20.11.2023 yildagi 29-son
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 152-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari O‘zbekiston Respublikasining davlat suverenitetini va hududiy yaxlitligini, aholining tinch hayoti va xavfsizligini himoya qilish uchun tuzilgan.
3. Jinoyat ishlarining harbiy sudlar sudloviga tegishliligi “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunning 45-moddasi va ushbu qonun bilan tasdiqlangan “Harbiy sudlar faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi Nizomning 4-moddasida belgilangan.
19. JKning 280-moddasida nazarda tutilgan qilmishni kvalifikatsiya qilishda subyektiv tomondan buyruqni ehtiyotsizlik oqibatida bajarmaslik kabi harakatlar, ya’ni buyruqda belgilangan ko‘rsatmalarni bajarmaslik, buyruq bilan taqiqlangan harakatlarni bajarish yoki buyruqni talab darajasida (kechiktirib, to‘liqsiz, noaniq) bajarmaslik hisoblanadi. Shu bilan birga bo‘ysunmaslik jinoyatidan (JKning 279-moddasi) faqat subyektiv tomonidan farq qiladi, ya’ni jinoyat o‘z-o‘ziga ishonish yoki beparvolik tarzidagi ehtiyotsizlik orqasida sodir etiladi.
Sudlar shunga e’tibor berishlari kerakki, JKning 40-moddasi hamda Ichki xizmat nizomining 38-bandi talabidan kelib chiqqan holda, bo‘ysunuvchining noqonuniyligi oldindan ayon bo‘lgan buyruqni bajarishdan ochiqdan-ochiq bosh tortishi, boshqacha tarzda qasddan bajarmasligi yoxud ehtiyotsizlik orqasida bajarmasligi JKning 279, 280-moddalarida nazarda tutilgan javobgarlikni keltirib chiqarmaydi.
20. Boshliqqa qarshilik ko‘rsatish yoki uni xizmat vazifalarini buzishga majbur qilish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rishda sudlar JKning 281-moddasi dispozitsiyasi ikki mustaqil jinoyat: boshliqqa qarshilik ko‘rsatish va boshliqni xizmat vazifalarini buzishga majbur qilishni o‘z ichiga olishini e’tiborga olishlari lozim.
22. JKning 282-moddasida nazarda tutilgan jinoyat tarkibini berish uchun o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish bevosita boshliqqa nisbatan jangovar holatda sodir etilishi talab etiladi.
23. JKning 283-moddasida nazarda tutilgan badanga shikast yetkazish uchun jinoiy javobgarlik agar boshliqqa nisbatan zo‘ravonlik uning harbiy xizmat majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq bo‘lgandagina hosil bo‘ladi.
26. JKning 285-moddasi 1-qismida muntazam ravishda xo‘rlash, kamsitish, sog‘liqning yomonlashuviga sabab bo‘lgan yengil yoki o‘rtacha og‘ir tan jarohati yetkazish, noqonuniy ozodlikdan mahrum qilish kabi o‘zaro munosabatlarga oid ustav qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik belgilangan. Shu sababli aybdorning harakatlarini JKning shaxsga qarshi jinoyatlarga tegishli moddalari bilan qo‘shimcha tavsiflash talab qilinmaydi.
27. JKning 285-moddasi 2-qismi “a, b” bandlarida bir guruh shaxslar tomonidan yoki qurol ishlatish orqali sodir etilgan jinoyat uchun javobgarlik nazarda tutilgan.
JKning 285-moddasi 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan “bir guruh shaxslar” tushunchasi JKning 29-moddasida berilgan tushuncha bilan bir xil ma’noni anglatadi. Guruh sifatidagi ustavga zid zo‘ravonlik harakatlari qasd umumiyligi bilan birlashgan ikki yoki undan ortiq harbiy xizmatchilar tomonidan sodir etiladi va ularning har biri JKning 285-moddasida ko‘rsatilgan jinoyat subyekti bo‘ladi va jinoyatda sherik sifatida ishtirok etadi. Bir guruh shaxslarning ayrimlari harbiy xizmatchilar bo‘lmagan hollarda, ularning harakatlari JKning 28-moddasi orqali kvalifikatsiya qilinishi lozim. Bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyat oldindan o‘zaro til biriktirib yoki biriktirmasdan sodir etilishi mumkin. So‘nggi holda harakatlarni JKning 285-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan tavsiflashning zarur sharti — har bir aybdor ustavga zid harakatlarini guruh ichida birlashib sodir etayotganligini anglab yetganligidir.
