O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibiga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” 2021-yil 24-noyabrdagi 709-son qaroriga “Yoshlar daftari” va xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlari ro‘yxatiga kiritilgan yoshlarga yer uchastkalarini ajratish hamda ularning bandligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Paxta va g‘alladan qisqartirilayotgan yer maydonlarida bog‘dorchilik, uzumchilik, poliz va sabzavotchilik, dukkakli va moyli ekinlarni yetishtirishda fuqarolarga, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turgan ehtiyojmand oilalarga hamda xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlariga dehqon xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkalarini ochiq elektron tanlov orqali ijaraga berish tizimi joriy etilgan.
Shu bilan birga, “Yoshlar daftari” va xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlari ro‘yxatiga kiritilgan yoshlarga dehqon xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkalarini ajratishda ochiq elektron tanlovlarda ustuvorlikni ta’minlovchi mezonlarni takomillashtirish zarurati mavjud.
“Yoshlar daftari” va xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlari ro‘yxatiga kiritilgan yoshlarga yer uchastkalarini ajratish hamda ularning bandligini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibiga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” 2021-yil 24-noyabrdagi 709-son qaroriga quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin:
“Yoshlar daftari” va xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlari ro‘yxatiga kiritilgan yoshlarga dehqon xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkalarini ochiq elektron tanlov orqali ijaraga berish;
ochiq elektron tanlov orqali “Yoshlar daftari” va xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlari ro‘yxatiga kiritilgan yoshlarga yer uchastkalarini ajratishda soddalashtirilgan tartibni joriy etish.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri A.B. Voitov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 28-iyul,
320-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 28-iyuldagi 320-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibiga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” 2021-yil 24-noyabrdagi 709-son qaroriga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 19-apreldagi 223-sonli qaroriga asosan 2024-yil 23-maydan o‘z kuchini yo‘qotadi — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.04.2024-y., 09/24/223/0292-son)
2. 31-ilovada:
3-band qo‘yidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan tanlovda ijara huquqini yutib olish uchun ko‘proq ball to‘plash maqsadida ixtiyoriy ravishda o‘z zimmasiga olingan qo‘shimcha to‘lovlar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarining ijara davri muddatiga teng taqsimlangan holda to‘lanadi va tegishli tuman (shahar) budjetiga yo‘naltiriladi”.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 31.07.2023-y., 09/23/320/0544-son; 22.04.2024-y., 09/24/223/0292-son)