O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“Yoshlar uchun ming kitob” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Yoshlarning intellektual va ilmiy salohiyatini oshirishga xizmat qiluvchi jahonda mashhur bo‘lgan kitoblarni o‘zbek tiliga tarjima qilish hamda shu orqali ularni zamonaviy ilm-fanning so‘nggi yutuqlari bilan yaqindan tanishtirib borish tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida:
Oldingi tahrirga qarang.
1. O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi (keyingi o‘rinlarda — Yoshlar ishlari agentligi) jahonda mashhur bo‘lgan 1000 ta kitobini tanlab olib, o‘zbek tiliga tarjima qilish va mamlakatimizda ommalashtirishga qaratilgan “Yoshlar uchun ming kitob” loyihasini (keyingi o‘rinlarda — loyiha) amalga oshirish uchun mas’ul etib belgilansin.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)
2. Belgilansinki, loyiha doirasida:
davlat buyurtmasiga asosan kitoblardan foydalanish huquqini asar mualliflaridan sotib olish, ularni o‘zbek tiliga tarjima qilish, nashrga tayyorlash hamda chop etish ishlari Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan (davlat oliy ta’lim muassasalari uchun nashr etiladigan kitoblar bundan mustasno) amalga oshiriladi;
davlat oliy ta’lim muassasalari uchun mo‘ljallangan kitoblar ro‘yxati Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan oliy ta’lim muassasalari kesimida shakllantiriladi hamda oliy ta’lim muassasalarining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan nashr etiladi;
tanlab olingan nashriyotlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat buyurtmalarini amalga oshirish uchun tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ mablag‘lari hisobidan umumiy belgilangan shart va qoidalar doirasida kichik tadbirkorlik subyektlari uchun beriladigan kompensatsiya va kafilliklar taqdim etiladi.
3. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda jahonda mashhur bo‘lgan kitoblar ro‘yxatini shakllantirish maqsadida ilm-fan, madaniyat, san’at, adabiyot va boshqa sohalarda tajriba va yetuk bilimga ega olimlar hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mutaxassislaridan iborat tarkibda Ekspertlar kengashini tuzsin.
Bunda, Yoshlar ishlar agentligi tomonidan Ekspertlar kengashi a’zolari mehnatiga bozor konyunkturasini hisobga olgan holda shartnoma asosida haq to‘lanadi.
4. Belgilansinki, jahonga mashhur bo‘lgan kitoblarini o‘zbek tiliga tarjima qilish va nashr etish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
birinchi bosqichda — Ekspertlar kengashi tomonidan har yili kitoblarning dastlabki ro‘yxati shakllantiriladi;
ikkinchi bosqichda — aholi tomonidan ovoz berish yo‘li bilan tanlab olish uchun dastlabki ro‘yxat Yoshlar ishlari agentligining axborot tizimlariga joylashtiriladi hamda bu orqali yakuniy ro‘yxat shakllantiriladi hamda Ekspertlar kengashi tomonidan ko‘rib chiqiladi va tasdiqlanadi.
5. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra loyiha doirasida:
har yili nashr etiladigan kitoblar ro‘yxatiga kamida 20 foiz ilmiy-ommabop asarlar kiritiladi;
davlat buyurtmasiga asosan tarjima qilingan va chop etishga tayyorlangan kitoblarga doir huquqlar Yoshlar ishlari agentligi tasarrufida qoldiriladi hamda ushbu kitoblarni kelgusida nashriyotlar tomonidan o‘z mablag‘lari hisobidan chop etish va realizatsiya qilish uchun Yoshlar ishlari agentligi tomonidan bepul asosda taqdim etiladi;
davlat buyurtmasiga asosan chop etilgan kitoblar Ekspertlar kengashi tavsiyasiga ko‘ra Yoshlar ishlari agentligi tomonidan axborot-kutubxona muassasalari, shu jumladan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining kutubxonalariga beg‘araz taqdim etiladi;
chop etilgan kitoblarning elektron nusxalari kitobxonlar keng foydalanishi uchun mualliflik huquqi egasi bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga va Fanlar Akademiyasi tizimidagi kutubxonalarga beg‘araz taqdim etiladi.
6. Yoshlar ishlari agentligi 2023-2024-yillarda dastlabki tanlangan 50 nomdagi jahonda mashhur bo‘lgan kitoblarini tarjima qilish, nashrga tayyorlash va chop etish choralarini ko‘rsin.
7. Belgilansinki, loyiha doirasida Yoshlar ishlari agentligi tomonidan kitoblarni tarjima qilish, nashrga tayyorlash va chop etish bilan bog‘liq davlat xaridlari talabgorlar o‘rtasida eng yaxshi takliflarni tanlash hamda tender o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.
Bunda:
eng yaxshi takliflarni tanlash hamda tender o‘tkazish to‘g‘risidagi e’lonlar davlat xaridlarining elektron tizimiga va Yoshlar ishlari agentligining rasmiy veb-saytlariga joylashtiriladi;
davlat xaridiga doir texnik topshiriq “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK tomonidan, istisno tariqasida, ekspertizadan o‘tkazilmaydi.