28. JKning 285-moddasi 4-qismi “b” bandida nazarda tutilgan “boshqa og‘ir oqibatlar” deganda, aybdorning ustavga zid harakatlari bilan sababiy bog‘lanishda bo‘lgan, og‘irligining xususiyatiga qarab sud tomonidan baholanishi lozim bo‘lgan oqibatlar tushuniladi.
Agar ustavga zid zo‘ravonlik harakatlari jabrlanuvchini qasddan o‘ldirish bilan yakunlansa, aybdorning harakatlari JKning 285-moddasi 3-qismi hamda kodeksning shaxsga qarshi jinoyatlarni nazarda tutuvchi moddalari majmui bilan tavsiflanadi.
Ustavga zid zo‘ravonlik harakatlari oqibatida bir necha jabrlanuvchiga JKning 285-moddasi turli qismlarida nazarda tutilgan zarar yetkazilgan bo‘lsa, bu harakatlar JKning 33-moddasi qoidasiga ko‘ra, tavsiflanishi lozim.
JKning 287-moddasi 4-qismiga ko‘ra, ushbu harakatlar jangovar vaziyatda sodir etilgan bo‘lsa, ularning davomiylik muddati ahamiyatga ega bo‘lmaydi.
JKning 297-moddasida nazarda tutilgan jinoyat subyekti — o‘z xizmat mohiyatiga ko‘ra, atrofdagilar uchun katta xavf manbai bo‘lgan qurol-yarog‘, moddalar va buyumlardan foydalanayotgan yoki ularni saqlash, tashish va yetkazib berishni ta’minlab beruvchi yoxud ularga daxldor bo‘lgan va ular bilan muomalada bo‘lish qoidalarini buzgan harbiy xizmatchilar bo‘lishi mumkin.
JKning 297-moddasi dispozitsiyasi faqat o‘qotar qurolni (pistolet, avtomat, granatomyot, artilleriya yoki raketa qurol-yarog‘lari) o‘z ichiga oladi, sovuq qurol bu guruhga kirmaydi. Qurol-yarog‘ zavodda tayyorlangan va harbiy qism u bilan qurollangan bo‘lishi kerak. Qo‘lda yasalgan o‘qotar qurollar JKning 297-moddasida nazarda tutilgan qurolga kirmaydi. Qurilish, signal, start pistoletlari va tirik kuchni yo‘q qilishga mo‘ljallanmagan boshqa otish vositalari ham bu guruhga kirmaydi.
43. JKning 298-moddasi nazarda tutgan jinoyatning muqarrar alomati — yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarliklar natijasida odamlarning halok bo‘lishi yoki ularga og‘ir yoki o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish kabi muayyan zararning kelib chiqishidir. Hayot yoki sog‘liqqa zarar yetkazish ushbu jinoyat tarkibi bilan qamrab olingan va u shaxsga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikni ko‘zda tutuvchi moddalar bilan qo‘shimcha tavsiflashni talab qilmaydi.
