻlov oʻrniga, xarid summasida toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi respublika budjetidan qaytariladi. Bunda qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini qaytarish oyiga bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravarigacha boʻlgan xaridlar summasi doirasida amalga oshiriladi”;
b) 2-ilova quyidagi mazmundagi 6 — 8-bandlar bilan toʻldirilsin:
“6. Un
7. Shakar
8. Dori vositalari va tibbiy xizmatlar”.
4. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-noyabrdagi 943-son qarori bilan tasdiqlangan Aholi bilan pulli hisob-kitoblarni amalga oshirishda onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassa tizimini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 7-bandida:
quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“bank kartasi turi (korporativ yoki shaxsiy)”;
uchinchi — oʻttizinchi xatboshilar tegishincha toʻrtinchi — oʻttiz birinchi xatboshilar deb hisoblansin.
5. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-maydagi “Savdo va xizmat koʻrsatish sohasida jamoatchilik nazorati samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 255-son qarorida:
a) 1-bandning “a” kichik bandi uchinchi xatboshisidagi “, shu jumladan, korporativ kartalar” soʻzlari “(korporativ bank kartalaridan tashqari)” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 1-ilovada:
3-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Jismoniy shaxslar tomonidan bir oy davomida sotib olingan tovarlar (xizmatlar) qiymatining bazaviy hisoblash miqdorining 60 baravaridan oshmagan qismidan bir foizi (keyingi oʻrinlarda — tovarlar (xizmatlar) qiymatining bir qismi) ularning fiskal belgili cheklari soliq organlarining maxsus mobil ilovasi orqali roʻyxatdan oʻtkazilgan taqdirda qaytariladi”;
4 va 5-bandlardagi “, shu jumladan, korporativ kartalar” soʻzlari “(korporativ bank kartalaridan tashqari)” soʻzlari bilan almashtirilsin;
ikkinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar tegishincha ikkinchi va uchinchi xatboshilar deb hisoblansin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.01.2024-y., 07/24/13/0013-son)