Oʻzbekitson respublikasi hukumati bila italiya respublikasi oʻrtasida
2024 — 2026 YILLARGA MOʻLJALLANGAN MADANIY HAMKORLIK DASTURI
[Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan davlat reyestrida 2023-yil 14-noyabrda 4532-FR-2023-H tartib raqami bilan roʻyxatga olindi.]
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Italiya Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar, sohada oʻzaro almashinuvni rivojlantirish maqsadida 1997-yil 3-mayda imzolangan Madaniy hamkorlik toʻgʻrisidagi hukumatlararo Bitimga muvofiq madaniyat, fan va taʼlim, shuningdek, mamlakatlar va xalqlar oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni mustahkamlash boʻyicha navbatdagi 2024 — 2026-yillarga moʻljallangan Madaniy hamkorlik dasturini kelishib oldilar.
1. TAʼLIM
1.1. Universitet taʼlimi
1.1.1. Tomonlar universitetlar va boshqa oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlikni quyidagi yoʻllar bilan qoʻllab-quvvatlaydilar:
hamkorlik boʻyicha hujjatlar (memorandumlar va bitimlar) tuzish;
oʻqituvchilar, axborot va statistik maʼlumotlar almashinuvi;
Italiya universitetlari rektorlari assotsiatsiyasi (CRUI) va Oʻzbekiston Respublikasining shu kabi instituti oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik;
qoʻshma ilmiy loyihalar, seminarlar va konferensiyalar oʻtkazish.
1.1.2. Tomonlar har yili aloqalarni oʻrnatish, har ikki Tomonning manfaatlariga javob beradigan ilmiy tadqiqot yoʻnalishlarini aniqlash, shuningdek universitetlar yoki boshqa oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida 8 kungacha boʻlgan muddatga uchta universitet professori va/yoki izlanuvchilarning tashriflarini almashadilar.
1.1.3. Italiya Tomonining maʼlum qilishicha, oliy taʼlim sanʼat, musiqa va xoreografiya yoʻnalishlari boʻyicha universitet taʼlimiga tenglashtirilgan taʼlimni oʻz ichiga oladi. Bunday taʼlimni davlat muassasalarida ham xususiy muassasalarda ham olish mumkin.
Sanʼat, musiqa va xoreografiya sohasidagi oliy taʼlim muassasalari Italiya Universitetlar va tadqiqot vazirligining veb-saytida keltirilgan: https://www.mur.gov.it/it/aree-tematiche/afam/gli-isttituti
1.1.4. Italiya Tomoni sanʼat, musiqa va xoreografiya sohasida taʼlim doirasida umumiy dastur va loyihalarni amalga oshirish maqsadida ikki davlatning vakolatli muassasalari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga umid bildiradi.
1.1.5. Tomonlar oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida, shuningdek, Yevropa Ittifoqi dasturlari doirasidagi hamkorlikka koʻmaklashadilar.
1.2. Til oʻrgatish
1.2.1. Tomonlar Italiyada oʻzbek tilini oʻqitish boʻlimlari mavjud emasligini, Oʻzbekistonda esa bitta kafedra faoliyat yuritayotganini taʼkidlamoqda. Italiya Tomoni Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalarida Italiya tili va madaniyati kafedrasini moliyalashtirishni davom ettirish imkoniyatlarini koʻrib chiqadi.
1.2.2. Italiya Tomoni Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalarida italyan tili va madaniyati kafedrasini moliyalashtirish, shuningdek, mahalliy oʻqituvchilar uchun malaka oshirish kurslarini, shu jumladan masofaviy taʼlim shaklida oʻtkazish uchun mablagʻ ajratish imkoniyatlarini tahlil qiladi.
1.2.3. Italiya Tomoni (Tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vazirligi, Jamoat va madaniy diplomatiya bosh boshqarmasi) budjet mablagʻlariga muvofiq italyan tili va madaniyatini oʻqitish, malaka oshirish uchun oʻquv-uslubiy materiallar xarid qilish, shu jumladan mahalliy oʻqituvchilar uchun masofaviy kurslar tashkil etish uchun mablagʻ ajratish imkoniyatlarini tahlil qiladi.
