O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali o‘tkazish punktlarida ikki yo‘lakli tizimni qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2017-yil 11-oktabrdagi 814-son qaroriga bojxona ma’murchiligini soddalashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida
So‘nggi yillarda mamlakatimizning turizm jozibadorligini oshirish va fuqarolarning nazorat tartib-taomillaridan soddalashtirilgan tartibda o‘tishlari uchun O‘zbekiston Respublikasining barcha chegara o‘tkazish punktlarida bosqichma-bosqich ikki yo‘lakli tizim joriy etilib, mazkur tizimda tanlab tekshirish tamoyilini qo‘llash natijasida bojxona nazoratiga ketadigan vaqtni uch baravarga qisqartirishga erishildi.
Bundan tashqari, chegara o‘tkazish punktlarida fuqarolarning harakat oqimi oshib borayotganligidan kelib chiqib va bojxona nazorati tartibotlarini xalqaro standartlarga moslashtirish maqsadida ayrim xalqaro aeroportlarning uchib ketish yo‘nalishida vizual kuzatuv orqali nazoratdan o‘tishni ta’minlaydigan Masofaviy bojxona nazorati tizimi joriy etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bojxona ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2022-yil 27-apreldagi PF-122-son Farmoniga muvofiq, shuningdek, bojxona tartib-taomillari sohasidagi qonunchilik hujjatlarini o‘zaro muvofiqlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bojxona ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2022-yil 27-apreldagi PF-122-son Farmonida xalqaro aeroportlarning uchib ketish yo‘nalishida masofaviy bojxona nazorati (maxsus ajratilgan joylarda vizual kuzatuvni amalga oshirish orqali) tizimini joriy etish nazarda tutilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali o‘tkazish punktlarida ikki yo‘lakli tizimni qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2017-yil 11-oktabrdagi 814-son qaroriga ilovaga muvofiq xalqaro aeroportlarning uchib ketish yo‘nalishida ikki yo‘lakli tizimni tugatgan holda masofaviy bojxona nazorati tizimini joriy etishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 11-avgust,
363-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 11-avgustdagi 363-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali o‘tkazish punktlarida ikki yo‘lakli tizimni qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2017-yil 11-oktabrdagi 814-son qaroriga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. Qarorning nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali o‘tkazish punktlarida ikki yo‘lakli va masofaviy bojxona nazorati tizimlarini qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”.
2. 1-banddagi “tizimni qo‘llash tartibi” so‘zlari “va masofaviy bojxona nazorati tizimlarini qo‘llash tartibi” so‘zlari bilan almashtirilsin.
3. 2-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Belgilansinki:
a) ikki yo‘lakli tizim:
O‘zbekiston Respublikasi xalqaro aeroportlarining uchib kelish yo‘nalishida;
xalqaro temir yo‘l qatnovlari boshlanish yoki so‘nggi nuqtasida bojxona nazorati amalga oshiriladigan temir yo‘l vokzallarida;
O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali avtotransport vositalari hamda fuqarolar harakatining intensivligi yuqori bo‘lgan (bir yil davomida o‘rtacha bir sutkada ikki ming nafar yoki undan ortiq fuqarolar harakatlanganda) va infratuzilmasi ikki yo‘lakli tizim joriy etish talablariga javob beradigan avtomobil o‘tkazish punktlarida joriy etiladi;
b) masofaviy bojxona nazorati tizimi O‘zbekiston Respublikasi xalqaro aeroportlarining uchib ketish yo‘nalishida tatbiq etiladi”;
4. 1-ilovada:
a) nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali o‘tkazish punktlarida ikki yo‘lakli va masofaviy bojxona nazorati tizimlarini qo‘llash tartibi to‘g‘risida nizom”;
b) 1-banddagi “ikki yo‘lak tizimini” so‘zlari “ikki yo‘lakli va masofaviy bojxona nazorati tizimlarini” so‘zlari bilan almashtirilsin;
v) 2-bandda:
quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“masofaviy bojxona nazorati — xalqaro aeroportlar orqali uchib ketayotgan yo‘lovchilarni maxsus ajratilgan joylarda xavfni boshqarish tizimidan foydalangan holda tanlab olish tamoyili asosida hamda masofaviy vizual kuzatuvni amalga oshirish orqali bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan o‘tkazishni ta’minlaydigan tizim”;
ikkinchi — to‘rtinchi xatboshilar tegishlicha uchinchi — beshinchi xatboshilar deb hisoblansin;
g) 6-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“6. “Yashil” va “qizil” yo‘laklar:
a) avtomobil yo‘llari (piyodalar) va temir yo‘l vokzallarida joylashgan o‘tkazish punktlarida:
bojxona hududiga kirib kelish joylarida — chegara nazoratidan o‘tgandan so‘ng;
bojxona hududidan chiqish joylarida — chegara nazoratidan o‘tishdan oldin;
b) xalqaro havo yo‘llari (parvozlar) uchun ochiq aeroportlarda kirib kelishda jismoniy shaxs yo‘lakni tanlashda kuzatib boriladigan bagajga ega bo‘lishi uchun bagaj beriladigan joydan so‘ng joylashtirilishi zarur”;
d) 7-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. Xalqaro havo yo‘llari (parvozlar) uchun ochiq aeroportlarning bojxona hududidan chiqib ketishda maxsus ajratilgan joylarda vizual kuzatuvni amalga oshirish orqali bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini o‘tkazish imkonini beruvchi masofaviy bojxona nazorati tizimidan foydalanishga ruxsat etiladi”;
e) quyidagi mazmundagi 5 — 8-boblar bilan to‘ldirilsin:
“5-bob. O‘zbekiston Respublikasi xalqaro aeroportlarining uchib ketish joyidagi masofaviy bojxona nazorati tizimiga qo‘yiladigan talablar
22. Xalqaro aeroportlarining uchib ketish yo‘nalishida jismoniy shaxslarning bojxona deklaratsiyasini rasmiylashtirish va ularga bojxona qonunchiligi bo‘yicha tushuntirishlar berish uchun yo‘lovchilar harakatiga ta’sir qilmaydigan alohida bojxona rasmiylashtiruvi joyi tashkil etiladi.
