Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yoʻl harakati qoidalariga avtomobil yoʻllarida harakat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida” 2023-yil 28-fevraldagi PF-27-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasini “shahar avtomobillar emas, balki piyodalar uchun” gʻoyasi asosida isloh qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida” 2023-yil 28-fevraldagi PF-27-son Farmonining 15-bandiga muvofiq 2023-yil 1-apreldan boshlab Toshkent va Nukus shaharlarida hamda viloyatlar va tumanlarning markazlarida transport vositalari harakatlanishining eng yuqori tezligi soatiga 70 kilometrdan 60 kilometrgacha tushirilishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 172-son qarori bilan tasdiqlangan Yoʻl harakati qoidalarining 78-bandi ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Nukus va Toshkent shaharlarida, viloyatlar va tumanlarning markazlarida, shuningdek shaharlar hududlarida transport vositalarining tezligini soatiga 60 kilometrdan oshirmasdan harakatlanishga ruxsat etiladi”.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ushbu qarorning mazmun-mohiyati ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va rasmiy veb-saytda keng yoritilishi hamda aholi eʼtiboriga yetkazilishini taʼminlasin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 3-aprel,
140-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2023-y., 09/23/140/0191-son)