1.2.4. Tomonlar har ikki davlatda tegishli tillar va madaniyatlarni rivojlantirishga harakat qiladilar.
1.3. Taʼlim hujjatlari
1.3.1. Tomonlar vaqti-vaqti bilan hujjatlar almashinuvi yoʻli bilan ikkala davlatning vakolatli organlari tomonidan oʻtkaziladigan tegishli sertifikatlar va taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlarni toʻgʻri qiyosiy baholashni amalga oshirish maqsadida universitet taʼlim tizimlari, shuningdek, ularning rivojlanishi haqidagi bilimlarni oʻzaro yangilaydilar.
2. OʻQUV GRANTLARI
2.1. Oʻzbekiston fuqarolari — talabalar va izlanuvchilar Italiya Respublikasining yillik taʼlim grantlarini taqdim etish boʻyicha mamlakatning moliyaviy imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda ajratiladigan tanlovlarda ishtirok etishlari mumkin boʻladi. Oʻquv grantlari asosida oʻqish oylari soni yildan yilga oʻzgarib turadi va Italiya Respublikasi Tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vazirligining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
2.2. Oʻzbekiston Tomoni Italiya fuqarolariga Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari negizida oʻzbek tili va adabiyoti yoki taʼlim va fanning Italiya Tomonini qiziqtirgan boshqa yoʻnalishlari boʻyicha qisqa muddatli taʼlim amaliyotini oʻtash imkoniyatini yaratadi. Taʼlim grantlari asosida oʻqish oylari soni Tomonlar oʻrtasidagi maxsus kelishuvga qarab yildan-yilga oʻzgarib turadi.
3. MADANIYAT VA SANʼAT
3.1. Madaniy faoliyat va sanʼat
3.1.1. Tomonlar madaniyat, sanʼat va sport sohalarida oʻtkaziladigan festivallar, koʻrik-tanlovlar va xalqaro tanlovlar, shuningdek, har ikki davlat tomonidan oʻtkaziladigan boshqa shu kabi tashabbuslar haqida maʼlumot almashadilar. Tomonlar, shuningdek, yuqoridagi tadbirlarda ikki mamlakat sanʼat va madaniyat namoyandalarining oʻzaro ishtirokini taʼminlaydi.
Tomonlar ularning boy madaniy anʼanalari va urf-odatlarini kengroq yoritish va tanishtirish maqsadida 2024-yilda Italiya Respublikasida “Oʻzbekiston madaniyati va sanʼati kunlari”ni hamda paritet asosda 2025-yilda Oʻzbekiston Respublikasida “Italiya madaniyati va sanʼati kunlarini” oʻtkazish imkoniyatlarini koʻrib chiqadilar.
3.1.2. Tomonlar turli soha mutaxassislari almashinuvi orqali Madaniyat va tasviriy sanʼatni targʻib qilish, shuningdek, u bilan bogʻliq ijodiy va madaniy sohalarni rivojlantirishga hissa qoʻshadilar.
3.2. Koʻrgazmalar
3.2.1. Mazkur Dasturning amal qilish muddati doirasida Tomonlar rasm, amaliy sanʼat, fotografiya va dizayn boʻyicha koʻrgazmalarni tashkil etishga hissa qoʻshadilar. Koʻrgazmalar boʻyicha takliflar va ularning mavzulari tomonlar tarafidan diplomatik kanallar orqali kelishib olinadi.
3.3. Teatr, musiqa, raqs
3.3.1. Tomonlar isteʼdodli guruhlar yoki alohida sanʼatkorlarning turli chiqishlari va gastrollarini ragʻbatlantiradilar, shuningdek, har ikki davlat madaniyati bilan bogʻliq uyushmalar va muassasalar oʻrtasidagi hamkorlik va almashinuvni qoʻllab-quvvatlaydilar.
Tomonlar ikki mamlakat oliy sanʼat taʼlimining tegishli kurslari oʻqituvchilarini, shuningdek, sanʼatning taniqli vakillarini jalb etgan holda aktyorlik, rejissorlik, dramaturgiya, teatr boshqaruvi va boshqa teatr faoliyati boʻyicha spektakllar, ijodiy dasturlar, mahorat darslari va darslar oʻtkazishga koʻmaklashadilar.
