Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻmondonining
buyrugʻi
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining Qoʻriqlash bosh boshqarmasiga qoʻriqlash uchun topshirilgan obyektlarni qoʻriqlashning muhandislik va texnik vositalari bilan jihozlash talablari, tartibi hamda shartlari toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 22-avgustda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3453]
Oʻzbekiston Respublikasining “Qoʻriqlash faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 8-moddasiga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining Qoʻriqlash bosh boshqarmasiga qoʻriqlash uchun topshirilgan obyektlarni qoʻriqlashning muhandislik va texnik vositalari bilan jihozlash talablari, tartibi hamda shartlari toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
3. Ushbu buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
Qoʻmondon R. DJURAYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 21-iyul,
179-son
Kelishildi:
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Raisi D. VAXABOV
2023-yil 3-iyul
Favqulodda vaziyatlar vaziri A. KULDASHEV
2023-yil 25-iyun
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri B. ZAKIROV
2023-yil 23-iyun
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻmondonining 2023-yil 21-iyuldagi 179-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining Qoʻriqlash bosh boshqarmasiga qoʻriqlash uchun topshirilgan obyektlarni qoʻriqlashning muhandislik va texnik vositalari bilan jihozlash talablari, tartibi hamda shartlari toʻgʻrisidagi
YOʻRIQNOMA
Mazkur Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining Qoʻriqlash bosh boshqarmasiga (bundan buyon matnda Qoʻriqlash bosh boshqarmasi deb yuritiladi) qoʻriqlash uchun topshirilgan obyektlarni qoʻriqlashning muhandislik va texnik vositalari bilan jihozlash talablari, tartibi hamda shartlarini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Yoʻriqnomada quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
qoʻriqlanadigan obyekt (bundan buyon matnda obyekt deb yuritiladi) — belgilangan tartibda qoʻriqlashga olingan jismoniy va yuridik shaxslarning binolari, imoratlari, inshootlari, ularning hududlari, joyning uchastkalari, transport vositalari, transportda tashiladigan yuklari, pul mablagʻlari, moddiy boyliklari va boshqa mol-mulki, shuningdek jismoniy shaxs;
qoʻriqlashning muhandislik vositalari — obyektlarni tajovuzlardan mexanik jihatdan himoya qilish uchun qoʻllaniladigan qurilmalar va inshootlar;
toʻsiq — obyektga kirishga yoki kirishga urinishga toʻsqinlik qiluvchi qoʻriqlashning muhandislik vositasi (temir panjara yoki temir konstruksiya yoxud devor);
qoʻriqlashning texnik vositalari — obyektlarni tajovuzlardan himoya qilish uchun foydalaniladigan, mustaqil vazifalarni bajaradigan, konstruktiv jihatdan yakunlangan qurilmalar;
qoʻriqlash signalizatsiyasi tizimi — obyektga qonunga xilof ravishda kirishni yoki kirishga urinishni magnit kontaktli, oyna sinishini qayd etuvchi va harakatni aniqlaydigan xabargohlar (bundan buyon matnda xabargohlar deb yuritiladi) orqali aniqlovchi qoʻriqlashning texnik vositasi;
texnik qoʻriqlash markazi (bundan buyon matnda Markaz deb yuritiladi) — tashvish xabari asosida obyektga tezkor harakatlanuvchi guruhning zudlik bilan joʻnatilishini taʼminlaydigan Qoʻriqlash bosh boshqarmasining tarkibiy boʻlinmasi;
signalizatsiya himoya toʻsiqlari (bundan buyon matnda himoya toʻsigʻi deb yuritiladi) — obyektga qonunga xilof ravishda kirilganda tashvish xabarining qoʻriqlash posti qabul qilish va boshqarish qurilmasiga yoki Markazga uzatilishini taʼminlovchi signalizatsiya shleyfi yoki shleyflarning majmuasi;
tashvish signalizatsiya tizimi — obyektga qonunga xilof ravishda qilingan tajovuzlar boʻyicha tashvish xabarining tugma yoki pedallar orqali Markazga uzatilishini taʼminlaydigan qoʻriqlashning texnik vositasi.
