Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 9-fevraldagi “Toshkent shahrining ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarini jadal surʼatlarda hal etish hamda aholi farovonligini yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-50-son qaroriga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida
Toshkent shahri mahallalarining infratuzilmasini rivojlantirish, mahallalarda bolalar va sport maydonchalarini qurish, mikro xiyobonlar tashkil etish, irrigatsiya tizimi va sugʻorish tarmoqlarini hamda koʻp qavatli uylarni taʼmirlash, shuningdek, mahallalarni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 9-fevraldagi “Toshkent shahrining ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarini jadal surʼatlarda hal etish hamda aholi farovonligini yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-50-son qaroriga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
2. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 1-iyun,
PQ-175-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-iyundagi PQ-175-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 9-fevraldagi “Toshkent shahrining ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarini jadal surʼatlarda hal etish hamda aholi farovonligini yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-50-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. 1-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Toshkent shahar hokimligining Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) hisobidan Toshkent shahri mahallalarining infratuzilmasini rivojlantirish, havo harorati keskin sovib ketishi davrida talafot koʻrgan mahallalardagi ichki yoʻllar, piyodalar yoʻlaklari, muhandislik-kommunikatsiya obyektlarini taʼmirlash, hamda bolalar va sport maydonchalarini qurish, mahalla hududida mikro xiyobonlar tashkil etish, irrigatsiya ishlari, koʻp qavatli uylarning tom va fasad qismlarini taʼmirlash hamda aholi kayfiyati va yashash sifatiga ijobiy taʼsir qiluvchi obodonlashtirish, taʼmirlash va boshqa qurilish ishlari uchun Toshkent shahar hokimligiga 584 milliard soʻm miqdorida foizsiz kredit ajratish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin”.
2. Quyidagi mazmundagi 11-band bilan toʻldirilsin:
“11. Iqtisodiyot va moliya vazirligi ikki hafta muddatda Toshkent shahri mahallalardagi ichki yoʻllar, piyodalar yoʻlaklari, muhandislik-kommunikatsiya obyektlarini taʼmirlash, bolalar hamda sport maydonchalarini qurish, mahalla hududida mikro xiyobonlar tashkil etish, irrigatsiya ishlari, koʻp qavatli uylarning tom va fasad qismlarini taʼmirlash hamda aholi kayfiyati va yashash sifatiga ijobiy taʼsir qiluvchi obodonlashtirish, taʼmirlash va boshqa qurilish ishlari uchun Toshkent shahar mahalliy budjetiga Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti hisobidan 211 milliard soʻm miqdorida ajratsin”.
3. 2-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Toshkent shahar hokimligi mazkur qarorning 1 va 11-bandlarga muvofiq ajratilgan mablagʻlar hisobidan Toshkent shahridagi mahallalarga amalga oshiriladigan qurilish, taʼmirlash va obodonlashtirish ishlaridan kelib chiqib mablagʻ ajratsin”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.06.2023-y., 07/23/175/0317-son)