Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining
buyrugʻi
Avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish faoliyatini amalga oshiruvchi taʼlim tashkilotlari oʻqituvchi va haydovchi-yoʻriqchilarini qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 2-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3421]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 4-apreldagi PQ-190-son “Avtomobil yoʻllarida inson xavfsizligini ishonchli taʼminlash va oʻlim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi va Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-iyuldagi 393-son “Avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish hamda ularni imtihondan oʻtkazish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq buyuraman:
1. Avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish faoliyatini amalga oshiruvchi taʼlim tashkilotlari oʻqituvchi va haydovchi-yoʻriqchilarini qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Transport vazirligi, Mudofaa vazirligi, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir P. BOBOJONOV
Toshkent sh.,
2023-yil 23-yanvar,
21-son
Kelishildi:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil D. KASIMOV
2023-yil 7-yanvar
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri B. KURBANOV
2023-yil 16-yanvar
Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi raisi Sh. ShARAXMETOV
2023-yil 19-yanvar
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A. TOShKULOV
2022-yil 30-dekabr
Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2023-yil 7-yanvar
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vaziri I. MAXKAMOV
2023-yil 19-yanvar
Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2023-yil 23-yanvardagi 21-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish faoliyatini amalga oshiruvchi taʼlim tashkilotlari oʻqituvchi va haydovchi-yoʻriqchilarini qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Ushbu Nizom avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish faoliyatini amalga oshiruvchi taʼlim tashkilotlari (bundan buyon matnda taʼlim tashkilotlari deb yuritiladi) oʻqituvchi va haydovchi-yoʻriqchilarini qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Taʼlim tashkilotlari oʻqituvchi va haydovchi-yoʻriqchilarini shartnoma asosida qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi (bundan buyon matnda Akademiya deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
Bunda:
taʼlim tashkilotlari oʻqituvchi va haydovchi-yoʻriqchilarini qayta tayyorlash Akademiyada;
taʼlim tashkilotlari oʻqituvchi va haydovchi-yoʻriqchilarining malakasini oshirish Toshkent shahri va Toshkent viloyati uchun Akademiyada, qolgan viloyatlar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademik litseylarida tashkil etiladi.
2. Taʼlim tashkilotlari oʻqituvchi va haydovchi-yoʻriqchilarining malakasini oshirish har uch yilda bir marta amalga oshiriladi.
3. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
talabgor — qayta tayyorlash yoki malaka oshirish kurslariga oʻqishga kirish istagini bildirgan oʻqituvchi va haydovchi-yoʻriqchilar yoxud oʻzining oʻqituvchi va haydovchi-yoʻriqchilarini oʻqitish xohishini bildirgan taʼlim tashkilotlari;
tinglovchi — qayta tayyorlash yoki malaka oshirish kurslariga qabul qilingan oʻqituvchi va haydovchi-yoʻriqchilar;
oʻqituvchi va haydovchi-yoʻriqchilarni qayta tayyorlash (bundan buyon matnda qayta tayyorlash deb yuritiladi) — tayanch mutaxassisliklar va kasblarga muvofiq boʻlgan, shuningdek pedagogik hamda haydovchi-yoʻriqchilik faoliyatini amalga oshirish uchun qoʻshimcha kasbiy bilim, malaka va koʻnikmalarning zarur hajmini egallashga qaratilgan taʼlim turi;
oʻqituvchi va haydovchi-yoʻriqchilarning malakasini oshirish (bundan buyon matnda malaka oshirish deb yuritiladi) — oʻqituvchi hamda haydovchi-yoʻriqchilarning kasbiy bilim, malaka va koʻnikmalarning chuqurlashtirilishi hamda yangilab borilishini taʼminlash, ularning toifasi, darajasi, razryadi va lavozimi oshishiga xizmat qilishga qaratilgan taʼlim turi;
tyutor (oʻqituvchi-konsultant) — qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida tegishli oʻquv moduli boʻyicha tinglovchilar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi va yoʻnaltiruvchi, metodik yordam koʻrsatuvchi, oʻqish va bilish nazoratini amalga oshiruvchi masʼul xodim.
4. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida oʻqish tinglovchining asosiy ish joyidan ajralgan holda amalga oshiriladi.
Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida auditoriya oʻquv yuklamasining eng koʻp hajmi haftasiga 36 soat etib belgilanadi.
5. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida oʻquv jarayoni 25 nafardan ortiq boʻlmagan tinglovchilardan iborat guruhlarda tashkil qilinadi.
Bunda, auditoriya mashgʻulotlari 80 daqiqa davom etadi, oʻquv mashgʻulotlari oraligʻidagi tanaffus kamida 10 daqiqani tashkil etadi.
2-bob. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslariga talabgorlarni qabul qilish
6. Qayta tayyorlash yoki malaka oshirish kurslarida oʻqish uchun talabgorlar Akademiyaning rasmiy veb-sayti orqali mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shakldagi ariza bilan murojaat qiladi.
7. Talabgorning arizasi kelib tushgan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida Akademiya tomonidan unda koʻrsatilgan maʼlumotlar oʻrganib chiqiladi.
8. Talabgor tomonidan ariza mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shaklda taqdim etilmagan yoki arizada tegishli maʼlumotlar toʻliq koʻrsatilmagan yoxud notoʻgʻri koʻrsatilgan boʻlsa, Akademiya tomonidan talabgorga kamchiliklarni bartaraf etib, qayta murojaat qilish mumkinligi toʻgʻrisida ushbu ariza kelib tushgan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida yozma yoki elektron shaklda maʼlum qilinadi.
9. Talabgor tomonidan taqdim etilgan arizada mazkur Nizomning 7-bandida koʻrsatilgan kamchiliklar aniqlanmagan taqdirda Akademiya va talabgor oʻrtasida uni oʻqitish yuzasidan shartnoma tuziladi.
10. Shartnomada koʻrsatilgan oʻqitish qiymati talabgor tomonidan shartnomada belgilangan muddatda toʻliq toʻlangandan soʻng, talabgor Akademiya boshligʻining buyrugʻi bilan tegishli qayta tayyorlash yoki malaka oshirish kursiga qabul qilinadi.
11. Talabgor tomonidan shartnoma imzolanilmagan boʻlsa, yoki oʻqitish qiymati shartnomada belgilangan muddatda toʻlanmagan taqdirda, talabgor oʻqishga qabul qilinmaydi hamda talabgorga bu haqda Akademiya tomonidan shu kunning oʻzida yozma ravishda xabarnoma yuboriladi.
3-bob. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini tashkil etish
12. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida oʻquv jarayoni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Transport vazirligi bilan kelishilgan holda ishlab chiqilgan va Ichki ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlangan oʻquv rejasi va oʻquv dasturlariga muvofiq tashkil etiladi hamda mashgʻulotlar jadvali boʻyicha olib boriladi.
13. Haydovchi-yoʻriqchilarni qayta tayyorlash, shuningdek malakasini oshirish kurslarining har biri uchun toʻlov bazaviy hisoblash miqdorining 4,5 barovari miqdorida belgilanadi.
Oʻqituvchilarni qayta tayyorlash kursi uchun toʻlov bazaviy hisoblash miqdorining 4 barovari, ularning malakasini oshirish kursi uchun toʻlov esa bazaviy hisoblash miqdorining 7 barovari miqdorida belgilanadi.
14. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida tinglovchilarning oʻquv dasturlarini oʻzlashtirish muddati oʻquv rejasiga kiritilgan fanlar soni hamda ularning yuklamalari hajmidan kelib chiqib, quyidagi miqdorlarda belgilanadi:
oʻqituvchi va haydovchi-yoʻriqchilarni qayta tayyorlash 2 hafta (72 soat);
haydovchi-yoʻriqchilarning malakasini oshirish 2,5 hafta (90 soat);
oʻqituvchilarning malakasini oshirish 4 hafta (144 soat).