2. Mazkur Yoʻriqnomaning amal qilishi Qoʻriqlash bosh boshqarmasiga qoʻriqlash uchun topshirilgan obyektlarni qoʻriqlashning muhandislik va texnik vositalari bilan jihozlashga nisbatan tatbiq etiladi.
Ushbu Yoʻriqnomaning amal qilishi Banklar va ularning filiallarini ichki ishlar idoralari huzuridagi qoʻriqlash boʻlinmalari tomonidan qoʻriqlashni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga (roʻyxat raqami 2128, 2010-yil 31-iyul) asosan obyektlarni qoʻriqlashning muhandislik va texnik vositalari bilan jihozlash talablari, tartibi hamda shartlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
3. Obyektni qoʻriqlashning muhandislik va texnik vositalari bilan jihozlashda Qoʻriqlash bosh boshqarmasi tomonidan ushbu obyektning oʻziga xos xususiyatidan kelib chiqib, mazkur Yoʻriqnomaning 2 va 3-boblarida nazarda tutilgan tegishli talab va shartlar qoʻllaniladi.
2-bob. Obyektni qoʻriqlashning muhandislik vositalari bilan jihozlash talab va shartlari
4. Obyektni qoʻriqlashning muhandislik vositalari quyidagilardan iborat hisoblanadi:
toʻsiq;
darvoza;
nazorat-oʻtkazish joyi;
suv va havo quvurlari, yer osti kollektorlari;
eshik va derazalar;
ventilyatsiya shaxtalari, moʻri va boshqa texnologik kanallar;
qulflash moslamalari.
5. Obyektning toʻsiqlarini jihozlashda quyidagi talab va shartlarga rioya qilinishi zarur:
shaxslarning, transport vositalarining ehtiyotsizlik yoki qasddan kirib kelishiga, shuningdek ularning nazorat-oʻtkazish joyini chetlab oʻtib, obyektga qonunga xilof ravishda kirishiga toʻsqinlik qilish;
kuzatuvni cheklamasligi, shuningdek qoʻriqlashning texnik vositalarining ishlashiga toʻsqinlik qilmasligi;
obyektdan tashqarida boʻlgan bino va inshootlar bilan tutashmasligi;
tirqishlar, teshiklar va boshqa shikastlanishlar, shuningdek qulflanmaydigan darvoza va eshiklar boʻlmasligi;
balandligi 2 m dan kam boʻlmasligi.
6. Obyektning darvozalarini jihozlashda quyidagi talab va shartlarga rioya qilinishi zarur:
obyektning darvozalari transport vositalari va temir yoʻl kirish joylariga oʻrnatilishi;
avtomatik boshqariladigan darvozalar texnik nosoz boʻlgan taqdirda qoʻlda ochish va toʻxtatish moslamalari bilan jihozlangan boʻlishi;
balandligi kamida 2 m va qalinligi kamida 2 mm boʻlgan temir qoplamadan yoki diametri kamida 16 mm boʻlgan va 150x150 mm dan katta boʻlmagan oʻlchamdagi katakchalarni tashkil etuvchi, shuningdek katakchalarning kesishmalarida payvandlangan, gardishi 50x50x5 mm dan kam boʻlmagan oʻlchamdagi temir burchak bilan mustahkamlangan temir panjaradan iborat boʻlishi.