3.4. Kino
3.4.1. Tomonlar har ikki davlat kinematografiyasini rivojlantirish maqsadida kinematografiya sohasida faoliyat yurituvchi davlat tashkilotlari, muassasalari va birlashmalari oʻrtasidagi hamkorlikka koʻmaklashadilar. Bu hamkorlik sanʼatkorlar almashinuvini, xalqaro ahamiyatga molik festivallar, simpoziumlar, koʻrgazmalar va boshqa barcha turdagi madaniy tadbirlarda oʻzaro ishtirok etishni nazarda tutadi. Tomonlar, shuningdek, filmlarni targʻib qilish, tarqatish va birgalikda ishlab chiqarish boʻyicha loyihalarni amalga oshirishda koʻmak beradi.
4. MADANIY MEROSNI RESTAVRATSSIYA, KONSERVATSSIYA, MUHOFAZA QILISh VA ARXEOLOGIYA SOHALARIDA HAMKORLIK.
4.1. Mazkur Dasturning amal qilish muddati davomida Tomonlar tegishli vakolatli organlar tomonidan madaniy merosni muhofaza qilish, asrab-avaylash va qadrini oshirish sohasida, shuningdek, arxeologiya va muzeyshunoslik sohasida hamkorlik qilish, meʼmorchilik va zamonaviy sanʼatni rivojlantirishga koʻmaklashadilar.
Madaniy meros doirasida taʼlim, kadrlar tayyorlash va amaliy tadqiqotlar sohasida Tomonlar oʻquv kunlari, seminarlar, konferensiyalar, shuningdek, UNESCOning Jahon madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgan obyektlarda qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazish yoʻli bilan axborot, tajriba va ilgʻor tajriba almashishga koʻmaklashadilar.
Italiya Tomoni mazkur Dasturni amalga oshirish davrida, muayyan amalga oshirish boʻyicha kelishuvlar tuzilgan taqdirda, restavratsiya sohasida mutaxassislarni yuborishga, shuningdek, Italiya Madaniyat vazirligining Taʼlim Bosh boshqarmasiga, tadqiqot va madaniyat institutlariga tegishli markaziy restavratsiya muassasalari bilan kelishilgan holda ushbu sohada oʻquv mashqlarini oʻtkazishga tayyorligini bildiradi.
4.2. Tomonlarning arxeologik missiyalari birgalikda tadqiqot olib borish huquqiga ega.
Tomonlar har ikki davlatda amalda boʻlgan qonunlar va qoidalarga muvofiq, Tomonlar hududida faoliyat yurituvchi arxeologik missiyalar faoliyatini qoʻllab-quvvatlaydilar.
4.3. Tomonlar har ikki davlat muzeylari oʻrtasidagi hamkorlikni, xususan, muzeylar faoliyati va rivojlanishining ilmiy-texnikaviy mezonlari va standartlari boʻyicha oʻzaro munosabatlar tamoyillariga asoslangan hamkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashadilar. Shu munosabat bilan ushbu sohada mutaxassislarni kelgusida malakasini oshirish maqsadida almashinuv amalga oshiriladi. Tegishli tafsilotlar, jumladan, moliyaviy masalalar diplomatik kanallar orqali tasdiqlanadi.
4.4. Tomonlar oʻzlarining milliy qonunchiligiga muvofiq hamda 1970-yildagi UNESCOning Madaniy boyliklarni noqonuniy ravishda olib kelish, olib ketish va ularga boʻlgan egalik huquqini oʻzgaga berishni man etish va oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyasidan kelib chiqadigan majburiyatlarni hisobga olgan holda va Oʻgʻirlangan yoki noqonuniy olib chiqilgan madaniy boyliklar toʻgʻrisidagi 1995-yilgi UNIDROIT konvensiyasi tamoyillarini inobatga olgan holda madaniy boyliklarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashishda hamkorlik qiladilar.
Tomonlar, shuningdek, suv osti arxeologiyasi sohasidagi qonun hujjatlariga muvofiq va UNESCOning 2001-yildagi Suv osti madaniy merosini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyasi tamoyillarini hisobga olgan holda suv osti madaniy merosini muhofaza qilish sohasida hamkorlik qiladilar.
