Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“Xorazm viloyatida quvvati 100 MVt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurish va boshqarish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Elektr energiyasini ishlab chiqarish manbalarini diversifikatsiyalash, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining energiya resurslariga ortib borayotgan ehtiyojini taʼminlash, elektr energiyasini ishlab chiqarishda tabiiy gazdan foydalanishni kamaytirish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish koʻlamini kengaytirish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish maqsadida:
1. Xalqaro moliya korporatsiyasining moliyaviy va texnik koʻmagida Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida”gi Qonuni asosida “Xorazm viloyatida quvvati 100 MVt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurish va boshqarish” loyihasini (keyingi oʻrinlarda — Loyiha) moliyalashtirish, loyihalashtirish, qurish, ishga tushirish va sinovdan oʻtkazish, unga egalik qilish, texnik xizmat koʻrsatish va undan foydalanish, ishlab chiqarilgan elektr energiyasini yetkazib berish (sotish), shuningdek, quyosh fotoelektr stansiyasini yagona elektr energetika tizimiga ulash uchun quriladigan havo elektr uzatish tarmoqlari va boshqa elektr inshootlarini barpo etish boʻyicha xalqaro tender natijalariga koʻra:
a) “Voltalia” (Fransiya) kompaniyasi tender gʻolibi (keyingi oʻrinlarda — Tender gʻolibi) deb topilganligi;
b) Tender gʻolibi tomonidan Loyihani amalga oshirish uchun xususiy sherik sifatida Oʻzbekiston Respublikasida “Sarimay Solar” MCHJ XK (keyingi oʻrinlarda — Xususiy sherik) taʼsis etilganligi;
v) Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Tender gʻolibi nomidan Xususiy sherik oʻrtasida 2023-yil 5-aprelda Davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi bitim tuzilganligi hamda unga muvofiq:
Loyihani amalga oshirishning butun davri mobaynida Xorazm viloyatida quvvati 100 MVt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasini Xususiy sherik loyihalashtirishi, moliyalashtirishi, qurishi va ekspluatatsiya qilishi;
yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavf-xatarlarni oʻz zimmasiga olgan holda, dastlabki baholash boʻyicha jami 68 mln AQSH dollari miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etishi;
g) “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ (keyingi oʻrinlarda — Davlat sherigi) va Xususiy sherik oʻrtasida 2023-yil 5-aprelda Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisida bitim imzolanganligi hamda unga muvofiq:
Xususiy sherik ishlab chiqarilgan elektr energiyasini Davlat sherigiga kafolatlangan tarzda sotish majburiyatini olishi;
Xususiy sherik qurilish davridagi oʻz majburiyatlari lozim darajada bajarilishining taʼminoti sifatida 20 mln AQSH dollari miqdorida birinchi darajali xorijiy bank kafolatini taqdim etishi;
Xususiy sherik Loyiha doirasida quyosh fotoelektr stansiyasini yagona elektr energiyasi tarmogʻiga ulash uchun quriladigan havo elektr uzatish tarmoqlarini qurish hamda ishga tushirilgandan soʻng ularni Davlat sherigiga topshirish majburiyatini oʻz zimmasiga olishi;
Davlat sherigi 25 yil davomida elektr energiyasini kafolatlangan tarzda xarid qilish majburiyatini olishi va elektr energiyasi uchun toʻlovni milliy valyutada amalga oshirishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi va Tender gʻolibi nomidan Xususiy sherik oʻrtasida imzolangan Davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi bitim tasdiqlansin;
Davlat sherigi va Xususiy sherik oʻrtasida tuzilgan Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitim tasdiqlansin.
3. Davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi bitim va Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitim doirasida ishlab chiqarilgan 1 kilovatt/soat elektr energiyasi uchun xorijiy valyutada denominatsiyalangan 2,888 AQSH senti miqdorida tarif oʻrnatilganligi belgilab qoʻyilsin hamda Davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi va Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitimlarda koʻrsatilgan shartlarga koʻra toʻlov narxlarining AQSH dollariga bogʻlanishiga ruxsat berilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Quyidagilarga:
Iqtisodiyot va moliya vaziriga Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning akkreditiv ochadigan xorijiy bank oldidagi toʻlov majburiyatlari Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki yoki Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki kafolati orqali bajarilgan taqdirda, mazkur bank bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga maqbul shakldagi ushbu bank xarajatlarini qoplash toʻgʻrisidagi bitimni imzolash vakolati;
Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Energetika vazirligi hamda Davlat sherigiga Xususiy sherik tomonidan Loyihani amalga oshirish doirasida imzolangan bitimlar boʻyicha majburiyatlar bajarilmagan taqdirda, Xususiy sherik va Tender gʻolibi huquqini Loyihani moliyalashtirishda ishtirok etadigan boshqa kreditorlarga toʻgʻridan-toʻgʻri oʻtkazish yuzasidan bitimlar tuzish huquqi berilsin.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-avgustdagi PQ-299-sonli qarori tahririda)
5. Davlat sherigiga:
Xususiy sherik bilan birgalikda Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitimda belgilangan tartib-taomillarga muvofiq Loyihani amalga oshirish uchun xalqaro mustaqil injiniring kompaniyasini va boshqa maslahatchilarni toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzgan holda jalb qilishga;
Xususiy sherik tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiyasini uch oy mobaynida sotib olish majburiyati bajarilishining taʼminoti sifatida Xususiy sherik foydasiga chet el bankining chet el valyutasida tasdiqlangan va tiklanadigan akkreditivini ochishga ruxsat berilsin.