15. Tinglovchilarga ularning oʻquv jarayonida ishtirokini taʼminlash hamda oʻquv dasturlarini oʻzlashtirishda tyutor (oʻqituvchi-konsultant) yaqindan yordamlashadi.
Tyutor (oʻqituvchi-konsultant) tinglovchi va pedagoglar bilan doimiy aloqa bogʻlash, ularga zarur metodik yordam koʻrsatish, tinglovchilar tomonidan yakka tartibdagi mashgʻulotlarni bajarish, shuningdek ularning bilimini baholash jarayonida tegishli nazoratni amalga oshiradi.
16. Qayta tayyorlash yoki malaka oshirish kurslariga uzrli sabablarga koʻra (kasalligi, yaqin qarindoshlarining vafoti, mehnat taʼtili, Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida boʻlishi sababli) qatnashmagan hamda ushbu kursni yakuniga yetkaza olmagan tinglovchiga Akademiya boshligʻining ruxsati bilan tegishli yoʻnalish boʻyicha navbatdagi qayta tayyorlash yoki malaka oshirish kurslarida mazkur Nizomning 12-bandida nazarda tutilgan toʻlovlarni toʻlamagan holda oʻqishga ruxsat beriladi.
17. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarining oʻquv jarayoniga Akademiya professor-oʻqituvchilari hamda shartnoma asosida pedagog kadrlar va mutaxassislar jalb etiladi.
18. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida sinov imtihonlari oraliq va yakuniy nazorat turlaridan iborat hisoblanadi.
Akademiya tomonidan qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida sinov imtihonlari oʻquv reja va oʻquv dasturlari asosida ishlab chiqilgan test shaklida oʻtkaziladi.
19. Test savollari sinov imtihonlari boshlanishidan kamida uch kun oldin Akademiyaning rasmiy veb-saytiga joylashtirilishi zarur.
20. Sinov imtihonlari oʻtkazilayotgan xonaga tinglovchilar tomonidan mobil aloqa vositasi, kompyuter yoki boshqa aloqa va telekommunikatsiya vositalari, kitob, lugʻat, shpargalka va boshqa materiallar olib kirilishi hamda foydalanilishi taqiqlanadi.
Bunda, ushbu taqiqlangan materiallarni olib kirgan yoki foydalangan tinglovchi sinov imtihonlarini oʻtkazish tartibini buzgan deb hisoblanadi hamda dalolatnoma asosida sinov imtihonlaridan chetlashtiriladi.
21. Tinglovchining qayta tayyorlash yoki malaka oshirish kursi mobaynidagi oʻzlashtirishi 100 ballik tizim asosida baholanadi. Bunda:
oraliq nazorat 20 ta test savollaridan iborat boʻladi, har bir toʻgʻri javob uchun 1,5 ball va jami toʻplanishi mumkin boʻlgan ball 30 balni tashkil etadi;
yakuniy nazorat 35 ta test savollaridan iborat boʻladi, har bir toʻgʻri javob uchun 2 ball va jami toʻplanishi mumkin boʻlgan ball 70 balni tashkil etadi.
Tinglovchining oraliq va yakuniy nazorat turlarida toʻplagan natijalari umumlashtiriladi. Bunda, tinglovchining umumiy toʻplagan natijasi 56 va undan yuqori balni tashkil etgan taqdirda u qayta tayyorlash yoki malaka oshirish kursini tugatgan deb hisoblanadi.
Sinov imtihonlarining natijalari boʻyicha tinglovchi 56 baldan kam toʻplagan hollarda u qayta tayyorlash yoki malaka oshirish kursidan oʻtmagan deb hisoblanadi.
22. Sinov imtihonini topshira olmagan tinglovchilarga ularning natijalari eʼlon qilingan kundan boshlab uch ish kuni ichida qayta topshirish uchun imkoniyat beriladi.