4.5. Tomonlar UNESCOning 1972-yildagi Umumjahon madaniy va tabiiy merosni muhofaza qilish toʻgʻrisida va 2003-yildagi Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyalarida yuklangan majburiyatlarni bajarish boʻyicha hamkorlikka alohida eʼtibor qaratadilar. Tomonlar, shuningdek, UNESCOning 2005-yilgi Madaniy ifodalarning turli xil shakllarini muhofaza qilish va qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi Konvensiya boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarishda hamkorlik qiladilar.
5. ARXIVLAR, KUTUBXONALAR VA NAShR QILISh
5.1. Arxivlar
5.1.1. Tomonlar har yili oʻz davlatlarining milliy qonunchiligiga muvofiq ilmiy nashrlar, hujjatlar nusxalari, maʼlumotlar bazalari va meʼyoriy hujjatlarni almashish orqali tegishli arxiv boʻlimlarining hamkorligiga koʻmaklashadilar.
5.1.2. Tomonlar oʻqish yoki tadqiqot oʻtkazish, shuningdek, tegishli arxiv faoliyatini tashkil etish boʻyicha maʼlumotlarni olish uchun 10 kundan ortiq boʻlmagan muddatga arxiv ishi sohasidagi ikki mutaxassisning tashriflarini oʻzaro kelishuv asosida almashadilar. Tomonlar arxiv hujjatlarini raqamlashtirish, shuningdek, ushbu hujjatlarni saqlash boʻyicha elektron maʼlumotlar bazalarini yaratish, arxiv ishi sohasiga axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini joriy etish, restavratsiya ishlarini olib borish va arxiv hujjatlarining zaxira nusxalarini yaratish boʻyicha tajriba almashadi.
5.1.3. Tomonlar davlat arxividagi ariza beruvchilarga arxiv hujjatlarini bepul taqdim etadilar. Shu munosabat bilan, Italiya Tomoni oʻquv maqsadlarida arxivda saqlanayotgan hujjatlar boʻyicha maslahat berish bepul amalga oshirilishini maʼlum qiladi.
5.2. Kutubxonalar
5.2.1. Tomonlar ushbu Dasturni amalga oshirish davrida ikki davlat kutubxonalari oʻrtasidagi hamkorlikning quyidagi turlarini qoʻllab-quvvatlaydilar:
ikki davlat kutubxonalari, akademiyalari va madaniyat muassasalari oʻrtasida kitoblar, nashrlar va gazetalar almashinuvi;
Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiligi doirasida turli koʻrgazmalar tashkil etish maqsadida davlat kutubxonalariga tegishli boʻlgan nodir va qimmatbaho materiallarni qarzga olishga ruxsatnomalar berish;
ixtisoslashtirilgan kutubxona xodimlarini bir haftadan koʻp boʻlmagan oʻquv safari orqali almashish;
Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiligi doirasida Davlat kutubxonalarida saqlanadigan kitob materiallari nusxalari yoki mikrofilmlari bilan almashish.
5.2.2. Italiya Tomoni kutubxona iqtisodiyoti, konservatsiya va restavratsiya, kataloglashtirish va informatika sohalaridagi mutaxassislarni yuborishga tayyorligini bildiradi. Mutaxassislarning xizmat safari xarajatlarini taklif qiluvchi Tomon oʻz zimmasiga oladi. Ushbu masalaga oid tafsilotlar har ikki Tomonning diplomatik kanallari orqali kelishiladi.
Markaziy arxivlar va kitoblar patologiyasi instituti (ICPAL) arxiv va kitob merosini saqlash va restavratsiya qilish boʻyicha oʻz mutaxassislarini kitob merosini asrab-avaylash va saqlash boʻyicha oʻquv koʻrgazmalarini tashkil etishga koʻmaklashish hamda ularning ushbu sohadagi ilmiy nashrlar almashinuvini ragʻbatlantirish uchun yuborishni koʻzda tutadi.
