O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ilm-fan va ta’lim sohasidagi davlat tashkilotlarida ilmiy, ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi ilmiy darajaga ega xodimlarga qo‘shimcha haq to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomga ilmiy darajaga ega xodimlar mehnatini rag‘batlantirish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida
Mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlarini jadal innovatsion rivojlantirib, Uchinchi Renessans va yangi O‘zbekistonning mustahkam poydevorini yaratish maqsadida ilmiy-intellektual salohiyatni kuchaytirish va ilm-fanni muntazam isloh qilish, ilmiy infratuzilmani modernizatsiya qilish ishlarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, o‘tgan davrda jamiyatimizda ilmiy ziyolilarga bo‘lgan hurmat-e’tiborni yanada oshirish, shu jumladan, ilm-fan va ilmiy faoliyatni moliyalashtirish tizimini takomillashtirish, ilm-fan va ta’lim sohasida yuqori malakali kadrlarning bilim va tajribalarini amalda qo‘llashni moliyaviy rag‘batlantirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratildi.
Shu bilan birga, ilm-fan va ta’lim sohasidagi davlat tashkilotlarida ilmiy, ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi ilmiy darajaga ega xodimlarga qo‘shimcha haq to‘lashning amaldagi tartibini doimiy takomillashtirib borish zarurati yuzaga kelmoqda.
“Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida”gi, “Ta’lim to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiq, shuningdek, ilmiy, ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi ilmiy darajaga ega xodimlarga qo‘shimcha haq to‘lash tartibini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-dekabrdagi 1030-son qarori bilan tasdiqlangan Ilm-fan va ta’lim sohasidagi davlat tashkilotlarida ilmiy, ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi ilmiy darajaga ega xodimlarga qo‘shimcha haq to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomga ilovaga muvofiq quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin:
qo‘shimcha haqni ilmiy yoki ilmiy-pedagog xodimning asosiy lavozimi bo‘yicha egallab turgan stavkasiga mutanosib ravishda har oyda hisoblanadigan bazaviy lavozim maoshiga nisbatan belgilash;
davlat ilmiy dasturlari loyihalarini ko‘rib chiqadigan ilmiy-texnik kengashlarda har bir a’zolik (ishtirok etganlik) uchun qo‘shimcha haq miqdorini lavozim maoshiga nisbatan 15 foizgacha etib belgilash;
akademik, tashkiliy-boshqaruv va moliyaviy mustaqillik berilgan oliy ta’lim muassasalarida kuzatuv kengashlarining qarorlariga muvofiq ilmiy darajaga ega xodimlarga budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan qo‘shimcha haq to‘lash imkoniyatini berish.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri I.Y. Abduraxmonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 3-iyun,
228-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 3-iyundagi 228-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Ilm-fan va ta’lim sohasidagi davlat tashkilotlarida ilmiy, ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi ilmiy darajaga ega xodimlarga qo‘shimcha haq to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. 1-banddagi “ilm-fan va ta’lim” so‘zlari “ilm-fan, ta’lim va tajriba-konstruktorlik” so‘zlari bilan almashtirilsin.
2. 7-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. Qo‘shimcha haq xodim asosiy lavozim bo‘yicha egallab turgan stavkasiga mutanosib ravishda har oyda hisoblanadigan bazaviy lavozim maoshiga nisbatan belgilanadi, bunda xodimning ta’til davri uchun qo‘shimcha haq to‘lov amalga oshirilmaydi.
Bunda, ushbu bandda nazarda tutilgan tartib oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tashkilotlarning tasdiqlangan shtatlar jadvalida turuvchi asosiy ish faoliyati faqat ilmiy loyiha rahbari yoki ishtirokchisi bo‘lgan ilmiy xodimlar lavozim maoshiga nisbatan ham tatbiq etiladi”.
3. 9-bandda:
a) “b” kichik bandning birinchi xatboshisidagi “o‘yinlar” so‘zi “o‘yinlar, uslubiy qo‘llanmalar” so‘zlari bilan almashtirilsin;
b) quyidagi mazmundagi “g1” kichik band bilan to‘ldirilsin:
“g1) davlat ilmiy dasturlari loyihalarini ko‘rib chiqadigan ilmiy-texnik kengashlarda har bir a’zolik (ishtirok etganlik) uchun lavozim maoshiga nisbatan 15 foizgacha belgilanadi.