6. Loyihani amalga oshirish doirasida Xususiy sherikka, barcha soliqlar va yigʻimlar toʻlangan holda, Loyihani moliyalashtirish doirasida quyidagi huquqlar berilsin:
chet el valyutasida mablagʻlar olish va ulardan foydalanish (shu jumladan, chet el valyutasida kredit tushumlari) uchun chet eldagi xorijiy banklarda bank hisobvaraqlarini ochish;
Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida boʻlgan xorijiy pudrat tashkilotlari, yetkazib beruvchilar yoki xorijiy kreditorlarga toʻlovlarni Oʻzbekiston Respublikasidagi bank hisobvaraqlari orqali oʻtkazmasdan, toʻgʻridan-toʻgʻri amalga oshirish.
7. Loyiha doirasida quyosh fotoelektr panellarini oʻrnatish bilan bogʻliq qurilish va yer ishlarini bajarish, bino va inshootlar poydevorlarini loyihalashtirish normalari va qoidalari Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitimga muvofiq xalqaro standartlar bilan tartibga solinishi belgilab qoʻyilsin.
8. Energetika vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Xorazm viloyati hokimligining Loyihani amalga oshirish uchun ajratiladigan Xorazm viloyati Tuproqqalʼa tumani hududidagi ilovaga muvofiq jami 182,99 gektar yer uchastkasini qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasidan sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga moʻljallangan yerlar toifasiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda oʻn kun muddatda mazkur yer uchastkasini tuman hokimligi zaxirasiga qaytarsin.
9. Xorazm viloyati hokimligi bir oy muddatda Davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi va Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitimlarda koʻrsatilgan shartlarga mos keladigan, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining energiya resurslariga ortib borayotgan ehtiyojini taʼminlash maqsadida quyosh fotoelektr stansiyasi hamda uning faoliyatini taʼminlashga xizmat qiluvchi havo elektr uzatish tarmoqlari uchun zarur boʻlgan yer uchastkalari Energetika vazirligiga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratilishini taʼminlasin.
Bunda:
a) Energetika vazirligi mazkur bandga asosan oʻziga berilgan tegishli yer uchastkasi:
quyosh fotoelektr stansiyasini qurish uchun Loyihani amalga oshirish muddatiga teng davrga Xususiy sherikka;
havo elektr uzatish tarmoqlarini qurish uchun Davlat sherigiga ijaraga berilishini taʼminlasin;
b) Loyihani amalga oshirish doirasida:
mazkur qarorga muvofiq qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasi oʻzgartirilishi munosabati bilan qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiligi oʻrnini qoplash boʻyicha kompensatsiya toʻlovlari undirilmaydi;
Xususiy sherik tomonidan yer uchastkalari uchun toʻlanadigan ijara toʻlovi miqdori yer soligʻi miqdoriga tenglashtiriladi.
10. Xususiy sherikning buyurtmanomasiga binoan:
Tashqi ishlar vazirligi — Loyihani amalga oshirish doirasida jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislar uchun kirish vizalari, zarur hollarda, Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini;
Oldingi tahrirga qarang.
Ichki ishlar vazirligi — Xususiy sherik va Loyiha doirasida jalb qilinadigan pudrat tashkilotlarining xorijiy mutaxassislari hamda ularning oila aʼzolariga koʻp martalik viza muddatlari uzaytirilishini, shuningdek, turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazilishi va uning muddati uzaytirilishini;
(10-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-109-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi — Loyihani amalga oshirish doirasida jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga (Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari orasida bunday mutaxassislar boʻlmagan taqdirda) Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) belgilangan tartibda taʼminlasin.
11. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Energetika vazirligi bilan birgalikda Loyiha amalga oshirilishi, shuningdek, tomonlarning Davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi va Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitimlar doirasidagi majburiyatlari bajarilishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin.
12. Adliya vazirligi Loyihani amalga oshirish doirasida Davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi bitim hamda uning qoidalariga muvofiq imzolangan bitimlar yuzasidan yuridik xulosalar bersin.
13. Kadastr agentligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda mazkur qarorning ilovasiga asosan Yer resurslarining holati toʻgʻrisidagi milliy hisobotga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin.
14. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi Loyiha hujjatlari belgilangan tartibda ekologik ekspertizadan oʻtkazilishini va Loyihani amalga oshirishda tabiatni muhofaza qilishga oid qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini taʼminlasin.
15. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib energetika vaziri J.T. Mirzamahmudov belgilansin.
Qaror ijrosi uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 30-noyabr,
PQ-384-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 30-noyabrdagi PQ-384-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
“Xorazm viloyatida quvvati 100 MVt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurish va boshqarish” loyihasini amalga oshirish doirasida qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasidan sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga moʻljallangan yerlar toifasiga oʻtkazilayotgan yer uchastkalari
ROʻYXATI
|
Hudud nomi |
Yerdan foydalanuvchi nomi |
Kontur raqami |
Jami yer uchastkasi (gektar) |
Shundan | |
|
yaylov va pichanzorlar (gektar) |
boshqa yerlar (gektar) | ||||
|
Tuproqqalʼa tumani, “Nukus” MFY |
Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi |
4223q |
133,25 |
133,25 |
|
|
4219q |
44,0 |
44,0 |
| ||
|
4225q |
0,16 |
|
0,16 | ||
|
4213q |
5,58 |
5,58 |
| ||
|
Jami |
182,99 |
182,83 |
0,16 | ||
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2023-y., 07/23/384/0919-son; 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)