7. Obyektning nazorat-oʻtkazish joyini jihozlashda quyidagi talab va shartlarga rioya qilinishi zarur:
obyektga tashrif buyuruvchilar va uning xodimlarini koʻzdan kechirish, shuningdek qoʻriqlash naryadlari xizmat oʻtashi uchun xona boʻlishi;
darvozani avtomatik boshqarish qurilmasi, shuningdek tashqi perimetr yoritgichlarini va transportni statsionar koʻzdan kechirish vositalarini boshqarish qurilmalari nazorat-oʻtkazish joyiga yoki obyektning ichki tomoniga oʻrnatilishi;
transport vositalarini va temir yoʻl transportini koʻzdan kechirish maydonchalari bilan jihozlanishi;
nazorat-oʻtkazish joyining derazalari temir panjaralar bilan jihozlanishi;
nazorat-oʻtkazish joyining eshiklari qalinligi 2 mm dan kam boʻlmagan temir qoplamadan iborat boʻlishi, shuningdek transport vositalari va fuqarolarni kuzatish uchun tuynuk Bilan jihozlangan boʻlishi;
turniketlar bilan jihozlanishi.
8. Obyektning suv va havo quvurlari, yer osti kollektorlari uning obyektdan chiqish joylarida diametri kamida 16 mm boʻlgan va 150x150 mm dan katta boʻlmagan oʻlchamdagi katakchalarni tashkil etuvchi, shuningdek katakchalarning kesishmalarida payvandlangan temir panjaralar bilan jihozlangan boʻlishi zarur.
9. Obyektning eshiklarini jihozlashda quyidagi talab va shartlarga rioya qilinishi kerak:
asosiy va zaxira kirish eshiklarning ichki tomonida diametri kamida 16 mm boʻlgan va 150x150 mm dan katta boʻlmagan oʻlchamdagi katakchalarni tashkil etuvchi, shuningdek katakchalarning kesishmalarida payvandlangan, gardishi 35x35x4 mm dan kam boʻlmagan oʻlchamdagi temir burchak bilan mustahkamlangan temir panjarali qoʻshimcha eshik oʻrnatilishi;
asosiy kirish eshigi domofon, shuningdek zaxira kirish eshigi esa koʻrish tuynugi bilan jihozlanishi;
maxsus qism, server, arxiv va kassa xonalari, shuningdek yertoʻla va chordoq eshiklari qalinligi 2 mm dan kam boʻlmagan temir qoplamadan iborat boʻlishi.
10. Obyektning derazalarini jihozlashda quyidagi talab va shartlarga rioya qilinishi kerak:
obyektning birinchi qavatida joylashgan maxsus qism, server, arxiv va kassa xonalari, shuningdek yertoʻla va chordoq derazalari temir panjaralar bilan jihozlanishi;
ikkinchi va undan yuqori qavatlardagi derazalar evakuatsiya zinalari yonida joylashgan taqdirda, ular temir panjara bilan jihozlanishi.
11. Obyektning ventilyatsiya shaxtalari, moʻri va boshqa texnologik kanallari uning obyektga kirish joylarida diametri kamida 16 mm boʻlgan va 150x150 mm dan katta boʻlmagan oʻlchamdagi katakchalarni tashkil etuvchi, shuningdek katakchalarning kesishmalarida payvandlangan temir panjaralar bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
12. Obyekt darvoza va eshiklarining qulflash moslamalarini jihozlashda quyidagi talab va shartlarga rioya qilinishi zarur:
osma qulf uchun quloqchalar kesimi 6x40 mm dan kam boʻlmagan poʻlat tasmadan iborat boʻlishi;
yopishtirma qulflar darvoza va eshikning ichki tomonidan bolt, shayba va gaykalar yordamida qotirilishi.
3-bob. Obyektni qoʻriqlashning texnik vositalari bilan jihozlash talab va shartlari
13. Obyektni qoʻriqlashning texnik vositalari quyidagilardan iborat hisoblanadi:
qoʻriqlash signalizatsiyasi tizimi;
tashvish signalizatsiya tizimi.