8. Yoshlar ishlari agentligi, AT “Xalq banki” va Respublika yosh ijodkorlar kengashi nodavlat notijorat tashkilotining quyidagi takliflari qo‘llab-quvvatlansin:
Yoshlar ishlari agentligi tomonidan AT “Xalq banki” bilan birgalikda o‘zbek tilidagi adabiyotlar jamlanadigan va aholi tomonidan bepul foydalaniladigan maxsus mobil ilovani (keyingi o‘rinlarda — mobil ilova) yaratish va uning doimiy faoliyat yuritishini ta’minlash;
mobil ilovani yaratish va uning doimiy faoliyat yuritishini ta’minlash bo‘yicha Respublika yosh ijodkorlar kengashi nodavlat notijorat tashkilotini buyurtmachi etib belgilash;
mobil ilovani yaratish bilan bog‘liq xarajatlarni AT “Xalq banki”ning homiylik mablag‘lari hisobidan amalga oshirish;
mobil ilovani yuritish (kontent bilan to‘ldirish, shu jumladan audio, video va matn shaklidagi adabiyotlarni tayyorlash, xorijiy va mahalliy mualliflarga mualliflik haqini to‘lash hamda ushbu adabiyotlarni o‘zbek tiliga tarjima qilish) bilan bog‘liq xarajatlarni Yoshlar ishlari agentligi hisobidan Respublika yosh ijodkorlar kengashi nodavlat notijorat tashkilotiga mablag‘ ajratish orqali moliyalashtirish.
9. Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi huzuridagi Respublika bolalar kutubxonasining yangidan rekonstruksiya qilingan binosida to‘plangan boy kitob fondidan keng foydalanishga imkoniyat yaratish maqsadida Yoshlar ishlari agentligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi bilan birgalikda:
volontyorlarni jalb qilgan holda bir oy muddatda Respublika bolalar kutubxonasi kitob fondining elektron katalogini yaratsin;
kutubxona tasarrufidagi xorijiy tillarda chop etilgan adabiyotlarni mualliflik huquqlarini inobatga olgan holda o‘zbek tiliga tarjima qilish va targ‘ib qilish yuzasidan Ekspertlar kengashiga har yili takliflar kiritib borsin;
mobil ilovada bolalar uchun alohida funksional (interaktiv o‘yinlar, virtual kitob javoni kabilar) imkoniyatlar yaratilishini ta’minlasin.
Raqamli texnologiyalar vazirligi Respublika bolalar kutubxonasining murojaatiga asosan jamoat joylarida Internet tarmog‘iga simsiz bepul ulanish hududlariga qo‘yilgan talablarga muvofiq Respublika bolalar kutubxonasining Wi-Fi tarmog‘ining foydalanuvchilarning shaxsini majburiy identifikatsiya qilish tizimiga o‘rnatilgan tartibda ulanishi va foydalanilishini ta’minlasin.
10. O‘zbekiston Milliy kutubxonasi va Fanlar akademiyasi Yoshlar ishlari agentligining so‘roviga asosan mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiq mobil ilovaga joylashtirish uchun o‘z fondidagi adabiyotlarning elektron shaklini (nodir va maxsus fondlarda saqlanadigan adabiyotlar bundan mustasno) Yoshlar ishlar agentligiga belgilangan tartibda doimiy ravishda beg‘araz taqdim etib borsin.
11. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi ushbu Jamg‘arma tomonidan chop etilgan O‘zbek tilining izohli lug‘ati va boshqa lug‘atlarni mobil ilovaga joylashtirish uchun Yoshlar ishlari agentligiga elektron shaklda beg‘araz taqdim etsin.
12. Yoshlar ishlari agentligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan birgalikda:
manfaatdor nodavlat telekanallar bilan hamkorlikda kitobxonlikni targ‘ib qilishga qaratilgan media mahsulotlarni tayyorlasin va ularning efirga uzatilishini ta’minlasin hamda faol kitobxonlarni doimiy rag‘batlantirib borish tizimini yo‘lga qo‘ysin;
loyiha doirasida nashriyotlar tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan va ommalashtirishga tayyorlanayotgan kitoblar qonunchilikka muvofiq tegishli ekspertizalardan o‘tkazilishini tashkil etsin.
13. Tashqi ishlar vazirligi Adliya vazirligi bilan hamkorlikda tarjima qilinadigan asarlarning mualliflik huquqini sotib olishga doir hujjatlarni mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi elchixonalari va konsulliklari orqali rasmiylashtirishda Yoshlar ishlari agentligi hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga amaliy yordam ko‘rsatsin.
14. Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
loyiha doirasida Yoshlar ishlar agentligining asoslantirilgan hisob-kitoblariga muvofiq 2023-yilda jahonda mashhur bo‘lgan kitoblarini o‘zbek tiliga tarjima qilish, nashrga tayyorlash va chop etish ishlarini amalga oshirish, shu jumladan ushbu qarorning 3, 6, 8, 12-bandlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash uchun Davlat budjeti daromadlarining oshirib bajarilgan qismi hisobidan Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga qo‘shimcha 20 milliard so‘m ajratsin hamda kelgusi yillarda ushbu maqsadlar uchun mablag‘larning Davlat budjetida nazarda tutsin;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman va shahar hokimliklari bilan birgalikda 2024-yildan boshlab har yili hududlardagi axborot-kutubxona muassasalarining fondlarini to‘ldirish, yangilash va ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun Davlat budjeti hamda mahalliy budjetlarda zarur mablag‘larni nazarda tutsin;
2024-yildan boshlab Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining asoslantirilgan hisob-kitoblariga muvofiq, o‘zbek va jahon adabiyoti durdonalarini keng ommalashtirish, jamiyatda kitobxonlikni hamda aholiga axborot-kutubxona xizmatini ko‘rsatishni rivojlantirish maqsadlari uchun Davlat budjetida zarur bo‘lgan mablag‘larning nazarda tutsin.
15. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda xorijiy tajribani o‘rgangan holda, namuna sifatida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi bittadan axborot-kutubxona muassasasida adabiyotlar hisobini yuritish, ularni saqlash va raqamlashtirish, aholiga zamonaviy axborot-kutubxona xizmatini ko‘rsatish tizimini yaratish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
16. Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
17. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Z. Sa’dullayev hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori A.A. Xodjayev belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 28-noyabr,
PQ-380-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 07/23/380/0904-son; 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)