Bunda, tinglovchidan sinov imtihonini qayta topshirish uchun mazkur Nizomning 12-bandida nazarda tutilgan toʻlovlar undirilmaydi.
Sinov imtihonini topshira olmagan tinglovchi qayta tayyorlash yoki malaka oshirish kursini shartnoma asosida qayta oʻqish huquqiga ega.
23. Akademiya tomonidan ushbu Nizomning 2-ilovasiga asosan qayta tayyorlash kursini muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchiga diplom, malaka oshirish kursini tamomlagan tinglovchiga esa sertifikat taqdim etiladi.
Sinov imtihonini muvaffaqiyatli topshirmagan tinglovchiga diplom yoki sertifikat berilmaydi. Bu holda tinglovchiga qayta tayyorlash yoki malaka oshirish kursida qatnashganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma beriladi.
4-bob. Tinglovchilarning huquq va majburiyatlari
24. Tinglovchilar oʻquv mashgʻulotlari boshlanishidan oldin Akademiyaning ichki tartib-qoidalari bilan tanishtiriladi.
25. Tinglovchilar quyidagi huquqlarga ega hisoblanadi:
oʻquv dasturida nazarda tutilgan bilimlarni egallash;
oʻquv jarayonini yanada yaxshilash, qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimini takomillashtirish boʻyicha Akademiya rahbariyatiga takliflar kiritish;
maʼnaviy-maʼrifiy va madaniy tadbirlarda qatnashish;
Akademiya axborot-resurs markazi, oʻquv xonalari va kompyuter texnika vositalaridan foydalanish.
26. Tinglovchilar quyidagilarga majbur hisoblanadi:
oʻquv dasturlari talablarini bajarish;
oʻquv mashgʻulotlariga oʻz vaqtida qatnashish;
oʻquv dasturlarida nazarda tutilgan sinov imtihon (test)larini topshirish;
oʻquv jarayonida berilgan topshiriqlarni oʻz vaqtida bajarish;
Akademiyaga tegishli boʻlgan mulklarni asrab-avaylash, Akademiya ichki tartib-qoidalarga qatʼiy rioya etish.
27. Tinglovchi quyidagi asoslarga koʻra tinglovchilar safidan chetlashtiriladi:
oʻz xohishiga (arizasiga) binoan;
vafot etganligi sababli;
sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilganda;
oʻquv intizomi va Akademiya ichki tartib-qoidalarini qoʻpol ravishda buzganligi uchun;
qayta tayyorlash yoki malaka oshirish kursining oʻquv mashgʻulotlarini uzrli sabablarsiz 18 akademik soatdan ortiq qoldirganligi sababli.
5-bob. Tinglovchilarning apellatsiya shikoyatlarini koʻrib chiqish
28. Tinglovchilarning apellatsiya shikoyatlarini koʻrib chiqish uchun Akademiya boshligʻining buyrugʻi bilan Akademiyaning kamida besh nafar mutaxassislaridan iborat tarkibda Apellatsiya komissiyasi tashkil etiladi.
Bunda, Akademiya boshligʻining koʻrsatmasiga asosan Apellatsiya komissiyasi tarkibiga boshqa davlat organlari va tashkilotlaridan ham mutaxassislar jalb etilishi mumkin.
Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida sinov imtihonlarini oʻtkazishga masʼul boʻlgan shaxslarning Apellatsiya komissiyasi tarkibiga kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
29. Sinov imtihonlari natijalaridan norozi boʻlgan tinglovchilar mazkur imtihonlar natijalari eʼlon qilingan kundan boshlab yetti ish kuni ichida Apellatsiya komissiyasiga yozma yoki elektron shaklda apellatsiya shikoyati berishlari mumkin.
Bunda, Apellatsiya komissiyasi apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan tinglovchini shikoyat koʻrib chiqilishidan 2 kun oldin uni koʻrib chiqish vaqti va joyi haqida ogohlantiradi.
