Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Qatar Davlati fuqarolari uchun Oʻzbekiston Respublikasiga kirishda vizasiz rejimni belgilash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi hamda Qatar Davlati oʻrtasida madaniy, ilmiy va investitsiyaviy muhitni yaxshilash, shuningdek, mamlakatimizning turistik salohiyatini rivojlantirishga ijobiy taʼsir koʻrsatadigan xalqaro munosabatlarni rivojlantirish uchun yanada qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida:
1. Qatar Davlati fuqarolari uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirgan kundan eʼtiboran 30 kunlik muddatga vizasiz rejim belgilansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlariga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
3. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 5-iyun,
PF-86-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 5-iyundagi PF-86-son Farmoniga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-fevraldagi PF-5326-son Farmoni bilan tasdiqlangan Fuqarolari uchun turizm vizalarini rasmiylashtirishning soddalashtirilgan tartibi joriy qilinadigan mamlakatlar roʻyxatining 9-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-yanvardagi PF-5611-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2019-yil 1-fevraldan boshlab fuqarolari elektron kirish vizasini olish imkoniyatiga ega boʻlgan mamlakatlar roʻyxatining 9-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6165-son Farmonining 6-bandidan “Qatar Davlati” soʻzlari chiqarib tashlansin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.06.2023-y., 06/23/86/0329-son)