O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash hamda subsidiya berish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Paxta xom ashyosi yetishtiruvchilar faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2023-yil 26-yanvardagi PQ-23-son qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash hamda subsidiya berish mexanizmlarini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Paxta xom ashyosi yetishtiruvchilar faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2023-yil 26-yanvardagi PQ-23-son qaroriga muvofiq:
2023-yildan boshlab xorijdan olib kelingan va respublikamizda ishlab chiqarilgan lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregatlarini sotib olgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga yer tekislagich agregatlari qiymatining 30 foizi O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan qoplab berilishi;
paxta xom ashyosi yetishtiriladigan maydonlarni nasos orqali sug‘orishda sarflanadigan elektr energiyasi xarajatlarining 50 foizigacha qismi O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan qoplab berilishi belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin:
paxta xom ashyosi va boshoqli don yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining nasos agregatlari va sug‘orish quduqlari iste’mol qiladigan elektr energiyasi qiymatining 50 foizigacha qismini qoplash uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan qoplab berish;
xorijdan olib kelingan va respublikamizda ishlab chiqarilgan lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregatlarini sotib olgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga yer tekislagich agregatlari qiymatining 30 foizini O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan qoplab berish.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri A.B. Voitov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 11-avgust,
364-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 11-avgustdagi 364-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-maydagi 320-son qarori bilan tasdiqlangan Fermer xo‘jaliklarining nasos agregatlari va sug‘orish quduqlari iste’mol qiladigan elektr energiyasi qiymatini qoplash uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan subsidiyalar ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizomda:
1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Ushbu Nizom paxta xom ashyosi va boshoqli don yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining (keyingi o‘rinlarda iste’molchilar deb ataladi) nasos agregatlari va sug‘orish quduqlari iste’mol qiladigan elektr energiyasi qiymatining 50 foizigacha qismini qoplash uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan (keyingi o‘rinlarda Davlat budjeti deb ataladi) subsidiyalar ajratish tartibini belgilaydi.
Iste’molchilarga subsidiya ajratish bo‘yicha materiallarni jamlash, ko‘rib chiqish hamda vakolatli organlar va tashkilotlar bilan kelishish “Agro-subsidiya” yagona axborot tizimi orqali amalga oshiriladi”;
5-banddagi “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati” so‘zlari “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati” so‘zlari bilan, “Moliya vazirligi” so‘zlari “Iqtisodiyot va moliya vazirligi” so‘zlari bilan almashtirilsin;
7-band “Dalolatnomalar tuman ishchi guruhi rahbari tomonidan” so‘zlaridan keyin “Agro-subsidiya” yagona axborot tizimi orqali” so‘zlari bilan to‘ldirilsin;
11-bandning ikkinchi xatboshisi “O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligiga” so‘zlaridan keyin “Agro-subsidiya” yagona axborot tizimi orqali” so‘zlari bilan to‘ldirilsin;
12-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“12. O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan iste’molchilarning nasos agregatlari va sug‘orish quduqlarining keyingi yilda sug‘orish ishlari uchun suv va elektr energiyasi iste’moli hamda elektr energiyasi qiymatining muvofiqlashgan talabnomalarini tahlil qiladi, umumlashtiradi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Energetika vazirligi bilan kelishib har yilning 1-iyuniga qadar Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etadi”;
13-banddagi “Moliya vazirligi” so‘zlari “Iqtisodiyot va moliya vazirligi” so‘zlari bilan almashtirilsin;
16-band “elektr energiyasi qiymatini qoplash bo‘yicha hisob-kitoblarni” so‘zlaridan keyin “Agro-subsidiya” yagona axborot tizimi orqali” so‘zlari bilan to‘ldirilsin;
17-bandning ikkinchi xatboshisi “Dalolatnoma tuman ishchi guruhi rahbari tomonidan” so‘zlaridan keyin “Agro-subsidiya” yagona axborot tizimi orqali” so‘zlari bilan to‘ldirilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-avgustdagi 549-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.08.2025-y., 09/25/549/0791-son)
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 14.08.2023-y., 09/23/364/0594-son; 30.08.2025-y., 09/25/549/0791-son)