5.3. Nashriyot
5.3.1. Tomonlar ikki davlat adabiyoti, ilm-fani va sanʼatini chuqurroq oʻrganishga xizmat qiluvchi yuksak badiiy qimmatga ega boʻlgan mumtoz va zamonaviy asarlarni tarjima qilish va nashr etishga koʻmaklashadilar.
5.3.2. Italiya Tomoni italyan tilidagi asarlarni xorijiy tillarga tarjima qilish uchun grantlar va toʻlovlar taqdim etishini maʼlum qiladi:
Italiya Tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vazirligi (Jamoat va madaniy diplomatiya bosh boshqarmasi) adabiy yoki ilmiy asarlarni tarjima qilish, shuningdek qisqa metrajli va badiiy filmlarni tarjima qilish, takrorlash va subtitrlash orqali italyan madaniyatini yoyishga qaratilgan loyihalar uchun italyan yoki chet el nashriyotlari yoki tarjimonlariga bonuslar va moliyaviy toʻlovlarni taqdim etadi.
Italiya Madaniyat vazirligi Italiya Respublikasi Prezidentining Oliy homiyligi ostida italyan yoki chet ellik tarjimon va nashriyotchilarga “Milliy mukofot”ni topshiradi.
6. TELERADIO SOHASIDA HAMKORLIK VA AXBOROT
Tomonlar tegishli manfaatdor organlar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri bitimlar tuzishga koʻmaklashuvchi, shuningdek, har ikki davlatdagi voqelikni yaxshiroq tushunishni ragʻbatlantirish maqsadida radio va televideniya eshittirishlari sohasida oʻzaro almashuvga koʻmaklashadilar.
7. YoShLAR VA SPORT VAKILLARI BILAN ALMAShISh
7.1. Tomonlar ikki mamlakat davlat institutlari tomonidan taklif etilgan qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirish orqali yoshlar almashinuvi hamkorligini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlaydi.
7.2. Tomonlar oʻz vakillarining ikki davlatdan birining hududida oʻtkaziladigan sport musobaqalari, oʻyinlari va boshqa xalqaro sport tadbirlarida ishtirok etishiga koʻmaklashadilar.
7.3. Tomonlar sport muassasalari, xususan, tegishli nazorat qiluvchi vazirliklar va Olimpiya qoʻmitalari oʻrtasidagi aloqalar orqali turli sport turlarini rivojlantirish va hamkorlikni qoʻllab-quvvatlaydi.
7.4. Tomonlar UNESCOning 2005-yildagi Sportda dopingga qarshi kurash toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyasi qoidalariga rioya qilish majburiyatini oladilar.
8. TURIZM
8.1. Tomonlar bir Tomon davlati fuqarolarini boshqa Tomon davlati xalqlarining diqqatga sazovor joylari, tabiiy, tarixiy, badiiy va madaniy merosi va madaniy anʼanalari bilan tanishtirish maqsadida turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirishni ragʻbatlantiradilar.
8.2. Sayyohlik oqimini koʻpaytirish maqsadida Tomonlar davlatlarning turizm maʼmuriyatlari oʻrtasida yaqin hamkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashish niyat qiladilar.
8.3. Tomonlar turizm sohasi vakillarining har ikki davlat hududlarida tashkil etiladigan tadbirlarda ishtirok etishiga koʻmaklashadilar.
9. INSON HUQUQLARI
9.1. Tomonlar madaniyat va inson huquqlari boʻyicha taʼlim sohasidagi faoliyatni qoʻllab-quvvatlaydilar.
Tomonlar quyidagi maqsadda yordam beradilar:
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi va Vazirlar Kengashi Raisi, Italiyaning Teng imkoniyatlar departamenti oʻrtasida aloqalarni oʻrnatish;
fuqarolik jamiyati institutlari bilan ochiq muloqotni davom ettirish maqsadida doimiy maslahat institutlari faoliyati doirasida Italiya tajribasini oʻrganish;
odam savdosiga, ayollar va bolalarga nisbatan zoʻravonlikka qarshi kurashish shakllarini oʻrganish sohasida, shuningdek, inson huquqlari mavzusida madaniy taʼlim sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;
qamoqda saqlash joylarining mustaqil monitoring tizimini yaratish boʻyicha Italiya tajribasini oʻrganish;
Oʻzbekistonda inson huquqlari boʻyicha tadbirlarga italiyalik ekspertlarni taklif etish va Milliy markazning xalq diplomatiyasini boyitish;
jinoyatchilik, terrorizm va giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurash kontekstida inson huquqlarini taʼminlash kafolatlari boʻyicha Italiya qonunchiligini oʻrganishga koʻmaklashish;
inson huquqlari boʻyicha xalqaro hujjatlar qoidalarini amalga oshirish boʻyicha Italiya tajribasini oʻrganish.