30. Apellatsiya komissiyasi apellatsiya shikoyatini, u kelib tushgan kundan boshlab 3 kun muddat ichida koʻrib chiqadi. Bunda, apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan tinglovchi mazkur shikoyatni koʻrib chiqishda ishtirok etish huquqiga ega.
31. Apellatsiya komissiyasi unda aʼzolarning kamida uchdan ikki qismi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi. Apellatsiya komissiyasining qarori oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi va majlisda ishtirok etgan barcha aʼzolar tomonidan tasdiqlanadigan bayonnoma Bilan rasmiylashtiriladi.
32. Apellatsiya komissiyasi tomonidan apellatsiya shikoyatini koʻrib chiqish davomida tinglovchiga uni qayta baholashga qaratilgan savollar berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
33. Shikoyatni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha Apellatsiya komissiyasi tomonidan quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
sinov natijalarini oʻzgarishsiz qoldirish;
sinov natijalariga oʻzgartirish kiritish.
Apellatsiya shikoyatini koʻrishda tinglovchining sinov natijasida olgan balini pasaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
34. Apellatsiya komissiyasi apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan tinglovchiga oʻz qarorini u qabul qilingan kunning oʻzida maʼlum qilishi kerak.
35. Apellatsiya komissiyasining sinov natijalariga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisidagi qarori asosida tinglovchiga qayta tayyorlash kursi boʻyicha diplom, malaka oshirish kursi boʻyicha sertifikat beriladi.
36. Apellatsiya komissiyasi qarori ustidan tinglovchi yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilishi mumkin.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
37. Mazkur Nizom talablarini buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
Avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish faoliyatini amalga oshiruvchi taʼlim tashkilotlari oʻqituvchi va haydovchi-yoʻriqchilarini qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
1-ILOVA
Avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bilan shugʻullanuvchi taʼlim tashkilotlarining oʻqituvchi va haydovchi-yoʻriqchilarini qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish uchun arizalarning
NAMUNAVIY ShAKLLARI
|
Oʻqituvchi yoki haydovchi-yoʻriqchi haqida maʼlumotlar | |||
|
Hudud |
Familiyasi |
Ismi |
Otasining ismi |
|
|
|||
|
Toʻlov miqdori |
Telefon raqami |
Pasport yoki ID-karta seriyasi va raqami |
Maʼlumoti |
|
|
|||
|
Yashash manzili |
PINFL (JShShIR) |
Arizani koʻrib chiqish vaqtida shaxsga doir maʼlumotlarimdan foydalanilishiga roziman. | |
|
|
|||
|
Avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bilan shugʻullanuvchi taʼlim tashkilotlari boʻyicha maʼlumotlar | ||
|
Taʼlim tashkiloti nomi |
Manzili |
Bank nomi |
|
|
||
|
Hisob raqami |
Shaxsiy hisob varagʻi raqami |
MFO |
|
|
||
|
INN (Tashkilot) |
INN (Gʻaznachilik) |
Hudud |
|
|
||
|
Taʼlim tashkiloti rahbari |
Toʻlov miqdori |
Telefon raqami |
|
|
||
Avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish faoliyatini amalga oshiruvchi taʼlim tashkilotlari oʻqituvchi va haydovchi-yoʻriqchilarini qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
2-ILOVA
Avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish faoliyatini amalga oshiruvchi taʼlim tashkilotlari oʻqituvchi va haydovchi-yoʻriqchilarining qayta tayyorlash kurslarini tamomlaganligi haqidagi
DIPLOM
Avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish faoliyatini amalga oshiruvchi taʼlim tashkilotlari oʻqituvchi va haydovchi-yoʻriqchilarining malaka oshirish kurslarini tamomlaganligi haqida
SERTIFIKAT
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.03.2023-y., 10/23/3421/0125-son)