14. Obyektni qoʻriqlash signalizatsiyasi tizimi bilan jihozlashda quyidagi talab va shartlarga rioya qilinishi kerak:
ruxsatsiz kirish mumkin boʻlgan barcha zaif joylar (darvoza, eshik, deraza, yoʻlak va xonalar) qoʻriqlash signalizatsiyasi tizimi bilan jihozlanishi;
qoʻriqlash signalizatsiyasi tizimining qabul qilish va boshqarish qurilmasi qoʻriqlash postiga oʻrnatilishi;
xabargohlar yertoʻla va chordoq xonalariga, shuningdek ularning deraza va eshiklariga oʻrnatilgan taqdirda, ularning shleyfi tashqi perimetr qoʻriqlash signalizatsiya tizimiga ulanishi;
obyekt har bir qavatiga oʻrnatilgan xabargohlarning shleyfi ichki perimetr qoʻriqlash signalizatsiya tizimiga ulanishi;
obyekt asosiy kirish eshigining ishdan tashqari vaqtda ochilishini nazorat qilish uchun uning xabargohi qabul qilish va boshqarish qurilmasi orqali Markazga ulanishi;
obyekt har bir xonasiga magnit kontaktli, oyna sinishini qayd etuvchi va harakatni aniqlaydigan xabargohlar birgalikda oʻrnatilishi;
obyekt har bir xonasining eshik va derazalariga oʻrnatilgan xabargohlar bitta shleyf bilan qabul qilish va boshqarish qurilmasiga mustaqil ulanishi;
harakatni aniqlaydigan xabargohlar obyekt xonasining har 30 m2 maydonida bittadan oʻrnatilishi.
15. Maxsus qism, server, arxiv va kassa xonalarini qoʻriqlash signalizatsiya tizimining ikkita himoya toʻsigʻi bilan jihozlashda quyidagi talab va shartlarga rioya qilinishi kerak:
birinchi himoya toʻsigʻida xona derazasiga oyna sinishini va uning ochilishini hamda xona eshigiga uning ochilishini qayd etuvchi magnit kontaktli xabargohlarni qoʻllash;
ikkinchi himoya toʻsigʻida xonaga harakatni aniqlaydigan xabargohlarni qoʻllash.
Bunda, ushbu himoya toʻsiqlari shleyflar orqali qabul qilish va boshqarish qurilmasiga va Markazga ulanishi zarur.
16. Obyektni tashvish signalizatsiya tizimi bilan jihozlashda quyidagi talab va shartlarga rioya qilinishi kerak:
tashvish xabarining tugma yoki pedallari begona shaxslar koʻrmaydigan joylarga oʻrnatilishi;
tashvish xabarining tugma yoki pedallari obyekt rahbari va buxgalter xonalariga, shuningdek tovar-moddiy boyliklarni saqlash, tashish va ortish-tushirish joylariga va qoʻriqlash postlariga oʻrnatilishi;
tashvish signalizatsiya tizimining barcha shleyflari toʻgʻridan-toʻgʻri Markazga ulanishi.
4-bob. Obyektlarni qoʻriqlashning muhandislik va texnik vositalari bilan jihozlash tartibi
17. Obyektni qoʻriqlash hamda uni muhandislik va texnik vositalari bilan jihozlanishini oʻrganib berish uchun jismoniy yoki yuridik shaxs ushbu obyekt joylashgan joydagi Qoʻriqlash bosh boshqarmasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar qoʻriqlash boshqarmalariga (bundan buyon matnda hududiy qoʻriqlash boshqarmalari deb yuritiladi) ariza bilan yozma yoki elektron shaklda murojaat qiladi.
18. Jismoniy yoki yuridik shaxsning arizasi kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn besh kun ichida hududiy qoʻriqlash boshqarmalari tomonidan mazkur Yoʻriqnomaning 19-bandida koʻrsatilgan obyektning oʻziga xos xususiyatlari oʻrganib chiqiladi.
