Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Naslchilik xoʻjaliklarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Ichki isteʼmol bozorini goʻsht, sut, tuxum mahsulotlari bilan barqaror taʼminlash, chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik ozuqa bazasini kengaytirish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni oshirish, naslchilik sohasiga xususiy investitsiyalar hajmini yanada koʻpaytirish maqsadida:
1. Naslchilik subyektlari uchun ularning asosiy faoliyat turi boʻyicha foyda soligʻi (tijorat banklarida joylashtirilgan mablagʻlardan olingan foizlardan tashqari), mol-mulk soligʻi, yer soligʻi va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni 50 foiz pasaytirilgan stavkada toʻlash shaklidagi soliq imtiyozi muddati iqtisod qilingan mablagʻlarni asosiy faoliyatni rivojlantirishga yoʻnaltirish sharti bilan 2025-yil 1-yanvarga qadar uzaytirilsin.
2. Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Soliq qoʻmitasi bir hafta muddatda mazkur qaror bilan taqdim etilgan imtiyoz muddati uzaytirilganligi haqida naslchilik xoʻjaliklariga yetkazish hamda ularga zarur tushuntirish ishlarini tashkil qilish choralarini koʻrsin.
3. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 25-dekabr,
PQ-403-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2023-y., 07/23/403/0963-son)