O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Fuqaroviy va xizmat quroli hamda uning o‘q-dorilari muomalasi sohasida litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasining “Qurol to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida” 2022-yil 31-maydagi O‘RQ-772-son Qonuniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasining “Qurol to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida” 2022-yil 31-maydagi O‘RQ-772-son Qonuni bilan fuqaroviy qurol va uning o‘q-dorilari muomalasi bo‘yicha talablar kuchaytirilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki:
ushbu qaror qabul qilinguniga qadar qurol muomalasi sohasidagi harakatlarni va (yoki) faoliyatni amalga oshirish huquqini beradigan ruxsat etish xususiyatiga ega bo‘lgan hujjatlar ularning amal qilish muddati tugagunicha haqiqiy hisoblanadi;
ushbu qaror kuchga kirganidan keyin:
a) og‘iz qismidagi quvvat 7,5 jouldan kam va kalibri 4,5 millimetrgacha bo‘lgan pnevmatik ov qurolini va (yoki) og‘iz qismidagi quvvat 3 jouldan kam bo‘lgan pnevmatik sport qurolini ta’mirlash va realizatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi shaxslar o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tegishli litsenziyasi asosida amalga oshiradi;
b) og‘iz qismidagi quvvat 7,5 jouldan kam va kalibri 4,5 millimetrgacha bo‘lgan pnevmatik ov qurolidan va (yoki) og‘iz qismidagi quvvat 3 jouldan kam bo‘lgan pnevmatik sport qurolidan foydalanish uchun mo‘ljallangan tirlar va o‘qotish maydonlari o‘z faoliyatini hududiy ichki ishlar organlarining qurolni saqlashga doir ruxsatnomasi asosida amalga oshiradi;
v) yuridik va jismoniy shaxslardagi mavjud og‘iz qismidagi quvvat 7,5 jouldan kam va kalibri 4,5 millimetrgacha bo‘lgan pnevmatik ov quroli va (yoki) og‘iz qismidagi quvvat 3 jouldan kam bo‘lgan pnevmatik sport quroli belgilangan tartibda ichki ishlar organlarida ro‘yxatga qo‘yiladi hamda ularga ichki ishlar organlari tomonidan qurolni saqlash va olib yurishga doir ruxsatnoma beriladi;
g) “Qurol to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi hududida fuqaroviy qurol sifatida muomalasi taqiqlangan, maxsus ta’mirlash ishlarini amalga oshirmasdan turib o‘q uzish imkoniyatini istisno etadigan o‘quv quroli hamda vazn-o‘lchamli qurol, shuningdek, nur-tovushli ta’sirga ega patron bilan o‘q uzishni imitatsiya qilish uchun mo‘ljallangan, maxsus ta’mirlash ishlarini amalga oshirmasdan turib boshqa turdagi patronlar bilan o‘q uzish imkoniyatini istisno etadigan paxtavon qurol va uning o‘q-dorilari fuqarolar tomonidan ichki ishlar organlariga tekin topshiriladi, belgilangan tartibda yo‘q qilinadi yoki maxsus organlar va harbiy tuzilmalar kolleksiyalariga topshiriladi;
d) fuqarolar uchun pnevmatik kalta stvolli qurol va tashqi tomondan avtomatik qurol nusxalariga (replikalariga) o‘xshash pnevmatik qurolning faqat sport obyektlarida ichki ishlar organlarining ruxsatnomalari asosida saqlanishiga va ulardan foydalanishga yo‘l qo‘yiladi. Fuqaro tomonidan ushbu qurolni saqlashga doir ruxsatnomani olish yoki ichki ishlar organlari tomonidan ruxsatnomani berish rad etilgan taqdirda, qurol fuqaroviy va xizmat qurolini hamda uning o‘q-dorilarini realizatsiya qilish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslar orqali realizatsiya qilinadi yoki ushbu bandning “g” kichik bandida belgilangan tartibda ichki ishlar organlariga topshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-fevraldagi 67-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.02.2025-y., 09/25/67/0145-son)
4. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
bir oy muddatda ushbu qarorning maqsadi, mohiyati va amaliy ahamiyatini keng yoritish bo‘yicha tadbirlar tashkil etilishini hamda amalga oshirilishini ta’minlasin;
o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 1-may,
175-son
Oldingi tahrirga qarang.
(ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-fevraldagi 67-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.02.2025-y., 09/25/67/0145-son)
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 02.05.2023-y., 09/23/175/0239-son; 15.02.2025-y., 09/25/67/0145-son)