19. Jismoniy yoki yuridik shaxsning arizasi kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn besh kun ichida hududiy qoʻriqlash boshqarmalari tomonidan obyektni qoʻriqlash hamda uni muhandislik va texnik vositalar bilan jihozlashda quyidagilar oʻrganib chiqiladi:
obyektlarni qoʻriqlashning muhandislik va texnik vositalari bilan jihozlash mazkur Yoʻriqnomaning 2 va 3-boblarida nazarda tutilgan talab va shartlarga muvofiqligi;
obyektning tuzilishi (obyekt joylashuvi, qavat va xonalarining soni, tovar-moddiy boyliklarni saqlash, tashish va ortish-tushirish joylari);
obyektga ruxsatsiz kirish mumkin boʻlgan barcha zaif joylar (toʻsiq, darvoza, eshik, deraza, yoʻlak va xonalar) mavjudligi.
Bunda, oʻrganish natijalariga koʻra jismoniy yoki yuridik shaxs va hududiy qoʻriqlash boshqarmasi masʼul xodimi tomonidan ikki nusxada obyektni qoʻriqlash hamda uni muhandislik va texnik vositalari bilan jihozlash boʻyicha dalolatnoma (bundan buyon matnda dalolatnoma deb yuritiladi) rasmiylashtiriladi. Dalolatnomaning birinchi nusxasi jismoniy yoki yuridik shaxsda, ikkinchi nusxasi esa hududiy qoʻriqlash boshqarmasi masʼul xodimida saqlanadi.
20. Obyektni qoʻriqlashning muhandislik va texnik vositalari bilan jihozlash jismoniy yoki yuridik shaxs tomonidan dalolatnomaga muvofiq amalga oshiriladi.
21. Obyektni qoʻriqlashning muhandislik va texnik vositalari bilan jihozlash ishlari yakunlangandan soʻng shu kunning oʻzida jismoniy yoki yuridik shaxs bu haqda hududiy qoʻriqlash boshqarmasini xabardor etadi.
22. Hududiy qoʻriqlash boshqarmasi u bu haqda xabardor qilingan kundan eʼtiboran besh kun ichida obyektning mazkur Yoʻriqnomaning 2 va 3-boblarida nazarda tutilgan talab va shartlarga muvofiq jihozlanganligini oʻrganadi.
Bunda, oʻrganish natijasiga koʻra hududiy qoʻriqlash boshqarmasi boshligʻi tomonidan quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
obyektni qoʻriqlashning muhandislik va texnik vositalari bilan jihozlash mazkur Yoʻriqnomaning 2 va 3-boblarida nazarda tutilgan talab va shartlarga muvofiqligi aniqlangan taqdirda obyektni qoʻriqqa olish toʻgʻrisida;
obyektni qoʻriqlashning muhandislik va texnik vositalari bilan jihozlash mazkur Yoʻriqnomaning 2 va 3-boblarida nazarda tutilgan talab va shartlarga nomuvofiqligi aniqlangan taqdirda obyektni qoʻriqqa olishni rad etish toʻgʻrisida.
23. Hududiy qoʻriqlash boshqarmasi obyektni qoʻriqqa olish yoki qoʻriqqa olishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror haqida jismoniy yoki yuridik shaxsni ushbu qaror qabul qilingan kunning oʻzida yozma yoki elektron ravishda xabardor qiladi.
Bunda, obyektni qoʻriqqa olishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror haqida xabarnomada mazkur Yoʻriqnomaning 2 va 3-boblarida nazarda tutilgan talab va shartlarga nomuvofiq boʻlgan aniqlangan kamchiliklar hamda ushbu kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tegishli tavsiyalar boʻlishi zarur.
24. Obyektni qoʻriqqa olishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinganda jismoniy yoki yuridik shaxs mazkur Yoʻriqnomaning 2 va 3-boblarida nazarda tutilgan talab va shartlarga muvofiq boʻlmagan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etib, qayta murojaat qilish huquqiga ega.
5-bob. Yakunlovchi qoida
25. Mazkur Yoʻriqnoma talablarini buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.08.2023-y., 10/23/3453/0644-son)