9.2. Tomonlar, shuningdek, mazkur Dasturning barcha bandlari boʻyicha erkaklar va ayollar oʻrtasidagi tenglikni mustahkamlash, ayollar isteʼdodini oshirish va ragʻbatlantirishga qaratilgan taʼlim va madaniyat sohasidagi tashabbuslarni hamda ular tomonidan amalga oshirilayotgan madaniy loyihalarni ilgari suradi.
Italiya Tomoni bu sohada aloqalarni oʻrnatishga tayyorligini bildiradi.
10. YAKUNIY QOIDALAR
10.1. Mazkur Dastur diplomatik kanallar orqali boshqa turdagi tashabbuslarni muvofiqlashtirish imkoniyatini istisno etmaydi.
10.2. Tomonlar mazkur Dasturda qayd etilgan barcha tashabbuslar har ikki davlatning tegishli yillik budjetlarida belgilangan mablagʻlar mavjudligi doirasida amalga oshirilishiga kelishib oldilar.
10.3. Mazkur Dastur Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiligi va xalqaro majburiyatlariga muvofiq, shuningdek, Italiyaga nisbatan uning Yevropa Ittifoqiga aʼzoligidan kelib chiqadigan majburiyatlarga muvofiq amalga oshiriladi.
10.4 Tomonlar mazkur Dasturda koʻzda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun almashadigan shaxsga doir maʼlumotlarning maxfiyligini kafolatlaydilar, shaxsga doir maʼlumotlar egasining yozma roziligisiz ularni uchinchi shaxslarga bermaydilar va har qanday holatda ularni kelishilgan maqsadlarga mos kelmaydigan tarzda foydalanmaydilar.
10.5 Ilova mazkur Dasturga qoʻshimcha hisoblanadi.
10.6 Mazkur Dastur qoidalarini talqin qilish yoki qoʻllashda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, Tomonlar ularni muzokaralar va maslahatlashuvlar orqali hal qiladilar.
10.7 Mazkur Dastur 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi va keyingisi imzolangunga qadar, lekin 2026-yil 31-dekabrdan kechiktirmay amal qiladi.
Mazkur Dastur 2023-yil 8-iyun kuni Rim shahrida ikki asl nusxada, har bir Tomon uchun bittadan imzolandi. Har bir nusxa oʻzbek va italyan tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
(imzolar)
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Italiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida 2024 — 2026-yillarga moʻljallangan madaniy hamkorlik Dasturiga
ILOVA
ILOVA
1. TAShRIFLAR ALMAShISh
Mazkur Dasturning 1.1.2.,5.1.2.,5.2.1-bandlarida nazarda tutilgan tashriflar quyidagi tartibda tashkil etiladi.
A. Yuboruvchi Tomon oʻz vakillari joʻnab ketgan kundan boshlab uch oy mobaynida diplomatik kanallar orqali qabul qiluvchi Tomonni xabardor qiladi. Bunday holda, yuboruvchi Tomon quyidagi maʼlumotlarni ilova qiladi:
nomzodlar haqida umumiy maʼlumotlar, ularning rezyumelari va chet tillarini bilishlarini tasdiqlovchi hujjatlar;
Italiya Tomoni nomzodlarining fuqaroligi italyan yoki Yevropa Ittifoqi davlatlaridan biri boʻlishi va shunga mos ravishda Oʻzbekiston Tomonidan nomzodlar uchun Oʻzbekiston fuqaroligi boʻlishi kerak;
mumkin boʻlgan konferensiyalar nomi, mezbon professor yoki universitetlarning tegishli kafedrasi/fakulteti, shuningdek, boshqa taʼlim muassasalari nomi koʻrsatilgan tashrif dasturi;
tashrif sanalari va davomiyligi.