Bojxona rasmiylashtiruvi joyi davlat tilida, rus va ingliz tillarida “Bojxona”, “Tamojnya” va “Customs” yozuvlari bo‘lgan maxsus grafik belgi bilan belgilanadi.
23. Bojxona rasmiylashtiruvi joyi xalqaro aeroportlarning uchib ketish yo‘nalishida yo‘lovchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish va bagajni topshirish hamda chegara nazoratidan o‘tish joylari oralig‘idagi hududida joylashtiriladi.
24. Bojxona nazorati zonasiga kirish va undan chiqish joylari eni 50 santimetr bo‘lgan liniyalar bilan belgilanadi.
25. Bojxona nazorati zonasiga kirish joylariga davlat tilida, rus va ingliz tillarida “Bojxona nazorati zonasi”, “Zona tamojennogo kontrolya” va “Customs control zone” yozuvlari bo‘lgan maxsus belgilar o‘rnatiladi.
26. Bojxona nazorati zonasiga kirib kelish joylarida bojxona qonunchiligi to‘g‘risida bevosita jismoniy shaxslar uchun bojxona chegarasi orqali harakatlanganda deklaratsiyalanishi lozim bo‘lgan tovarlar to‘g‘risida zamonaviy axborot hududlari tashkil etiladi.
27. Axborot hududida masofaviy bojxona nazorati tizimiga oid bojxona qonunchiligi va bajarilishini nazorat qilish bojxona organlariga yuklangan boshqa qonunchilikning asosiy qoidalari, shuningdek, bojxona qonunchiligini buzganlik uchun javobgarlik to‘g‘risida ogohlantirish joylashtirilishi kerak.
28. Axborot hududi davlat tili, rus va ingliz tillaridagi, shuningdek, faoliyat ko‘rsatadigan hududida bojxona hududidan chiqib ketish joyi joylashgan bojxona organlari qo‘llanilishini maqsadga muvofiq deb biladigan boshqa har qanday tildagi axborot materiallarini o‘z ichiga olgan stendlar, shchitlar, tablo va boshqa qurilmalar bilan jihozlanishi darkor.
Axborot hududida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyalari blanklarini to‘ldirish joylari, toza blankalar va davlat tili, rus hamda ingliz tillarida to‘ldirish namunalari bo‘lishi lozim.
6-bob. Jismoniy shaxslarning masofaviy bojxona nazoratidan o‘tishi tartibi
29. Jismoniy shaxslar va ularning qo‘l yuklari O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining aviatsiya xavfsizligi bo‘linmalari (keyingi o‘rinlarda — aviatsiya xavfsizligi bo‘linmalari) xodimlari tomonidan tekshirish orqali nazorat qilinadi.
Tekshirish davomida qonunchilik hujjatlariga muvofiq olib chiqilishi taqiqlangan, cheklangan yoki olib chiqishning cheklangan normalaridan oshib ketadigan tovarlar hamda O‘zbekiston Respublikasining naqd milliy va xorijiy valyuta boyliklari aniqlanganda, tovarlar qonunchilik talablari asosida olib o‘tilayotganligiga aniqlik kiritish maqsadida aviatsiya xavfsizligi bo‘linmalari tomonidan tekshirish jarayoniga bojxona organlari xodimlari taklif etiladi.
Aniqlik kiritish maqsadida o‘tkazilgan bojxona nazoratida noqonuniy tarzda olib chiqib ketilayotgan tovarlarga nisbatan bojxona organlari tomonidan dastlabki protsessual hujjatlar rasmiylashtiriladi.