Mazkur talab asosida umumiy qo‘shimcha haq lavozim maoshiga nisbatan bir oyda 30 foizdan oshmasligi lozim”;
v) “z” kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“z) Scopus, Web of Science indeksatsiyalangan ma’lumotlar bazalariga kirgan jurnallarda e’lon qilingan maqola (monografiya) uchun har bir muallifga lavozim maoshiga nisbatan quyidagicha belgilanadi. Bunda:
1. birinchi kvartilga (Q1) kirgan jurnallarda e’lon qilingan maqola uchun har bir muallifga lavozim maoshiga nisbatan 30 foizgacha;
2. ikkinchi kvartilga (Q2) kirgan jurnallarda e’lon qilingan maqola uchun har bir muallifga lavozim maoshiga nisbatan 20 foizgacha;
3. uchinchi kvartilga (Q3) kirgan jurnallarda e’lon qilingan maqola uchun har bir muallifga lavozim maoshiga nisbatan 15 foizgacha;
4. to‘rtinchi kvartilga (Q4) va boshqa umume’tirof etilgan indeksatsiyalangan ma’lumotlar bazalaridagi jurnallarda chop etilgan maqolalarning har bir muallifiga lavozim maoshiga nisbatan 5 foizgacha;
5. Scopus, Web of Science indeksatsiyalangan ma’lumotlar bazalarda konferensiya materiallarida e’lon qilingan har bir ma’ruza muallifiga lavozim maoshiga nisbatan 5 foizgacha;
6. mahalliy ilmiy jurnallarda chop etilgan maqola uchun tashkilot (bir nechta muallif bo‘lgan taqdirda, teng miqdorda taqsimlangan holda) lavozim maoshiga nisbatan 5 foizgacha;
7. respublikada chop etilgan yakka mualliflikdagi monografiya va qo‘lyozma uchun lavozim maoshiga nisbatan 10 foizgacha;
8. noyob qo‘lyozmalarni ilmiy muomalaga kiritgan nashr muallifiga (bir nechta muallif bo‘lgan taqdirda, teng miqdorda taqsimlangan holda) lavozim maoshiga nisbatan 10 foizgacha”;
g) “k” kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“k) har bir ixtiro va/yoki foydali modelga patent olganlik uchun muallifga (bir nechta muallif bo‘lgan taqdirda, xorijiy hammualliflar va ilmiy darajaga ega bo‘lmaganlardan tashqari, faqat ilmiy darajalilar o‘rtasida teng miqdorda taqsimlangan holda) lavozim maoshiga nisbatan belgilanadi. Bunda:
har bir ixtiroga patent (elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturning rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma bundan mustasno) olganlik uchun har bir muallifga lavozim maoshiga nisbatan 20 foizgacha;
har bir foydali modelga patent (elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturning rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma bundan mustasno) olganlik uchun har bir muallifga lavozim maoshiga nisbatan 15 foizgacha.
Mazkur talab asosida umumiy qo‘shimcha haq lavozim maoshiga nisbatan bir oyda 30 foizdan oshmasligi lozim”.