B. Qabul qiluvchi tomon tashrifni qabul qilish niyatini diplomatik kanallar orqali belgilangan joʻnab ketish sanasidan bir oy oldin tasdiqlashi shart.
S. Qabul qiluvchi Tomon oʻz hududida poytaxtdan tashrif buyuriladigan joyga koʻchish va uchish bilan bogʻliq xarajatlarni oʻz zimmasiga oladi.
Faqat Italiyadan Oʻzbekistonga tashrif buyuradigan oliy oʻquv yurtlari professor-oʻqituvchilari uchun (1.1.2. band) Italiya tomoni mamlakat ichida, poytaxtdan tashrif buyuradigan joyga va qaytib kelish bilan bogʻliq barcha mumkin boʻlgan xarajatlarni oʻz zimmasiga oladi.
D. Italiya Tomoni Oʻzbekistonlik oʻqituvchilarga (1.1.2. band) barcha xarajatlarni hisobga olgan holda dastlabki 6 kun uchun 120 yevro, tashrif uchun koʻzda tutilgan 8 kundan 2 kun uchun 93 yevro miqdorida kunlik toʻlovni taklif qiladi. Italiya tomoni Oʻzbekistondan kelgan mutaxassislarga (5.1.2. va 5.2.1. bandlar) barcha xarajatlarni hisobga olgan holda 93 yevro miqdoridagi kunlik toʻlovni taklif qiladi. Oʻzbekiston Tomoni Italiyadan kelgan mehmonlarga turar joy, ovqatlanish va transport xarajatlarini taklif etadi. Aniq miqdorlar ikki davlat hamkor tashkilotlari oʻrtasida muhokama qilinadi.
E. Tashrif tugaganidan keyin bir oy muddatda almashinuvda ishtirok etuvchi oʻqituvchilar (1.1.2. band) tashrif davomida oʻtkazilgan tadqiqot toʻgʻrisidagi hisobotni tashrif amalga oshirilgan davlatning diplomatik vakolatxonasiga taqdim etadilar.
2. OʻQUV GRANTLARI
2.1-bandda koʻzda tutilgan oʻquv grantlari quyidagi tartibda amalga oshiriladi.
A. Oʻquv grantini olish imkoniyati uchun tanlov eʼlon qilinganda nomzodlar taqdim etishi kerak boʻlgan hujjatlar roʻyxati taqdim etiladi;
B. Italiya Tomoni Oʻzbekistonlik grant oluvchilarga quyidagilar ajratadi:
2.1-bandda koʻrsatilgan shartlarga qarab oylik toʻlov; oʻquv granti muddati davomida kasallik va baxtsiz hodisalardan tibbiy sugʻurta, ilgari mavjud boʻlgan ruhiy va jismoniy kasalliklar, shuningdek tish davolash xarajatlari bundan mustasno;
universitet toʻlovlarini toʻlashdan qisman ozod qilish, agar u tegishli masala boʻyicha oʻzining mustaqilligi doirasida universitet tomonidan nazarda tutilgan boʻlsa.
S. Oʻzbekiston Tomoni oʻquv kurslarini oʻtkazish uchun malakali oʻqituvchilarni jalb qiladi, kutubxonadan foydalanish imkoniyatini taʼminlaydi, oʻquv-uslubiy yordam koʻrsatishda va italiyalik stajorlarning ilmiy seminarlar, konferensiyalar va boshqalarda ishtirok etishiga yordam beradi.
Kurs uchun hech qanday toʻlov olinmaydi. Agar kerak boʻlsa, Oʻzbekiston Tomoni talabalar turar joyidan ham bepul joy ajratishi mumkin.
D. Nomzodlarni — oʻquv grantlari gʻoliblarini tanlash har bir davlatda maxsus tayinlangan Komissiya tomonidan amalga oshiriladi;
E. Komissiya tarkibiga grant taklif etayotgan davlatning diplomatik vakolatxonasi vakili kiradi;
F. Grant egalari grant taklif qilayotgan davlatning diplomatik vakolatxonasidan rasmiy xabar olinmaguncha mezbon davlatga sayohat qila olmaydi.