30. Jismoniy shaxslarning bagajlarini nazorat qilish texnologik sxemalarga muvofiq bojxona organlari va aviatsiya xavfsizligi bo‘linmalari tomonidan alohida yoki hamkorlikda amalga oshiriladi.
31. Masofaviy bojxona nazorati tizimi joriy etilgan xalqaro aeroportlarda jismoniy shaxslar va ularning qo‘l yuklari bojxona organlari tomonidan bojxona nazoratidan o‘tkazilmaydi.
Jismoniy shaxslar, ularning qo‘l yuklari va bagajlari quyidagi hollarda bojxona nazoratidan o‘tkaziladi:
bojxona nazoratini o‘tkazish “Xavfni boshqarish” avtomatlashtirilgan axborot tizimi tomonidan buyurilganda;
bojxona organlarida davlat organlari, shuningdek, xorijiy davlatlar bojxona, boshqa davlat organlari va xalqaro tashkilotlardan olingan ma’lumotlar mavjud bo‘lganida;
bojxona organlariga fuqarolarning bojxona to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari buzilishiga oid tezkor xabarlari kelib tushganda;
bojxona nazoratining tegishli shakllarini qo‘llash natijasida jismoniy shaxsning o‘zini tutish harakatlarida qonunchilik hujjatlari talablari buzilishining yetarlicha alomatlari aniqlanganda.
32. Masofaviy bojxona nazoratidan o‘tishda quyidagi holatlarda tovarlar og‘zaki deklaratsiyalanadi:
qonunchilik hujjatlariga muvofiq olib chiqilishi taqiqlanmagan va (yoki) cheklovlar belgilanmagan tovarlar olib o‘tilganda;
qiymati va (yoki) miqdori respublikadan jismoniy shaxs tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan bojxona deklaratsiyasini taqdim etmasdan olib chiqish normalari doirasidagi tovarlar olib o‘tilganda;
yozma deklaratsiyalanmasdan olib chiqishga ruxsat etilgan naqd valyuta mablag‘lari cheklangan normalardan oshmaganda.
33. Jismoniy shaxslarning belgilangan bojxona nazorati zonasi orqali yozma deklaratsiyasiz o‘tishi, bojxona maqsadlari uchun bojxona organiga mazkur shaxsning yozma deklaratsiyalanadigan tovarlari yo‘qligi haqida ma’lum qilish sifatida ko‘rib chiqiladi.
Bunda jismoniy shaxslar bojxona qonunchiligi talablariga rioya etish majburiyatidan ozod etilmaydi.
Yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirish tartibi bojxona organlari tomonidan belgilanadi.
34. Jismoniy shaxslar yonida, qo‘l yuki va kuzatib borilayotgan bagajlarida yozma deklaratsiyalanishi lozim bo‘lgan tovarlar mavjud bo‘lgan taqdirda, ushbu tovarlar haqida yozma deklaratsiyalash orqali bojxona organi xodimiga bojxona deklaratsiyasini taqdim etishi shart.
7-bob. Ikki yo‘lakli tizim joriy etilmagan chegara bojxona postlarida jismoniy shaxslarning bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan o‘tishi tartibi
35. Ikki yo‘lakli tizim joriy etilmagan chegara bojxona postlarida jismoniy shaxslar o‘tishi uchun bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi joylari tashkil etiladi.
Mazkur joylar kirish va chiqish qismlari eni 50 santimetr bo‘lgan liniyalar bilan belgilanadi.
Shuningdek, bojxona nazorati zonasiga ushbu joylarga kirishda davlat tilida, rus va ingliz tillarida “Bojxona”, “Tamojnya” va “Sustoms” yozuvlari bo‘lgan maxsus belgilar o‘rnatiladi.
36. Jismoniy shaxslar yonida, qo‘l yuki va kuzatib borilayotgan bagajlarida yozma deklaratsiyalanishi lozim bo‘lgan tovarlar mavjud bo‘lgan taqdirda, bojxona deklaratsiyasi bojxona organi xodimiga taqdim etish yo‘li bilan deklaratsiyalashi shart.
37. Jismoniy shaxslar belgilangan bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi joyi orqali yozma deklaratsiyasiz o‘tishi, bojxona maqsadlari uchun bojxona organiga mazkur shaxsning yozma deklaratsiyalanadigan tovarlari yo‘qligi haqida ma’lum qilish sifatida ko‘rib chiqiladi.
Bunda jismoniy shaxslar bojxona qonunchiligi talablariga rioya etish majburiyatidan ozod etilmaydi.
Yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirish tartibi bojxona organlari tomonidan belgilanadi.
8-bob. Yakunlovchi qoida
38. Ushbu Nizomda belgilangan talablarning buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar”.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.08.2023-y., 09/23/363/0601-son)