O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash xarajatlarini moliyalashtirishning uzluksizligini ta’minlash to‘g‘risida
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining resurs bazasini mustahkamlash maqsadida:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan Iqtisodiyot va moliya vazirligiga Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi uchun 250 million AQSh dollari 24 oy muddatga foizsiz ajratilsin.
Bunda, Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi 2022-yilda paxta yetishtirishni moliyalashtirish uchun tijorat banklari tomonidan paxta-to‘qimachilik klasterlariga ajratilgan kreditlarning 250 million AQSh dollari miqdoridagi qismi bo‘yicha qaytarish muddatlarini 24 oy muddatgacha uzaytirish choralarini ko‘rsin.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-iyuldagi PF-103-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 23.07.2024-y., 06/24/103/0542-son)
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-yanvardagi “Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini tubdan isloh qilish hamda sohaning eksport salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-2-son Farmoniga ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
3. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib iqtisodiyot va moliya vaziri Sh.D. Kudbiyev hamda qishloq xo‘jaligi vaziri A.B. Voitov belgilansin.
Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 19-iyun,
PF-98-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 19-iyundagi PF-98-son Farmoniga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-yanvardagi “Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini tubdan isloh qilish hamda sohaning eksport salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-2-son Farmoniga kiritilayotgan o‘zgartirishlar
1. 2-bandning uchinchi xatboshisidagi “200 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘lar 3 yil muddatga” so‘zlari “2023-yilda 50 million AQSh dollari va 2024-yilda 150 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘lar 2026-yil 1-yanvarga qadar qaytarish sharti bilan” so‘zlariga almashtirilsin.
2. 2-bandning o‘ninchi xatboshisidagi “1” raqami “2” raqami bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.06.2023-y., 06/23/98/0400-son; 23.07.2024-y., 06/24/103/0542-son)