4. 12-bandda:
a) “g” kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“g) Scopus, Web of Science indeksatsiyalangan ma’lumotlar bazalariga kirgan jurnallarda e’lon qilingan maqola (monografiya) uchun har bir muallifga lavozim maoshiga nisbatan quyidagicha belgilanadi. Bunda:
1. birinchi kvartilga (Q1) kirgan jurnallarda e’lon qilingan maqola uchun har bir muallifga lavozim maoshiga nisbatan 30 foizgacha;
2. ikkinchi kvartilga (Q2) kirgan jurnallarda e’lon qilingan maqola uchun har bir muallifga lavozim maoshiga nisbatan 20 foizgacha;
3. uchinchi kvartilga (Q3) kirgan jurnallarda e’lon qilingan maqola uchun har bir muallifga lavozim maoshiga nisbatan 15 foizgacha;
4. to‘rtinchi kvartilga (Q4) va boshqa umume’tirof etilgan indeksatsiyalangan ma’lumotlar bazalaridagi jurnallarda chop etilgan maqolalarning har bir muallifiga lavozim maoshiga nisbatan 5 foizgacha;
5. Scopus, Web of Science indeksatsiyalangan ma’lumotlar bazalarda konferensiya materiallarida e’lon qilingan har bir ma’ruza muallifiga lavozim maoshiga nisbatan 10 foizgacha;
6. mahalliy ilmiy jurnallarda chop etilgan maqola uchun tashkilot (bir nechta muallif bo‘lgan taqdirda, teng miqdorda taqsimlangan holda) lavozim maoshiga nisbatan 5 foizgacha;
7. respublikada chop etilgan yakka mualliflikdagi monografiya va qo‘lyozma uchun lavozim maoshiga nisbatan 10 foizgacha;
8. noyob qo‘lyozmalarni ilmiy muomalaga kiritgan nashr muallifiga (bir nechta muallif bo‘lgan taqdirda, teng miqdorda taqsimlangan holda) lavozim maoshiga nisbatan 10 foizgacha”;
b) “e” kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“e) har bir ixtiro va/yoki foydali modelga patent olganlik uchun muallifga (bir nechta muallif bo‘lgan taqdirda, xorijiy hammualliflar va ilmiy darajaga ega bo‘lmaganlardan tashqari, faqat ilmiy darajalilar o‘tasida teng miqdorda taqsimlangan holda) lavozim maoshiga nisbatan belgilanadi. Bunda:
har bir ixtiroga patent (elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturning rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma bundan mustasno) olganlik uchun har bir muallifga 20 foizgacha;
har bir foydali modelga patent (elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturning rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma bundan mustasno) olganlik uchun har bir muallifga 15 foizgacha.
Mazkur talab asosida umumiy qo‘shimcha haq lavozim maoshiga nisbatan bir oyda 30 foizdan oshmasligi lozim”;
v) quyidagi mazmundagi “m” kichik band bilan to‘ldirilsin:
“m) davlat ilmiy dasturlari loyihalarini ko‘rib chiqadigan ilmiy-texnik kengashlarda har bir a’zolik (ishtirok etganlik) uchun lavozim maoshiga nisbatan 15 foizgacha belgilanadi.
Mazkur talab asosida umumiy qo‘shimcha haq lavozim maoshiga nisbatan bir oyda 30 foizdan oshmasligi lozim”;
g) quyidagi mazmundagi “n” kichik band bilan to‘ldirilsin:
“n) oliy ta’lim tashkilotlari bilan birgalikda ilmiy yoki laboratoriya vositalaridan keng foydalangan holda, yangi o‘quv mahsulotlari (trening kurslari, uslubiy ta’minotli o‘yinlar, uslubiy qo‘llanmalar)ni ishlab chiqish va joriy etishdagi ishtiroki uchun:
o‘zbek yoki rus tilida, shuningdek, til mutaxassisliklari bo‘yicha chet tilida har bir mahsulot (majmua) uchun lavozim maoshiga nisbatan 10 foizgacha;
xorijiy tilda (til mutaxassisliklaridan tashqari) har bir mahsulot (majmua) uchun lavozim maoshiga nisbatan 20 foizgacha belgilanadi.
Mazkur talab asosida umumiy qo‘shimcha haq lavozim maoshiga nisbatan bir oyda 30 foizdan oshmasligi lozim”;
d) quyidagi mazmundagi “o” kichik band bilan to‘ldirilsin:
“o) ilmiy kengashlar huzuridagi ixtisosliklar bo‘yicha (chet tili va mutaxassislik fanlaridan) malakaviy imtihon komissiyasi hamda oliy ta’limdan keyingi ta’limning barcha shakllarida o‘qishga talabgorlarni tanlab olish uchun kirish imtihonlari va izlanuvchilarni monitoringdan o‘tkazish bo‘yicha komissiya (ishchi guruh) a’zosi bo‘lganligi uchun lavozim maoshiga nisbatan 5 foizgacha miqdorda belgilanadi.
Mazkur talab asosida umumiy qo‘shimcha haq lavozim maoshiga nisbatan bir oyda 15 foizdan oshmasligi lozim”.
5. 26-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“Akademik, tashkiliy-boshqaruv va moliyaviy mustaqillik berilgan oliy ta’lim muassasalarida ilmiy, ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi ilmiy darajaga ega xodimlarga ushbu tashkilotlarning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan ham qo‘shimcha haq to‘lanishi mumkin.
Bunda, qo‘shimcha haq belgilash talablari (mezonlari) ushbu tashkilotlarning kuzatuv kengashlari qarori bilan belgilanadi”.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.06.2023-y., 09/23/228/0339-son)