O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Aviatsiya faoliyatini samarali tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasida mahalliy aholi va sayyohlarni ichki aviaqatnovlarda tashishni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada yaxshilash maqsadida:
1. Transport vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, “Uzbekistan Airways” AJ hamda “Uzbekistan Airports” AJ boshqaruv organlarining:
“SILK AVIA” MChJ ustav kapitalidagi “Uzbekistan Airports” AJning 100 foiz ulushini uning brendini saqlab qolgan holda “Uzbekistan Airways” AJ tarkibidagi “Uzbekistan Helicopters” MChJ ustav kapitaliga o‘tkazish;
“Uzbekistan Airports” AJning 3 ta “ATR72-600” rusumli havo kemasini “SILK AVIA” MChJga beg‘araz o‘tkazish;
“SILK AVIA” MChJ faoliyatini samarali tashkil etish va rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish doirasida “ATR72-600” rusumli havo kemalari sonini oshirish;
“Uzbekistan Airways” AJ tarkibidagi “Uzbekistan Helicopters” MChJ zimmasiga mahalliy aviaqatnovlarning sonini oshirish, parvozlar geografiyasini kengaytirish, yangi yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘yish hamda “ATR72-600” rusumli havo kemalari parkini rivojlantirish vazifalarini yuklash to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Belgilansinki:
“Uzbekistan Airports” AJning ustav kapitalidagi davlat ulushi “SILK AVIA” MChJdagi ulushning qoldiq (balans) qiymatiga kamaytiriladi hamda “Uzbekistan Airways” AJdagi davlat ulushi va “Uzbekistan Airways” AJning “Uzbekistan Helicopters” MChJdagi ulushi ushbu qiymatga oshiriladi;
“Uzbekistan Airports” AJning ustav kapitalidagi davlat ulushi “Uzbekistan Airways” AJ va “Uzbekistan Airports” AJ vakillaridan tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan aniqlanadigan “SILK AVIA” MChJga o‘tkazilayotgan 3 ta “ATR72-600” rusumli havo kemalari bilan bog‘liq xarajatlar summasiga kamaytiriladi;
mazkur qarorga asosan aktivlarni bir tashkilotdan boshqa tashkilotga o‘tkazish tovarni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma sifatida e’tirof etilmaydi va iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlaydigan bepul tovar berilishiga tenglashtiriladi;
“Uzbekistan Airports” AJ va “O‘zmilliybank” AJ o‘rtasida imzolangan kredit shartnomasi asosida to‘langan 13,62 million AQSh dollarining (12,5 million AQSh dollari miqdoridagi asosiy qarz va 1,12 million AQSh dollari miqdoridagi kredit foizi) so‘mdagi ekvivalentiga teng miqdorda “Uzbekistan Airports” AJning 2022-yil yakuniga ko‘ra olgan sof foydasidan Davlat budjetiga to‘lashi lozim bo‘lgan dividendlari uch yil davomida teng ulushlarda bo‘lib to‘lanishiga ruxsat beriladi, bunda kechiktirilgan dividend summasi Markaziy bankning to‘lov kunidagi kursida hisobga olinadi.
3. Transport vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining:
“O‘zmilliybank” AJ tomonidan “Uzbekistan Airports” AJga 3 ta “ATR72-600” rusumli havo kemasini xarid qilish uchun berilgan 50 million AQSh dollari miqdoridagi kreditning tegishli qismini “Uzbekistan Airways” AJga kredit shartlarini qayta ko‘rib chiqqan holda qayta rasmiylashtirish;
“Uzbekistan Airports” AJning garov ta’minoti sifatida taqdim etilgan ko‘chmas mulkini garovdan chiqarib, 3 ta “ATR72-600” rusumli havo kemasi uchun ajratilgan kredit qiymatining 125 foizi miqdoridagi “Uzbekistan Airways” AJning mulki hamda xarid qilinayotgan havo kemalarini garov ta’minoti sifatida taqdim etish;
asosiy qarz, foizlar, komissiya va boshqa to‘lovlar bilan bog‘liq kelgusidagi xarajatlarni “O‘zmilliybank” AJ bilan imzolangan kredit shartnomasida ko‘rsatilgan miqdordan kelib chiqqan holda, “SILK AVIA” MChJ hamda “Uzbekistan Airways” AJ hisobidan to‘lash;
“Uzbekistan Airways” AJ va “Uzbekistan Airports” AJ vakillaridan tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan “Uzbekistan Airports” AJning “SILK AVIA” MChJ bo‘yicha tuzilgan barcha shartnomalari va moliyaviy xarajatlarini xatlovdan o‘tkazib, ushbu xatlov asosida aniqlangan shartnomalar bo‘yicha “Uzbekistan Airways” AJni “Uzbekistan Airports” AJning huquqiy vorisi etib belgilash to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
4. Transport vazirligi aholi va xorijiy sayyohlarning talab hamda ehtiyojlaridan kelib chiqib, hududlarni o‘zaro bog‘lash maqsadida talab yuqori bo‘lgan hududlarni aniqlab, ularda aviaqatnovlar sonini oshirish va yo‘nalishlarni muvofiqlashtirishga alohida e’tibor qaratgan holda, har yili bir marta ichki aviaqatnovlar yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqsin.
5. Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
bir oy muddatda “Uzbekistan Airports” AJning “SILK AVIA” MChJdagi 100 foiz ulushi “Uzbekistan Helicopters” MChJga o‘tkazilishini hamda mazkur qarorga muvofiq jamiyatlar ustav kapitallari o‘zgartirilishini;
“Uzbekistan Airways” AJning sof foydasidan davlat ulushiga hisoblanadigan dividendlarni mazkur qarorga muvofiq jamiyatga rasmiylashtiriladigan kreditni qaytarish uchun yo‘naltirish va mazkur dividendlar hisobidan jamiyat ustav fondidagi davlat ulushini oshirish masalasi jamiyat boshqaruv organlarida ko‘rib chiqilishini ta’minlasin.
7. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib transport vaziri I.R. Maxkamov belgilansin.
Qarorning o‘z vaqtida va samarali ijro etilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 16-oktabr,
PQ-337-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-oktabrdagi PQ-337-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-oktabrdagi “Respublikada mahalliy aviaqatnovlarni rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-412-son qaroriga kiritilayotgan o‘zgartirishlar
1. 5-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5. “O‘zmilliybank” AJ tomonidan “Uzbekistan Airways” AJga 50,0 mln AQSh dollari miqdorida ajratiladigan kredit bo‘yicha:
“Uzbekistan Airways” AJning 3 ta “ATR72-600” rusumli havo kemalari uchun ajratilgan kredit qiymatining 125 foizi miqdoridagi mulki hamda xarid qilinayotgan havo kemalari garov ta’minoti sifatida taqdim etiladi;
asosiy qarz, foizlar, komissiya va boshqa to‘lovlar bilan bog‘liq xarajatlar “O‘zmilliybank” AJ bilan imzolangan kredit shartnomasida ko‘rsatilgan miqdordan kelib chiqqan holda, “SILK AVIA” MChJ hamda “Uzbekistan Airways” AJ hisobidan qoplanadi”.
2. 7-bandning birinchi xatboshisidagi “bilan birgalikda” so‘zlari “bilan birgalikda 2023-yil yakuniga qadar” so‘zlari bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.10.2023-y., 07/23/337/0784-son)