JKning 266-moddasida nazarda tutilgan jinoyatdan mazkur jinoyat obyekti, obyektiv tomonining ba’zi alomatlari va subyekti bilan ajralib turadi. JKning 298-moddasi bo‘yicha jinoyat obyekti bu Qurolli Kuchlarda o‘rnatilgan va jangovor, maxsus yoki transport mashinalaridan foydalanish yoki ularni boshqarish bilan bog‘liq bo‘lgan harbiy xizmatni o‘tash tartibidir. JKning 266-moddasida belgilangan jinoyat esa — transport harakati va undan foydalanish xavfsizligiga tajovuz qiladi. JKning 298-moddasida ko‘rsatilgan jinoyat harbiy xizmatchi tomonidan jangovor, maxsus yoki transport mashinasida sodir etiladi. Agar harbiy xizmatchi jangovor, maxsus yoki transport bo‘lmagan mashinada va harbiy xizmatchi bo‘lmagan shaxs esa, jangovor, maxsus yoki transport mashinada boshqarish qoidalarini buzsa, bu harakat JKning 266-moddasi tarkibi alomatlariga to‘g‘ri keladi.
45. JKning 298-moddasi jangovor, maxsus yoki transport mashinalarini boshqarish va ulardan foydalanish qoidalarini buzish natijasida kelib chiqqan barcha oqibatlarni, jumladan, bir necha odamlarning halok bo‘lishini ham nazarda tutadi. Shuning uchun bir necha odamlarning o‘limiga olib kelganlik alomati mavjudligining o‘zi qilmishni JKning 262-moddasi bilan tavsiflash uchun asos bo‘lmaydi.
Boshqarish qoidalarini buzgan shaxs tomonidan ayni paytda jabrlanuvchiga yordam ko‘rsatmaslik JKning 298-moddasi dispozitsiyasi doirasidan tashqariga chiqadi va JKning 117-moddasi bilan qo‘shimcha tavsiflashni talab qiladi.
48. JKning 299-moddasi halokat yoki boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelgan hodisalar uchun javobgarlikni nazar tutadi.
50. JKning 299-moddasida nazarda tutilgan jinoyatning subyekti — zimmasiga uchish yoki uchishga tayyorgarlik ko‘rishni ta’minlashga oid maxsus vazifa yuklatilgan harbiy xizmatchilar bo‘lishlari mumkin.
52. JKning 295-moddasi 1-qismi muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga shaxsiy foydalanishga berilgan harbiy anjomlarni behuda sarflaganlik uchun javobgarlikni nazarda tutadi.
53. JKning 295-moddasidan farqli o‘laroq, kodeksning 296-moddasida nafaqat shaxsiy yoki xizmatda foydalanish uchun berilgan anjomlarni, balki har qanday harbiy mulkni asrash tartibi nazarda tutilgan. Qurol-yaroq, o‘q-dorilar, harakatlanish vositalari va boshqa harbiy mulklar davlat mulki bo‘lib, shuning uchun ham ularni qasddan nobud qilgan yoki ularga shikast yetkazgan aybdor bir paytning o‘zida davlat mulkiga ham tajovuz qiladi.
JKning 296-moddasida ko‘rsatilgan jinoyat to‘g‘ri yoki egri qasd shaklida sodir etiladi. Bunday paytda aybdor shaxs mulkni nobud qilish yoki unga shikast yetkazishni maqsad qilib qo‘yadi yoki bunday oqibatlarning kelib chiqishiga bila-turib yo‘l qo‘yadi. Aybdor boshqa biror mulkni emas, balki aynan harbiy mulkni nobud qilayotganini yoki unga shikast yetkazayotganini anglaydi.
Agar boshliq yoki mansabdor shaxs tomonidan boshqa shaxs yordamida JKning 301-moddasida nazarda tutilgan jinoyat sodir qilinsa, uning harakatlari ushbu modda bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri, yordam bergan boshqa shaxsning harakatlari esa JKning 28-moddasi orqali kvalifikatsiya qilinishi lozim.
Uch yildan ortiq bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish turidagi jazoni tayinlash paytida, sud ishning holatlari va sudlanganning shaxsini inobatga olib, muddatli xizmat harbiy xizmatchilariga intizomiy qismga yuborish, JKning 47-moddasida ko‘rsatilgan harbiy xizmatchilarga esa, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat yoki og‘ir oqibatlarni keltirib chiqarmagan ehtiyotsizlik orqasida sodir etilgan jinoyat uchun xizmat bo‘yicha cheklash jazolarini qo‘llash huquqiga ega.